Dunyoning bir chekkasi

Dunyoning bir chekkasi

yoxud

soy boʻyi qizlari qissasi

 

Suvlar bilan oqib ketadi,

Ushalmasdan qolgan armonlar.

Quyosh bilan koʻz qisib oʻynar

Qirgʻoqlarda qolgan ketmonlar…

Muhammad RAJAB

 

Yarim tun. Butun borliq sohir bir jimlik hukmida. Nimkulcha oy tik kelgan yerida unsiz turib qolgan. Oy nurida kaftdagidek aniq-tiniq koʻzga tashlanib turgan butun boshli qishloq dong qotib yotibdi. Na bir jon asari koʻrinadi, na bir sas quloqqa chalinadi…

Men boloxonamiz derazasi oldida turgancha suratdagi kabi jonsiz hovlilarni kuzataman. Qishloq etagidagi baland qirlik, qirlik tepasiga ilonizi boʻlib chiqib ketgan yoʻlga tikilaman. Qishloq janubida esa dalalar, dalalar adogʻida esa kun chiqishdan kun botargacha choʻzilgan qora koʻlankalar koʻzga chalinadi. Koʻksoy tollari. Qancha tikilmayin, ulardan narini koʻrolmayman. Lekin, yaxshi bilamanki, tollar orqasida, juda olisda togʻlar bor. Ular ham Koʻksoy tollari kabi kunchiqardan kunbotarga qadar choʻzilib yotibdi. Yana shuni bilamanki, oʻsha togʻlar orasidagi allaqaysi bir qishloqda toʻy boʻlyapti. (Aniqrogʻi, toʻy boʻlib oʻtdi.) Komilaning toʻyi. Uni bugun shomda rosa qiyqirishib, yor-yor aytishib, qishlogʻimizdan olib ketishdi.

Komila olisga tushdi, oʻzi aytganday – dunyoning bir chekkasiga…

* * *

Maktabdan kelsam, seni Komila opang yoʻqlayotuvdi, bir koʻrinib kel, deb qoldilar ayam. Hayron boʻldim, toʻgʻrisi qoʻrqdim: u anchadan beri meni yaqiniga yoʻlatmay qoʻygan edi. Nega birdan yoʻqlab qoldiykin?..

Darvozadan kirib borishim bilan uzun ayvondagi eshiklardan biri shaxt ochilib, Komila otilib chiqdi. Oq koʻylakda, bosh yalang, oyoq yalang, sochlari yoyilgan. Orqasidan qoʻlida taroq, qaychi bilan bir xotin ham chiqib keldi. Hovlida tanish-notanish erkak-ayollar yuribdi-yu, Komila meni quchoqlab, ikki-uch oʻpib oldi. Keyin yuzimga tikilib:

– Bormisan, Samijon, nega opamni bir koʻray demaysan? Shunchayam arazing qattiqmi senginaning-a, – deya oʻpkaladi. Unga qarayolmay boshimni egdim, – Endi gap bunday, ukajonim, hozir Shavqiya qayerda boʻlsa, – dedi.

Birdan qizardim. U kuldi, yana qaytardi.

– Mening biyroncham qayerda yuribdi, opasini bir koʻrib ketmaydimi?!

– Boya oʻt oʻrishga ketayotuvdi dugonasi bilan…

– Oʻt oʻrishga… unda soy boʻyida boʻladi, – dedi Komila bir zumda oʻychan tortib. Soʻng kiftimdan tortib oʻziga qaratdi-da: – Tez borib topib kel. Oʻtini keyin oʻraveradi. Oʻzingam birga kel, xoʻpmi! – dedi qatʼiy qilib. – Bugun men ketyapman-a… – Shunday deyishi bilan katta-katta qora koʻzlarida yosh aylandi. Yelkamni siqqan barmoqlari boʻshashdi. Unga ortiq qarab turolmay hovlidan yugurib chiqib ketdim.

Shavqiyani chaqirib kelib, Komilaning oldiga kiritib yubordim. U shu zahotiyoq qaytib chiqdi-da:

– Sizdiyam soʻrayaptilar, – dedi.

…Komilaning xonasidan chiqqanimda hovli ham, hovlida gʻimirlab yurgan odamlar ham negadir oʻzgarib qolganday edi. Fikr-oʻyim algʻov-dalgʻov boʻlib ketgan, atrofdagi hodisalarni tuzuk idrok qilolmayotgan edim.

Toʻy tarqaldi. Kelin ketdi. Lekin men ancha mahalgacha huvillagan koʻchalarda, soy boʻyida daydib yurdim. Nihoyat uyga qaytdim-da, toʻgʻri bu yerga – boloxonaga chiqdim…

* * *

Bu yilgi yozgi taʼtilni ayniqsa zoriqish bilan kutgandim. Butun yozni Koʻksoy boʻyidagi dalalarda, paxtazorda oʻtkazmoqchi edim. Tengqurlarim ham mendek ichikib turishar, lekin ularning ichikishlari boshqacha – tezroq darslardan qutilishsa, keyin har erta velosipedu eshaklarga minib olib, oʻt oʻrish, qoʻy-echkilarini oʻtlatish bahonasida daryo boʻyiga joʻnashsa, uch oy yozni xilvat dayravotda oʻtqazishsa – miriqib toʻp tepishsa, chillak, quloq choʻzma oʻynashsa, qoʻchqor urishtirishsa, baliq tutishsa, baliq shoʻrva qilishsa…

Oʻtgan yillar men ham ularning bittasi edim. Bu yil oʻzimni tortdim. Taʼna qilishdi. «Ey, nima balo, buncha ishsirab qolding, boy boʻlmoqchimisan», de­yishdi. Surishib oʻtirmadim, ha, pul topmoqchiman, deb qovoq uyub qoʻyaqoldim. Asl sababini aytolmasdim, aytib boʻlmasdi…

Nihoyat orziqib kutilgan kun keldiyu, hafsalam pir boʻldi, qoʻydi. Dalaga chiqqim kelmay qoldi. Joʻralarim tong azonlab eshigim oldidan baqirib-chaqirib qoʻy-echkilarini haydab oʻtishadi. Boloxona derazasidan mungʻayib kuzatib qolaman. «Bore!» deb ergashib ketaverishga gʻururim yoʻl bermaydi.

Oxiri zerikdim. Ayamga ergashib, dalaga chiqdim. Dalada nuqul ayollar, qizlar, qizchalar. Oʻgʻil bolalardan bir oʻzim. Mendan yoshi kattaroq yigitlar gʻoʻza sugʻoradi, traktorchilarga koʻmaklashadi.

Gʻoʻzani chunonam oʻt bosganki, tushgacha bir juft, tushdan soʻng bir juft egatni arang oʻtdan chiqarib, chopiq qilamiz, xolos. Bu ketishda shuncha maydon qachon oʻtdan tozalanarkan. Amin sariq degan hisobchimiz bor: uzzukun orqamizdan yurgani yurgan. Har bir chopib chiqqan egatimizni titkilab tekshiradi. Bittagina oʻt tirik qolgan boʻlsa, bir chaqirim yerdan ham orqamizga qaytarib kelib, oʻzimizga yuldiradi. Ayniqsa yosh qizchalarning jonini oladi. Uch-toʻrttasi bir zum gaplashib qolsa: «Hoy, nimaning kengashi bu, erga tegishnimi?!» deb baqiradi.

Hadeb oʻt yulaverganimdan barmoqlarim koʻkarib ketgan. Kechqurun uyga qaytib harchand sovunlab yuvmay, koʻki ketadiyu, oʻtning taxir, achchiq taʼmi qoladi. Barmoqlarim labimga tegsa, koʻngilni behuzur qilib yuboradi. Oftob urgan boʻynim, yelkam tuni boʻyi jizillab achishadi, aʼzoyi badanim qaqshab ogʻriydi.

Ishning qiyinligi, kunning tigʻiga koʻnika boshladimu, ammo yaqin bir hamsuhbat yoʻqligidan nihoyatda zerikaman. Nima qilay, oʻzim tengi bijildoq qizchalar bilan ishlayolmayman – dam oʻtmay urishib qolishim tayin. Agar… (endi ochigʻini aytaqolay) agar mendan ikki sinf quyida oʻqiydigan Shavqiya (ayollar uni biyroncha deyishadi) shahardagi ammasinikiga ketib qolmaganida sira zerikmasdim-a!..

…Ikkovginamiz egatga yonma-yon tushib olamiz-da, odamlardan yo oldinlab ketib, yo orqada qolib, suhbatlashib ishlayveramiz. Boshimizda poxol shlyapa. Bu unga juda-juda yarashgan. Koʻproq Shavqiya gapiradi. Men esam berilib quloq solgan boʻlib, uning yupqa lablari, tutash qora qoshlari, kulganida yumilib ketadigan qiygʻoch koʻzlariga toʻyib-toʻyib termulaman. Tush payti Koʻksoyni yoqalab, allaqayoqlarga ketib qolamiz. Endi uning boshida boʻtakoʻzdan chambar, kaltagina ikki oʻrim timqora sochi oldiga tushib turadi. U oʻzicha hindcha qoʻshiq aytib borayotib, kinolardagi qizlardek gʻalati-gʻalati qarab qoʻyadi. (Badanim jimirlab ketadi.) Bir mahal soyga egilib, hovuchlab suv sepadi-da, qiqirlab kulib qochadi. Quvaman. Tollarni aylanib qochayotib, toyib suvga tushib ketadi. Endi uni osongina tutib olaman. Qoʻlimdan chiqish uchun rosa chiranadi. Ikkinchi qoʻli bilan suv sepib, ust-boshimni shallabbo qilib yuboradi. Jilmaygancha ikkinchi qoʻlidan ham mahkam tutaman. Qimirlayolmay qoladi. Birdan yuvosh tortadi. Koʻylagining badaniga yopishganidanmi, boshqa narsadanmi uyalib, yuzini chetga buradi. «Qoʻyvoring», deydi sekingina. «Qoʻyvormayman», deyman kulib. U asta boshini koʻtarib, koʻzimga shunday taʼnali tikiladiki, beixtiyor qoʻllarini boʻshataman…

Eh, bular hammasi xayol, taʼtildan avvalgi xayollar edi. Endi boʻlsa u shaharda. Odamga alam qilarkan. Aslida uni ham ayblab boʻlmaydi. Hammasiga oʻsha «ibi-ibi»lab gapiradigan ammasi sababchi. Shavqiyani qoʻyarda qoʻymay olib ketgan, «biz cholu kampirlardan xabardor boʻlib turasan», degan. Ularning bittayu bitta arzandasi armiyaga ketib, uylanib, oʻsha yerda yashab qopti. Yolgʻiz qolgan chol-kampirlar Shavqiyani oʻzlariga qiz qilib olishmoqchi boʻlishsa, onasi koʻnmabdi. Keyin talaba qizlarni ijaraga qoʻyib, oʻshalar bilan ovunib yurishgan ekan. Yozda qizlar qishloqlariga ketib, yana yolgʻiz qolishibdi. Ishqilib ularga ham osonmas…

Eh, shaharda mening ham ammammi, xolammi boʻlgandami, joʻnavorardim. Keyin sekin borib Shavqiyani ammasinikidan birorta bola orqali ayttirib chiqardim-da, shaharni rosa tomosha qildirardim. Shaharda yaxshi-da, hech kimni tanimaysan-uyalmaysan, hech kim tanimaydi – uyat qilmaydi. Kim bilsin, Shavqiyaning oʻzi ham rosa siqilib yurgandir. Koʻpam yoz boʻyi shaharda qop ketmas, bir oy – yarim oy yurib kelib qolar… Hali hech qancha vaqt oʻtmay shunchalik sogʻindimki. Eh, Shavqiyani sogʻinmay boʻlarkanmi?! Nomini tilga olganimning oʻzida qanchalar yayrab ketamanu…

Shunday qilib, butun boshli brigadada oʻgʻil bola bir oʻzim ishlab yuribman. Yolgʻizligim ish paytida unchalik bilinmaydiyu, tushlikka chiqqanimda gangib qolaman. Amin sariq shaloq velosipedini minadi-da, qayoqqadir gʻoyib boʻladi. Chopiqchilar toʻrt-beshtadan alohida-alohida davra olib oʻtirishadi. Dastlabki kunlar ayamning yonida oʻtirib, xotinlarning tegajoqligidan toʻyib ketdim. Keyin non, qand-qursimni olib bir chekkaga chiqib ketadigan boʻldim. Baribir xotinlardan qutilolmadim. Ayniqsa, qoʻshnimiz Sojida yanga holi jonimga qoʻymas, «qaynijon, bizlar bilan oʻtirsangizchi. Qoʻrqmang, kuyov qilmaymiz», deb gap otgani otgan edi. Har kun shu ahvol. Men bora-bora dalaga chiqmay qoʻyishim mumkin edi, lekin…

– Ey, ukam, beri keling.

Sojida yanga, yana bir gap chiqaradi shekilli.

– Nima deysiz?

– Qoʻrqmang, kela bering. Samovardan choy damlab keling, qaynijon.

Tunuka choynakda choy keltirib, yoniga qoʻydim.

– Ha, baraka toping. Ka-atta yigit boʻling. Qani, yonimga oʻtiring.

– Yoʻq, rahmat.

– Rahmatni keyin aytasiz. Avval gapti eshiting.

Qoʻlimdan tortib, yoniga oʻtqazdi. Yanganing qoramagʻiz, ozgʻingina yuziga xavotirli qiziqish bilan tikildim.

– Bir maslahatli gap… – u shunday deb ayamga yuzlandi. – Zebo oyti1 siz ham quloq soling… Kecha men qizim bilan gaplashdim. U rozi.

– Nimani gaplashdingiz, kelinjon?

– Nimani boʻlardi, oytijon, tushunmaganga olasiz-a!

Ayam kulib atrofdagilarga qaradi, atrofdagilar kulimsirab menga tikilishdi. Sojida yanga endi menga oʻgirildi-da:

– Xoʻp, qizimiz toʻyga rozi, siz taraddudni boshlang endi, kuyov, – dedi.

– Qaysi qizingiz, yanga, – dedim birdan shoʻxligim tutib.

Ayollar «ana boʻlmasa!» deb kulib yuborishdi.

– Qaysi boʻlardi, kuyov toʻra, toʻqqiz uldan soʻng tilab-tilab topganim bittagina Oltinoy qizim bor. Oʻsha-da. Qulogʻini tishlab qoʻygansiz-ku!

– E, uningizni olmayman!

– Ie, nimaga?..

– Hali mushtakkinayu! Kutib yuramanmi!..

– Nimaga kutarkansiz, hecham kutmaysiz-da! Amakingiz kechqurun podadan kelsin, birgalashib eltib beramiz. Oʻzingiz katta qilib olasiz. Faqat podachining qizi deb noz qilmaysiz-da!..

Yoʻrgaklangan Oltinoyni koʻtarib yurganimni tasavvur qilib, kulib yubordim-da, oʻrnimdan turdim. Rosa kulgi boʻldi. Boshqa davradagilar ham qoʻshildi. Shu payt anhor yoqasida, tollar panasida oʻtirgan qizlardan birining ovozi keldi.

– Hoy, yangamullo, xomtama boʻlmang. Samijon bizdi kuyov.

Damim ichimga tushib ketdi. Bu Sharifa opa – Shavqiyaning opasi edi. Nimaga shama qildi ekan? Nahotki bir narsani sezgan boʻlsa!..

Ular «kuyov talashib» qolaverishdi, men oldi-ketimga qaramay soy yoqalab yurib ketdim. Ancha vaqtgacha xotin-xalajning kulgisi, gap-soʻzlari eshitilib turdi.

Shu kuni tushdan soʻng Sharifa opa yoniga chaqirib qoldi. U ikki dugonasi bilan dala boshida dam olib oʻtirardi. Bu uch qiz doim birga yurishar, iloji boricha xotinlardan uzoqroq boʻlishga harakat qilishardi. Dalaga hammadan erta kelib, ikki-uch hissa ish bajarib qoʻyishgani uchun xohlagan paytda dam olib, hatto soy boʻyiga ketib, soatlab yurishsa ham Amin sariq gʻing deyolmasdi.

Ularning shivir-shivirini hech kim eshitolmasdi. Lekin goh-gohida yangrab qoladigan kulgilari dalani tutib ketardi. Bu davra men uchun gʻoyatda sirli tuyular, shu sirdan, ozroqqina boʻlsa-da, ogoh boʻlishni orzu qilardim.

Oyogʻim tortib-tortmay ularga yaqinlashdim.

– Qani, oʻtir-chi, – dedi Sharifa opa yonidan joy koʻrsatib. Uchovi ham kulimsirab turardi.

– Zerikyapsan-a, – dedi Komila degani tuyqusdan.– Gap bunday, biz bilan ishlaysanmi?

Butunlay boshqacha gap kutib, xavotirlanib turgandim. Bu taklifdan quvonib ketib: «mayli» deb yubordim oʻylab oʻtirmay.

Komila dugonalariga qarab kuldi-da:

– Lekin sharti bor, – dedi. – Biz nima desak bajarasan. Bogʻdan olma pishsa olma, uzum pishsa uzum obkep turasan. Shotut terib kelasan. Hozir ayni yetilgan payti. Hov dayravotdan – Mirzaning polizidan qovun-tarvuz… Agar aytganimizni aytganday qilib bajarib tursang, bizam aytgan qizingni oberamiz. Xohlasang, manovi opalaringdi biriga kuyov qip qoʻyamiz. Manovisida oʻziga oʻxshagan pachoq-puchuq, koʻkkoʻz singilchalardan bir toʻda. A, ular yoqmasa, manavisini bittagina, bitta boʻlsayam dunyoni ketiga oʻt qoʻyadigan biyronchasi bor. Shuni oberamiz. Boʻptimi?..

«E, boring-ye» deb oʻrnimdan turib ketdim. Qizlar baravariga kulib yuborishdi-da, qoʻlimdan tortib, joyimga oʻtqazishdi.

– Boʻpti, hazillashdim. Voy, oʻtir, endi gapirmayman, – dedi Komila yelkamdan bosib. – Xullas, endi gap shu. Biz bilan birga yurasan. Qarasam, bir oʻzginang boshing aylanib yuribsan. Zebo oytiyam qiziq, mushtday boshingdan dalaga opchiqib nima qiladilar. Hali jilovlab olib, chunonam ishlatishadi. Ha, mayli, sening boring ham tuzuk, boʻlmasa yorilib oʻlamiz-ku!..

Hozir oʻylab qarasam, hammasi oʻsha kundan boshlanibdi.

* * *

Bu voqealar esa xiyol oldinroq boʻlib oʻtgan edi…

Qishlogʻimiz kolxozning bir chekkasida joylashgan. Maktabdan besh-olti chaqirimlik yoʻl. Bu koʻpchilikka olis tuyuladi. Biroq, oʻzimizga bilinmaydi. Har erta oʻttiz-qirqta bola qir oshib, koʻchani toʻldirib joʻnayveramiz. Gangir-gungir qilib, hadeganda yetib qoʻyamiz. Yuqori sinf bolalari koʻpchiligi velosipedda qatnaydi. Ularga maza. Bittadan sinfdosh qizlarini orqa oʻrindiqqa mingazib olishadi-da, gʻizza-gʻizza yonimizdan oʻtib ketishadi. Kozim deganimiz bor, Farmon birgadning oʻgʻli, uniki motorli velosiped. Egarda gʻoʻdayib oʻtirishini koʻrsangiz. Istasa birovni mingashtirib oladi, istamasa yoʻq. Butun koʻchani oʻziniki qip olgan. Koʻrdiki, bir toʻp qizlar ketyapti, atay toʻpning oʻrtasidan yoʻl soladi. Bechora qizlar qiy-chuv qilib zoʻrgʻatdan chetlanib qolishadi. Boz ustiga, bir chekkalik yurmaysanlarmi, e!.. deb baqirib oʻtishi ortiqcha… Uning qiliqlaridan gʻashim keladiyu, lekin ich-ichimdan uloviga koʻnglim sust ketadi. Qaniydi, mendayam boʻlsa, motorlimas, oddiysiga ham rozi edim, deyman. Doim Shavqiyani mingashtirib yurardim, piyoda qatnatib qoʻymasdim…

Qir tepasidan pastlikka qarab velosipedda shamolday uchib ketayotganimizni koʻz oʻngimga keltirib ichlarim qiziydi. Lekin, har qancha qizimasin, yol­gʻizqoʻl ayamga aytishga, velosiped olib bering, deyishga tilim bormaydi…

Otam men ikki yoshligimda vafot etgan. Onamning aytishicha, u baʼzan yarim tunda oʻrnidan sapchib turarkan-da, olgʻa deb baqirarkan oʻrischalab. Keyin: «Vatan uchun, Stalin uchun!» deb qichqirgancha, uydan otilib chiqib ketarkan. Uni qoʻni-qoʻshni boʻlib izlashib daryo boʻyidan, qirning naryogʻidan, toʻqayzorlardan topib kelisharkan. Urushdan keyin yigirma yil shu kuyda yashabdi. Keyinchalik tez-tez ogʻrib, kasalxonaga tusha boshlabdi. Men tugʻilganimdan soʻng (mendan oldingi farzandlar turmagan) butunlay yotib qolibdi. Oʻshanda men hali yoʻlga kirmagan bola – nuqul atrofida gʻimirlab, emaklab yurarkanman. Otam mendan koʻz uzmay yotib, dam badam: «Samijon bolam, boshimni bosib qoʻying», der ekan. Men darhol kichkina qoʻlchalarim bilan uning boshini bosgan boʻlarkanman. Lekin bularni oʻzim eslolmayman. Otamning oʻzlarini u kishidan qolgan kichkina suratcha (harbiy biletidagi) orqali taniganman…

Men ayamni ayab velosiped toʻgʻrisida gapirolmay yuribmanu, bir kuni maktabdan kelsam, ishonasizmi, hovlimiz toʻrida yap-yangi velosiped yaltirab turibdi. Hovliqib qoldim.

– Aya, kimdi velosipedi bu, – dedim nafasim boʻgʻzimga tiqilib.

– Kimniki boʻlardi, bolam, seniki-da, – dedi ayam siniqqina iljayib. – Markazdagi doʻkonchiga aytib qoʻyib edim, baraka topgur esidan chiqarmabdi. Bugun ertalab tashlab ketdi…

Oʻsha kungi quvonchimni taʼriflab berolmayman.

…Velosipedni koʻrib, Shavqiya juda quvondi. Mingashib, maktabga joʻnadik. Qishloqdan chiqib olgach, tezlatdim. Chunki, bu yogʻi qirlik, qichab haydamasam, qirga chiqolmay uyalib qolaman, degan xavotirda edim. Qirlikka chiqquncha, gʻarqqa terga botdim. Biroq charchaganimni Shavqiyaga sezdirmaslikka, hansirab nafas olmaslikka chiranardim. U ham gapga tutmasdi. Nihoyat tepalikka chiqib oldik-da, shitob bilan pastlay boshladik. Pastda oppoq gullagan oʻrikzor, biz ilonizi yoʻl bilan oʻsha tomonga yelib boryapmiz. Oynachaga sekin koʻz tashlayman. Shavqiya yuzini shabadaga tutib olgan. Sochlari toʻzgʻib, yuzlarini yashiradi. Kuzatayotganimni sezib jilmayadi. Oppoq, mayda tishlari yaraqlab ketadi. Oʻzimda yoʻq xursandman. Goʻyo uchib ketayotganga oʻxshayman.

Pastlikka tushdik, oʻrikzordan oʻtib, asfalt yoʻlga chiqib oldik. Teraklar soyasidan ketyapmiz. Bir vaqt orqadan motorli velosiped ovozi eshitildi. Qarasam, Kozim. Qichab haydayverdim. U bir pasda yetib oldi-da, sekinlatdi. Muftani bosib, gaz berdi. Motor vangʻillab ketdi.

– Hey, muborak boʻlsin! – deb baqirdi irshaygancha.

Oʻqrayib qarab qoʻydimu, indamadim. Kozim bir oz yonma-yon bordiyu, birdan gaz berib oldimga oʻtib oldi va bizni qop-qora tutunda qoldirib, olislab ketdi.

Boyagi kayfiyatimdan asar ham qolmadi. Negadir koʻzguchaga qarashga ham yuzim chidamasdi.

Bir mahal Shavqiya biqinimga sekin turtib: «Ha, charchadingmi?» dedi quvnoqlik bilan.

– Yoʻgʻey, nega charchayman, – dedim ruhsiz.

– Endi bunday qilamiz, – dedi u, – mengayam haydashni oʻrgatasan. Sen charchasang, men haydayman. Men charchasam, sen. Boʻptimi?..

Bu gap koʻnglimni koʻtardi. Oyogʻimga quvvat kirdi. Velosipedni shitob haydab ketdim.

Qaytishda maktab qorovulining uyidan velosipedimni yetaklab chiqayotsam, oldingi gʻildirak taqirlab qoldi. Kamerasida dam yoʻq. Darrov nasos bilan damini toʻlatib, mingashib yoʻlga tushdik. Ellik qadamcha yurmay, gʻildirak yana taqirlay boshladi. Demak, teshilibdi. Velosipedni yetaklab, yayov ketdik. Kechqurun yelimlab yamadim. Biroq, ertasiga yana shunday hol takrorlandi. Endi ikkala kameraga ham igna sanchib olingan edi. Hech tushunmasdim, nega bunday boʻlyapti. Nahotki, Kozimning ishi boʻlsa!.. Qorovulning xotini ham, bolalari ham hayron edi.

Uchinchi kun qorovulning oʻgʻliga bir hovuch konfet berib, poyloqchilikka qoʻydim. Darsdan kelsam, yigirmaga yaqin velosiped ichidan yana menikining kameralari puchayib qolgan, bu safar dam ushlagichlari ham yechib olingandi. Alamimdan yigʻlab yuboray dedim. Qorovulning oʻgʻli hovli toʻrida alohida gʻoʻdayib turgan velomotorni koʻrsatib, oʻshaning egasi qildi, dedi.

Velosipedni qoldirib chiqdim.

Shavqiya rang-roʻyimdan ahvolni tushundi. Hech narsa soʻramay, yonma-yon yoʻlga tushdi. Deyarli gap-soʻzsiz borardik. U mendagi oʻzgarishdan oʻzicha maʼno tuyub, xavotirlanib qarab-qarab qoʻyardi.

Qir etagidagi oʻrikzordan oʻtyapmiz. Bolarilar gʻoʻngʻillaydi. Havo dim. Orqamdan motorli velosiped ovozi eshitildi. Qoʻllarim oʻz-oʻzidan musht boʻlib tugildi. Qadamim sekinlashdi, lekin toʻxtamadim. Ovoz tobora yaqinlashyapti. Koʻz oldimda Kozimning masxaraomuz tirjaygan basharasi. Taxminan besh qadamlar qolganda ilkis orqamga burildimu, uning roʻparasiga chiqdim. U shoshib rulni chetga burib yubordi-da, qat­qaloqqa urilib yiqildi. Motor vangʻillab ketdi. Yugurib borib, oʻrnidan turayotgan Kozimning beliga tepdim. U «vah» degancha bukchayib qoldi. Enli kamaridan siltab tortgandim, yiqildi. Ustiga tashlanib, yuz-koʻzi aralash ura ketdim. Mushtim dam yumshoq lunjiga, dam yuzini toʻsgan barmoqlariga, dam boshiga tegar, negadir uning ovozi chiqmas, nuqul hansirab, yotgan joyida tipirchilab, meni ustidan itqitib tashlamoqchi boʻlardi. Miyamda bitta fikr charx urardi: boshladimmi, tamom, bir yoqlik qilishim kerak. Qasos olishim kerak!..

Hayronman, muncha vahshiylashib ketdim.

Bir mahal uning sochidan ushlab qoldim. Xuddi kinolardagiday sochidan changallab, boshini qoq yerga ura boshladim. Shunda u birdan baqirib, meni agʻdarib yubordi. Yana ustiga minib oldim.

– Bas qil! Bas qil, deyapman!

Bosh tomonimda rangi qum oʻchgan Shavqiyani koʻrdimu, yonga yiqildim. Kozim bosib olib, tasir-tusur ura ketdi. Uning basharasi qon, loy edi. Yelkasi osha Shavqiyaning yuzi koʻrindi. U Kozimning yelkasidan tortar, «bas qilinglar!» degancha yigʻlab zorlanardi.

– Shavqiya nari qoch! – deya baqirganim baravari yana Kozimni yiqitib oldim. Shu payt kuchli bir qoʻl yoqamdan siltab tortib, Kozim ikkimizni bir yoʻla yerdan uzib oldi. Yana bir siltashda ikkimizni ikki tarafga itqitib yubordi. Qarasam, traktorchi Karim aka. Kozim yana jazava bilan menga tashlangandi, u «bas qil!» deb jerkib berdi. Soʻng yigʻlamsirab turgan Shavqiyaga, menga bir-bir qarab oldi-da, Kozimni yetaklab ariqcha boʻyiga olib bordi. «Yuvinib ol» dedi.

Kozim soʻkina-soʻkina yuzini yuva boshladi. Koʻylagini yechib, chetga uloqtirdi. Shunda beliga koʻzim tushdi – momataloq boʻlib ketibdi.

Kozim burniga suv olar, jahl bilan qoqib tashlar, yana suv olar, soʻkinar, allanimalar deb gʻudranar, burnining qoni toʻxtaydiganga oʻxshamasdi. Oʻzidan kichik boladan (undan bir sinf quyidaman), buning ustiga qiz bolaning oldida kaltak yegani juda alam qilib borardi unga. Nazarimda, u hali meni tinch qoʻymaydigan, burun qoni toʻxtashi bilan yana solishadigan vajohatda edi.

Karim aka menga yaqinlashib: «Oʻzi nima boʻldi, nega urishdilaring?» dedi. Indamay boshimni egdim. Keyin Shavqiyadan soʻradi. Shavqiya jim turdi-turdi-da, soʻng qishloq tarafga yugurib ketdi. Boshimni koʻtarib, qir ustida bir zumgina koʻrib qoldim: sochlari toʻzgʻib, qizil durrachasi yelkasida hilpirab, yugurib borardi.

Chekkaroqqa chiqib, oʻrik tagiga oʻtirdim. Bir yoqda velomotor, bir yoqda Karim akaning velosipedi agʻanab yotibdi. Hammasi tamom boʻldi, derdim oʻzimcha, uydayam, maktabdayam toʻpolon boshlanadi. Farmon birgad tinch qoʻymaydi…

Lekin, men kutganchalik boʻlmadi. Kozim qoʻrqdimi, mardlik qildimi, hech kimga aytmadi. Xuddi kelishib olgandek, Shavqiya bilan Karim akayam birovga sezdirmabdi, shekilli, qishloqda gap-soʻz boʻlmadi.

Biroq, Shavqiya toʻsatdan begonalashib qoldi. Yonimdan qovoq uyib oʻtadigan odat chiqardi. Unga koʻrinishdan choʻchirdim, goʻyo yoniga borib bir narsa desam yo kechirim soʻrasam, aytishib qolamizu, tamom uzilishib ketadigandaymiz.

Oradan uch-toʻrt haftalar oʻtdi. Bir kuni tushdan keyin bizni maktab yaqinidagi dalaga gʻoʻza yaganasiga olib chiqishdi. Men hech kimga qoʻshilmay, hech yoqqa qaramay ishlayverdim. Kechga yaqin qarasam, yon-verimdagi bolalarning koʻpchiligi ketib boʻlibdi. Maktabga qaytib kelib, shoshilmay hovlidagi kranda yuvindim. Sinfdan portfelimni olib chiqib, yoʻlga tushdim. Bu paytda quyosh botib, qorongʻulik tusha boshlagandi. Ellik qadamcha oldinda ketayotgan Shavqiyani koʻrdim-da, taraddudlanib qoldim. Oʻsha kungi voqeadan buyon tan­holikda endi uchrashishimiz edi. U sekinroq yurayotgandimi, men shoshildimmi, tezda unga yetib oldim. Yonma-yon ketaverdik. Na u gap boshlaydi, na men. Hayronman, shunchalik biyron qiz bir ogʻiz gapirmasa-ya…

Yoʻlning ikki chekkasidan ketib boryapmiz. Shoshilmaymiz. Osmonda yulduzlar koʻrina boshlagan. Men to uning oʻzi gap ochmaguncha bir ogʻiz ham gapirmoqchi emasman. Mayli, nima desa roziman, hamma taʼna-ginalarini indamay eshitaman. Ammo, u negadir jim. Bu jimlik har qancha achchiq soʻzdan ogʻir.

Oʻrikzordan oʻtayotganda ham pinagini buzmadi. Nihoyat qirga koʻtarila boshladik. Bu paytda tun quyuqlashib, yulduzchalar koʻpayib qolgandi. Bir mahal u tuy­qusdan: «Qanday chiroyli-ya, – dedi. – Osmonga chiqib borayotganga oʻxshaymiz…»

Quvonchdan nafasim boʻgʻzimga tiqilib, hech nima deyolmadim. Gapini maʼqullagandek bosh irgʻab, osmonga tikildim. Darhaqiqat, biz yulduzlar sari borayotgandik. Hayajonlanib ketdim. Toʻlib-toshib unga barcha oʻylab yurgan gaplarimni bir yoʻla gapirgim kelaverdi.

– Shavqiya, – deb yubordim, ovozim boʻgʻiq chiqdi. U yalt etib qaradiyu, indamadi. Keyin birdan qoʻlimdan tutdi-da:

– Chopamiz, – dedi. – Qani kim oldin tepaga chiqib olarkan.

Oldinma-keyin yugurib qir ustiga chiqdik.

Bu yerdan hammayoq kaftdagidek koʻrinib turardi: hov ana qishlogʻimiz, beriroqda Koʻksoy tollari, soyning shovullashi, chigirtkalarning chirillashi eshitiladi. Qir ustida yolgʻiz ikkovimiz. Hech qachon bunday boʻlmagan… Men beixtiyor uning avval bir qoʻlini, keyin ikkinchisini ushladim. Ikkovini birlashtirib, kaftlarim orasiga oldim.

Qoʻllari olov boʻlib yonardi. Shunday shaddod, biyron qizaloq indamay bosh egib turar, juda vazmin, itoatkor boʻlib qolgandi. Men oʻzimda yoʻq quvonib, koʻksim togʻday boʻlib borardi. Shu lahzaning oʻzida bir necha yosh ulgʻayib, kuch-quvvatga toʻlib ketganday edim. U nihoyat boshini koʻtarib menga qaradi. Uning koʻziga ilk bor dadil tikildim. U uyalib boshini egdi. Keyin jurʼatsizgina qoʻlini tortdi-da, «Ketaylik endi, yuring», – dedi birinchi bor sizlab.

* * *

Tong azonda kelganimizcha tinmasdan chopiq qilib boryapmiz. Bugun birinchi iyul. Avji saraton. Hali tushlikkacha ancha boru, issiqdan nafas qaytadi. Dam-badam kichik-kichik quyunchalar paydo boʻlib, chor atrofga betoqat yuguradi.

Dalalar begona oʻtdan tozalanib, gʻoʻza jonlanib qolgan boʻlsa-da, ish susaygani yoʻq. Hamon kun chiqmay kelib, shom qorongʻusida qaytamiz. Amin sariq boz-boyagiday ketimizdan qolmaydi. Birovga mingʻirlaydi, birovga doʻq uradi, birovga koʻz olaytiradi. Farmon birgad kun ora rais yo agronomni, qandaydir begona kishilarni boshlab keladi. Shlyapali kishilar dalaning bir chekkasidan tushib, gʻoʻzalar ostini kavlab koʻrishadi, uning tanasi, bargini, hosilni koʻzdan kechirishadi. Maslahatlashishadi, tortishishadi… Soʻngra bizlarga «hormang-bor boʻling» qilishib, qoʻshni paykalga oʻtib ketishadi…

Dalaga chiqa boshlaganimga bir oycha boʻlib qoldi. Avvaliga ishni oʻylasam, yuragim bezillardi. Endi ishlab charchamayman. Chekka-chekkada siqilib, mungʻayib yurish yoʻq. Biri biridan xushroʻy, mehribon opalarim qurshovidaman. Ularning koʻrar koʻzi, erkatoyiga aylanib qolganman. Hech tushunmayman – nega buncha yoqtirib qolishgan meni? Choʻpday ozgʻin, qop-qora boʻlsam. Soch qoʻyganman: oftobda kuyib, jizgʻanagi chiqib bor­yapti. Lekin ularning erkalashlaridan iyib, qoravoyligimu ozgʻinligim ham esimdan chiqib ketadi.

Eh, opajonlarim-yey, buncha chiroyli-ya ular. Ayniqsa, soy boʻyida, etiklarini yechib tashlab, yuvinib, taranib, oʻsma qoʻyib turishganlarida koʻrsangiz.. Komila oppoq, kulcha yuzli. Qosh-koʻzlari tim-qora, iyagida chiroyli chuqurchasi bor. Sojida yanga uni «oʻzi bir qiz, sochi bir qiz», deydi. Komila sochiga hozir uncha eʼtibor bermaydi-ya, lekin maktabdalik chogʻida hafsala bilan tepakokil qilib, maydalab oʻrdirtirib yurardi. Anchayin sovuqlarda ham boshiga durracha oʻramasdi: oʻtgan-ketganning koʻzi unda boʻlardi. Sharifa sal qoracha yuz, qoshlari tutash, koʻzlari qisiqroq (Shavqiyaning opasi-da!), sochi Komilanikidek uzun boʻlmasa-da, unikidek qalin, tim qora, maydalab oʻrib yuradi. Kokillarining uchi qoʻngʻiroq-qoʻngʻiroq boʻlib yotadi.

Raʼno ozgʻingina, oqish, choʻzinchoqroq yuzli, koʻzlari moviy qiz. Sochlari sal mallatob boʻlib, uni goh bitta, goh ikkita oʻrib, tashlab yuraveradi.

Oʻtgan haftadan boshlab opalarim oq xalat kiyib kelishni odat qilishdi. Dastlab hamma xotinlarning koʻzi ularda boʻldi. Biri: «qizlarimiz juda ochilib boryapti-da, koʻz tegmasin», desa, boshqa birovi: «Oʻzlarini bozorga solishadi-da endi, emasam gʻoʻzaning ichidayam oq kiyadimi?» deb piching qilardi.

Mana hozir uchalovi ham oq xalatda, oq roʻmol bilan bet-boshlarini oʻrab olishgan, deyarli gap-soʻzsiz mendan oldinroqda chopiq qilib borishyapti. Shu turishda ularni faqat semiz-oriqligiyu, past-balandligidan tanib olish mumkin. Komila oʻrta boʻyli, toʻlaroq; Raʼno novcha oriqqina; Sharifa Raʼnodan pastrogʻu Komiladan tikroq…

Quyosh tik kelib qizdiryapti. «Qilt» etgan shabada yoʻq. Ertalab koʻm-koʻk boʻlib turgan osmon ham, gʻoʻzalarning bargi ham oqarinqirab qolgan. Qushlar, qurt-qumursqalarning uni oʻchgan. Koʻylagim terdan jiqqa hoʻl boʻlib, yelkam, boʻynim chimillab achishyapti. Koʻksoy tomonga dam-badam qarab qoʻyaman. Soqov choyxonachimizning: «Shay pishdi, abid!» deb baqirishiga hali ancha bor.

Bir mahal Sharifa: «Hey, qurib ketsin, boʻldi-ye!» dedi-da, ketmonini otib yuborib, dala boshiga ketdi. U doim shunaqa qiladi, issiqqa chidamsizroq. Kun qizidi deguncha: «Miyam kuyushyapti, koʻzim tinib ketyapti», deb noliyveradi.

Koʻp oʻtmay biz ham daladan chiqdik. Opalarim koʻklamda kallaklanib, qayta barg yozayotgan balx tutning bir tutamgina soyasida gʻuj boʻlib oʻtirishdi. Roʻmollarini yechib, yelkalariga tashlab olishdi. Men sal naridagi tut tagiga choʻzildim.

– Uni qaranglar, tandirdan hil chiqayotganga oʻxshaydi, – dedi Raʼno jivir-jivir hovur koʻtarilayotgan dalaga tikilgancha.

– Anovilar boʻlsa tandirda hil-hil boʻlib pishyapti, – dedi Sharifa kulib.

– Oʻzing pishmayapsan-a, – gapga aralashdi Komila, – qara, noni Osiyoga oʻxshab boryapti yuzginang.

– Shunisi yaxshi-da, qoramayiz beklarning choʻntagida boʻladi, – deya Sharifa menga qarab kulib qoʻydi.

– Voy-boʻy, beklarning choʻntagiga tushib qolgan oypari, hali koʻramiz, qaysi bek choʻntagida ardoqlab yurarkan, – dedi Komila kesatib.

– Nima, arzimabmizmi?

– Sen-ku arziysan. Lekin sen istagandaqa bekvachchaning topilishi dargumon. Hozirgini avliyosiyam choʻntagida olib yurmaydi, qaytanga, «xotin, aravani teng tortasiz», deydi. Sovchilariga ham, ketmon urib belim demaydiganidan, uchta tugʻib oʻtirib qolmaydiganidan boʻlsin, deb tayinlaydi… Ha, qoramayiz qurmagur-yey, hali shunaqa degin. Mabodo yonboshlatib qoʻyib non beradigan joyni topmasangiz, bilmadik tagʻin!..

– Topsak, nima boʻpti?!

– Unda boshqa gap… – Komila Sharifaga sinchkov tikilib turdi-da, sirli tarzda qoʻshib qoʻydi. – Shipshitib qoʻyish kerakmi deyman-a. Sal burovingizni qoʻlga olmasalar, erkinlab ketyapsiz.

Sharifa menga qarab kulib qoʻydi-da, oʻrnidan turdi.

– Voy-boʻy, juda qoʻrqitib yubording-ku… Yaxshisi turinglar, salqinlab kelamiz. Lohaslanib ketyapman,– dedi. Soʻng dugonalarini qoʻyarda qoʻymay qoʻlidan tortib turgʻazdi. Menga ham «ketdik» deganday ishora qildi.

Soy boʻyiga yetib keldik-da, qirgʻoq boʻylab yuqoriga yura boshladik.

Bu yerning soya-salqinligini qoʻyavering endi. Ikki qirgʻoq ham keta-ketguncha baland-baland, salobatli tollar. Ular soyga engashibroq oʻsganidan, yuqori shoxlari bir-birlari bilan ayqashib, osmonni bekitgan. Soyning usti ataylab shiypon qilib, havoza qilib yopilganday. Men oʻzimcha bu yerni qaysi bir ertakdagi «yashil saroy»ga oʻxshataman. Nazarimda bu tollar oddiy tollarmas, ularda qandaydir sirmi, sehrmi yashiringanday tuyuladi. Keyinchalik eshitsam (opalarimdan eshitdim), haqiqatdanam shunday ekan…

Qizlar ulkan yovvoyi jiydaga yetib toʻxtashdi-da, menga kulimsib tikilishdi. Tushundim: bu yogʻiga oʻtishim mumkinmas, shu yerda qolib, qorovullik qilishim kerak…

Sal oʻtmay jiydaning naryogʻida suvning shovqini kuchaydi. Qizlarning qiy-chuvi eshitila boshladi. Maysaga oʻtirib, dalaga tikildim. Paykalning narigi chekkasida chopiqchilar ishlashyapti. Olisda boʻlganidan ularni tanish qiyin. Kichik-kichik quyunchalar hamon ularning atrofida izgʻiydi…

Yerdan koʻtarilayotgan hovurdan koʻzim tinib ketdi. Chalqancha tushib yotdim. Yuzimga quyuq yaproqlarni oralab issiq nur tushdi-da, darhol yoʻqoldi. Sal oʻtmay yana tushdi. Xuddi birov koʻzgu bilan hazillashayotganga oʻxshaydi. Jiydaning naryogʻida esa dam olisdan, dam yaqinginadan opalarimning qiyqirigʻi eshitilib qoladi.

– Komila, ushla!

– Qoch, Raʼno, oʻlasan!

– He, oʻl, yirtib yubording-ku!

– Hechqisi yoʻq, yangisini oberadi!

Quloqlarimni bekitaman, koʻzlarimni yumaman. Ovozlar olislab ketadi. «Shavqiya», deb shivirlayman. Dam-badam tushib turgan nur tangachalar yuzimni qitiqlaydi. Jilmayaman. «Shavqiya», deb shivirlayman yana. Dunyodagi eng chiroyli ism – Shavqiya. Chindanam uning nomini topib qoʻyishgan. Shu kunlarda biram sogʻindimki. Anovi opalarimning boʻlsa esiga kelmaydi. Hatto Sharifaning ham. Tilga olib qolishar,biror yangilik aytib qolishar, deb shuncha quloq tutaman, qayoqda. Unutishgan. Opasi ham, boshqalar ham… Oy oʻtmay unutishgan.

Kecha dam olib oʻtiruvdik. Komila meni soʻroqqa tutib qoldi. Koʻzimga tikilib turib:

– Sen bolani ichingda darding bor. Koʻzlaring kirtayib qopti, nima boʻldi, – dedi.

– Hech narsa, – dedim men tushunmay.

– Ish ogʻirlik qilyaptimi?

– Yoʻ-oʻq.

– Oftob oʻtib ketyaptimi?

– Yoʻq.

– Ovqatingni mazasi yoʻqmi?

– Yoʻ-oʻq.

Ular kulib yuborishdi.

– Boʻlmasa, boshqa darding bor, birovni yaxshi koʻrib qolgansan, – dedi Komila negadir yaqinimga surilib.

– E, boring-e, faqat shunaqa deysiz.

– Boring dema, – dedi u boʻsh kelmay, – oʻzing aytsang, ayt, yordam beraylik. Koʻnmasang, oʻzimiz topamiz-da, aynitamiz. Qani bizdan oʻtib, bir ish qilib koʻr-chi. Shundaymi? – deya dugonalariga qaradi. Ular «albatta», «boʻlmasam-chi», deb tasdiqlashdi.

– Mayli topinglar, baribir ovora boʻlasizlar, – dedim.

– Boʻpti, qoʻlingni ber, chap qoʻlingni. – Komila tomirimni ushladi-da, Raʼnoga buyurdi:

– Mana shu daladagi qizlarning nomini bitta-bitta aytaverasan. Sekin, sekin… Faqat chiroylilarini.

Raʼno «xoʻp» dedi-da, kulgidan oʻzini arang tutib, daladagi qizchalarning nomini bitta-bittalab ayta boshladi. Sharifa eslatib turdi. Men bemalol, bexavotir kulib oʻtiraverdim. Raʼno hamma qizlarni chiroyliga chiqarib, bitta qoldirmay aytib chiqdi. Ke­yin besh oylik Oltinoyni, hatto oʻzining koʻk koʻz singilchalarini ham (Komila majbur qildi) «qatorlashtirdi». Yuragim dukillamadi. Tomir urishim buzilmadi. Komila «voy, tovba-yey», deb yoqa ushladi.

– Kim u, osmondagi oymi?

– Toping-da, – dedim iljayib. «Osmondagi oy», deb qoʻydim ichimda.

Bilmadim, ular ataylabmi yoki chindanam unutishganmi, Shavqiyaning nomini tilga olishmaydi. Ataylab boʻlsa, demak, sezishgan. Shuncha qizlarni nomma nom aytib turib, uni eslab qolmasliklari aqlga sigʻmaydi. Axir unutib boʻladimi uni? Sal kam bir oy boʻlyapti koʻrmaganimga, shundoq koʻzimni yumsam, bir oʻrim sochini oldiga tashlab, boshini xiyol yonga eggancha, jilmayib qarshimda paydo boʻladi… Lekin qiziq, keyingi paytlar doim shu turishda tasavvur qiladigan boʻlib qolganman. Sochlari uchida lenta, boʻynida galstuk… Uning shunaqa surati bor edi shekilli… Maktab koridorida… «Aʼlochilar taxtasi»da… Yuragim gupillab urib ketdi. Oʻrnimdan turib oldim.

Shu payt jiydaning naryogʻidan Raʼnoning ovozi keldi.

– Ey, qorovul, boʻldi, kelaver endi…

Ular jiydadan yigirma qadamcha narida sochlarini siqib turishardi.

 Kiyinishgan. Komila boshini bir yoqqa egib, uzun sochlarini siqa-siqa kulimsirab oldimga keldi.

– Choʻmilging kelyapti-ya?

– Yoʻ-oʻq.

– Yashirma, mugʻombir. Yechin!

– Yoʻq, men keyin.

– Hozir!

Najot istab boshqalarga qaradim. Ular ham jilmayib, sinovchan tikilib turishibdi.

– Hozir choʻmilasan, – dedi Komila qatʼiy qilib, – quvlashmachoq oʻynaymiz. Yo qoʻrqasanmi?

– Nimadan qoʻrqaman?

– Tush boʻlmasa.

Tol panasiga oʻtib yechindim-da, shosha-pisha soyga tushdim. Belimgacha kelgan suv shovullab, meni surib ketmoqchi boʻldi. Oʻzimni sal orqaga tashlab, oyogʻimni kattaroq toshga tiradim.

– Qani, sizlar ham boʻlinglar, tez! – dedi Komila xalatini maysa ustiga yechib tashlarkan. U qosh chimirib olgan, negadir endi men tomonga qaramasdi. Ichki koʻylakda qolgan Komilaning oppoq, tiqmachoq yelkalariga koʻzim tushdiyu, darhol suvga tikilib oldim.

– Sizlar qochasizlar, men quvaman!

Faqat Raʼno yechindi. Sharifa chopiq qilganda tutadigan peshbandini yerga tashlab, tomosha koʻradiganday oʻtirdi. Raʼno yonimga tushgach, Komila sochini boshiga chambarak qildi-da; «Boshladik. Bir… Ikki.. Uch…» deb suvga sakradi. Raʼno narigi qirgʻoqqa qochdi. Men shoʻngʻidim.

Boshimni koʻtarsam, Komila qirgʻoqqa chiqay deb turgan dugonasining etagidan ushlab olgan, unisi yalpizlarga yopishib, yuqoriga koʻtariladi, bunisi sudrab tushadi. Sharifa qirgʻoqda qotib-qotib kuladi. Qoidaga koʻra, quvguvchi qochguvchini boshidan tutishi kerak. Novcha Raʼno boʻlsa, dugonasining qoʻlini tekkizmay, boshini u yoq-bu yoqqa olib qochadi. Baribir Komila kuchlilik qildi, uni soyning oʻrtasiga sudrab keldi. Raʼnoning oyogʻi toyib, chalqancha yiqildi. Ustidan Komila bosib tushdi…

Keyingi safar Raʼno quvadigan boʻldi. U ham meni quvib ovora boʻlmay, dugonasini ushlay qoldi. Komila endi meni taʼqib qila boshladi. Kutib turaman, sekin-asta yaqinlashib keladi-da, birdan tashlanadi. Shoshilmay suvga shoʻngʻib, ancha etakdan borib chiqaman. Sharifa bilan Raʼno gurra kulgu koʻtaradi. Komila kulmaydi. «Qochib boʻpsan, bolakay», degancha bostirib kelaveradi. Toʻgʻrisini aytsam, unga tutqazgim keladi. Biroq oʻzimni uning quchogʻida tasavvur qilib, uyalib ketaman.

Ana, bostirib kelyapti.

Undan koʻz uzmay, ehtiyotlik bilan tisarilib boryapman. Koʻp ovora qilyapman ishqilib ranjib qolmasin-da. Bir jahli chiqsa bormi, koʻziga hech narsa koʻrinmaydi. Shuning uchun dugonalari ham hayiqibroq turishadi…

Tutqazsamchi-ya?!

 Mana hozir yetib keladi. Baquvvat, yalangʻoch qoʻllari bilan mahkam quchoqlab oladi. Keyin qutilib boʻpsan, nafaslaring qaytib ketadi. Seni bemalol koʻtarib, dugonalarining oldiga olib chiqadi. Keyin koʻrasan kulgini…

– Mendan qutilmaysan, – deydi u sal xirillagan ovozda.

Bir narsa deyishga qoʻrqib, kulib qoʻyaman. «Mana hozir… hozir», degancha qoʻlini ikki tomonga yoyib kelyapti. Pastki labini tishlab olgan, boshiga chambarak qilgan chilvir sochlari yechilib suvga tushgan. Suv uni tortqilab oqyapti. Shu turishi biram chiroyliki… Qiziq, u Shavqiyaga oʻxshab ketarkan. Qoshlarining tutashligi, lablarining yupqaligi, peshonasining ensizligi… Faqat buning koʻzlari katta-katta, uniki qiyiqroq. Shu tobda yana maktab koridoridagi surat koʻz oldimga kelib, ich-ichimdan quvonib qoʻydim…

Tisarilib borayotib, orqamga qaradim. Haligi ulkan yovvoyi jiydaga yaqinlashib qolibmiz. Jiyda suvga engashib oʻsgan. Bu yerda suv dimiqibroq oqar, anchagina chuqur edi. Oldinda Raʼno koʻrinmasdi. Oldi-or­qamga qarab, alanglay boshlashim bilan Komila tashlanib qoldi. Chaqqon shoʻngʻidim. Bu safar shunday qila­yinki, tutib ham ololmasin, ranjimasin ham.

Suv ostidan jiydani moʻljallab suzdim-da, tanasidan ushlab, asta boshimni chiqardim. Bu yer ayni muddao joy boʻlib, jiydaning pastga osilgan novdalari, oʻsiq qamish, yalpizlar orasidan meni payqamasdi…

Komilani kuzata boshladim. U alanglab atrofga qaradi. Men tarafga koʻzi tushdi-yu, koʻrmadi. Etakka qarab ancha yurib bordi. Qirgʻoqqa chiqib, boyagi yerga qaytib keldi. Yana suvga tushdi. Yuzi oqara boshladi. Naryoqdan Raʼnoning ovozi keldi.

– Nega jimib qolding, Komil? Nima qilyapsizlar?

Ketidan Sharifa ikkovining kulgani eshitildi.

– Raʼno, – dedi Komila orqasiga qarab, – Raʼno deyapman!..

Ovozi qaltirab chiqdi.

– Nima deysan, Komil?

Raʼno suvdan, Sharifa qirgʻoqdan hovliqqancha yetib kelishdi.

– Nima gap? Nima gap?..

– Yoʻqolib qoldi. Shoʻngʻidi-yu, yoʻq endi.

Qarasam, Komila yigʻlamoqdan beri boʻlib turibdi. Kulib yubordim.

– Voy! – yuziga birdan qon yugurdi. – Voy, aylanayin sendan, – suvni shaloplatib, yiqilib-surilib kela boshladi. Endi qochmadim. Yalpizlar orasidan chiqib, jilmayib turaverdim. – Yuragimni yording-a, sen shumtaka. – U mahkam quchoqlab oldi-da, yuz-koʻzimdan oʻpa ketdi. – Shunaqayam chaqqonmisan-a, oʻrgilay sendan.

Qizarib-boʻzarib, uning quchogʻidan chiqishga chiranardim. Biroq kuchim yetmasdi. Shu payt Raʼno bizni itarib yubordi. Suvga yiqildik. Sharifa ham zavqlanib ketib, kiyim-boshi bilan soyga sakradi. Meni biri olib, biri qoʻyib, tortqilab qirgʻoqqa olib chiqishdi.

Shu kundan boshlab opalarim bilan oʻrtamizda yotsirash butunlay yoʻqoldi. Uncha-muncha sirni mendan bekitmay qoʻyishdi.

* * *

Bu voqea esa ancha ilgari – urush yillari boʻlib oʻtgan ekan. Qishlogʻimiz yigit-qizlari ikki zveno boʻlib Koʻksoy boʻyidagi chakalakzorlardan ancha – muncha yer ochishibdi. Traktor yoʻq ekan. Hamma ishni ketmon, bolta, arra, chalgʻilar bilan qilishibdi.

Oʻsha chakalakzorlardan ozginasi Zarafshon boʻyida hozirgacha saqlanib qolgan, ichiga odam oralashi mahol: teragu yovvoyi jiydalar, qamishu qiyoqlar bir-biri bilan shunchalik chatishib, chirmashib ketganki, oʻshanda yolgʻiz qoʻl kuchi bilan shuncha ishni bir qishda bajarishganiga qoyil qolaman.

Koʻklamda chigit ekib boʻlingach, yigitlar hammasi (toʻqqiz kishi ekan) harbiy xizmatga chaqiriladi. Ular harbiy komissariatga borib kelishadi-da, ertasi yana dalaga chiqishadi. Qizlar soy boʻyidagi jiyda soyasida maʼyusgina nonushta qilib oʻtirishgan boʻladi. Davraga qoʻshilishadi. Lekin, gaplari qovushmaydi. Oxiri qizlardan bittasi: «Kelinglar, bir ish qilamiz, – deydi yigitlarga, – hali uch kun muddatlaring bor ekan. Shu uch kun ichida soy naryogʻidan sizlar, bu yogʻidan bizlar tushib olamiz-da, boshdan adogʻi tol ekamiz. Askarlikdan qaytgunlaringcha katta-katta boʻlib qoladi. To oʻshangacha sizlardi dalangizda ham ishlab turamiz…»

Taklif hammaga maʼqul boʻladi. Uch kun ichida Zarafshondan boshlanib, qoʻshni xoʻjalik yerigacha boʻlgan joyda soyning ikki qirgʻogʻiga tol qalamchalari ekiladi. Qalamchalar gurkirab koʻkaradi. Qizlar gʻoʻzadan ortib, tollarga ham qarashadi: ostini yumshatishadi, bachkilarini butab turishadi…

Harbiy xizmatning uchinchi yilida urush boshlanadi. Urush choʻziladi. Yigitlar jang qilaveradi. Qizlar soyning ikki tarafida tun-kun demay mehnat qilishadi. Tollar oʻsaveradi.

Urush tugaydi. Urushga ketganlarning bir qismi qoʻlsiz, oyoqsiz boʻlsa ham qaytib keladi. Ammo oʻsha toʻqqiz yigit qaytmaydi. Biroq qizlar gurkirab oʻsayotgan tollarga qarab ularning oʻlganiga ishonishmaydi, kutishadi.

Nihollar salobatli daraxtlarga aylanishadi. Ikki qirgʻoq tollari bir-biriga intilib oʻsib, oxiri juda balandda birlashadi…

Bu gaplarni opalarimdan eshitgandim. Uni oʻzlari toʻqishganmi yo hayotda boʻlganmi, bilmadimu, lekin oʻsha yigitlar, qizlar, hatto tollargayam juda achindim. Shundan buyon koʻcha-koʻyda keksaroq ayolni uchratib qolsam, oʻsha qizlardan birovi emasmikan, deb oʻylab qolaman. Unga qandaydir yaxshilik qilgim keladi.

Keyingi paytlarda Koʻksoy tollari shunchaki chiroyli, salobatli daraxtlar emas, balki jonli, menga koʻp narsalarni soʻzlab berishi mumkin boʻlgan mavjudotga aylangandek edi. Faqat tollar emas, soy ham, onda-sonda uchrab turadigan yovvoyi jiyda, Zarafshon boʻyidagi chakalakzor ham, dalalaru oʻzimiz chopiq qilayotgan gʻoʻzalargacha – barchasi jonli narsalarga aylanib borayotgandek edi.

Tush paytlari soya-salqinda uzala tushib olib, iyagimni kaftimga tiragancha opalarimning soʻzlarini tinglash juda maroqli edi. Ular zavq-shavq bilan gaplashishar, suhbatlari mazmunidan yaqin kunlarda qandaydir quvonchli hodisalar sodir boʻlishini tuyib turardim. Oʻsha kunlarning tezroq kelishini sabrsizlanib kutardim…

* * *

Iyulning oʻrtalari.

Tush payti. Oʻsha yovvoyi jiydadan beriroqda shoxlari tarvaqaylab oʻsgan ulkan tol tagida oʻtiribmiz. Bu yer ancha xilvat, ayollar ovozi eshitilmaydi. Suv dimiqib, shovqinsiz oqadi.

Sharifa piyolada oʻsma ezyapti. Komila sochini yechyapti. Raʼno unga koʻmaklashib turibdi.

Komilaning sochiga hamma havas qiladiyu, biroq oʻzi beparvo: umrim soch oʻrish bilan oʻtadi-ya, deb nolib yuradi. Mabodo kechasi bosh yuvmoqchi boʻlsa, peshinda yechib, ikki oʻrim qilib oladi-da, goho ertasi kuni yana shu kuyda chiqib kelaveradi. Dugonalari: shundoq moʻyi millani xor qilasan-a, noshukr», deb yumma talashadi. Sochini yoyib, qaytadan erinmay qirq kokil qilishadi. Oʻrib boʻlishgach, Komila: «Uyingda oʻrib kelmaysan, deb urishasizlar, shunday kanizaklarim turganda ayamni ishlatarmidim,» deb kuladi. Raʼno bir kun gazetadan bitta sheʼr topib keldi-da, senga atab yozishibdi, deb oʻqib berdi.

U shunday boshlanardi:

«Yor qora kokillaringiz qirqmikan,

               qirq birmikan…»

Sheʼr rostdanam Komilaga atab yozilganday edi. Uning oʻzi ham qip-qizarib, jimib qoldi. Oxirida uyalganini sezdirmaslik uchunmi: «Shoir degani yozaveradi-da… Oshiq-moshiqlikdan boshqasini bilishmaydi», deydi.

Raʼno Komilaning chilvir sochlarini bitta-bittalab yechyapti. Sharifa boshini bir yoqqa egib, qoshiga oʻsma qoʻya boshladi. Uchovi ham oʻz xayoli bilan band. Jimjitlik. Choʻzilib yotaverib zerikdim.

– Raʼno opa, – dedim yotgan yerimdan yalinchoq ohangda. Dugonasining sochini yechib boʻlib, taray boshlagan Raʼno gap ohangimga moslab «joni opa» dedi.

– Ashula aytib bering.

– Voy aylanay, sogʻinib qoldingmi. Qay birini aytay?

– Farqi yoʻq.

– Farqi bor. Nomini ayt.

– Noz qilmay ayta qol endi. Ukajonimni koʻngli bir ketibdi, – dedi Komila, keyin: – Boʻldi, bu yogʻini oʻzim… – deb bizga qarab oʻgirilib oʻtirdi. – Ha, boshlamaysanmi?!

Raʼno «buncha shoshirasan» deb kuldi-da, keyin bir pas jim qoldi. U soy naryogʻidagi allanimaga tikilgancha mayin ovozda qoʻshigʻini boshladi.

Bogʻda bulbul sayraydi, chaman ichra,

Shom boʻlganga oʻxshaydi, chaman ichra…

Boshqa paytlar Raʼnoga «yallachi», «otarchi» deb tegajoqlik qiladigan dugonalari u qoʻshiq aytayotganda allaqanday mehr bilan tikilib qolishadi. Raʼno qoʻshiq aytaveradi, ular hamma narsani unutib, ohista tebranib oʻtirishadi.

Raʼno oʻz qoʻshigʻiga oʻzi mahliyo boʻlib kuylayapti. Hech birimizga qaramaydi. Xiyol choʻzinchoq, oqish yuzlari yal-yal yonadi. Uning qoʻshigʻini har gal eshitganimda badanim jimirlab ketadi, xuddi radio yoki televizordan qoʻshiq tinglayotganday boʻlaman. Hayronman, shunaqa yaxshi ovozi boru, nega televizorga chiqmaydi? Yoki nimaga artistlikka oʻqimaydi?.. Unday desam boshqalari ham oʻqishning nomini tutmaydi. Maktabda yaxshi oʻqishgan. Sharifaning dadasi ruxsat bermaganini bilaman. Yoki ularni ham…

Qoʻshiq tugadi. Anchagacha hech kimdan sado chiqmadi. Raʼnoning oʻzi:

– Kelinglar, endi oʻlan aytamiz, – deb qoldi.

Shundagina boshqalar ham hushyor tortganday jilmayishib, qimirlab qoʻyishdi.

– Xoʻsh, avval bilib olaylik, bu kimning toʻyi,– dedi Komila menga kulimsirab tikilib.

– Manovi mishiqiniki-da, kimniki boʻlardi, – deb Raʼno boshimdan bosib qoʻydi.

– E, boring-e, oʻzingizniki.

– Ha, yoqmadimi?

– Yoqmaydi.

– Boʻlmasa, aytmaymiz.

– Mayli, aytmang.

– Bekor aytibsan, aytamiz.

Baravariga kulib yuborishdi-da, soʻngra Raʼno boyagidan ham mayin ohangda oʻlan boshladi.

Yigʻlama qiz, yigʻlama,

Uzatamiz yor-yor, uzatamiz.

Ketmon olib yoʻlginangni

Tuzatamiz yor-yor, tuzatamiz.

Boshqalar ham beixtiyor oʻlanga qoʻshilishdi-da, bir maromda tebranib kuylay boshlashdi.

Shildir-shildir shuvoqqa

Sirgʻam tushdi, yor-yor, sirgʻam tushdi.

Sinalmagan joylarga

Singlim tushdi, yor-yor, singlim tushdi.

Singlim tushgan joylarga

Oy boʻlayin, yor-yor, oy boʻlayin,

Yaznam1 chekkan chilimga

Nay boʻlayin, yor-yor, nay boʻlayin.

Bu oʻlanni ayamdan ham eshitganman. U kishining yoshlik paytlari kelinlar otga mindirilarkan. Otni bir yigitcha yetaklarkan. Oldinda bir qancha kuyovnavkarlar mashʼal koʻtarib, «yor-yor» aytib borisharkan. Keyinda, ot-aravalarda kelayotgan xotin-xalaj esa mana shunaqa oʻlanlar aytarkan.

Har gal opalarimdan qadimgi oʻlanni eshitsam, mana shunaqa manzara koʻz oldimga keladi: mashʼala ostida oʻyin qilib borayotgan yigitlar… ot yetaklagan bola… yasatigʻliq otdagi paranjilik kelinchak… aravalarda kelinchakka havas bilan tikilishib qizlar, yoshligini eslab, xoʻrsinishib borayotgan xotinlar… Ke­yin asta-sekin manzara oʻzgaradi: mashʼala koʻtargan yigitlar, ulardan soʻng yap-yangi yengil mashina va kattakon yuk mashinasi. Mashina toʻla ayollar. Opalarim ham ularning orasida. Ular endi hozirgidan ancha ulgʻayishgan, tizzalarida oʻgʻilmi, qizmi – bolalari. Oʻlan aytishyapti, hammaning koʻzi ularda. Lekin, birovi ham, hatto yoshi bir yerga borib qolgan momoylar ham ularga qoʻshilolmay, ogʻizlariga turshak solib olishgan. «Bir paytlar shunaqa qoʻshiqlar boʻlardi, ovsin, onalarimiz aytguchi edi, dim unutib yuboribmiz-a» deb bir-birlariga xijolatomuz bosh ir­gʻab qoʻyishadi. Opalarimga baʼzilar qimtinibroq qoʻshila boshlaydi. Oʻlan asta-sekin jonlanadi, mashina shovqinini bosib, chor-atrofga taraladi. Oldinda borayotgan kuyovnavkarlar ularga basma bas oʻz «yor-yor»larini avjga chiqarishadi.

Ariq labi muzlama,

yor-yor, yorone,

Qoʻy goʻshtini tuzlama,

yor-yor, yorone.

Men ham ularning orasidaman. Egnimda beqasam toʻn, belimda qiyiqcha… Ha, kuyov menman. Bu mening toʻyim. Bir oʻrtogʻimni panalab orqaga qarayman. Chang-toʻzonda kelayotgan yengil mashina ichida miltillab sham koʻrinadi. Sinchiklab tikilaman. Ana, yoshgina bolacha ham bor. Taniyman: Shuhrat – Shavqiyaning ukasi. Bolaning yonida oq harir parda yopingan kelinchak – Shavqiya. Tillaqosh taqqan. (Men tugʻilganimda Mingboy zargardan sotib olingan tillaqosh hozircha taxmonimizdagi sandiqchada.) Koʻksida albatta Sojida yanganikidaqa zebigardon boʻlsa kerak.

Sojida yanga kelin boʻlib tushganida ikki yashar bola ekanman. «Telinchakka boyamiz», deb doim ayamni qistab turarkanman. Keyin yangamning tizzasiga chiqib olib, oʻsha kumush taqinchoqlarni shildiratib oʻynarkanman… Shuning uchun Sojida yanga hozir ham: «Samijon, Oltinoyim uchun oʻshalarni asrab qoʻyganman», deb tegishib yuradi. Lekin taqinchoqlar menga Oltinoyni emas… Shavqiyani eslatishini u bilmaydi.

Shavqiya – kelinchak. Albatta-da, undan boshqa kim boʻlardi? Boshqasini tasavvur qilolmayman, istamayman ham.

…Opalarim ohista tebranib anchagacha oʻlan aytishdi. Endi boʻlsa Raʼnoning yolgʻiz oʻzi kuylayapti. Boshqalari sehrlangan kabi xayolga choʻmgan. Ularning mana shunaqa turishlari biram chiroyliki: hammasi bir-biriga oʻxshab qoladi – birday chiroyli, dilkash, masʼum. Agar ulgʻayib katta shaharlarga oʻqishga ketsam, sogʻinsam, ular albatta shu kuyda koʻz oldimga kelsa kerak. Ayniqsa, Komilaning turishi ajoyib: lablari xiyol qimtilgan, koʻzlari bir nuqtada. Quyuq qoshlari ustida qoʻngʻiroq-qoʻngʻiroq soch tolalari suvning epkinida oʻynaydi. Ana, oʻzicha jilmayib qoʻydi. Nimalar xayoliga kelgan boʻlsa?.

Ishqilib anovi kungi voqeani eslab qolmagan boʻlsin… Shu tobda esiga tushib qolsa-da, menga qarab: «Samijon, senam binoyisan…» – deb gap boshlab qolsa…

Oʻzi oʻsha ishim chakki boʻldi-da. Endi boshqalar ham eshitsa, ayniqsa Sharifa sezib qolsami, begunoh singlisini qiyin-qistovga oladi, xun-xun yigʻlatadi.

…«Aʼlochilar taxtasi»dagi Shavqiyaning surati ke­yingi paytlarda xayolimdan ketmay qoldi. Bir kuni tushlikdan sal ilgari daladan indamay joʻnab qoldim. Suratni birgina koʻrib qaytmoqchi edim.

Koridor devorlari ship-shiydam, taʼmir mahali hamma narsa yigʻishtirib olingan ekan. Muzdek polni oyoq yalang ship-ship bosib ularning sinfiga kirdim. Har xil portretlar, koʻrgazma qurollari xona toʻridagi stol ustiga taxlab tashlanibdi. Ularni shosha-pisha bir chekkadan olib, polga tera boshladim. Menga keraklisi eng ostida edi. Nihoyat atrofi chorchoʻp qilingan kattagina faner taxta koʻrindi. Avaylab koʻtarib, oynali tomonini oʻngladim. Oyna yuzini chang bosibdi, yengim bilan artdim. Jilmayib turgan Shavqiya koʻrindi. Unda toʻqqiz oʻquvchining surati uch qator qilib terilgan boʻlib, Shavqiyaniki birinchi qatorning oʻrtasida edi.

Oyna yuzini qaytadan avaylab artyapmanu, Shavqiyaga tikilaman. «Meni ham sogʻinganmikan?» deb oʻylayman. U boʻlsa uchiga lenta bogʻlangan bir oʻrim sochini oldiga tashlab, boshini oʻng yoqqa sal eggancha: «Buncha tikilasan?» deganday uyalinqirab, kulimsirab turibdi.

«Olib ketsam-chi?!»

Tuyqusdan miyamga kelgan bu fikrdan quvonib ketdim. U yoq-bu yoqni tintib, poʻlat chizgʻich topdim. Suratga qarasam: «Nima qilmoqchisan? Yaxshimas!» deya erkalanib turganday.

«Nimasi yaxshimas?! – dedim oʻzimcha iljayib, – sogʻinib ketdim-ku!»

Chorchoʻpning orqasini oʻgirdim-da, chizgʻich bilan mixchalarni qoʻpora boshladim. Shu tobda xunuk ish qilayotganimni his etib turardimu, lekin ichki bir ti­yiqsiz istak meni shunga undar, shoshiltirardi. «Maktab ochilishidan oldinroq keltirib, joyiga qoʻyib qoʻyaman», deb oʻzimni ovutardim.

Nihoyat faner taxtani chorchoʻpdan ajratdim. Yelimlangan suratni qogʻozdan amallab koʻchirdim-da, qoʻynimga tiqdim. Soʻng koʻrgazma qurollarni stol ustiga nari-beri taxlab, tashqariga otildim. Uydan «Sehrli qalpoqcha» degan kitobchani ham olvoldim.

Shundan keyin ikki kuncha opalarimdan oʻzimni chetga tortib yurdim. Nazarimda endi biz besh kishi boʻlib qolganday edik. Beshinchi kishi meni doim xilvatroq joyga undayotganday boʻladi.

Panaroq yerda oʻtirib olaman-da, «Sehrli qalpoqcha»ni ochaman. Kitobcha orasidan esa Shavqiya, «ha, mugʻombir-a!» deya bosh irgʻab, kulimsirab tikiladi. Ovozini aniq eshitaman, juda koʻp narsalarni gapiradi, men ham…

Bir safar «suhbatimiz» ayni qizigan chogʻda naq qulogʻim ostida: «Voy, oʻlay!» degan oʻqdek bir ovoz yangrab ketsa boʻladimi. Komila!

Jonholatda sapchib turib, kitobni orqamga bekitdim-da, mungʻayib turaverdim. U kulimsirab oldimga keldi-da, qoʻlini choʻzdi. Yashirishning foydasi yoʻq, koʻrib boʻlgan edi. Kitobni berib, boshimni egdim. Komila bir soʻz demay orqasiga qaytib ketdi. Oʻrnimga bemajol oʻtirdim. Xijolatdan yuzlarim lovullab borardi. Hayal oʻtmay Komila chaqirdi. Bir ahvolda oʻrnimdan turib, dam olib oʻtirgan opalarim oldiga bordim.

– Samijon, – dedi Komila koʻzimga jiddiy tikilib. – ketmonlar oʻtmaslashib qopti, peshlab bersang.

– Yoʻgʻ-e, oʻzimiz qilamiz. Boyaqish bir pas dam olsin, – dedi Raʼno.

– Boʻz bolaga dam olishni kim qoʻyibdi, – dedi Komila amirona.

Men yengil tortib, ketmonlarni koʻtargancha soy boʻyiga ketdim.

Shundan boshlandi: «Samijon!» «Ha». «Bir choynak muzdek suv keltir, chashmaniki boʻlsin!», «Hoʻp!» «Samijon!» «Ha». «Endi nonlarimizni ham shu yerga keltir!» «Xoʻp». «Samijon!» «Ha». «Soy boʻyida peshbandim qolib ketibdi, borib opke!» «Samijon, bizga bir bogʻdan oʻt oʻrib qoʻygin, choyxonachi xolangda chalgʻi bor»…

Komila kechgacha tindirmadi. Men miq etmay yelib-yugurdim. Boʻlarim boʻldi. «Ertadan dalaga chiqmayman, tamom!» deb ahd qildim oxiri. Biroq, tong azonda Komila eshigimizga chaqirib keldi. Chiqdim. Kulimsirab turibdi. Yolgʻiz. Boʻynimdan ip oʻtkazgandek unga ergashdim. Yarim yoʻlda toʻsatdan toʻxtadi-da, koʻzimga qattiq tikilib, soʻradi:

– Rostini ayt, qayerdan olding?

Rostini aytdim.

– Nima uchun? – dedi u hamon sinchkov tikilib. Lekin darrov, «ha, mayli, qoʻyaver», deya yoʻlga tushdi.

Sal oʻtmay yana toʻxtadi.

– Hozir orqangga qaytasan-da, buni oʻz joyiga bilintirmay qoʻyib kelasan, tushundingmi? – dedi va kitobni berdi. Ortimga burilib, qushdek uchib ketdim…

Mana shunga ham bir haftacha boʻlib qoldi. U qaytib yuzimga solmadi. Lekin xiyol qattiqroq tikilib qolsa darrov yuragim taka-puka boʻlib, javdiray boshlayman…

Qattiq kulgidan xayollarim toʻzgʻib, uchib tushdim. Xijolatdan oʻzimni qoʻyarga joy topmay qoldim.

– Bu yigitcha sendan koʻz ololmaydi-ya, Komil!.. Sen oʻlgir nima qip qoʻygansan uni?.. – dedi Raʼno dugonasining yelkasiga nuqib.

– Opasiman-da! – dedi Komila mehr bilan tikilib. – Opasini yaxshi koʻrsa senlarga alam qiladi-ya, qizgʻanchiqlar. Mening ajoyib ukajonim borda… – qizarib yerga qaradim. U ovozini pastlatib, sirli tarzda qoʻshib qoʻydi. – Lekin kelinim bundan ham ajoyib.

Komilaning bu gapidan isitmam chiqib ketdi. Unga iltijoli tikildim: «Aytmang, opajon, aytmang!»

– Kelinim deysanmi?..

– Ha.

– Kim ekan u?..

– E, bu aytilmaydigan gap. Faqat ikkovginamiz bilamiz. Shundaymi, Samijon?..

«Rahmat, opajonginam!»

– Nima, biz begonamizmi, opasi emasmizmi?! Qachondan beri bitta oʻzingniki boʻlib qoldi Samijon?!– dedi Raʼno avjlanib.

– Ishing boʻlmasin! Samijon mening ukam, gap tamom – vassalom! Alam qilsa…

– Boʻpti, boʻpti, seniki boʻla qolsin, – dedi Raʼno murosaga kelib. – Lekin, bilib qoʻysak yomon boʻlmas, kelin kim ekan? Odamni ichini qizdirib qoʻyib, noz qilmagin-da endi!

– Rostdanam, aytsang nima boʻpti, biz ham bilib qoʻyaylik-da, – dedi Sharifa ham gapga qoʻshilib. U negadir qizarinib turardi.

Komila shartta kesdi:

– Yoʻq, dedim-ku, boʻldi-da endi. Sen oʻsmangni qoʻysang-chi, qoramayiz. Raʼno, sen kechqurun raisni oldiga chiqasan, yaxshisi shuni oʻyla. Gapingni yoʻqotib oʻtirma tagʻin!..

Shundan keyingina gap boshqa yoqqa burilib ketdi-yu, men yengil tortdim.

– Dadil-dadil gapirgin, ishqilib bitadigan boʻlsin-da, – dedi Sharifa oʻsmali piyolani Raʼnoning oldiga surib qoʻyib.

– Ha, bitsa yaxshi boʻlardi, birinchi sizlardi yozardim dastaga, – dedi Raʼno.

– E, bizni qoʻyaver, dugon, biz ketmondan boshqasiga yaramaymiz. Sen dasta tuzsang, ishqivozi koʻp. Maktabda koʻrardik-ku.

– Toʻgʻri aytasan, maktabda koʻp boʻladi. Maktabni bitirishadi-da, tinib qolishadi.

– Tinmay nima qilsin, – gapga aralashdi Komila, – toʻyga chiqib yallachilik qilsinmi? Yurgandir senga oʻxshab, pana-pastqamda xirgoyi qilib.

– Aytmoqchi, yana bir ish qilmoqchiman, – dedi Raʼno jonlanib. – Enam xalq qoʻshiqlarini koʻp biladi. Ana shulardi yozib olib, oʻrgatmoqchiman. Mana kechagina bittasini yozib oldim. Biram ajoyibki. Eshitib koʻringlar-a..

Guliraʼnoning tagida yuvma sochingni,

yuvma sochingni,

Shahlo koʻzlaringdan toʻkma yoshingni,

toʻkma yoshingni,

Shahlo koʻzlaringdan toʻksang yoshingni,

toʻksang yoshingni,

Olarman-da ketarman yolgʻiz boshimni,

yolgʻiz boshimni…

– Ajoyib ekan. Kuyi ham oʻzi bilan-a, – dedi Sharifa taʼsirlanib.

– Bu ishlar amalga osharku-ya, lekin halitdan yuragim uvishib boryapti, sizlarni qanday tashlab ketaman?..

– Togʻ oshib ketmassan, yurakkinang uvishib!.. – dedi Komila, – kelib – ketib turasan-da biz beva-bechoralarni yoʻqlab. Sen qoʻshiqchi boʻlasan, mana buning shaharga tushib ketadi.

Raʼno yalt etib unga qaradi.

– Nega unaqa deysan, – dedi Sharifa duv qizarib.

– Nima dey boʻlmasa? Karim akangni odamlarini qaytaribsan-ku!

– Men qaytaribmanmi, ixtiyor mendami?

– Ixtiyor kimda boʻlmasa! Oʻsha shaharlikka koʻngling borki, boʻshashib turibsan.

U Sharifaning bosh koʻtarmay jimib qolganini koʻrdi-da, qaytib gapirmadi. Raʼnoga qarab dedi:

– Xullas, bizlarni yoʻqlab turinglar, dunyoning bir chekkasida bizni bir dugonamiz bilan ukachamiz bor edi, deb, xoʻpmi?..

Mungʻayib oʻtirgan Sharifaga til kirdi.

– Oʻzingam qop ketmassan, dunyoning bir chekkasida!

Komila unga keskin burilib dedi:

– Bir chekkada qolib ketmasam ham, boradigan joyimni bilaman. Ayrimlardek, biriga soʻz berib, boshqasiga tegib ketmayman!

Komila shunday deb oʻrnidan shahd turib ketdi. Suv boʻyiga tushib qoshining oʻsmasini yuva boshladi. Sharifa yerga tikilgancha miq etmay oʻtirar, Raʼno ham parishon boʻlib qolgan edi. Komila bir oz oʻtib yuzini dastroʻmolchasiga arta-arta yana kulimsirab joyiga kelib oʻtirdi. Sharifaga bir zum qarab turdi-da, bizga koʻz qisib qoʻyib, dedi:

– Mayli, sen qayerga ketsang, ixtiyoring. Lekin Shavqiyani begona qilmaysizlar.

Gap qayoqqa borayotganini sezib, yana bezovtalandim. Sharifa hech narsa demadi. Yuzini ters oʻgirib oldi. Opalarim anchagacha gap-soʻzsiz oʻtirishdi-da, soʻng qoshlarini yuvgani birin-ketin turib ketishdi.

Raʼno kechqurun ketmonini olib qaytdi. Qishloqqa yetguncha: «Xayr, Koʻksoy! Xayr, Koʻksoy tollari! Qadrdon dalalar, xayr! Alvido, beva-bechoralar!» deb hammani kuldirib bordi…

Keyingi kunlar zerikarli oʻta boshladi. Sharifa bilan Komilaning gapi qovushmasdi. Toʻgʻrirogʻi, Komila gaplashishni istamayotgandi. Sharifa unga hadiksirab tikiladi, baʼzan nimanidir soʻramoqchi boʻlib yaqinlashadi-da, yuragi betlamaydi, shekilli, gapirmaydi,

Komilaning sovchilar haqidagi oʻsha gapidan keyin Karim aka haqida koʻp oʻylaydigan boʻldim. Bundan bir haftacha burun hisobchi Amin sariq bizni qoʻshni dalaga oʻqariq koʻmishga yubordi. Raʼno: «Ariq koʻmish bizning ishimizmi?» degan edi, u rangpar yuzlari qizarib, baqirib berdi.

– Kimni yuboray boʻlmasa?!

– Yigitlar-chi?

– Oʻynatib qoʻyganim yoʻq ulardiyam, bildingmi! Hammasini oʻz ishi bor.

– Boʻpti, – dedi Komila uning gapini choʻrt kesib, – boramiz. Oʻlib qolmaymiz.

Qizlar uni yoqtirishmas, hech qachon gap talashmay, qisqa qilib qoʻyaqolishardi. Hisobchi boʻlsa, bunga sari oʻchakishib ularga ogʻir yumushlar buyurar, sal narsaga yuzlari pir-pir uchib, shangʻillab berardi.

Koʻmishimiz kerak boʻlgan oʻqariq juda chuqur olingan, ikki qirgʻogʻi suvchilar yuraverganidan zarang boʻlib ketgandi. Toʻrtalamiz katta maydonning qoq belida, bir chekkadan tushib ariq koʻma boshladik. Ketmonlarimiz toshga tekkanday sakraydi, ish unmaydi. Buning ustiga koʻp oʻtmasdan dalaga traktor kelib tushib kultivatsiyani boshladi. Biz atigi yigirma qadamcha yerni tekislaganmiz. Bu – traktor uchun uch-toʻrt yoʻl degan gap. Keyin bizga qadaladi-da, haq deb turaveradi. Buncha tiqilinch qilishmasa, hoynahoy Amin sariqning ishi bu…

Karim aka biz tekislagan yerdan oʻtib, traktorini oʻchirdi-da, sekin-asta yurib oldimizga keldi.

– Hormanglar, qizlar.

– Bor boʻling, Karimjon aka, assalom alaykum. Keling, – dedi Komila quvnoqlik bilan. Qaddini rostlab, ketmonga suyandi. Dugonalari salom berib, bosh koʻtarmay ishlayverishdi…

– Sizlardi yubordimi, oʻgʻil bolalar yoʻq ekanmi,– dedi Karim aka qovoq uyib.

– Sizga yaxshimasmi? – dedi Komila piq etib kulib. Keyin birdan «voy!» deb sapchib tushdi-da, – nega chimchilaysan, Sharif oʻlgir! Hazilingmi, chiningmi, chimchilagan kuningmi, – dedi dugonasidan chetlanib. Raʼno sharaqlab kuldi. Karima aka oʻngʻaysizlanib kulimsiradi va Komilaning ketmonini oldi.

– Bunaqa tekislab oʻtirmanglar. Faqat uchta gʻildirakning yoʻli ochilsa, bas, – deb oʻzi ishga tushdi. Qizlar bir chekkada kulimsirab, kuzatishib turishibdi. Biz ikkimiz tinmay ishlayapmiz. Karima akadan qolishmaslikka chiranaman. Sochlarim orasidan ter qu­yiladi-yu, charchaganimni sezmayman. Karima akaning qalin qora qoshlari ustida ham reza-reza ter. Opalarim hazil-huzul qilar, nimalarnidir soʻrar, birgina Sharifa u kelgandan buyon qosh chimirib, bir ogʻiz ham gapirmay qoʻygan edi. Oʻshanda koʻnglimga kelgan gapga mana endi ishona boshladim…

Sharifaning nimadandir juda qiynalayotgani koʻrinib turardi. Baʼzan dugonasidan orqada qoladi-da, joʻyaklar orasiga oʻtirib oladi. Ketmon dastasiga yuzini bosgancha bir nuqtaga uzoq-uzoq termuladi. Men uning nega buncha azob chekayotgani sababini bilmoqchidek, sal nariroqda turib unga tikilaman. Bir payt menga koʻzi tushadiyu, maʼyus qarab qoʻyib, ha, Samijon, deydi-da, oʻrnidan turadi.

Komila u bilan gaplashishni istamas, biroq Sharifa ham undan koʻngil uzib ketolmasdi. Kim bilsin, biror hafta oʻtib Raʼno dalaga chiqmaganida Sharifaning ham sabri tugab, uzilishib ketisharmidi. Raʼno hech kutilmaganda yana dalaga chiqib keldi. U juda ruhsiz, maʼyus edi. Sababini hech kimga aytmadi. Biroq, tushlik payti dugonalari biri olib, biri qoʻyib surishtiravergach, toʻlib turgan ekan, birdan yigʻlab yubordi. Maysaga yuz tuban tushgancha ancha piqillab yotdi. Dugonalari boshida oʻtirib jimgina kutishdi. Oxiri yuz-koʻzlari qizarib, shishinqirab, oʻrniga turib oʻtirgach, Komila soʻradi.

– Nima boʻldi oʻzi, yorilsang-chi?

– U yerning beti qursin, dugon, – deya piqillab gap boshladi Raʼno. Yana jimib qolgan edi «gapir» deb qistadi dugonasi.

– Raisning anovi erkasi bor-ku, tusi oʻchgur…

– Samad!

– Ha, oʻsha! Jonimdan toʻydirib yubordi. Sizni oʻqishga yubortiraman. Katta artistlikka oʻqitaman, deydi. Menga turmushga chiqing, deydi.

– Azizami, Lazizami deganga iliqib yurardi-ku,– dedi Sharifa.

– Koʻngillari yangisini tusab qolgandir-da, betingdan aynigurni!

– Ikki gapning birida togʻasini pesh qiladi. Oxirida, madaniyat uying ham, artistliging ham boshingni yesin, deb chiqib kelaverdim. Qoʻshiqchi boʻlmasam boʻlmadim, dugon, ota-bobom ketmondan oʻlmagan. Menam kunimni koʻrarman…

Hamma maʼyus boʻlib qoldi. Komila lovullay boshladi.

– Voy, iflos, xotinboz! – der edi xuddi roʻparasida oʻsha jikkak, oʻynoqi koʻz oʻtirganday. – Raisning jiyaniman deb bilgan … ni yeyverarkansan-da! Hali senga koʻrsatib qoʻyaman!..

Komilaning odati – bir pasda olovlanar, bir pasda bosilar, hazil-huzul qilib ketaverardi. Dugonasining yana yotib olib yigʻlashga tushganini koʻrib, uni turtdi.

– Ey, tur endi, yigʻlayverma. Qaytanga kelganing yaxshi boʻldi. Bir-birimizga gʻanimatmiz. Hiqillama koʻp…

U dugonasini qoʻyarda-qoʻymay belidan quchib koʻtardi.

– Bir choʻmilib kelaylik, eng yaxshisi shu. Qani, turinglar, – dedi.

* * *

Raʼno qoʻshiqlar aytmay qoʻydi. Uni endi hech kim qistamasdi ham.

* * *

Bir kuni klubda konsert qoʻyiladigan boʻldi. Qishlogʻimizdan bir qancha yosh-yalang, erkak-ayol, pritsep liq toʻlib, tomosha koʻrgani markazga bordik. Zal toʻla odam. Hamma toʻydagidek yasanib-tusanib olgan. Xursand.

Sahnada raqs tushayotgan, qoʻshiq aytayotgan nomdor artistlarga tikilib oʻtirib, Raʼno haqida oʻylayman. U ham shularning orasida boʻlganida qanday ajoyib boʻlardi-ya!.. Zalga odam sigʻmay ketardi. Oʻzimizdan chiqqan artistni koʻraylik, deb butun kolxoz koʻchib kelardi-da. Keyin opam Samadni sahnaga chaqirib chiqib, hammaning oldida qilmishlarini ochib tashlardi. Odamlar uning qilmishlaridan gʻazablanib, sahnadan sudrab tushishardi-da, ur-sur qilib koʻchaga haydashardi…

Shularni oʻylab oʻtirganimda qandaydir tanish kuy boshlandi-da, sahnaga novchagina bir qiz jilmaygancha chiqib keldi. Koʻzimga issiq koʻrindi… Zal jonlanib, yengil gʻovur koʻtarildi. U yer – bu yerdan qarsak eshitildi. Qoʻshiq boshlandi.

Bogʻda bulbul sayraydi, chaman ichra…

Yuragim bexos dukillab ketdi.

Axir, bu – Raʼno opam! Xuddi oʻzi!..

Butun vujudim koʻzga aylanib, sahnaga tikildim. U yengi kalta atlas koʻylak kiyib, sochini bir oʻrim qilib oldiga tashlab olgan, yuzlari lovullab yonib boryapti. Bir zumda shuncha oʻzgarib, ochilib ketibdi.

Sekin atrofimga razm soldim. Odamlar nafas yutib, sahnaga tikilib qolishgan. Radiokarnaylardan xiyla kuchlanib chiqayotgan salgina xazin, yoqimli ovoz hammani sehrlab qoʻyganday… Raʼno opamning qoʻshigʻini birinchi bor musiqa joʻrligida tinglashim… «Ana endi tamom, opam niyatiga yetdi, – deyman ich-ichimdan toshiqib, suyunib. – Endi shu artistlarga qoʻshilib Toshkentga ham ketib qolar balki…»

Qoʻshiq tugadi. Zalni gulduros qarsaklar tutib ketdi. Bir necha odam qatorlashib chiqib, gullar berdi. Sahna ichkarisidan oʻrta yoshlardagi, koʻzlari qiyiqroq bir ayol jilmayib chiqib keldi-da, opamni bagʻriga bosib, yuzlaridan oʻpdi. «Halima opa, Halima Nosirova bu!» degan hayajonli shovur koʻtarildi atrofimdan. Qarsak avjga chiqdi. Shundan soʻng Raʼno yana bitta qoʻshiq aytdi-da, xuddi boshqalardek taʼzim qila-qila, sahna ortiga oʻtib ketdi.

Tomoshadan soʻng uni yana pritsepda, dugonalari orasida koʻrib hayron qoldim: ketmabdi-ku?.. Raʼno qishloqqa yetguncha hech narsa boʻlmagandek jimgina bordi-yu, lekin ertalab dalaga chaqnab chiqib keldi. Halima Nosirova uni yaxshi koʻrib qopti. «Albatta Toshkentga oʻqishga borgin, qizim, oʻzim yordam beraman», debdi.

Davramizga xushchaqchaqlik qaytdi. U deyarli har kuni yangi bir qoʻshiq oʻrganib, bizga aytib berar, bir gapirib oʻn kulardi. Komila boʻlsa: «Mayli, dugon, sen katta odam boʻlavergin, faqat biz faqirlarni unutmasang bas» der edi hazillashib.

Men Komila opamga tikilib oʻtirib, oʻsha konsert oqshomida boʻlgan yana bir voqeani qayta boshdan xotirlashga urinaman. Oʻshanda koʻrganlarimdan quvonish kerakmi, yoʻqmi, aqlim yetmay boshim qotadi. Konsert tugab, qishloqqa qaytayotganimizda birdan Komilaning yoʻqligini sezib qoldim-da, hovliqib Sharifa opaga aytdim.

U parvo qilmadi: «Ishing boʻlmasin, orqamizdan boradi oʻzi», dedi kulib.

Uyga yetib kelgach, qayragʻochimiz tagidagi chorpoyada anchagacha uygʻoq yotdim. Raʼnoning sahnaga chiqqani, qoʻshiq aytib hammani qoyil qoldirgani, quvonchdan chaqnagan koʻzlarini eslab, uyqum oʻchib ketgandi. Koʻzim ilinay deganda olisdan kelayotgan «gʻiyq-gʻiyq» etgan ovozni eshitib, hushyor tortdim. Velosiped pedali yogʻsizlansa, shunaqa ovoz chiqaradi. Amin sariq idoradan qaytayotgandir, degan xayolda yana koʻzimni yumdim. Ovoz tobora yaqinlashib kelardi. Uyimiz oldiga yetganda bir nima qattiq sharaqlab ketdi. «Eh, sabil!» dedi kimdir. Keyin qiz bolaning kulgusi eshitildi. «Komila opam-ku, yarim tunda?! Unisi kim boʻldi?»

Yuragim dukillab, yalang oyoq darvoza oldiga yugurib bordim. Oy yorugʻ, lekin ular uzun shamshod koʻlankasida turishardi. Qancha tikilmay, Komilaning yonidagi boʻychan yigitni taniyolmadim.

Komila: «Endi shu yerdan qayta qoling, oʻzim ketaman», der lekin yigit koʻnmas, bir qoʻli bilan velosiped rulidan, ikkinchisi bilan uning bilagidan tutib turardi. Qorongʻulikdan chiqib, ikki-uch qadam yurishdi. Shunda Komila birdan toʻxtadi:

– Boʻldi, endi qayting, – dedi-da, oʻzi chopqillab ketdi.

Yigit joyida turib qoldi. Papiros chekdi. Endi uni tanidim. Kolxozga praktikaga kelgan talabalardan. Ismi Shoalim. Oʻrtoqlari bilan maktab yaqinidagi xonadonlardan birida turadi.

* * *

Bir kuni peshin mahali soy boʻyida majlis boʻldi. Yuk mashinasida qizil alvon yopilgan uzun stol, bir qancha stullar ham olib kelingan edi. Rais bilan kelgan mehmonlar shunga oʻtirishdi. Ularning orasida Samad ham boʻlib, biz tomonga bot-bot qarab qoʻyardi. (U bir qancha vaqt Toshkentda oʻqishda yurib, yaqinda qaytib kelgan edi.) Biz odatdagidek sal chekkaroqdan joy olgan edik. Komila: «Bir boplasammi», deb tishini tishiga bosib oʻtiribdi. Raʼnoning rangi oqarin­qirab boryapti.

Agronom bugungi tekshiruv haqida gapirdi. Sugʻorishning koʻngildagidek emasligi, chopiqchilar ishga kech chiqib, erta qaytayotgani, kultivatsiyaning talabga javob bermasligini tanqid qildi. Lekin rais chopiqchilarni maqtadi, rahmat aytdi. Keyin:

– Hamma yerda ham ahvol shunday emas. Markazdagi ikki brigada gʻoʻzasini oʻtga oldirib qoʻydi. Erta shahardan yuz ellikta hasharchi qizlar keladi, texnikumdan. Sizlar ham bir-ikki kun yordam bermasangizlar boʻlmaydi, – dedi.

Majlis tugagach, kattalar qoʻshni brigada tomon dala chekkasidagi yolgʻizoyoqdan yoʻlga tushishdi. Samad ulardan ajrab qoldi-da, biz tomonga qarab yurdi. Raʼno Komilaga: «Sen jim oʻtirasan», dedi. Samad bizdan sal narida toʻxtadi. U oq shlyapa, yengi kalta oq koʻylak, sargʻish shim kiyib olgan, oyogʻida qizgʻish, yaltiroq tufli. Bilagida sariq zanjirli yapaloq soat, barmogʻida qoʻngʻiz nusxa (u ham sariq) gʻalati uzuk.

– Hormanglar, yaxshi qizlar, – dedi salmoqlab. «Ovozi raisnikiga oʻxsharkan», degan oʻy keldi miyamga.

– Bor boʻling, – dedi Komila kinoya bilan.

U Komilaga oʻqrayib qarab qoʻydi-da, Raʼnoga tikildi.

– Hormang, Raʼnoxon!..

– …

– Qalay, ishlab yotibsizmi?

– Ishlab yotibmiz!

– Oftobda, changi tuproqda, a?

– Hamma qatori, – dedi Raʼno endi ovozini koʻtaribroq.

– Ishlayvering. Ketmondan boshqasiga yaramagach, ishlaysiz-da!..

– Yaxshi boʻpti. – Raʼnoning ovozi titrab chiqdi. «Hozir yigʻlab yuboradi». Rangim boʻzday oqardi. Atrofga betoqat alangladim. Ketmonlar yonida turgan qayroqtoshga koʻzim tushdi. «Agar Raʼno yigʻlab yuborsa!.. Samadga qattiq tikildim. Shu tobda Kozimning qonli basharasi koʻzimga koʻrinib ketdi. Raʼno nimadir demoqchi boʻlib ogʻiz juftlagan Komilaning qoʻlidan tutdi-da:

– Ketmondan hech kim oʻlmagan. Soyada sizga oʻxshagan oqbilaklar oʻtiraversin, – dedi baland ovozda.

Samad parvo qilmadi. Tilla tishlarini koʻrsatib iljaydi. Shimining orqa kissasidan portsigara chiqarib, sigareta oldi. Sigareta filtrini yulib tashladi va barmogʻida uni bir oz ezgʻilab, yaltiroq mundshtukka oʻrnatdi. Bu orada qizlarga bir-bir qarab chiqdi. Menga bepisand koʻz qisib qoʻydi. Alamimdan titrab ketdim. Raʼno bilan Komila unga nafrat bilan tikilar, Sharifaning ham rangi oqarinqirab turardi-yu, biroq yerdan koʻz uzmasdi. Samad kissasidan zajigalka olib, sigaretini yoqdi. Yuzining oldini yupqa koʻkimtir tutun qopladi. U zajigalka oloviga tikilib turdi-da (aftidan u aytar gaplarini xayolida puxtalab oldi), toʻsatdan chirq etib oʻchirdi va koʻz qiri bilan Komilaga oʻtkir tikildi. Lekin tezda undan koʻzini olib, Raʼnoga zaharxanda qildi:

– Tillaringdang akang, yana nima gaping bor, – dedi.

– Hoy, menga qara, – deb yubordim endi chidayolmay, biroq Sharifa yelkamdan qattiq bosib oʻrnimdan turgani qoʻymadi.

– Qachongacha rais togʻangiz soyasida yallo qilasiz, – dedi Raʼno ovozini baralla qoʻyib. – Bir kun oftobda qolib, qovjirab ketmang tagʻin.

Samad kalaka qilib kuldi.

– Raʼnoxon, seni ana shunaqa gaplaring menga yoqadi-da. Lekin oʻzing bilmaysan. Boʻpti, gap shu, nima boʻlsak ham ikkimiz birga boʻlamiz. Hech qayoqqa qochib ketolmaysiz. Taqdir bu!

– Bekor aytibsiz, siz aytgan narsa ikki dunyodayam boʻlmaydi!

– Koʻramiz!

– Koʻramiz!

Suvchilar davrasida oʻtirgan yigitlar boyadan beri biz tomonga qarab-qarab qoʻyayotgan edi. Oxiri ulardan biri – Barot aka degani chipta shlyapasini kiydi-da, bu yoqqa kela boshladi. Samadning rangi oʻchganday boʻldi.

– Boʻpti, gap shu, bozor kuni kutinglar, borishadi, – dedi-da, olislab ketgan sheriklari orqasidan oshiqich yoʻlga tushdi. Barot aka unga ergashgan edi, Raʼno Sharifani turtdi. Sharifa tushundi.

– Barot aka, choy iching, – deb uni yoʻldan qaytardi.

Barot aka noiloj oldimizga keldi. Yelkamga qoʻlini qoʻyib, yonimga oʻtirdi. «Nima gap?» deganday Raʼnoga tikildi. Raʼno boshini egib, piqillab yigʻlab yubordi. Barot aka Komilaga qaradi. Shu payt Amin sariqning «Qani, hamma ishga!» degan ovozi keldi. Sharifa oʻrnidan turdi. Men ham unga ergashdim. Komila, Raʼno, Barot aka uchalasi soy boʻyida qolishdi.

Shundan uch kunlar oʻtib – bu paytda markazdagi brigadada chopiqda edik – ayam bir yangilik aytib qoldilar:

– Raʼno opangni toʻy qipsanmi?

– Kimga, – dedim hovliqib.

– Barot akangga-da, eshitmabmiding hali. Non ushatishibdi-ku!

Bu gapni eshitgan zahotim Raʼnoning Toshkentga ketishi, qoʻshiqchi boʻlib qaytib, klubda konsert berishi, Samadni sharmanda qilishi haqidagi oʻy-xayollarim chippakka chiqqanini sezdim. Lekin bir narsa – Samadning niyatiga yetolmay qolgani meni bir oz yupatardi.

Hasharda men birinchi kuniyoq opalarimdan ajralib qoldim. Shu yerlik qizlar ularni oʻrab olishdi. Kuni boʻyi birga yurishdi. Menga boʻlsa sinfdoshim Ilhom yopishib olgan edi. Hatto birinchi kuni ularnikida tunab ham qoldim.

Borgan kunimiz tushga yaqin dala yonginasida avtobuslar tizilib oʻta boshladi.

– Yordamchilar, – dedi Ilhom. – Maktabga joylashishadi. Kechqurun boramiz.

Kechqurun Ilhom bilan maktabga yoʻl oldik. Partalar allaqachon hovliga chiqarilgan edi. Bizdan boshqa ham bir qancha bolalar oʻralishib yurardi bu yerda. Maktab orqasiga oʻtdik. Talaba qizlar maktabdan yigirma qadamcha naridagi hovli tomonga oʻtib-qaytib turishar, bu hovli maktab qorovuliniki boʻlib, yordamchilar uchun shu yerda ovqat pishirilayotgan edi. Bizni katta oʻrik tagida turgan Gʻiyos degan bola imlab chaqirdi.

– Uni qaranglar, Jamol akalar…

– Nima qilishyapti?

– Hozir koʻramiz.

Oʻn qadamcha narida uch yigit sigareta chekib turishibdi. Ular shahardan – qishloq xoʻjalik texnikumidan kelgan praktikantlar, Shoalim akaning hamxonalari. Yigitlardan biri, Jamol aka degani, qorovulning uyidan chiqib kelayotgan hasharchi qizlarni tanib qoldimi, ular tomon yurdi. Qizlardan biri uning oldiga keldi. Koʻrishishdi. Qiz dugonalariga nimadir deb joʻnatdi-da, keyin Jamol aka bilan maktab bogʻiga tomon oʻtdi. Koʻp oʻtmay maktabdan boshqa ikki qiz chiqib keldi. Endi bu yerdagi yigitlar toʻgʻri ularga qarab yurishdi. Bir oz suhbatlashib turishdi-da, soʻngra qishloq yoʻliga chiqib, qayoqqadir ketishdi.

– Ketdik, poylaymiz, – dedi Gʻiyos. Ilhom ham meni turtdi.

– E, kerak emas, uyat boʻladi, – dedim.

– Uyat boʻladi? Nimaga? – deb bolalar baravar kulib yuborishdi.

Shu payt yonimizdan baland boʻyli yigit oʻtdi.

– Toʻxtanglar, Shoalim aka, – dedi Ilhom shivirlab.

Birdan nafasim ichimga tushib, yigitning orqasidan angrayib qarab qoldim. U maktab binosiga kirib ketdi. Biz poylab turaverdik. Koʻp kutmadik. Maktabdan ikki qora ajralib chiqdi. Derazadan tushib turgan chiroq yorugʻidan oʻtishayotganida koʻrdim: Shoalimning yonida xuddi oʻzidek novcha, sariq sochlari kalta qirqilgan qiz… Maktabdan oʻn qadamcha uzoqlashib, bir-biriga yuzma yuz boʻlgancha toʻxtashdi. Soʻngra… Beixtiyor ularga ergashdim. Sheriklarim piq-piq kulib, orqamdan kelaverishdi. Haligi ikkovi qishloq etagidagi boqqa kirishdi, olmazordan oʻtishdi, keyin uzumzor oralab ketishdi. Shu yerda toʻxtadim…

Orqaga qaytdik. ­­Gʻiyos bizdan ayrilgach, Ilhomga yorildim.

– Menga qara, Shoalim Komila opaga sovchi qoʻyib yurgandi.

– Eshitganman. Nima edi?

– Koʻrding-ku!

– Nimani?

– Nimani boʻlardi, boshqasi bilan yuribdi-ku!

– E, nima boʻpti yursa?

– Nima boʻpti, deysan. Komila opaga uylanmoqchi-ku!

– Xoʻ-oʻp, uylanadi opangga. Qop ketmaydi Komila opang. Lekin, bu – yuradigani. Tushundingmi!

Hech nima tushunmadim. Bunaqa mantiq miyamga sigʻmasdi. Komila opa Shoalimning shundayligini bilarmikan. Yoʻq, bilmaydi. Uni aldab yuribdi. Shunday ajoyib qizni aldab yuribdi-ya! Men buni albatta opamga aytaman. Boplab adabini berib qoʻysin, deb ahd qildim.

Oradan ikki-uch kun oʻtib biz yana oʻz brigadamizga – Koʻksoy boʻyidagi dalaga qaytdik. Yana opalarim bilan birgaman. Xayolim parishon. Komila opaga haligi gapni aytolmay yuribman. Qancha urinsam ham tilim bormayapti. Eh, shunday paytda Shavqiyaning boʻlgani tuzuk edi-da, men unga, u opasiga, opasi Komilaga aytardi. Oʻgʻil bola boshim bilan qanday boʻlarkin… chaqimchiga oʻxshab… Xullas,bir haftani oʻtkazib yubordim. Bu kunlarda Komila opamning oʻzi ham kamgap, oʻychanroq boʻlib qoldi. Balki sezgandir.

Bir kuni tushlikdan xiyol oldin qizlar shundoq egatlar orasiga dam olgani oʻtirishdi-da, meni chaqirishdi.

– Oʻtir-chi, – dedi Sharifa. Uchalovi ham jiddiy. Komila soy tomonga unsiz tikilib oʻtirardi. – Sizlarnikida kechagi «Oʻzbekiston» bormi?..

– Boʻlsa kerak, nimaydi?

– Ertaga opkelsang.

– Xoʻp.

Kechqurun gazetani izlab topdim. «Qizilqum qizi» degan hikoya bosilgan ekan. Darrov oʻqib chiqdim. Unda bir qizning toʻy kechasi birov bilan qochib ketgani yozilgan ekan. Kechasi bilan uxlolmasdan, ming bir koʻchaga kirib chiqdim. Nimanidir fahmlay boshlaganga oʻxshadim.

Ertalab gazetani Sharifa oldi-da, Komilaga uzatdi. Komila soy boʻyiga ketdi. Boshqalari ishga tushdi. Komila shu kuni deyarli ishlamadi: soy boʻyidan kelib bir oz chopiq qilgan boʻldi-da, joʻyak ichiga oʻtirib oldi. Bir payt qarasam, yana soy tarafga ketib boryapti… Yana bir qarasam, uchalovi gʻuj boʻlib olib, allanimalarni maslahatini qilib turibdi. Ayrim gaplari qulogʻimgayam chalindi. Kechasi koʻnglimga kelgan shub­halar oydinlashib qoldi. Bundan chiqadi, Shoalimning Komilaga kelgan sovchilari quruq qaytgan, endi Samaddan odam kela boshlagan. Unga rozilik berib qoʻyishlari mumkin. Komila oʻlsayam bunga koʻnmaydi. Shuning uchun Shoalim bilan qochib ketmoqchi. (Bechora opajonim yomgʻirdan qochib, qorga tutilishini bilmaydi-da!)

Men Komilaning Shoalim uchun shuncha azobda – ikki oʻt orasida yurganini koʻrib, nima boʻlsayam, aytaman, degan qarorga keldim. Hozircha kech emas, ishongani kim ekanini bilib qoʻysin, dedim… U gapimni kulimsirab turib eshitdi. Kutganimdek birdan lovullab ketmadi. Koʻzyosh qilmadi. Lekin borgan sari qizarib ketaverdi…

Shu kuni tush payti. Men samovardan choy damlab turgandim, nariroqda davra qurgan ayollar soyning u betiga qarab shivir-shivir qilib qolishdi. Soyning naryogʻidagi yoʻldan bir-bir odimlab Shoalim kelayotgandi. Opalarim oldiga shoshildim.

Shoalim roʻparamizda toʻxtadi. Bir pasdan soʻng tol shoxlarini qoʻli bilan chetga surib, soy boʻyiga tushdi.

– Hormanglar, yaxshimisizlar, – dedi sekingina.

U sal choʻziq yuzli, tutash qop-qora qoshli, koʻzlari sokin, doim past ovozda gapiradigan yigit edi. Qizlar u bilan soʻrashishdi. Komila opam esa orqa oʻgirib oʻtirgan yerida qayrilib ham qaramadi. Raʼno uni turtgandi, oʻgirildi-da, bosh irgʻab salomlashgan boʻldi.

– Yaxshimisiz, Komila? – dedi Shoalim mayin ohangda. Komila yana unsiz bosh irgʻadi. Shunda qizlardan birovi meni turtdi. Qarasam, bir-bir turib ketishyapti. Ularga ergashdim. Komila ham oʻrnidan turdi.

Ishga tushdik. Qizlarning soy tarafga tez-tez qarab qoʻyayotganidan sezdimki, Shoalim hali shu yerda. Biroq, Komila uyoqqa sira qaramasdi. Raʼno uni urishib berdi.

– Borib bir narsa desang-chi, buncha sargʻaytirding, nima jin urdi seni?

– Ishing boʻlmasin!

Bir mahal qarasam, Shoalim yakka choʻpdan biz tomonga oʻtyapti. U boya ayollar choy ichgan yerga kelib, tolga suyandi. Yana bir qaraganimda papiros chekkancha u yoq-bu yoqqa borib kelardi. Oxiri boʻlmadi. Komila ketmonini tashladi-da, uning oldiga ketdi.

– Qarama, – dedi Raʼno ishdan bosh koʻtarmay. – Qaramanglar.

Komila koʻz yoshi yuzlarini yuvib, tezda qaytib keldi-da, indamay chopiqqa tushdi.

Hademay quyosh qizarib, olisda koʻrinib turgan togʻlar ortiga ena boshladi. Shoalim tolga suyanganicha hamon maʼyus turardi. Komila u yoqqa qaramas, labini tishlab olgancha unsiz yigʻlab, chopiq qilib borardi. Dugonalari ajablanib, bir-biriga yelka qisar, dam unisi, dam bunisi unga yaqinlashib: «Senga nima boʻldi oʻzi, gapirsang-chi», deb soʻrar, Komila: «Ishing boʻlmasin!» deb jerkib berar, battar izillab yigʻlardi. Uning ahvolini birgina men tushunib turardim. Va qilmishimdan ming-ming pushaymon boʻlib, ich-etimni yeb borardim.

Quyosh botib, qishloqqa qarab yoʻlga tushganimizda ham Shoalim soy boʻyida edi. Uning shu turishini hech qachon unutolmasam kerak…

* * *

Komila shu ketishda uch kun oʻtkazib, rangi siniqqan, ozib-toʻzib ketgan holda dalaga chiqib keldi. Parishon. Ozgina ishlagan boʻladi-da, tollarga qarab oʻy surib qoladi. Oʻsha yoqqa borib, ancha-ancha hayallab ketadi. Koʻzlari qizarib qaytadi. Har kun shu ahvol. Hamma unga achinadi. Koʻngliga qaraydi. U boʻlsa hammaga ters gapiradi. Mening yuzimga qaramaydiyam. Ayniqsa, Sharifa bechoraga kun bermaydi. Sal gapga achitadi. Faqat orada bir kun ochilganday boʻldi-da, keyin yana… Aniq esimda – birinchi avgust kuni edi. Tushlik qilayotuvdik. Tuyqusdan, bir choʻmilmaymizmi, deb qoldi. Dugonalari ishonqiramay angrayib qolishdi-da, keyin suyunib ketishib, boʻpti, boʻpti deya paysallamay qoʻzgʻalishdi.

Men taraddudlanib turgandim, Raʼno «sen ham yur» deganday imo qildi.

Soy yoqalab joʻnadik. Butalar ostiga yechib qoʻyilgan etiklarimizni ham kiymadik.

Yovvoyi jiydani aylanib oʻtishimiz bilan Komila hech kimni kutmay, yechinib suvga tushdi. Suv uning ich koʻylagini shishirib, shovullab tortqilay boshladi. U tepaga – tol shoxlari tutashib ketgan joyga tikildi. Yuziga jimir-jimir nur tangachalar yogʻildi. Chambarak qilingan sochlari uyulib yelkasiga, undan sirgʻalib suv yuziga tushdi.

Sharifa bilan Raʼno soy boʻyida turib, uni kuzatardi. Komila ularga qarab kulib yubordi-da, hovuchlab suv sepdi. Qizlar seskanib, qiy-chuv bilan orqaga kechinishdi. Komila oqimga qarshi yurib bordi-da, yotib oldi. Roʻparamizgacha oqib kelib, oʻrnidan turdi.

– Ha, tushinglar, – dedi jilmayib. – Qoʻrqmanglar.

Sharifa ancha yuqoridan borib, soyga tushdi. Raʼno boʻlsa, dugonasi suv sepayotganiga qaramay yugurib borib oʻzini otdi. Keyin bir-biroviga suv sepib ketishdi. Sharifa ham Raʼnoga yordamga yetib keldi. Komila oʻrtada qoldi. Shundoq boʻlsa ham boʻsh kelmay, boshini egib olgancha, qiyqirib, dam unisiga, dam bunisiga hovuchlab sepaverdi. Oxiri holdan toyib, yoʻtala-yoʻtala davradan chiqdi. Orqasidan yana sepishayotuvdi, boʻldi, biz taslim, deb qoʻlini koʻtardi. Oʻtlarga tirmashib, qirgʻoqqa chiqqan yerida yuz tuban yotdi. Oyoqlari suv yuzida majolsiz osilib turardi. Qoʻllari oldinga uzatilgan, oʻsiq yalpizlarni gʻijimlab olgan edi. Shu koʻyi qimirlamay uzoq yotdi. Dugonalari ham qirgʻoqqa chiqib oʻtirishdi. Komila oʻrnidan turib, menga qaradi. Men jiyda tagida oʻtirardim.

– Ie, kuyovbola, nega anqayib turibsan, – dedi.

Nima deyarimni bilmay, iljaydim. U birdan jiddiylashib, dugonalariga buyurdi.

– Buyrugʻimni eshit, ey fuqaro! Uni tutib, huzurimga keltir!

– Xoʻp, boʻladi, malikam!

Qizlar ikkisi ham baravariga suvga sakrab, men tarafga oʻtishdi-da, ikki yondan oʻrab kelishdi. Ular yetib kelishguncha, kiyimlarimni yechib tashlab, tayyor boʻlib turdim. Qoʻl yetar darajada yaqinlashib kelishlari bilan ularga chap berib, suvga sakradim. Qizlar oldi-orqamdan oʻrab tushishdi. Tepada «malika» oʻz kanizaklari harakatini «jiddiy» kuzatib turardi. Obdon yaqin kelishguncha kutdimu, yana shoʻngʻidim. Birining qoʻli, birining oyogʻi tegib qoldi. Oʻrovdan eson-omon chiqib, boshimni koʻtardim. «Malika» oʻz malikaligini unutib qiyqirib yubordi.

Ikkinchi safar siquvda qolganimda shoʻngʻidimu, shu joyning oʻzida kattaroq toshni tutib, qimirlamay turdim. Boshimni koʻtarib, yana Komilaning qiyqirigʻini eshitdim. Dugonalari ancha etakda meni poylab turishgan ekan. Shu koʻyi qizlarni rosa ovora qildim. Kulaverib, yuguraverib, ikkoviyam holdan toydi. Komila boʻlsa, hamon buyrugʻini qaytib olmas, ushlab keltirasiz, vassalom, deb turardi. Bir gal aynan Komilaning roʻparasida oʻrovda qoldim. Shunda chidayolmay uning oʻzi ham suvga sakradi. Noiloj asir tushdim.

– Qirgʻoqqa olib chiqing!.. deya amr qildi Komila.

Meni koʻylagi badaniga yopishgan, egni boshidan loyqa suv chakillab turgan «yalangoyoq malika» oldiga keltirishdi. Qoʻllarimni orqaga qayirib ushlashgan. Kulgidan zoʻrgʻa tiyilib, boshimni egdim. Hozir ertaklardagidek soʻroq, doʻq-poʻpisa boshlanishini kutib turibman.

«Malika» iyagimdan tutib, oʻziga qaratdi. Uning qop-qora «qahrli» koʻzlariga hadiksirab tikildim.

– Mana, oxir qoʻlgayam tushding-ku! Endi jazongni olasan. Xoʻsh, gapir-chi, qilgan gunohingni boʻyningga olasanmi?!

Birdan yuragim shuvillab ketdi: demak, gunoh ish qilgan ekanman-da!..

Qip-qizarib, yerga qaradim. U bu safar sochimdan ushlab, boshimni koʻtardi-da, negadir birdan boʻshashdi.

– Qoʻyavering, u begunoh, – dedi.

– Nega begunoh boʻlar ekan, – deb chuvillashdi qizlar. – Darrov qayoqdan bila qolding?!

– Bildim-da, qoʻyvoring uni!

Komila shunday deb, tol tagiga borib oʻtirdi.

– Qoʻyvorib boʻpmiz, – dedi Raʼno oʻyinga qiziqib ketib. – Bandini yotqizing Dengizga uloqtiramiz.

Ikki dugona qoʻl-oyogʻimdan ushlab, bir-ikki deb suvga tashlashdi. Oʻttiz qadamlar naridan qirgʻoqqa chiqib, orqamga qaytdim. Kiyinib, tagʻin jiydaning ostiga kelib oʻtirdim.

Komila bir pas meni kuzatib turdi-da:

– Kelinglar, oʻlan aytamiz, – deb qoldi.

– Voy oʻlay, shu ahvolda-ya, – dedi Sharifa. – Yaxshisi, endi kiyinamiz. Ish vaqti boʻp qoldi.

– Ish qochmaydi. Ha, aytmoqchi, kelinglar, bugun ishlamaymiz.

– Yoʻgʻ-yey, qanday boʻladi, – dedi Sharifa. – Amin sariq…

– Amin sariqqa oʻzim javobini beraman. Yarim kun ishlamasak, osmon uzilib tushmaydi. Qani, oʻtir, oʻtiringlar, boshladik, ha… Yigʻlama, qiz, yigʻlama. Toʻy seniki, yor-yorey, toʻy seniki…

Boshqalar ham qoʻshildi. Komila boʻlsa ularning tebranishiga razm solib turdi-da, kulib yubordi. Keyin hammasi chuvvos solib, bir-birini quvlab suvga tushishdi. Anchagacha choʻmilishdi-da, oxiri sovqotib, diydirab qirgʻoqqa chiqishdi. Ular artinib, kiyinib olishguncha jiydaning naryogʻiga oʻtib turdim. Bir mahal tollar orqasidan Amin sariq yoʻtaldi.

– Turaylik, – dedi Sharifa xavotirlanib.

– Eshon kelyaptimi, buncha hovliqasan, – deb jerkib berdi Komila. Keyin oʻrnidan turib, tollar orqasiga oʻtib ketdi. Sal oʻtmasdan kulib qaytib keldi. – Qani, turinglar, oyoq yetmas joylarga ketamiz..

Unga soʻzsiz boʻysundik. Yumshoq oʻt-oʻlanlarni oyoqyalang bosib, izma iz yurib ketdik.

Komiladagi oʻzgarishdan albatta dugonalari xursand edi. Uning yana aynab qolishidan choʻchib, koʻngliga qarashayotgandi. Komila hammadan koʻp kular, koʻp gapirar, hazillashardi.

Shu kuni kechgacha ayollardan olisda, kimsasiz xilvat yerlarda sayr qildik. Oyoq osti tizza boʻyi oʻt. Soya-salqin, shabada. Tollarda qushlar chugʻurlaydi. Opalarim boshlariga turli gullar, oʻt-oʻlanlardan chambar qilib olishgan. Ularga tikilib turib, qaniydi, doim shunday quvnab yurishsa, deb oʻylayman…

Oʻyin-kulgu bilan boʻlib, juda olislab ketibmiz. Qaytishda bilindi. Ish joyimizga yetib kelganimizda ayollarning ayrimlari dam olib oʻtirar, ayrimlari oʻt oʻrib yurardi. Ancha berida toʻxtab, davra qurdik. Quyosh qizarinqirab, pastlasha boshlagan edi. Komila quyoshga tikilib turdi-da:

– Xoʻsh, endi yangilikni eshitinglar, – deb qoldi. – Biz ketyapmiz.

– Qayoqqa, – dedi Raʼno.

– Hey, anov toqqa. Oʻsha yoqdan kelishgan ekan. Bilganlaringni qilinglar, dedim uydagilarga. Samadchani sovchilarini oldimga solib haydadim.

Beixtiyor kunbotardagi oʻrkach-oʻrkach, vahimali togʻlarga tikildim. Yuragim alanechuk orziqib ketdi.

– Yigitni koʻrganmiding, – dedi yana Raʼno.

– E, koʻrib nima qilaman? Bari bir emasmi! Togʻli joy ekan. Ana qaranglar, qandayin oppoq, musaffo. Ayollari qavat-qavat koʻylak kiyarkan, toʻrt-beshtalab roʻmol oʻrasharkan. «Joʻq-joʻq»lab gapirisharkan. Xullas, dunyoning bir chekkasi ekan-da.

– Oʻylab koʻrdingmi, Komil? Axir bu turmush masalasi! Koʻrmay-bilmay turib… – dedi tashvishga tushib qolgan Raʼno.

– Nimasini oʻylayman. Oʻylashni manovi pismiq oyimga chiqargan, – dedi Komila Sharifaga yuzlanib. Sharifa qizarib, unga javdirab qaradi. Komila yuzini ters burib davom etdi. – Shaharga kelin boʻlyaptilar. Huzuri jonini biladi-da. Traktorchiga tegib, nima oqibat koʻrardi. Yaxshi-da, har kuni muzqaymoq yeydi, kino koʻradi. Kechqurunlari xushroʻygina erchasi bilan qoʻltiqlashib Abramskiy bulvarda sayr qiladi, maza!..

Sharifa yupqa lablari titrab ancha chidab turdi-da, oxiri, yaxshi boʻpti, bopladim, alam qilsin, deb hoʻngrab yubordi…

* * *

Sentyabr keldi. Gʻoʻza belga urib, shoda-shoda koʻsak tukkan, oldi ochila boshlagan. Dalada odam koʻrinmaydi. Terim oldidan hammaga besh-oʻn kun hordiq berilgan. Qishloqlarda har kuni toʻy. Ayniqsa, bolalarning kuni tuqqan. Maktabdan kelishadi-da, baqirib-chaqirib, toʻplanib joʻnashadi. Mening koʻnglimga sigʻmaydi. Boloxonaga chiqib olib, toʻgʻri kelgan kitobni oʻqib yotaveraman. Onda-sonda chalgʻi olib, velosipedda soy boʻyiga ketaman. Oʻtni oʻrib qoʻyaman-da, chalqancha tushib olib, oʻylanib yotaveraman, yotaveraman. Oʻylamay desam ham boʻlmaydi. Koʻnglim gʻash. Koʻkragimga yongʻoqday bir narsa qadalib, simillab ogʻritadi.

Avval Raʼnoning, keyin Sharifaning toʻyi boʻlib oʻtdi. Bormadim. Komilaning ham toʻyiga borgim yoʻq edi-yu, maktabdan kelsam, seni Komila opang yoʻqlayotuvdi, bir koʻrinib kel, deb qoldilar ayam. Hayron boʻldim. Qoʻrqdim ham. Koʻpdan beri yaqiniga yoʻlatmay qoʻygan Komila nega birdan yoʻqlab qoldi ekan?..

Darvozasidan kirishim bilan uzun ayvondagi eshiklardan biri shahd ochilib, Komila otilib chiqdi: oq koʻylakda, bosh yalang, oyoq yalang, sochlari yoyilgan (Orqasidan qoʻlida taroq, qaychi bilan bir xotin ham chiqib keldi). Hovlida tanish-notanish erkak-ayol yuribdiyu, u meni quchoqlab, ikki-uch oʻpib oldi. Keyin yuzimga tikilib:

– Bormisan, Samijon, nega opamni bir koʻray demaysan?! Shunchayam arazing qattiqmi senginaning-a?! – deya oʻpkaladi. Unga qarayolmay boshimni egdim. – Endi gap bunday, ukajonim, hozir Shavqiya qayerda boʻlsa, – dedi yuzimni oʻziga qaratib.

Birdan qizardim. U kuldi, yana qaytardi.

– Mening biyroncham qayerda yuribdi? Kelib bir koʻrib ketmaydimi?!

– Boya oʻt oʻrishga ketayotuvdi dugonasi bilan…

– Oʻt oʻrishga… Unda soy boʻyida boʻladi, – dedi Komila birdan oʻychan tortib. Soʻng kiftimdan tutib oʻziga qaratdi-da: – tez borib topib kel. Oʻtini keyin oʻraveradi. Oʻzingam birga kel, xoʻpmi, – dedi qatʼiy qilib. – Bugun men ketyapman-a… – shunday deyishi bilan katta-katta qora koʻzlarida yosh aylandi. Yelkamni siqqan barmoqlari boʻshashdi. Unga ortiq qarab turolmay hovlidan yugurib chiqib ketdim. Shavqiyani chaqirib kelib, Komilaning oldiga kiritib yubordim. U shu zahotiyoq qip-qizarib qaytib chiqdi-da:

– Sizdiyam soʻrayaptilar, – dedi.

* * *

Komila yonidagi ayolni tashqariga chiqarib yubordi-da, bizni uy toʻridagi atlas koʻrpachaga yonma-yon oʻtqazdi. Oʻzi roʻparamizga choʻkka tushib, bir zum sinchkov razm soldi. Shavqiya iymanib mendan nari surildi. Komila jilmayib:

– Aylanay, senginalardan, – dedi.

Dahlizdan gʻoʻngʻir-gʻoʻngʻir ovozlar eshitilgan edi, borib eshik ilgagini solib keldi. Shavqiya hadik bilan uning harakatlarini kuzatar, men tomonga sira qaramas, yuzlari laxcha choʻgʻ boʻlib yonardi. Men boʻlsam… tush koʻrayotganday edim…

– Xoʻp, endi gap bunday, – dedi Komila odatdagiday qatʼiy ohangda gap boshlab, lekin ovozi sal titrab chiqqanday, rangi oʻchinqiraganday tuyuldi menga. Yerga qaragancha bir pas jim qoldi. Biz nafas yutib, unga tikildik. U boshini koʻtardi-da, kuldi. – Yoʻq, avval tuzukroq oʻtirib olinglar, qani. Xuddi qafasga tushgan kiyikchalarga oʻxshaysizlar-a. Qani, biyroncha, akangga surilibroq oʻtir. Tortinma. Senam yigitcha… Ana shunday… Endi, ukajonlar, gap bunday. Avvaldan aytib qoʻyay, gapimni boʻlmaysizlar. Sizlarga begona emasman. Opalaringman. Sira-sira uyalmanglar. Bilmayman, hali ertaroqdir bu gaplarni aytish. Lekin men bari bir aytmasam boʻlmaydi…

Komila avvaliga hayajonlanib, shosha-pisha gapira boshladi-da, keyin oʻzini bosib olib, vazminlik bilan davom etdi.

– Hammasini yaxshilab eshitib, quloqqa quyib olinglar. Boshqa hech kimdan eshitmaysizlar uni… Sizlardan birinchi iltimosim, hamma vaqt pokiza boʻling­lar. Bir-birlaringga ana shunday munosib boʻlinglar.

– Ey-y, Komila opa, nimaga unaqa deysiz-yey… – dedi Shavqiya yuzini qoʻllari bilan yashirib.

– Yoʻq, singiljon, sen uyalma. Bu telba opangni kechirginu, lekin bir narsani sezib yuribman. Bu juda yaxshi. Juda xursandman. Sira uyat yeri yoʻq. Bu narsa yosh tanlamaydi, singilcham. Men sizlarni majbur qilolmayman. Faqat iltimos qilaman. Har doim ana shunday begʻubor boʻlinglar. Ukajonlarim, qorakoʻzlarim… Samijon… sendan xafa emasman. Oʻsha gapni yaxshi aytding. Ana shunday boʻlish kerak. Oʻzingga ham saboq boʻlsin…

Komilaning koʻzlari jiqqa yoshga toʻldi, ovozi oʻzgardi.

– Haqiqiy yigit boʻlsang, buni doim boshingda tut. Koʻcha-koʻy, dala toʻpda, kasu nokas oldida xor qilib qoʻyma. Men… – tomogʻiga allanima qadalganday bir zum toʻxtab, sal boʻgʻilgan ovozda davom etdi. – Men nasib qilsa, albatta toʻylaringga kelaman. Bir yayrab oʻynayman. Ertalabgacha hech kimni uxlatmayman. Muhabbat degan narsa oʻlmagan ekan. Mana tantana qildi. Bugun hech kim uxlamasin, shuncha uxlaganlaring yetar, deyman. Butun qishloqni tinchitmayman. Hali koʻrasizlar, albatta ana shunday qilaman!..

U soʻnggi soʻzlarini lablari titrab gapirdi-yu, hoʻngrab yubormaslik uchunmi, birdan ikkimizning boshimizni bagʻriga qattiq bosdi. Uning aʼzoyi badani olov boʻlib yonardi.

Komila anchadan soʻng bizni bagʻridan boʻshatib, oʻrnidan turdi. Koʻzyoshlarini artib, sochlarini tuzatdi. Keyin deraza peshtaxtasiga suyanib, bizga maʼyus tikilib turdi-da:

– Mayli, endi, boraqolinglar, – dedi. Lekin eshik oldida yana bagʻriga bosib: – Mening qorakoʻzlarim, jigarbandlarim, – deya yigʻlab, qayta-qayta yuz-koʻzimizdan oʻpa boshladi…

* * *

Hovliga chiqqanimda toʻy allaqachon boshlangan, xizmatchilar yelib-yugurib yurishibdi. Birov osh tashigan, birov nonu choy… Amin sariqmi, boshqasimi, menga ham ish buyurganday boʻldi. Eʼtibor bermadim.

Qudalar keldi. Yelib-yugurishlar yana kuchaydi. Oʻyin-kulgu, beshqarsak qizidi. Poyandoz tortish ancha davom etdi. Lekin bularning hech biri meni qiziqtirmasdi. Goʻyo yerdamas, anovi tomlarning birida yoki shundoq havoda uchib yurib, odamlarni kuzatayotgan edim. Pastdagi bu yelib-yugurishlar, bazm, bir parcha poyandoz uchun jiqqamusht boʻlishlar, rasm-rusumlar – barcha-barchasi hammadan magʻrur, hammadan quvnoq, hammadan goʻzal Komilaning ikki goʻdak qarshisida bosh egib yolvorishlari, alamli koʻzyoshlari oldida hech narsaga arzimas edi…

Komilani mashinaga olib kelishayotgandagina sal hushyor tortdim. Mashinani gir aylanib, opamni yana bir bor koʻrib qolishga, yana bir ogʻiz soʻzini eshitishga yoki biror ogʻiz soʻz aytishga urindim. Biroq buning uddasidan chiqolmadim. Komilani paranjiga oʻrab tashlashgan hamda u olomon qurshovida edi. Ancha yergacha mashina bilan bab-baravar chang-toʻzonda chopqillab bordim. Mashina ichi zulmat, bittagina sham miltillab koʻrinardi, xolos…

* * *

Kuyovnavkarlar ilon izi koʻchalardan chiqib, to Koʻksoy koʻprigiga yetguncha rosa oʻyin qilib, yor-yor aytib borishdi-da, keyin birov quvlagandek avtobuslarga yopirilishdi. Kimningdir qoʻlidagi mashʼala terak boʻyi koʻtarilib soyga shoʻngʻidi, oqish tutun buruqsadi. Yor-yor, qiyqiriq avjiga chiqdi. Kelin tushgan «Jiguli» bir-ikki chinqirdi-da, koʻprikdan oʻtib, shitob bilan yuqorilay boshladi. Avtobuslar ham zoʻriqib vagʻillagancha unga ergashdi. Hayal oʻtmay qirlikdan oshib oʻtib ketishdi-da, hammayoq zim-ziyo boʻlib, huvillab qoldi.

Yon-verimga qarasam, hech kim yoʻq. Sekin yurib, koʻprik ustiga chiqdim. Toʻsinga suyandim. Ikki qirgʻoq tollari ham sukutga choʻmib, bosh egib turishardi. Soy yuziga tikildim. Qorongʻu… Faqat suvning majolsizgina shildirashi quloqqa chalindi. Bir oygina muqaddam pishqirib yotardi. Shovullashi olis-olislardan eshitilib turardi. Eh, qanday ajoyib damlar edi-ya!..

Soyning naryogʻiga oʻtdim-da, oʻzimni maysaga yuztuban tashladim. Xuddi shuni kutib turganday koʻzlarimga duv yosh quyulib keldi-yu, darrov tindi. Qaytib yigʻlolmadim. Shu koʻyi yotaverdim. Bugun boʻlib oʻtgan voqealar, gap-soʻzlarni qayta eslashga, mulohaza qilishga urindim. Lekin fikrimni jamlab ololmadim.

Salqin shabada qoʻzgʻaldi. Tollarning sargʻayib qolgan yaproqlari chirt-chirt uzilib tusha boshladi. Chal­qancha tushib yotdim. Etim junjikdi. Sal oʻtmay shamol zoʻraydi. Havoni chang-toʻzon qopladi. Bandidan uzilgan yaproqlar, qurigan xas-xashaklar chirpirak boʻlib ucha boshladi. Atrofni tollarning vahimali shovullashi, ingragandek gʻijirlashi, qasir-qusur ovozlari tutib ketdi. Tollar azada oʻzini har yoqqa tashlab dod solayotgan motamsaro ayollarga oʻxshab koʻrindi koʻzimga… Ilgari boʻlganda bu manzara qoʻrqinchli tuyulishi mumkin edi. Lekin hozir qoʻrquvdan asar ham sezmay, jonsarak tollarga koʻz tikib yotaverdim.

Shamol tindi. Chang-toʻzon bosildi. Oʻrnimga turib oʻtirdim. Shu choq qishloq yuqorisidan chiqib kelayotgan qizgʻish, nimkulcha oyga koʻzim tushdiyu, fikrim oydinlashgandek boʻldi. Qishloqqa joʻnadim…

* * *

Bugun birinchi bor tunni bedor oʻtkazyapman. Tong oqarib kelyapti. Biroq, haligacha hamma uyquda. Jim-jitlik. Hov Koʻksoy tollari ortida, endigina koʻzga chalinayotgan qoramtir togʻlar ustida zafʼaron oy muallaq turib qolgan.

Qoʻshni hovlilardan birida chaqaloq yigʻladi. Anchagacha gʻingshib yotdi. Biroq, hech kim eʼtibor bermadi. Shunda u birdan jahl bilan chinqirib yubordi.

Uning ovozi butun qishloqni koʻchirguday edi…

 

Orziqul Ergash

 

1982 yil

https://saviya.uz/ijod/nasr/dunyoning-bir-chekkasi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x