“Alpomish” dostonining barcha variantlarida biz tush motiviga duch kelamiz. Dostondagi voqealar boshlanishida, rivojida va yakunida kelgan bunday tushlar oʻrniga qarab bir-biridan farqlanib turadi. Misol uchun, dostonning Fozil Yoʻldosh oʻgʻli variantida tush motivi voqeaning boshida va rivojida keladi. Qahramon, yaʼni Alpomishning dunyoga kelishi, ulgʻayishi, uylanishi, hayot qiyinchiliklarini yengib, murod-maqsadiga yetishi tush motivi orqali ochib beriladi. Agar dostondagi tush motivi tushirib qoldirilsa, unda syujet jiddiy zarar koʻradi. Dostondagi befarzandlik, ulgʻayish, sinov, safar, uylanish va uyga qaytish motivlari bevosita tush motivi bilan chambarchas bogʻliq holda keladiki, tush bu oʻrinda voqealar rivoji uchun asosiy poydevor vazifasini oʻtaganini koʻramiz.
Tush motiviga xos boʻlgan asosiy xususiyatlardan biri uning koʻpincha boshqa motivlarni oʻzi bilan birga yetaklab kelishidir. “Alpomish” dostonida Alpomish, Barchin va Qorajon bir vaqtning oʻzida ayni bir tushni koʻradi: “Alpomish choʻponlarning qoʻshxonasida uxlab yotdi. Kechasi fayzi sahar vaqtiga yetdi, sahar vaqti choʻponlarning qoʻshxonasida yotib bir tush koʻrdi. Izlab borayotgan Barchin yori, bul ham baxmal oʻtovda yotib, subhi sodiq tuqqan vaqtda bir tush koʻrdi. Kashal gʻorida, toʻqson qalmoqning ichida Qorajon alp ham bir tush koʻrdi. Uchovining tushi oldin keyin, doʻgʻulish koʻrdi”.[1] Ana shu tush motivida butun doston voqealari oldindan bashorat qilinib, ramzlar tilida bayon etiladi. Yaʼni doston syujetining butun keyingi voqealari rivoji ana shu parchada koʻrsatib beriladi. Ushbu motivdan soʻng doston voqealari tezlashib, syujetning keyingi halqalari uchun vaziyat yaratiladi. Qorajon ana shu tush tufayli Alpomish bilan doʻst tutinadi. Sinovda oʻzi tugʻishgan akalarining yonida turib emas, Alpomish tomonda turib davraga tushadi. Alpomishning doʻsti, sirdoshi, yaqin koʻmakchisiga aylanadi. Shuning uchun ham ana shu tush parchasini doston syujetining “yadrosi” deb qarash mumkin.
Oʻzbek dostonlaridagi tush motivi sinov, uylanish, safar, qaytish kabi keyingi motivlar bilan chambarchas bogʻlangan holda keladi. Doston syujetining keyingi “taqdiri” ana shu tush motivi bilan bevosita bogʻlikki, agar Alpomish, Barchin va Qorajon ana shu tushni koʻrmaganlarida, Qorajon Alpomish bilan doʻst tutinmagan va voqealar tizimi boshqacha rivojlangan, bu esa syujet oʻzgarishiga olib kelgan boʻlardi. Bu holat barcha variant va versiyalarning ichida eng mukammali hisoblangan Fozil Yoʻldosh oʻgʻli variantining badiiyatiga ham salbiy taʼsir qilmay qolmasdi.
Epik ijodda motivlar hamisha rang-barang boʻladi. Shuning uchun ham syujetda har bir motiv oʻziga xos “yuk”ka ega. Motivlarning oʻzaro bir-biriga bogʻliqligi, syujetdagi barqarorligi doimo ham bir xil boʻlavermaydi. Shuning uchun ularni ikki yoʻnalishda olib qarash mumkin. Birinchisi, biror bir motivning tushib qolishi yoki oʻzgarishi syujetda ham tub oʻzgarish boʻlishiga olib keluvchi barqaror motivlar. Bunday motivlar asar strukturasida mustahkam oʻringa ega boʻladi. Ikkinchisi, motivlar oʻzgarishi hech qanday syujetning oʻzgarishiga olib kelmaydi. Bunday motivlar boshqa bir motiv bilan almashtirish mumkin boʻlgan nobarqaror boʻlgan motivlar.
Fozil Yoʻldosh oʻgʻli variantidagi tush motivi barqaror motivlarga taalluqli boʻlib, bu motivning oʻzgarishi boshqa motivlarning ham oʻzgarishiga olib keladi. Biroq shu dostonning Poʻlkan va Ergash Jumanbul variantidagi voqea yakunida kelgan tush motivining oʻzgarishi yoxud tushib qolishi syujetda aytarli darajada katta oʻzgarishlarga olib kelmaydi. Shuning uchun ham unga nobarqaror motiv namunasi sifatida qarashimiz mumkin.
Barqaror motivlar ham hamisha harakatda, ichki oʻzgarishlarga moyil ekanligini ham unutmaslik kerak. Misol uchun, “Kuntugʻmish”, “Rustamxon”, “Goʻroʻgʻlining oʻlimi” kabi dostonlarda ham tush barqaror motiv boʻlib keladi. Lekin “Kuntugʻmish” dostonida u safar, “Rustamxon”da uylanish, “Goʻroʻgʻlining oʻlimi”da oʻlim motivi bilan bogʻliq holda keladiki, bu bogʻliqlik vaziyatga qarab oʻzgarishi mumkin. “Kuntugʻmish”da qahramon tushida yorini, “Rustamxon”da ona oʻz qizini, “Goʻroʻgʻlining oʻlimi”da Goʻroʻgʻli oʻz pirini tushida koʻradi. Barqaror motivdagi ana shu kichik ichki oʻzgarish keyingi motivga taʼsir qiladi, shu sababli keyingi motiv ana shu oʻzgarishga qarab belgilanadi.
Oʻzbek xalq dostonlarida keluvchi tushlar saralanib, jamlanib, ularning syujet tarkibida tutgan oʻrni, tushni koʻruvchilar, tush bevosita bogʻlovchilar navbatdagi motivlar hamda tushdagi yetakchi timsollar asosida tasnif etib chiqilsa, dostonlardagi tush motivi bilan bogʻliq asosiy maʼlumotlarni koʻrsatuvchi quyidagi jadvalga ega boʻlamiz.
2–jadval.
Dostonlardagi tushning boshqa motivlar bilan bogʻliqligi
№ | Tush bilan bogʻliq motivlar | Umumiy hisobi |
1 | Uylanish | 15 |
2 | Sinov | 9 |
3 | Tugʻilish | 5 |
4 | Homiy | 5 |
5 | Xatar | 3 |
6 | Tirilish | 2 |
7 | Qaytish | 2 |
8 | Farzandsizlik | 1 |
9 | Safar | 1 |
10 | Oʻlim | 1 |
Bevosita jadval natijalariga tayanib oʻzbek xalq dostonlaridagi tush motivining tabiati, oʻziga xos jihatlari va boshqa xossalari haqida aniq xulosalar chiqarish mumkin.
Namuna sifatida olingan 20 ta dostonning 13 tasida 2 tadan 5 tagacha, qolgan 7 asarda bittadan tush kelgan va ularning umumiy soni 42 tani tashkil etadi. Shulardan 14 ta tush voqea boshidan, 23 tasi voqea rivojidan, 5 tasi voqea soʻngidan oʻrin olgan. Koʻrinib turibdiki, tushlarning asosiy qismi syujet avvali va rivojida kelmoqda. Bu esa, oʻz navbatida, tushning doston voqeasi bayonida tayanch boʻgʻinlardan biri sifatida ishtirok etishini bidiradi. Ayni fikrni tush asosida roʻyobga chiquvchi boshqa motivlar koʻrsatkichi ham tasdiqlaydi.
Jadvalda aks etganidek, dostondagi tushlarning koʻpchilik qismi: uylanish (15), sinov (9), tugʻilish (5) va homiy kuchlar (5) bilan bogʻliq boʻlib chiqmoqda. Odatda, aksariyat dostonlar syujeti oʻta sodda holatga keltirilsa, homiy kuchlar hamkorligida sinovlarni yengib, oʻz yoriga uylanish atrofidagi sodda shaklni oladi. Shunday ekan, doston syujeti asosini tashkil qiluvchi ushbu oʻzak motivlarning tush bilan chambarchas bogʻliqligi, doston syujeti qurilmasida tushning oʻta muhim badiiy, kompozitsion yukka ega ekanligini isbot etadi.
Oʻzbek xalq dostonlarida badiiy tasvirlangan tushlar sinchiklab oʻrganilsa, ularda xalqimizning tush hodisasi va bu oʻziga xos tizim haqidagi eʼtiqodiy qarashlari yanada oydinlashadi. Ushbu holat, birinchi galda, tush koʻrish bilan bogʻliq tasavvurlar tasviri misolida yaqqol namoyon boʻladi. Maʼlumki, xalqning qadim dunyoqarashiga koʻra, kishi uyqudaligi vaqti uning ruhi ravoni tanani maʼlum muddatga tark etib, tashqi dunyo, oʻzga olam va oʻlchamlarda sayr-sayohatda boʻladi. Ruhning ana shu sayohati davomida koʻrgan-kechirgan, eshitgan, bilganlari tush deyiladi. Bu hodisa “Abdullaxon va Qulbobo koʻkaldosh” rivoyatida juda aniq aks etgan. “Abdullaxon bilan Qulbobo koʻkaldosh ikkovi amakivachcha ekan. Hali Abdullaxon podsho boʻlmasdan avval Qulbobo koʻkaldosh ikkovi polizzorga kirib, qovun va tarvuz soʻyib yebdi. Kun kuzgi issiq ekan. Shu yerda kigiz ustida Abdullaxon bilan Qulbobo koʻkaldosh choʻzilib uxlamoqchi boʻlibdilar. Abdullaxon darrov uxlab qolibdi. Ammo Qulbobo koʻkaldosh uxlay olmabdi. Bir palla Qulbobo koʻkaldosh qarasa, Abdullaxonning burnidan chivin chiqib, bir tarafga ravona boʻlibdi. Uchib bora turib yerda yotgan pichoq ustidan oʻtib, bir jirranda (suv oʻpirib ketgan chuqurlik)ga kirib, keyin jirrandaning ichidagi bir yoriqqa kirib ketibdi. Picha vaqtdan keyin chivin yoriqdan chiqib, ortiga qaytibdi. Kelgan yoʻlidan yurib, qaytib Abdullaxonning burniga kirib ketibdi. Bir mahal Abdullaxon uygʻonib, Qulbobo koʻkaldoshga qarab: – Men bir tush koʻribman. Tushimda bir yoqlarga boribman. Yoʻlda bir temir koʻprikdan oʻtibman. Keyin juda katta jarday chuqurlik bor ekan. Oʻsha chuqurlikda kattaligi tepaday keladigan koʻza bor ekan. Koʻzaning ichidan har biri gʻalvirday keladigan son-sanoqsiz koʻp tillo bor ekan, – debdi. Boyadan beri bu voqeani kuzatgan Qulbobo koʻkaldosh Abdullaxondan ayrilib qolibdi. Keyin haligi yoriqqa maxsus belgi qoʻyibdi-da, Qulbobo koʻkaldosh Abdullaxonning xizmatida yuraveribdi. Davr aylanib, Abdullaxonga Buxoro podsholigi tegib qolibdi. Shundan keyin Abdullaxon Qulbobo koʻkaldoshni chaqirib: – Sen menga koʻp xizmat qilding. Mana bugun mening oshigʻim olchi turdi, yaʼni podsho boʻldim. Endi mendan koʻnglingda nima maqsading boʻlsa tila, – debdi.
Qulbobo koʻkaldosh haligi polizzorni tilabdi. Darrov Abdullaxon Qulbobo koʻkaldoshga polizzorning oʻrnini vasiqa qilib beribdi. Qulbobo koʻkaldosh oʻsha polizzorga borib, belgi qoʻyilgan joyni topibdi-da, xazinani qazib olibdi.
Chivinning koʻziga tepaday boʻlib koʻringan koʻz tandirdan sal kattaroq ekan va gʻalvirday boʻlib koʻringan tillalar qirq tangalik yoki yarim misqollik tillolar ekan. Qulbobo ana shu xazinani sarflab, Buxoroda Koʻkaldosh degan madrasani qurdirgan ekan”.[2]
Ushbu rivoyatda ruhi ravonning chivin shakliga kirib, tanani tark etgani va sayr etib, oʻz oʻrniga qaytgani va Abdullaxon ruhining bu safari davomida koʻrganlarini tush sifatida aytgani, ziyrak Qulbobo koʻkaldoshning vaziyatni toʻgʻri ilgʻab, xazinaga ega boʻlgani tasvirlanishi barobarida koʻpchilik tushlarning real voqelik bilan bevosita aloqador ekanligi, faqat holatni tush mantigʻidan kelib chiqib baholay olgan kishi ibratli xulosalarga kela olishi aytilmoqda.
Oʻzbek xalq dostonlarida keluvchi bir qator mumtoz tush namunalarida qahramonlarning tush koʻrishi tasviriga aynan ana shu eʼtiqodiy tasavvurlar asos qilib olinganini koʻramiz.
“Alpomish” dostonida Alpomishning tush koʻrish holati kuylangan oʻrinlarga diqqat qilaylik: “Chiltonlar ilmu karomat bilan Chilbir choʻlidan, Oyna koʻlidan, Baxmal oʻtovda uxlab yotgan yeridan, Barchinning ruhini olib keldi tanidan. Alpomish munda uxlab yotibdi, uxlab yotgan yeridan buning ham ruhini tanidan oldi. Alpomishning ruhi bilan Barchinning ruhini oʻrtada bir yerga qoʻydi. Bir kosa sharobi antahur chiltonlardan Barchinning ruhiga tegdi. Barchinning ruhi sharobni qoʻliga olib, Alpomishni koʻrib, bir oʻzi ichgani koʻngli boʻlmay, Alpomishning ruhiga oling-oling qilib, bu soʻzni aytib turgan ekan:
Oling, allayor-allayor,
Keling, allayor-allayor,
Boʻling, allayor-allayor”.[3]
Alpomishning ruhi Barchinga javob qaytaradi: “Bul soʻzni ikkovining ruhi bir-biriga aytdi, kechasi fayzi sahar vaqtiga yetdi. Chiltonlar Barchinning ruhini olib ketdi, Chilbir choʻlida, Oyna koʻlida, baxmal oʻtovda, uxlab yotgan yerida Barchinning ruhini ham taniga kirgizib qaytdi. Alpomishning ruhini ham taniga kirgizdi. Erta-mertan tong otdi. Oqshom koʻrgan odamlar yoʻq, bir oʻzi qopti. Qadimgidan sertaraddud boʻlib, biyning qizini tushida koʻrib: “Oq qubba kelgan, qizil chiroyli, xoʻb barkamol, yaxshi qiz ekan”, deb otlanib yotibdi.
Barchin ham kanizlarga kulib oʻtiribdi: – Biy bobomning oʻgʻli tushimga kiribdi, ikkovimiz bir yerda oʻtiribmiz, pok boʻlmasa, it yiqilish boʻlaylik, deb qopmiz, ancha gaplashibmiz, – deb vaqti xush boʻp oʻtiribdi”.[4]
Keltirilgan misollar xalqimizning tush hodisasi bilan bogʻliq quyidagi oʻta muhim qadim eʼtiqodiy qarashlarini oʻzida mujassam etganligi bilan ham ahamiyatli.
- Rahmoniy tushlar homiy eranlarning ruhi ravonni tandan chiqarib, tayin manzillarga olib borib, tegishli ruh bilan uchrashtirishi va yana tanga qaytarishi natijasida olgan maʼlumotlari ekanligi va ayni holatning real voqelik sifatida anglashiluvi.
“Kuntugʻmish” dostonida shunday tasvir berilgan: “Kunlardan bir kun Xolbeka noz uyquda yotib edi, bir tush koʻrdi. Chiltonlar va mardon gʻoyiblar bir tongda suhbat qilib oʻtirib edi, bir chilton kelib, Xolbekaning ruhini olib bordi, bittasi kelib, Kuntugʻmishning ruhini olib bordi. Chiltonlar toʻy qilib, Xolbekani toʻraga topshirdilar. Ikkovi bir toʻshakda yotib, bir-biroviga soʻz qotib, Xolbeka soʻradi: “Sen kimsan, joy-manziling qayda, oting kimdir? Toʻra aytdi: “Otim Kuntugʻmish, otamning oti Avliyo Qoraxon, otam Nugʻoyga podsho, Nugʻoy toʻrasi boʻlaman. Sen kimsan, oting kimdir, yurting qayerda?” Xolbeka aytdi: “Otim Xolbeka, otamning oti Shoir vazir, yurtim shahri Zangirda.
Ikkovi bir-birovi bilan oʻynashib, toʻraning uzugini Xolbeka olib qoʻliga soldi: Xolbekaning uzugini toʻra olib qoʻliga soldi (Shu kecha Kuntugʻmish ham shunday tush koʻrdi). Shu ishda ikkovi ham uygʻondi.
Toʻra oh tortib, bu dardini hech kimga aytmay, niginiga qarasa, boshqa nigin: qogʻozga muhr qilib bossa, Xolbekaning oti chiqdi”.[5]
“Kuntugʻmish”da uzuklarning almashishi tush va hush bogʻliqligi oʻta real voqea sifatida qaralib, gʻayb ishi deb tushunilganligining anʼanaviy tus olganligini ham isbot etadi.
- Tushda kishilarning koʻrishi ham ruhlarning uchrashuvi natijasi sifatida talqin etiladi. Masalan, Qorajon Alpomishga ilk bor Murodtepada duch kelganida koʻrgan tushini eslab “… Magar qirq chilton bilan rasul paygʻambar meni musulmon qilib, qavm-qarindoshini tushimda ruhima koʻrsatib, meni doʻst qilgan, Qoʻngʻirotdan kelayotgan Alpomish degan komilbachcha shul boʻlmasa”, – deb Alpomishga qarab, bir soʻz deb turgan ekan”[6] tasvirida ham ruhiy holatga alohida urgʻu berilmoqda.
Barchinning esa Suqsuroy kanizga oʻz tushini soʻzlay turib: “Jon jasaddan bir beqaror boʻlganda”, deb aytishi zamirida ham xuddi ana shu tasavvurlar olami turibdi.
- Ruhi ravon koʻchishi va voqealar kechish jarayonining fayzi sahar vaqtida roʻy berishi. Chiltonlar Alpomish va Barchin, Kuntugʻmish va Xolbeka ruhlarini sahar payti uchrashtirgani aniq aytilgan.
Rahmoniy tushlarning sahar payti koʻrilishi “Alpomish” dostonida Barchinning ikkinchi tushi bayonida yanada mukammal tasvirlangan: “Barchin ham koʻrgan tushini Suqsuroy kanizga aytib turibdi:
Xazon boʻlib bogʻda gullar soʻlganda,
Jon jasaddan bir beqaror boʻlganda,
Ziyon yotib, rahmat toshar boʻlganda,
Rahmat daryo ayni toshib kelganda,
Tush koʻribman fayzu sahar boʻlganda…”[7]
Odatda, sahar payti barcha ziyon-zahmatlar, yaʼni tun (zulmat) kuchlari chekinib, yorugʻlik (kun) hukmi qaror topadi va shu payt koʻrilgan tushlar albatta roʻyobga oshadi, deb anglanadi. “Alpomish”, “Kuntugʻmish”, “Rustamxon” va boshqa dostonlarimizdagi karomatli tushlarning sahar payti koʻrildi, deb tasvirlanishining bosh sababi ham shundan.
- Tush koʻruvchilarning uygʻonib, boʻlgan voqeani eslashlari va taʼbir izlab, tadbir belgilashlari. Dostonlarimizdagi deyarli barcha tushlarni bunga misol qilib keltirish mumkin.
Yuqorida koʻrib chiqilgan tush namunalarining oʻzbek xalq dostonlari tarkibida keluvchi aksariyat tushlardan ajralib turuvchi muhim bir jihati – bir vaqtning oʻzida ikki yoki undan ortiq kishining bir xil mazmundagi tush koʻrishining tasvirlanishida. “Alpomish” dostonining ikki oʻrnida, avvalo, Alpomish va Barchin, soʻngra Qorajonlar, “Kuntugʻmish” dostonida Kuntugʻmish va Xolbeka, “Yunus bilan Misqol” (Rahmatulla Yusuf oʻgʻli varianti)da Goʻroʻgʻli va Yunus, Misqol parilar bir xil tush koʻrishadi. Qahramonlarning bu tartibda bir paytda bir xil tush koʻrishlari ularning yagona ruhiy iqlimga mansub boʻlib, orzu-intilishlari taqdirlarida bogʻliqlik mavjudligidan ham dalolat beradi.
Oʻzbek xalq dostonlarida tushlarni kimlar, qaysi holatda koʻrishlaridan qatʼi nazar, doston syujeti va voqealar bayoniga aloqadorligiga koʻra ikki katta guruhga ajratish mumkin.
- Butun asar davomida oʻz tasdigʻini topib boruvchi, qahramonlar hayoti va taqdirini deyarli toʻla qamrovchi tushlar.
- Syujet halqalarining maʼlum boʻgʻinlari, qahramonlar hayotining u yoki bu davriga taalluqli tushlar.
Birinchi guruhga mansub tushlarning yorqin namunasi sifatida “Goʻroʻgʻlining tugʻilishi” dostonida Shoxdorxonning koʻrgan tushini keltirish mumkin.
“Ana endi, Shoxdorxon podshodan eshiting: Shoxdorxon bir kuni yomon tush koʻrdi, tushida bir ajoyib ish koʻrdi. Shunda qurʼaandoz munajjimlarini, hukamo-taʼbirchilarini yigʻdi. Yigʻilganlarga qarab, Shoxdorxon bir soʻz aytdi:
Guburlarim bugun uxlab tush koʻrdim,
Men tushimda koʻp qabohat ish koʻrdim,
Yo bilmayman, oʻzi manglayning shoʻri,
Yovmit eldan keldi ikkita boʻri.
Kelgan boʻri, qurʼaandozlar, kim boʻldi?
Ikki boʻri togʻda ikki sheʼr kuvdi,
Sherbachchalar qoʻyga oralab qoldi,
Qoʻyimning oʻligin har yoqqa otdi.
Tutunim burnimdan chiqib ketdi.
Bu tushimning taʼbiri ne boʻldi?
Tepamdan bir lagan tillam sochildi,
Ogʻzimdan bir tolpir qushim uchildi.
Imoratim bari tep-tekis boʻldi,
Shuʼlasi olamni yop-yorugʻ qildi.
Qurʼaandozlar ayting, taʼbir na boʻldi?
Bir chinor elimdan koʻkarib ketdi,
Gʻalt urib shoxasi osmonga yetdi.
Quray, quray soyalagan kim boʻldi?
Sochlaringni tol-tol qilib taranglar,
Bu gaplarni kim koʻrgandan soʻranglar.
Tushi qursin taʼbirlari koʻp yomon,
Bu tushimning taʼbirini yoʻringlar…”[8]
Yusuf qurʼaandozning taʼbiri:
“Bilmaganing bildirayin, bilmasang,
Podshohim, maqsadga yetgin, oʻlmasang!
Bu tushingning taʼbirini aytayin,
Tagʻin-a, koʻnglingga ogʻir olmasang.
Zimiston ayrilmas togʻlarning qori,
Tushing qursin, bildim, manglayning shoʻri!
Yovmit eldan kepti ikkita boʻri:
Ikkovidan yaxshi farzandlar boʻlar,
Qoʻyingni oʻldirgan boʻri – ikkovi.
Boshlaringga necha savdolar solar,
Fuqarongning koʻngli qarolar boʻlar,
Tushingning taʼbiri shuldir, podshoyim.
Shu birovi elatingga shoh boʻlar,
Tushingning taʼbiri shuldir, podshoyim!
Tepangdan sochilgan tillang qoningdi(r),
Ogʻzingdan uchgan qush joningdi(r).
Qulagan imorat sening taningdi(r),
Tushingning, qursin, taʼbirlari shu boʻldi”.[9]
Shoxdorxon koʻrgan tushida ayon boʻlganidek, Goʻroʻgʻli tugʻilib, voyaga yetib, kuch-qudratga enib, koʻr qilingan otasi uchun Shoxdorxondan oʻch oladi.
“Yusuf va Ahmad” dostonida Goʻzalshoh koʻrgan tush ham mohiyatan Shoxdorxon tushiga uygʻun: “Ikki yoʻlbars Misr eliga kelib, Goʻzalshohga tikiladi. Yeyman, deb unga tashlanadi, tirnoqlari shohning etiga botadi. El oralab, imoratlarni buzadi. Bir chinor koʻkarib, shoxlari osmonga yetadi. Misrning odamlari chinor tagida yotadi. Yoʻlbarsning birovi chang solib, Goʻzalshohning tepasidan tillalar sochilib, qushi uchadi. Imorati tekis boʻladi. Bobo qambar: Ikki yoʻlbars – Yusuf va Ahmad, toʻkilgan tilla – qon, uchgan kush – jon, qulagan imorat – tana, yop-yorugʻ oy – oʻzim, deb taʼbir qiladi. Goʻzalshoh uni bu taʼbiri uchun zindonga tashlatadi. Doston voqealarining izchil bayonida bu tush oʻz tasdigʻini topadi. Asar oxirida Yusuf va Ahmad kelib, Bobo qambarni zindondan ozod qiladi. Goʻzalshoh magʻlub boʻladi.
Mohiyatan doston fabulasiga teng, oʻta timsoliy shaklda keluvchi bu xil tushlar asar badiiy qimmatini oshirish barobarida, epos strukturasida taqdirning roli hal qiluvchi oʻringa egaligini namoyon etuvchi yetakchi unsurlardan hisoblanadi. Odatda, ushbu guruhga aloqador tushlar doston voqealari boshidan yoki voqea rivojining avvalidan oʻrin oladi.
Ikkinchi guruh doston voqealari bayonining deyarli barcha boʻgʻinlarida, koʻpchilik holatda, voqea rivoji va soʻngida keladi. Ushbu guruhning yorqin namunasi sifatida “Alpomish” dostonining Poʻlkan va Ergash shoir variantidagi voqea yakunida Boyboʻri koʻrgan tushni keltirish mumkin: “Shunda tush koʻrganini aytib, Boyboʻribek bir soʻz dedi:
Ogʻaynilar, bugun uxlab tush koʻrdim,
Men tushimda xoʻp ajoyib ish koʻrdim.
Kashalning elidan bir shunqor uchdi,
Qultoyning oldiga parvoz qip tushdi.
Ultontozga kabob changallar soldi,
Oʻtirgan hovlisi tep-tekis boʻldi.
Qoʻngʻirotning shahari yop-yorugʻ boʻldi,
Tos tepamga ikki juft chiroq yondi.
Hamma odam atrofimga keldilar,
Men oʻzimni bir balandga oldilar.
Hamma odam qulli boʻlsin, dedilar,
Atrofimni olib turgan kim boʻldi?
Davlat bersa, yaxshi roʻmol oʻragin,
Qora zulfing gardaningga taragin.
Xobnoma kitobni olib kel, Qaldirgʻoch,
Bu tushimning taʼbirini joʻragin.
Shunda Qaldirgʻoch borib kitobni olib kelib, otasi Boyboʻrining tushini joʻrab yotibdi:
Oʻylasam, omonat bandaning joni,
Hamroh boʻlgay moʻmin qulning iymoni.
Gohi tush rahmoni, gohi shaytoni,
Tushman folning boʻlmas ekan bayoni.
Davlat bersa, balxi roʻmol oʻrayin,
Oʻlmasam, elimda davron surayin.
Aytganimga quloq soling, otajon,
Tushingizning taʼbirini joʻrayin.
Shukr, obod boʻpti Qoʻngʻirot elingiz,
Sayraydi bogʻlarda bulbulingiz.
Bir shunqor davra olib uchsa Kashaldan,
Avval kelib, Qultoy bilan koʻrishibdi,
Alhamdulloh, kelibdi yolgʻiz ulingiz.
Oqizibdi Ultontozning yoshini,
Itlarga torttirib uning goʻshini,
Kesib obdi Ultontozning boshini,
Ming martaba shukr etay xudoga,
Akajonim kepti Qoʻngʻirot elimga.[10]
Keltirilgan misoldan aniq koʻrinib turibdiki, bu guruhga mansub tushlar doston syujetining maʼlum qismi va vaqt jihatidan hodisalardan qahramonlarga tegishli maʼlumotlarni, xabarlarni ilohiy maktub sifatida yetkazishga xizmat qiladi.
Oʻzbek folklori, xususan, ertak va dostonlardagi tushlarning tabiati, oʻziga xos xususiyatlari, umumiy jihatlari ularni oʻzaro muqoyasa etganda yanada yaqqolroq namoyon boʻladi.
Jabbor ESHONQUL
“Oʻzbek folklorida tush va uning badiiy talqini” (Toshkent, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti, 2011) kitobidan.
[1] Alpomish. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi T. Mirzayev. – Toshkent: Fan, 1999. – B.144 – 145.
[2] Bobolardan qolgan naqllar. – B.60 – 61.
[3] Alpomish. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. – B.139.
[4] Koʻrsatilgan manba. – B.141.
[5] Kuntugʻmish. Doston / Aytuvchi Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Yozib oluvchi Iso Ernazar oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchi Hodi Zarifov. – Toshkent: Adabiyot va sanʼat, 1975. – B.135.
[6] Alpomish. Doston / Aytuvchi Fozil Yoʻldosh oʻgʻli. – B.148.
[7] Koʻrsatilgan manba. – B.145.
[8] Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. Doston / Aytuvchi Muhammad Jomrot oʻgʻli Poʻlkan. Nashrga tayyorlovchi Malik Murodov. – Toshkent: Badiiy adabiyot, 1967. – B.13.
[9] Goʻroʻgʻlining tugʻilishi. Doston / Aytuvchi Muhammad Jomrot oʻgʻli Poʻlkan. Nashrga tayyorlovchi Malik Murodov. – Toshkent: Badiiy adabiyot, 1967. – B.12 – 13.
[10] Alpomish. Doston / Aytuvchilar Poʻlkan shoir va Ergash Jumanbulbul oʻgʻli. Nashrga tayyorlovchilar Toʻra Mirzayev va Zubayda Husainova. – Toshkent: Yozuvchi, 1999. – B.189 – 190.
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/dostonlar-strukturasida-tushning-tutgan-orni-va-tasnifi/