Bugun mamlakatimizda tadbirkorlarni, xususan, yosh ishbilarmonlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha qator ishlar qilinyapti. Imtiyozli kreditlar berish, sunʼiy toʻsiqlarni bartaraf etish, qulay huquqiy shart-sharoit yaratish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarga barchamiz guvohmiz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoevning “Xalq boy boʻlsa, davlat ham boy va qudratli boʻladi” degan soʻzlari butun xalqimizga, jumladan, yoshlarimizga yangi kuch-shijoat bagʻishladi. Natijada tadbirkor boʻlishni orzu qilayotgan, katta-kichik biznes rejalar, loyihalar tuzayotgan yoshlarimiz safi kengaymoqda. Bu jarayonni koʻrib xursand boʻlasan kishi. Chunki har qanday yirik moliyaviy muvaffaqiyatlar orzu qilish va reja tuzishdan boshlangan. Quyida dunyo miqyosida tanilgan eng yosh millionerlar haqida maʼlumot beramiz. Eʼtiborlisi, millionlar ota-onalaridan meros qolmagan, balki ular oʻz saʼy-harakatlari, intilishlari evaziga millioner boʻlganlar. Eng muhimi, yosh boylar oʻz oldiga aniq maqsad qoʻyganlar, tavakkalchilikdan, boshqalarning xayoliga kelmagan noodatiy qarorlar qabul qilishdan qoʻrqmaganlar. Demak, kuchli oʻnlikdan joy olgan yosh millionerlar bilan tanishamiz.
- Yan Purkayastha
Xyustonda tugʻilib, voyaga yetgan Yan 15 yoshida tryufel (er ostida oʻsadigan qoʻziqorinning bir turi) importi bilan shugʻullanishni niyat qiladi. Keyinchalik bir kilogramm tryufelni 12 000 dollardan turli restoran va doʻkonlarga yetkazib berib, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyadi. Tryufel importi anchagina mashaqqatli ish boʻlib, uni toʻrtta federal idora nazorat qilardi. Shu bois yosh tadbirkor koʻplab toʻsiqlarga uchrar, ustiga-ustak, tryufelning yaroqlilik muddati bor-yoʻgʻi bir hafta edi. Shunga qaramay, u ilk bor tryufel issiqxonasini tashkil qiladi.
Ayni paytda Yan Purkayastha million dollar aylanmasiga ega boʻlgan tryufel savdosi bilan shugʻullanuvchi xususiy kompaniyaning sohibi hisoblanadi.
- Jeyson Brayan
Maktabni bitirgach, 16 yoshida Jeyson avtomobil savdosi bilan shugʻullanuvchi firmaning marketing boʻlimiga ishga kiradi. U marketing xizmati taraqqiyotida internetning beqiyos ahamiyatini oʻz vaqtida ilgʻaydi va avtomobillar savdosiga xizmat qiluvchi shaxsiy saytini ishga tushiradi. Bir yildan soʻng sayt orqali 1 200 000 dollar daromad qiladi. Yana bir yildan keyin esa yosh internet-tadbirkorning sof daromadi 6 000 000 dollarni tashkil etadi.
- Adam Hildret
14 yashar yigitcha ijtimoiy tarmoqda oʻz guruhini tuzadi. Tez orada bu guruh rivojlanib, obunachilari soni oshib ketadi va Buyuk Britaniyada eng ilgʻor koʻrsatkichga erishadi. Ommabop boʻlgani bois uning internet guruhidan “Koka kola” kompaniyasi oʻz marketing tadqiqotlarini olib borish uchun foydalana boshlaydi. Shunday qilib, uch yil ichida Adamning sarmoyasi 4 000 000 dollarga yaqinlashadi.
- Reymond Li
Hali oʻquvchilik chogʻidayoq Reymond Xitoyda malaka oshiradi. Kaliforniyaga qaytib kelgach, maktab sport jamoalarini futbolkalar bilan taʼminlashga kirishadi. Keyinchalik onlayn buyurtma asosida Xitoydan mahsulot yetkazib beruvchi xususiy kompaniyasiga asos soladi va bir yildan soʻng 2 000 000 dollarlik futbolka sotadi. Kompaniya chet investitsiyalar koʻmagisiz, boʻsh hamyon bilan ish boshlaydi. Uning bor-yoʻq biznesi onlayn dasturdan iborat boʻlib, sotilayotgan futbolkalarni hatto ushlab ham koʻrmaydi. U futbolka dizaynini mustaqil ravishda ishlab chiqib, xitoylik mahsulot tayyorlovchilarga buyurtma beradi. Mahsulot AQSH ga yetib kelgach, uni faqat pochta joʻnatmalari punktida tekshirib koʻrishadi.
- Eshli Kvols
14 yoshli amerikalik qizning tutgan yoʻli hali-hanuz koʻpchilikni lol qoldiradi. U kollejdagi oʻqishlardan boʻsh paytini ijtimoiy tarmoqlarda oʻtkazarkan, doʻstlarining oʻz akkauntlarini qanday qilib bezamoqchi boʻlayotganlariga eʼtibor qaratadi. U grafika dizayniga qiziqib qoladi va quvnoq, yorqin, yangicha akkaunt bezaklarini yaratib, sotuvga qoʻyadi. Ish yurishib ketadi va Eshli oʻz saytini – internetdagi shaxsiy sahifalar uchun bezaklar ishlab chiqadigan, tayyor bezaklarni sotadigan “korxona”sini ochadi. 15 yoshida Eshli oʻzining ilk 1 000 000 dollariga ega boʻladi. Ish boshlaganda sarflagan ilk sarmoyasi esa 8 dollar edi, xolos.
- Kemeron Jonson
Kemeron ilk biznes ishini 9 yoshida yoʻlga qoʻyadi – taklifnomalar ishlab chiqib, internetda eʼlon qiladi. Shu tarzda bir necha ming dollarga ega boʻladi. 11 yoshida yosh tadbirkor 100 dollarga qoʻgʻirchoqlar toʻplamini xarid qiladi va “eBay” auksionida yuz barobar qimmatga sotadi. Tushgan pulni yangi oʻyinchoqlar – baxmal sichqonlar sotib olishga sarflaydi va oʻsha auksionda bir necha barobar qimmatga pullaydi. Keyin uddaburon bolakay oʻzining elektron xizmatini yoʻlga qoʻyadi. Shu tarzda ishlab, to maktabni bitirgunicha 5 000 000 dollar mablagʻ egasi boʻladi.
- Ketrin Kuk
15 yoshida kollejni tamomlashga hozirlik koʻrarkan, Ketrin kompyuter oʻyinlariga qattiq qiziqib qoladi va koʻplab ijtimoiy tarmoqlarda oʻz guruhlarini tuzadi. Jamoaviy va yakka tartibdagi musobaqalar tashkil etib, oʻyinchilarning akkauntlarini takomillashtiradi. 17 yoshida Ketrinning daromadi 4 300 000 dollarni tashkil qiladi.
- Freyzer Doerti
14 yoshida Freyzer buvisining retsepti boʻyicha murabbo tayyorlab koʻradi. Uning mahsulotiga qoʻshnilari va maktabdagi doʻstlari xaridor boʻlishadi. 16 yoshida uning ishi kutilganidan ham yaxshiroq darajada rivojlanib ketadi. Bir yildan keyin u murabbo tayyorlaydigan va yiliga 1 500 000 dollar foyda keltiradigan xususiy ish egasi edi. 18 yoshida uning sarmoyasi 6 000 000 dollarga teng deb baholanadi.
- Joshua Dzyabyak
Joshua bor pulini 17 yoshida sayt yaratishga sarflaydi. Oʻz sayti orqali konsert va boshqa ommaviy tadbir-tomoshalarga chipta sotishni yoʻlga qoʻyadi. Onlayn xizmat tarmogʻida chipta sotish bilan shugʻullanadigan kompaniyasi Joshuaga yiliga 9 000 000 dollar daromad keltira boshlaydi.
- Mark Sukerberg
Bu yosh yigit “Facebook” tarmogʻini tashkil qilib, butun dunyoga dongʻi ketdi. U tarmoqni yaratishga ota-onasining 85 000 dollarini sarflaydi. Keyinchalik boy investorlar yordamida ijtimoiy tarmoqni dunyo miqyosida tanitdi. Uni qoʻllab-quvvatlagan shaxslar orasida Amerika internet olamida katta nufuzga ega boʻlgan, “Napster” dasturi yaratuvchisi Shon Parker, “PayPal” toʻlov xizmati hammuassisi Piter Til va ish axtaruvchilar uchun yaratilgan birinchi ijtimoiy tarmoq – “LinkedIn” sohibi Rid Hoffmanlar bor edi.
2007 yili Mark Sukerbergga omad kulib boqadi. “Microsoft” kompaniyasi uning loyihasini 15 millirad dollar deb baholab, aksiyalarining 1,6 foizini sotib oladi.
2008 yili u Dublin shahrida xalqaro shtab-kvartirasini ochadi va 2009 yili daromadi haqida oshkora maʼlumot beradi.
2015 yili “Facebook” eng koʻp foydalanuvchi kiradigan ikkinchi saytga, Mark Sukerberg esa eng yosh milliarderga aylanadi.
Yoshlik”, 2017–2
https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/dunyoning-eng-yosh-millionerlari/