Dilmurod Quronov (1960)

1960 yilda Oʻsh viloyatida tugʻilgan. 1987 yilda Andijon Davlat tillar pedagogika institutini “Rus tili va adabiyoti, ona tili va adabiyoti oʻqituvchisi” ixtisosi boʻyicha imtiyozli tamomlagan.

Olim adabiyotshunoslikning dolzarb muammolariga bagʻishlangan ilmiy izlanishlari natijalariga koʻra Oʻzbekiston Milliy universitetida 1993 yili “Choʻlponning “Kecha va kunduz” romanida xarakterlar psixologizmi” mavzusida nomzodlik va 1998 yili “Choʻlpon poyetikasi (nasriy asarlari asosida)” mavzusida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan. 1995 yilda dotsent, 2012 yilda professor unvonini olgan.

Dilmurod Quronov ilmiy faoliyati davomida 3 ta monografiya, 2 ta darslik, 1 ta adabiyotshunoslikka oid lugʻat, 3 ta oʻquv qoʻllanma chop ettirgan. 3 ta amaliy loyihaga ilmiy rahbarlik qilgan. Respublika matbuotida 90 dan ziyod ilmiy maqola eʼlon qilgan.

Dilmurod Quronovning oʻzbek adabiyotshunosligining dolzarb masalalariga bagʻishlangan “Ruhiy dunyo tahlili”, “Choʻlpon: hayoti va ijodiy merosi”, “Istiqlol dardi. Choʻlponning ijtimoiy-siyosiy qarashlari tadriji”, “Choʻlpon nasri poyetikasi”, “Adabiyotshunoslikka kirish”, “Gʻarb adabiy tanqidiy tafakkuri tarixi ocherklari”, “Adabiyotshunoslik lugʻati”, “Adabiy jarayonda “Mom sindromi”, “Mutolaa va idrok mashqlari”, “Zavqimdan bir shingil”, “Talqin imkonlari”, “Adabiy oʻylar”, “Nazariy qaydlar”, “Adabiyot va b. haqida” nomli kitoblari chop etilgan. 2018 yilda “Adabiyot nazariyasi asoslari” nomli darsligi chop etilgan, mazkur darslik Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi tomonidan oliy oʻquv yurtlari filologiya fakultetlarida foydalanish uchun tavsiya etilgan. Shuningdek, D. Quronov tarjimasidagi Ezop masallari alohida kitob holida uch qayta chop etilgan.

Uning ilmiy rahbarligi va maslahatchiligida 1 ta fan nomzodi, filologiya fanlari boʻyicha 4 ta falsafa doktori va 1 ta fan doktori dissertatsiyalari muvaffaqiyatli himoya qilingan. Hozirda uning ilmiy rahbarligida 3 ta falsafa doktorligi va ilmiy maslahatchiligida 1 ta fan doktorlik dissertatsiyasi tayyorlanmoqda. Shuningdek, filologiya sohasi boʻyicha Ilmiy kengashlar aʼzosi sifatida faoliyat yuritmoqda.

Olim Choʻlpon asarlarini nashrga tayyorlab chop etish ishlarida ham faol qatnashgan. Jumladan, 1994 yilda Choʻlpon 3 jildlik asarlari toʻplamining 2-jildini nashrga tayyorlagan, uni izohlar bilan taʼminlagan. Shu yili “Adabiyot nadir?” toʻplamini nashrga tayyorlashda qatnashgan. 1997 yilda Andijon viloyati Choʻlpon jamgʻarmasi tashkil qilinganidan buyon jamgʻarmaning bosh mutaxassisi vazifasida faoliyat koʻrsatib kelmoqda. 2016 yilda 4 jildlik Choʻlpon asarlari toʻplamini nashrga tayyorlash va chop ettirish boʻyicha guruhga rahbarlik qilgan hamda ushbu jildlikning 2-jildini nashrga tayyorlab, izohlar bilan taʼminlagan.

Dilmurod Quronov tashabbusi bilan 2009 yilda “Ilmiy xabarnoma” jurnali tashkil qilingan. Olim hozirda mazkur jurnalning bosh muharriri lavozimida ishlab kelmoqda.

Olim filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi, professor ilmiy unvoniga ega.

Dilmurod Quronovning ilmiy-ijodiy asarlari, fikrlari bilan quronov.uz saytida kengroq tanishishingiz mumkin.

https://saviya.uz/hayot/tarjimai-hol/dilmurod-quronov/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x