Diyonat

Diyonat alloh huzurina yaqin qiladurgan muqaddas eʼtiqoddurki, olamda mundan suyukli narsa yoʻqdur Din va eʼtiqodi salomat boʻlmagan kishilar haqni botildan, foydani zarardan, oqni qoradan, yaxshini yomondan ayira olmas, munday kishilardan na oʻziga va na boshqa kishilarga, va na millatga tariqcha foyda yoʻqdur. Din janobi Haq tarafidan bandalari uchun qurilmish toʻgʻri yoʻldurki, banda dunyo va oxiratda bu yoʻl ila sohili salomatga chiqar. Din ulamolari diniy kitoblarda Alloh taologa ibodat qilishning yoʻl va qoidalarini bayon qilmishlar. Ibodat ikki turli boʻladur: Biri tan ibodati, ikkinchisi ruh ibodati. Tan ibodati tahorat, namoz, roʻza, zakot, haj kabi amallardurki, bularning har birini oʻz vaqtida shariatga muvofiq ravishda minnat qilmasdan, riyo qilmasdan dilni poklab, niyatni xolis qilub, shavq va zavq ila ado qilmoq lozimdur. Ruh ibodati qalb ila ado qilinadurgan ibodatdurki, eʼtiqodni mahkam, dilni pok qilub, Qurʼon, Hadis, fiqh kabi diniy kitoblar oqilganda jon qulogʻi ila tinglab asarlanmakdur. Bir kishi tan ibodatini qilub, ruh ibodatini qilmasa, yo ruh ibodatini qilib, tan ibodatini qilmasa oʻz vazifasini ado qilmagan boʻladur. Aql din ila, din amal ila, amal taqvo ila kamol topar. Din insonlarning dilidan saxovat, marhamat, shafqat, ulfat, muruvvat eshiklarini ochub, saodat va salomat boʻstoniga olib borur. Rasuli akram nabiyyi muhtaram sallollohu alayhi vasallam afandimiz: “Allohni koʻz oldingda koʻrub turgandek ibodat qil, zeroki, san oni koʻrmasang ham, albatta, Ul sani koʻradur, nafsingni oʻlgan hisob et”, – demishlar.

  

BAYT

Pok qilgil diningni, imoningni,

Qul huvar-rahmon omanno bih.

Diningni yoqmasun havas zinhor,

Va qino rabbano azoban-nor.

 

Abdulla AVLONIY

 

“Turkiy Guliston yoxud axloq” kitobidan

https://saviya.uz/ijod/nasr/diyonat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x