“Dorilomon kunlar keldi, shafaqlari ol…”

DORILOMON KUNLAR KELDI…

 

Onaginam!

Dorilomon kunlar keldi, shafaqlari ol,

Qayon boqsang, shaylanishlar va sozlashlar tor,

Olcha gulin koʻzlaringga surtasan behol

“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.

Soʻlgʻin-soʻlgʻin lablaringdan ucharkan shu soʻz,

Otaginam xzayolimda rostlay boshlar qad.

Dorilamon kunlarga qayt, onam, yumib koʻz

Oʻksik dilda boshlanmasin desang qiyomat.

Bu tabait suyumlidir ham koʻzlari koʻr,

Goh sharobdan, goh ogʻudan qilar bizni mast.

Belginangga tirak boʻlay, onajonim, tur,

Dorilamon quyoshga boq, unga qasdma-qasd.

Yuzing ardogʻli quyoshday issiq va mahvash

Koʻzlaringda umid yonar tikilgan oni.

Qorli kunlar bilan ketsin dilingdagi gʻash,

Qizgʻish, lola rang qoplaydir bu kun dunyoni.

Bu dunyoning qir-darasin xosiyati moʻl,

Yerni yalang oyoq bossang yayraydi taning.

Yashamoq – bir tansiq taom, unga ursang qoʻl,

Borgan sari ochiladir ishtahang saning.

Bogʻlardagi yetilgusi har mevali shox

Rizqdir bizga, rizqqa doim dil ilinjlikdir.

Oʻgʻlonlaring kelar ana, ochishib quchoq,

Oʻgʻlonlaring meva qadar bir shirinlikdir.

Onaginam!

Oʻzing tortma davralardan, el chorlaganda,

“Tiriklikning bayrami”, deb sozlaganda tor.

Oʻzing soʻlgʻin lablar bilan pichirlaganday:

“Bu kunlarga yetganlar bor, yetmaganlar bor”.

 

 

ONALAR HAQIDA

 

… Enajon, uchaymi Sizga xuddi oʻq,

Enajon, yoʻl qarab koʻzlarim toldi.

– Goʻdagim, shaharga borolmayman, yoʻq,

– Togʻangning xotini qoʻzilab qoldi.

 

…Oʻgʻlimu, onamning yozgan xatlarin

Nogoh oʻqib qolib yondim, qizardim.

Bu bizning aybimiz – turgan qatlanib,

Bu mening hech kimga aytmagan dardim.

 

Umr-ku oʻtdi, bosib urush degan togʻ,

Hanuz oʻrtar bevaqt hijron solgan iz.

Nechun shu keksalik chogʻlari hatto,

Unga betashvish baxt berolmaymiz biz.

 

Soʻzda-ku yuksakdan yuksakka olib,

Chiqarib qoʻyamiz arshga ulugʻlab

Ahvol tang kelganda biz chetda qolib,

Eng mushkul hollarda nega ular daf?

 

Bellari bukilib, koʻtararkan dast,

Ezgu umidlarga yoʻQrilgan choqda

Munavvar kelajak ota-onamas,

Enalar qoʻlida yoʻlga kirmoqda.

 

Mayliga

Va lekin, doʻstlarim,

Tolgʻin chehralarga quyilsin nurlar.

Goʻdaklar bir nafas Sizlarga oʻtsin,

Bir lahza bor kir-chir, supur-sidirlar –

Tamanno kelinlar, qizlarga oʻtsin.

 

Bizlar ham toʻxtatib poygani, otni

Uni avaylaylik bir gʻanimat on.

Bor umrini bizga baxsh etgan zotni,

Bir lahza sevmoqqa topaylik imkon.

 

Bir lahza “chop-chop”u, “quv-quv”dan boʻshab,

Erk beraylik behol, shavq, ohimizga.

Bir lahza yashaylik farzandga oʻxshab,

Onamizni olib panohimizga.

 

Yoʻqsa bu norasta nido qoʻymas, yoʻq,

“…Enajon, uchaymi Sizga xuddi oʻq”…

 

 

* * *

 

Onajon, oʻtir, bir hasratlashaylik,

Men nedir aytmadim, nimadir aytdim.

Barchasin unutdim, sen-la yashaylik,

Yugurik yoʻllarda toʻxtadim, qaytdim.

 

Onam, tanhoginam, yolgʻiz oyimsan –

Umring savollardir, yakkash savollar,

Sen mening koʻkrakda ogʻriq joyimsan, –

Kechir, ololmadim uni davolab.

 

Nega, nega soʻrar koʻzlaring choʻkib,

“Nega”lar sargʻaytir rangingni kun-tun.

Soʻroqlar ostida kuz yaproq toʻkib,

Koʻklam kelaverar, QUVONCH bermas un.

 

Taʼrifi eng buyuk QUVONCHDIR – erning,

Ayol talpinarkan ming daryo kechib.

Sen oʻsha QUVONCHni urushga berding,

Oʻzing gʻamgin buyuk HASRATni quchib.

 

Eshikdan egilib QUVONCH chiqar payt,

Sim qandogʻ chidadi koʻkrak – tordagi.

Yostiqlarga toʻkkan ming dardingdan ayt, –

Ming Sogʻinchingdan ayt, yostiqlardagi.

 

Boshqasin qoʻyaver, ortiQi-kami,

Yuvsang ketadigan qoʻlning gardidir.

Eng buyuk gʻam, asli Quvonchning gʻami,

Eng tabarruk dard ham Sogʻinch dardidir.

 

Onajon, oʻtir, bir hayratlashaylik…

 

 

ONAMNING AYTGANI

 

Men-ku yerda yashaganim yoʻq,

Demasmanam Arshi aʼloda.

Kamchilik yoʻq, koʻzim-koʻnglim toʻq,

Ammo bolalarim, bola-da.

Oʻgʻlim-qizim, quyosh-oyim bor,

Oʻam siynamda ayriliq tigʻi.

Soʻng on qadar ogʻriq joyim bor,

Bu – bosh egam oʻrnin boʻshligi.

 

 

“ONAM XUSUSIDA QAYGʻULARIM”DAN

 

Boshimdan falokat toshi toʻkildi,

Menga koʻp narsani uqtirdi bu gʻam.

Meni-ku bilmayman, meni ne qildi,

Onamni tamoman choʻktirdi bu gʻam.

 

Bilmam, qay kuch bilan bu gʻamni chekdim,

Qandogʻam chidadim oʻtmas tigʻiga,

Sochim, tish, koʻrklarim ketdi, koʻnikdim,

Koʻnmasman onamning ketmoqligiga.

 

Oh desam ohlarim, oqqay, eshilgay,

Ollohim, sen qodir, men kamni qutqar!

Men deb gʻam oʻqidan koʻksi teshilgan

Choʻkib borayotgan kemamni qutqar!

 

 

ONALARIMIZ

 

Oy nimadir, bizlar oy edik,

Sohib aql, hur chiroy edik.

Hammadan tik, qaytmas boy edik,

Toki tirik, toki xiromon –

Choʻlpon ekan onalarimiz.

 

Oʻq oʻtmasdi koʻkragimizdan,

Yovlarimiz kelmasdi tizdan,

Isinardik oʻt yoqib muzdan,

Toki tirik oʻlim bilmas jon,

Qalqon ekan onalarimiz.

 

Chang solmasdi yovuz qashqir, bars,

Raqiblaram chiyaboʻri tarz,

Yurak sinmas, ketmas edi darz,

Toki tirik, yovga beomon

Qoʻrgʻon ekan onalarimiz.

 

Voh boshlandi qoʻrgʻonsiz kunlar,

Ichga urdi oʻt, izgʻirinlar.

Kimda qasos, kimdadir kinlar,

Bilmay qoldik, qay sabab, qachon

Har yon tarqab ketdik barimiz.

 

Oy nimadir, bizlar oy edik.

Choʻlpon ekan onalarimiz,

Qalqon ekan onalarimiz,

Qoʻrgʻon ekan onalarimiz…

 

 

ONAM XOTIRASIGA

 

Onam Qarshigul Xonnazar qizi xotirasiga

 

Qandogʻ ekan Boyovutning shamollari,

Sogʻinchimni qabringizga yetkazarmi?

Boyovutning yangi teragu tollari,

Bu Sogʻinchni taniydimi, oʻtkazarmi?

 

Otam qurgan oʻsha hovli, oʻsha uylar,

Siz ketgach, soʻng oʻh-hoʻ-oʻ… yomon huvilladi.

Oʻychan shotut. Moʻltiragan qoʻzi-qoʻylar,

Xomush Sizni izlaganday tuyuladi.

 

Oʻchoq-tandir bari Sizni esga solar,

Eslatadi xazonrezgi, barg uyumi.

Yerga qarab “uh” tortadi qoʻshni chollar

“Qarshigulday kampir qaytib keladimi?”

 

Kelmaysizmi, ketmaydirmi koʻzimdan nam,

Endi diydor qiyomatga qoldimi lol?

Endi yotgan joyingizni men silasam,

Qabringizni silab-silab kelar shamol.

 

Qandogʻ ekan Boyovutning shamollari…

 

 

ONAM YODI

 

Bolaligim. Avji saraton.

Dala. Togʻu toshlar kuymakda.

Onam ishga otlanadi tong,

Rangi oʻngib ketgan koʻylakda.

 

Naq taqimda sochini sochib,

Boyovutning shamoli sangʻir.

Vafo qildi birgina sochi,

Eplay olmay roʻmolda tangʻir.

 

Borar baland boʻyli, kulcha yuz,

Boʻy-boʻy juvon, sirli siyoqda.

Suyolmadik uni qilcha biz,

Xudo suysin endi u yoqda.

 

Eshitaman tovushlarini,

Borar jannat malaklariday,

Tuproq toʻla kovushlari-yu,

Rangi oʻngan koʻylaklarida…

 

Halima XUDOYBERDIYEVA

https://saviya.uz/ijod/nazm/dorilomon-kunlar-keldi-shafaqlari-ol/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x