“Devonu lugʻotit-turk” qanday topilgan edi?

Noyob qoʻlyozmani oltinga almashmagan inson haqida

2018 yilning 5 may kuni Oʻzbekiston milliy kutubxonasida Turkiyaning Otaturk xalqaro universiteti dotsenti, taniqli turkiyshunos olim, adabiyotshunos va tarjimon, doktor Huseyn Baydemir bilan uchrashuv boʻldi. Husayn afandi shu qadar taʼsirchan shaklda bir hikoya aytdiki, uni salkam bir soat hech kim quloq qoqmay tingladi. Jumladan, men ham. Taassurotlarim zoʻr edi, afsuski, qogʻozga quruq-behis tushdi. Hech boʻlmasa, esdalik sifatida qadrli boʻlar, degan niyatda sizlarga ham ilindim.

 

Xastalik

1857 yil Turkiyaning Diyoribakr kentida bir bolakay tugʻildi. Unga Ali deb ism berishdi. Esini tanigani chogʻdan u bir xastalikka – “mutolaa xastaligi”ga chalindi. Bola ulgʻaygani sari “xastalik” ham kuchaya bordi. Bir vaqt keldi – oʻsmirning koʻzlari xira tortdi, koʻrishi qiyin boʻlib qoldi. Unga tashxis qoʻygan tabiblar “Bordi-yu oʻgʻlingiz kitob oʻqishni toʻxtatmasa, butunlay koʻrmay qoladi”, deya qatʼiy ogohlantirdi. Ammo Ali Amiriyga bu soʻzlar zarracha kor qilmadi.

Tashvishga tushgan oilaboshilari oʻylay-oʻylay bir chora topishdi. Shaharda mato doʻkoni ochib, uning savdo-sotigʻini Ali Amiriyga topshirishdi.

Shundan soʻng taxminan mana bunday manzara hosil boʻldi:

Doʻkonga xaridor kirib, matoning narxini soʻraydi. Sotuvchi oʻrnidagi Ali Amiriy shunday javob qiladi: “Matoning metri falon lira, anavi yerdan gazni oling-da, oʻlchab, pulini qoʻyib ketavering”. Oʻzi esa otasidan bekitgan kitobini oʻqishda davom etadi… Bu xil savdo-sotiqda baraka boʻlganini koʻrgan bormi? Olti oyda Ali Amiriy doʻkoni kasodga uchraydi.

Oilaboshilari yana mashvarat oʻtkazadi va ulgʻayib qolgan Ali Amiriyni biror davlat idorasiga ishga joylashtirish qaroriga keldi. Zora, shundan soʻng uning “xastaligi” ortda qolsa – mutolaadan chalgʻisa.

Ali Amiriy esa shu qadar ogʻir “xasta” ediki, yangi ishidan ham shu yoʻlda foydalanadi. U nima qiladi? Diyoribakrdagi bor kitobni oʻqib boʻlgan Ali Amiriy oʻzini boshqa shaharga ishga joʻnatishlarini iltimos qildi. Oʻttiz yoshlardagi Ali Amiriy Arzirum shahriga bordi. Ham ishini qildi, ham kitobini oʻqidi. Ikki-uch yilda bu shaharda ham u oʻqimagan kitob qolmadi. Shundan soʻng Ali Amiriy tagʻin boshqa shaharga ishga tayinlashlarini soʻradi.

 

Kitoblar “oilasi”

1908 yillarda Ali Amiriy Istanbulga keldi.

Bu vaqtda yoshi ellikdan oshgan kitob ishqibozi na oila qurgan, na mol-davlat orttirgan, aksincha, topgan-tutganiga kitob olish odatini kanda qilmasdi. Uyidagi kutubxonasida 16 mingta kitob yigʻilgan, shuning 4 yarim mingi noyob qoʻlyozma edi.

Ali Amiriy esa hamon boʻsh qoldi deguncha kitob doʻkonlarini aylanar, notanish kitob topsa, xarid qilmaguncha tinchimasdi. Shu bois ham shahardagi barcha sahhof bu kitob ishqibozini yaxshi tanir, qoʻllariga ilingan noyob kitoblarni avval unga koʻrsatib olishardi.

1910 yilning bahor kunlaridan birida Ali Amiriy yana kitob doʻkonlarini aylanadi. Bir vaqt Burhon ismli sahhofni doʻkoniga chorlaydi. Uning qoʻlida arab imlosida bitilgan, muqovalari barmoq qalinligidagi qoʻlyozma bor edi. Ali Amiriy sinchkovlik bilan koʻzdan kechiradi. Qoʻlyozmaning varaqlari almashgan, yirtilgan, oʻchgan – qanday asarligini dabdurustdan anglab boʻlmasdi. Sahhofga uch lira bergan Ali Amiriy qoʻlyozmani yolgʻiz shogirdi Rifatga koʻrsatmoq, agar sotib olishga arzisa, sahhofga qoʻshimcha haq toʻlamoqqa qaror qildi.

Ustoz-shogird ikki kun qoʻlyozma sahifalariga tartib berishdi. Maʼlum boʻldiki…

Shu vaqtga qadar ilm ahli orasida Mahmud Koshgʻariyning “Devonu lugʻotit-turk” asari mashhur boʻlsa-da, uning nomigina bor, jismi yoʻq edi. Umrini kitobga bagʻishlagan Ali Amiriy afandi haqli ravishda oʻsha jismi nomaʼlum qoʻlyozmani qoʻlga kiritib turgan edi!

Hikoya shu bilan tugabdi-da, deysizmi? Aslo! Qizigʻi shundan soʻng boshlanadi.

 

Allada aziz qoʻlyozma

Tirnoqqa zor kishi ellikdan soʻng farzand koʻrsa, zurriyotini yeru koʻkka ishonmaydi. Ali Amiriy uchun ham “Devonu lugʻotit-turk” ana shunday arzanda boʻlib qoladi. Qoʻlyozmani hech kimga bermaydi, berish ne – koʻrsatmaydi ham.

Bir oqshom Ali Amiriyning kulbasi eshigi taqillaydi.

– Kimsiz?

– Ziyo Koʻkalpman.

– Xizmat?

– Mahmud Koshgʻariyning noyob asarini bir borgina koʻrsam degandim…

– Yoʻq!

Oradan bir kun oʻtadi. Tagʻin Ali Amiriy afandining eshigi taqillaydi.

– Kim?

– Afandim, – yana Ziyo Koʻkalpning ovozi eshitiladi. – Imkon bering, oʻsha asarni bir borgina dunyo koʻzi bilan koʻray…

– Yoʻq!

“Yoʻq!” Bu qatʼiy soʻz kimlarga aytildi ekan yana? Axir, ziyoliman degani borki, hammasining orzusi edi oʻsha qoʻlyozma!

Hatto, bosh vazirga ham “Yoʻq!”

Chorasiz qolgan Ziyo Koʻkalp oʻsha vaqtdagi Turkiya bosh vaziri Talʼat poshoning huzuriga borib, boʻlgan voqeadan xabardor qiladi.

– “Devonu lugʻotit-turk” topildimi? – hayratlandi bosh vazir.

– Bir hafta boʻldi topilganiga.

– Nega biz bexabarmiz? – bosh vazir baribir bosh vazir-da!

– Qoʻlyozma sohibi uni hech kimga koʻrsatmayapti.

Bosh vazir Ziyo Koʻkalpni ergashtirib, yoʻlga tushadi. Yana Ali Amiriyning kulbasi eshigi taqillaydi.

– Kim?

– Men Turkiya bosh vaziriman. Noyob qoʻlyozmani bir koʻrish orzusidamiz.

– Yoʻq!

Muddaosiga erisholmay ortiga qaytgan Talʼat posho boshqa yoʻlga oʻtadi. Ali Amiriy iftorlikka chaqirilib, uning sharafiga ziyofatlar beriladi, koʻngil ovlash boshlanadi. Oqibat maqsadga oʻtilib, “Devonu lugʻotit-turk” maʼrifatidan boshqalarni ham bahramand etishga izn soʻraladi.

Ali Amiriy bir shart bilan rozi boʻladi. “Bul shart shundan iboratkim, qoʻlyozmani faqat shogirdim Rifatga ishonaman. Faqatgina Rifat asarni tarjima qiladi”.

Shart qabul qilinadi. Xazinaga teng qoʻlyozma ustida Rifat afandi ish boshlaydi. Ammo yangi tashvish tugʻiladi. Asarning toʻgʻri-yu egri ishqibozlari koʻpaydi, uni qanday asrash mumkin? Rifat afandi uyidagi hamma odamlarni bir roʻyxatga tirkaydi: yigirma kishi. Devorga mix qoqiladi va unga asar ilinadi. Yonida esa bir kishi uzluksiz poyloqchilik qiladi. Yigirma toʻrt soat!

 

Asl aynimaydi

Bu orada Ali Amiriyning eshigi yana taqillaydi. Kelgan kishi Mojoriston (Vengriya) fanlar akademiyasi elchisi ekan. “Devonu lugʻotit-turk”ka xaridor boʻlib kelgan bu odam qoʻlyozma evaziga 10 ming oltin vaʼda qiladi.

Ali Amiriyning javobi shunday boʻladi:

– Millatning madaniyatini sotish xoinlikdir.

Yana bir oqshom eshik tagʻin taqillaydi. Kelgan kimsa Fransiya milliy kutubxonasi vakili edi. U qoʻlyozma uchun nimalar vaʼda qiladi? Mashhur Parij shahrida rosmana qasr; Fransiya milliy kutubxonasining qoʻlyozma joylashtirilgan boʻlimiga “Ali Amiriy” otini berish; umrining oxirigacha har oylik maosh… va uning miqdorini Ali Amiriyning oʻziga belgilatish huquqi; Ali Amiriyning xizmati uchun xizmatchilar.

Bu galgi javob mazmunan avvalgi javobning davomi boʻlib yangraydi:

– Men vatan xoini emasman! Daf boʻling!

 

Dunyoda yagona sadaqa

Bu orada Turkiya hukumati ham Ali Amiriy xizmatini taqdirlamoqqa ahd qiladi. Biroq Talʼat posho nomidan kelgan 300 oltinni Ali Amiriy afandi qabul qilmaydi.

– Istanbul tegrasida nochorlar bor, – deydi Ali Amiriy. – Ular nonga zor boʻlganida bu oltinlarni yemoq men uchun haromdir.

Shundan soʻng oltinlar “Devonu lugʻotit-turk” sadaqasi” nomi bilan istanbullik muhtojlarga tortiq qilinadi. Holbuki, dunyoda bir asar nomi bilan tarqatilgan sadaqa-xayriya oʻsha vaqtga qadar kuzatilmagan ekan!

Bu orada Ali Amiriyning umr shomi yaqinlashadi. Oʻn minglab kitob va ularning jamidan ham ziyod noyob qoʻlyozma taqdiri nima boʻladi ertaga? Bu savol Ali Amiriyni hukumatga murojaat qilishga undaydi: “Menga bir bino ajrating, barcha kitoblarimni, “Devonu lugʻotit-turk”ni ham millatimga hadya etaman!”

– Bugun “Devonu lugʻotit-turk”ning oʻsha yakka-yagona nusxasi – Istanbuldagi Millat kutubxonasida saqlanadi, – deb hikoyasini yakunladi doktor Huseyn Baydemir.

 

Otabek MUHAMMADIY

qogʻozga tushirdi.

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/devonu-lugotit-turk-qanday-topilgan-edi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x