Dovyurak adib

XX asr rus adabiyoti jahon maʼnaviyati tarixida alohida oʻrin egallaydi. U bir tomondan XIX asrning oxirgi choragidagi buyuk shoir va yozuvchilar avlodining davomi sifatida noyob asarlarning dunyoga kelishini taʼminlagan boʻlsa, ikkinchi tomondan buyuk isteʼdodlarning koʻpchiligi uchun fojia keltirgan oktyabr toʻntarishi tufayli tanazzulga qarab ketdi. Oʻsha davrda bir guruh buyuklar ijod qildiki, ularning asarlari jahon adabiyoti taraqqiyotiga ulkan hissa boʻlib qoʻshildi. Darhaqiqat, Sergey Yesenin, Anna Axmatova, Marina Svetayeva, Osip Mandelshtam, Mixail Bulgakov singari oʻz boshidan qatagʻonli yillarni kechirgan buyuklar hozir ham jahon kitobxonining sevimli adiblaridir. Ular orasida Nobel mukofoti laureati, buyuk shoir, nosir va tarjimon Boris Leonidovich Pasternak alohida oʻrin egallaydi.

Boris Pasternak 1890 yilning 10 fevralida ziyoli, sanʼatkor oilasida dunyoga keldi. Rassomlik sanʼati, musiqa, adabiyot oilaning hayot yoʻlini tashkil etardi. Borisning otasi Leonid Osipovich Pasternak akademik, mashhur rassom, shu bilan bir qatorda badiiy grafikachi ham edi. Avval Odessadagi sanʼat bilim yurtini, keyinchalik esa Myunxen badiiy akademiyasini tamomlagan Leonid Pasternak XIX asrning 90-yillariga kelib, rus sanʼati olamida salmoqli oʻrinni egallagandi. U uzoq vaqt Moskvadagi badiiy tasvir, haykaltaroshlik va meʼmorchilik bilim yurtida professor sifatida faoliyat yuritdi. Uning eng yaqin doʻstlaridan biri Lev Tolstoy edi, zero, uning Tolstoy romanlariga ishlagan bir qancha ajoyib illyustratsiyalari allaqachon xalqning nazariga tushib ulgurgandi. Ulugʻ adib tez-tez doʻstining uyiga tashrif buyurar, boʻlajak shoirning onasi – isteʼdodli pianinochi ijrosidagi musiqalarni tinglashni xush koʻrardi. Oila davrasidagi musiqa oqshomlari, mehmonlar oʻrtasidagi qizgʻin suhbatlaru bahs-munozaralar kichik Borisda katta taassurot uygʻotardi. Ayniqsa, u Lev Tolstoy va Nikolay Gening suhbatlarini diqqat bilan tinglar, ularga ich-ichidan havas qilardi. Boris Pasternak ana shu muhitda tarbiya topdi.

Bilim yurti binosiga tutashib ketgan bir asrlik joʻka daraxtlarini soatlab tomosha qilish, Myasnitskiydagi suratlar galereyasi, gimnaziya, dala hovlidagi quvonchga toʻla onlar, anʼanaviy diniy bayramlar, Peterburg va xorijga sayohat, badiiy koʻrgazmalar va ular atrofidagi bahs-munozaralar, konservatoriyadagi konsertlar, musiqadan saboqlar, chet tillarini oʻrganish ustidagi tinimsiz mashgʻulotlar – gʻayratli va taʼsirchan moskvalik oʻsmir ana shu joʻshqin hayot ummonig tortib ketardi.

Leonid Pasternakning qadrdon doʻstlaridan sanalmish ulugʻ rus kompozitori Aleksandr Nikolayevich Skryabin, Borisning hayotida muhim iz qoldirgan insonlardan biri edi. Skryabinning yaratgan musiqalari Pasternakni nafaqat hayajonga solar, balki hayratda qoldirardi ham. Ana shu sabab, Boris butun vujudi-yu, mehrini musiqaga baxsh etishga, kelajakda albatta ustozi kabi mashhur kompozitor boʻlib yetishishga ahd qildi. Pasternak olti yil ana shu ishtiyoq bilan yonib yashadi, tinimsiz mashqlar tufayli bir qancha muvaffaqiyatlarga erishib, ustozining olqishiga sazovor ham boʻldi. Ammo oradagi qiynoqqa soluvchi gumonlar, ikkilanishlar sabab, u musiqadan voz kechishga majbur boʻldi. Pasternak bu hodisani unda mutlaqo eshitish qobiliyati yoʻqligi bilan izohlagan.

Pasternak Moskva universitetining tarix va filologiya fakultetining falsafa boʻlimida tahsil olgan kezlarida, koʻproq neokantchi faylasuflarning maʼruzalarini tinglaydi. Ammo, bir kuni u faylasuflar “Makka”si qadim olmon shaharchasi Marburgda joylashganligi haqida eshitib qoladi. Pasternak oʻquv yurtidagi yozgi taʼtildan foydalanib, (Marburg universitetida esa oʻqish hali davom etardi) 1912 yilda onasi tomonidan berilgan mablagʻ evaziga Marburgga qarab yoʻl oladi. Ammo universitetda olmon neokantchilaridan biri sanalmish eng keksa va katta obroʻga ega boʻlgan professor Kogendan eshitgan maʼruzalari uni umuman qoniqtirmaydi va saboqlar qisqa fursatda oʻz nihoyasiga yetadi. Chunki endi falsafa Pasternakni fan sifatida mutlaqo qiziqtirmasdi. Oʻzini anglamagan holda u ich-ichidan shoirga aylanib ulgurgandi. Vaqti-vaqti bilan Pasternak sheʼrlar qoralab turar, ammo negadir ularga u qadar ahamiyat bermasdi. Marburgdagi ishqiy sarguzashtlar oʻsmirni oʻz kelajagiga yangicha qarashga, faylasuflik istiqbolidan voz kechishga majbur etdi. Va u ilm bilan shugʻullanmaslikka ahd qildi.

Tez orada Pasternak Marburgni tark etadi va bor mablagʻini Italiyaga sayohat qilish uchun sarflaydi. U Uygʻonish davri sanʼatiga “boshi bilan shoʻngʻigan” holda gʻaroyibotlarga toʻla Venetsiya va Florensiya shaharlarini sayr qiladi. Oʻsha davrning buyuk rassomlari tomonidan yaratilgan polotnolar, meʼmorchilikning ajoyib namunalari shoirning xotirasida bir umrga muhrlanib qoldi.

Pasternak Moskvaga musiqachi ham, faylasuf ham emas, balki shoir boʻlib qaytdi. Universitetdagi imtihonlar unga shunchaki bir rasmiyatchilik edi, xolos. 1913 yilda universitetni bitirgan Pasternak Stolbov temiryoʻl bekatiga yaqin yerda joylashgan Molodyax dala hovlilaridan birida oʻzining “Bulutlar orasidagi egizak” nomli ilk sheʼriy kitobini yozib tugatadi. Asar 1914 yilda chop etiladi.

Pasternak tez orada yana ikkita asar yaratadi. Ulardan biri – tasodifan yoʻqolib, boshqa topilmagan sheʼrlar turkumi boʻlsa, ikkinchisi – 1917 yilning yozida yozilgan “Hayot – mening hamshiram” nomli kitobi edi. Ushbu asar oradan besh yil oʻtib dunyo yuzini koʻrdi.

1917 yilgi toʻntarish arafasida u futuristlar bilan aloqa oʻrnatib, ularning taʼsiri ostiga tushib qoladi. Biroq u boshqa futuristlardan farqli oʻlaroq, oʻtmish va “eski” madaniyatdan yuz oʻgirmay, XIX asr rus va olmon falsafiy lirikasi anʼanalarini davom ettiradi. “Hayot – mening hamshiram” sheʼrida Pasternak sheʼriyatining muhim xususiyatlaridan biri – tabiat, hayot bilan uzviylik ilk bor koʻzga tashlanadi.

1920 yillardan boshlab Pasternak “Toʻqqiz yuz beshinchi yil”, “Leynetant Shmidt” kabi dostonlarida lirik tafakkurdan epik tafakkurga oʻta boshlaydi. U urush va inqiloblar davridagi inson taqdiriga bagʻishlangan “Samoviy yoʻllar” (1924–33) nasriy asari hamda “Sikorskiy” sheʼriy romanida voqeiy syujetga qarshi oʻlaroq, tabiat va muhabbat bilan bogʻliq syujetni oʻrtaga tashlaydi. Pasternak bu asarlarida inqilobiy zulm va zoʻravonlikni keskin inkor etadi.

1930 yillarning oxirlariga borib, turli sabablarga koʻra Pasternak ijodida toʻxtash kuzatiladi. U soʻzsiz ravishda oʻzining ijodiga ziyon yetkazgani holda, tarjimachilik ishlariga “shoʻngʻib” ketdi. Biroq u koʻplab rusiyzabon oʻquvchilarga gruzin romantizmining buyuk namoyandasi Nikolay Baratashvili va boshqa gruzin shoirlarining sheʼrlari hamda Shekspirning bir qator dramalarini taqdim etdi. Pasternak Shekspir dramalarini tarjima qilar ekan, rus tarjimachiligida shu vaqtgacha koʻzga tashlanmagan darajadagi mahoratni namoyon etdi. Pasternak tarjimasida Shekspir butun goʻzalligi va faylasufligi bilan namoyon boʻlgan. Ayniqsa, “Hamlet” fojiasining tarjimasi hozirgi kunda ham eng namunaviy tarjima asar sifatida bizni hayratga soladi.

Oʻsha kezlarda Pasternakning sheʼrlari matbuotda kamdan-kam chop etilardi. Bu esa shoir ijodining ancha uzoqqa choʻzilishidan darak edi. Faqat Ikkinchi jahon urushining dastlabki yillaridagina Pasternak oʻz ijodiga qaytdi va obrazlar tizimini soddalashtirib, rus klassiklariga xos uslubda yoza boshladi.

Urushdan keyingi oʻn besh yil davomida Boris Pasternak matonat bilan, qatʼiy reja asosida ijod qiladi. U Shekspir asarlarini tarjima qilishda davom etadi. Buyuk venger shoiri Shandor Petefining bir qancha sheʼrlarini hayratlanarli darajada, yuksak mahorat bilan rus tiliga oʻgiradi va sheʼriy toʻplamining chop etilishida ishtirok etadi. Keyin esa u ulkan bir ishga qoʻl uradi – Gyotening ikki qismdan iborat “Faust” asarini tarjima qilishga bel bogʻlaydi va 1953 yilda uni muvaffaqiyatli yakunlaydi. Bu vaqt oraligʻida Pasternakning biror-bir sheʼri matbuotda koʻzga tashlanmaydi. Zero, uning butun diqqati tarjimachilik va nasriy asar yaratishga qaratilgan edi.

Pasternak bir necha yillik (1945–1955) mashaqqatli mehnatdan soʻng, 1955 yilda “Doktor Jivago” romanini yozib tugatadi. Romandan parchalar ilk marta Polshaning “OPINIE” jurnalida chop etiladi. Bu voqea hukumat rahbarlarida xuddi Kremlga bir bomba kelib tushgandek taassurot uygʻotadi. Pasternakni zudlik bilan partiya Markaziy qoʻmitasining madaniyat boʻlimiga chaqirishadi va qamoqqa olishlarini poʻpisa qilib, asarning xorijda chop etilishini toʻxtatish kerakligini aytishadi. Shuningdek, polyak noshirlari va tarjimonlari Severin Pollak va Anna Kamenskayalarni ham shoshilinch ravishda Moskvaga chaqirtirishadi. Ularga qattiq tanbeh beriladi va tazyiq ostiga olinadi: ijodkorlar uzoq yillar mobaynida ishga joylashishdan mosuvo boʻlishadi.

“Doktor Jivago” romanida adib shaxsiy hayot bilan ijtimoiy borliq oʻrtasida arosatda qolgan Sergey Sikorskiyga qondosh rus ziyolisining obrazini yaratgan. Zero, shoʻro hukumatining dastlabki yillarida Pasternak oktyabr inqilobiga V. Bryusov, A. Blok, V. Mayakovskiy singari ijobiy munosabatda boʻladi. Lekin totalitar tuzum kirdikorlarini anglab yetgach, oʻz fikridan qaytadi. U “Inqilob ruslar tomonidan amalga oshirilgan eng katta xatodir” degan xulosaga keladi. Aynan ana shu qarash “Doktor Jivago” romanining gʻoyaviy asosini tashkil etgandi. Roman, yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, totalitar tuzum tomonidan tazyiq ostiga olingan. Shunga qaramay, asar 1957 yilda Milan shahrida nashrdan chiqqan va Nobel mukofotiga tavsiya etilgandi.

Biroq Shoʻro hukumati Pasternakka Nobel mukofotini borib olishga ruxsat bermaydi. Unga “Yo Nobel mukofoti, yo Rossiya!” degan shart qoʻyiladi. Buyuk vatanparvar shoir Rossiyani tanlaydi va Nobel mukofoti berilgan 1958 yil 24 oktyabr kuni Peredelkinodagi uyida Pasternak toʻrt kishi boʻlib mukofotni nishonlaydilar…

 

Anvar SHER

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–2

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/dovyurak-adib/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x