FONIY
* * *
Dil ketib koʻyingga, jism undan nishon qolgusidir,
Qushki parvoz etsa, undan oshyon qolgusidir.
Men Vatandan ayrilib, ovvoraman koʻying aro,
Xonumon qoʻldan ketib, bexonumon qolgusidir.
Hajrida oʻlsam-da, qatlim qasdidadir u hanuz,
Ketdi jon, jonon dilida lek gumon qolgusidir.
Boʻlsin oziq deb iting oldiga oʻzni tashlasam,
Shodman, garchi tanimdan ustuxon qolgusidir.
Koʻrgali ojizligimni eshigingga sol nazar:
Boshi ostonangda yotgan notavon qolgusidir.
Sarv qaddingning xayoli xam bu jismimga aso,
Keksa boshimda muhabbat navqiron qolgusidir.
Doʻstu yordan ayrilib Foniy bu yoʻqlik dashtida,
Ojiz itdek korvondan begumon qolgusidir.
* * *
Kunduzi hajring gʻamidan oshdi ranju kulfatim,
Qolmadi tunlarda nola aylamoqqa quvvatim.
Dil boʻlar betoqat oʻzim koʻrganimda yuzini,
Oʻzgalarning koʻrganiga qanday yetsin toqatim.
Husniga hayronligim boʻlgan bilan haddan ziyod,
Husnidan koʻp bu qadar oshiqligimga hayratim.
“Bir koʻrib yuzini, – dersan, – qolmadi nega hushim”,
Ixtiyorim yoʻq oʻzimda, bu qadimiy odatim.
Kechalar ishq dogʻi koʻp koʻnglimni kuydirgan edi,
Bu kecha kuydirdi qattiq ammo dogʻi furqatim.
Yaxshi eldan menga vahshiyi biyobon suhbati,
Boʻldim-yey, vahshiy umrdan borligiga vahshatim.
Koʻrdim inson ahlidan koʻp noinsonlik, yetar,
Boʻlsa-da koʻzdek yaqin, noxush ular-la suhbatim.
Soqiyo, baxsh et hayot menga tutib bir jom sharob,
Yuksalishga to falak avjiga moyil himmatim.
Bevafodirlar zamon ahliyu men ahli vafo,
Foniyo, bas, qandayin boʻlsin ularga nisbatim.
* * *
Bir koʻngil yoʻqki, koʻzining jabridan bemor emas,
Yoki koʻzki, dil gʻamidan to sahar bedor emas.
Gar falak haddan ziyod jabru jafo aylar, biroq,
Koʻngli qattiq yor kabi jabru jafosi bor emas.
Vasli xoslarga nasib, gʻam kunjiyu koʻnglim qushi,
Bor ekan vayrona, boyqushga makon gulzor emas.
Ishq aro Farhodu Majnunga mening yoʻq nisbatim,
Chunki aql ahli bilan devonalar hamkor emas.
Kechalar hijron azobi ishqidan bezdirsa ham,
Qilmishimdan to sahar ish gʻayri istigʻfor emas.
Soʻrma mendan zuhdu dinni, gʻam ipi boʻynimdadir,
Bil, bu, ey mayxona rindi, rishtai zunnor emas.
Ey raqib, yoʻq boʻldi Foniy koʻyida tortib jafo,
Tort qoʻlingni, endi u avvalgidek hushyor emas.
* * *
Boʻlsa bir olamki, unda ahli olam boʻlmasa,
Ahli olamning jafoyu jabridan gʻam boʻlmasa.
Hech asirlar ashkidan oʻlim toʻfoni kunduzi,
Hech gʻariblar ohidan tunlarda motam boʻlmasa.
Hech falak bedodidan dillararo ming bir alam,
Hech sitam shamshiridan ming bir yara ham boʻlmasa.
Hech parilar ahlidan noodamiylik shevasi,
Hech kishida ajdaho feʼli mujassam boʻlmasa.
Bu havas roʻyobga chiqsin, ey koʻngil, mayxona bor,
Unda yoʻq bir koʻhna sopolki, Jomi Jam boʻlmasa.
Quy qizil mayni, safosidan bu feruza falak,
Ostin-ustun boʻlsa-da, soz ishrating kam boʻlmasa.
U falakning jomi boʻlsa-da, simir oxirgacha,
Yaxshi doʻzaxning tubidek ostida nam boʻlmasa.
Xotiringdan yaxshiyu yomon gʻami boʻlsa unut,
Koshki gʻam hatto tasavvuringda bir dam boʻlmasa.
Olam ahvolini oʻylab, chekma gʻam Foniy sira,
Bir muammo yoʻqki, aql ahliga mubham boʻlmasa.
* * *
Men yana mugʻ dayriga ohu figʻon keltirdim-yey,
Dodga ohimdan jahonni begumon keltirdim-yey.
Oʻtparastlik qoʻl-oyogʻin bogʻlabon zunnor bilan
Tavba aylab, oʻzni mugʻ dayri tomon keltirdim-yey.
Qil bu rasvoga nima istar esang, ey mugʻbacha,
Senga mos koʻyga solib dilni buyon keltirdim-yey.
Dayr piri lutfi ortiqdir gunohimdan mening,
Bosh urib poyiga, aybimga imon keltirdim-yey.
Tut qadahni toʻldirib, sharmandalikning zoʻridan,
Xam etib boshimni, soqiy, bu zamon keltirdim-yey.
Nom-nishondan garchi ozodman, muhabbat dogʻidan
Men jigarga benishonlikdan nishon keltirdim-yey.
Dayr piri sevgi sirini yoyib boʻlmas, dedi,
Qanday aytay, Foniyo, yuz doston keltirdim-yey.
Fors-tojikchadan Ergash OCHILOV tarjimasi
“Sharq yulduzi”, 2012–3
https://saviya.uz/ijod/nazm/dilni-buyon-keltirdim-ey/