Dengiz boʻyida

Andrey TIMOFEYeV

 

Qrimga toʻydan keyingi sayohatga kelgan yosh juftlik Sevastopoldan Yaltaga olib boradigan ulov kutishardi, u yerda ular ikki hafta dam olishni rejalashtirishgan edi. Yoshlar bor-yoʻgʻi olti oydan beri tanish boʻlib, hayotiga kirib kelgan yangi oʻzgarishlarga hali uncha koʻnikishmagan, har bir erka intilish esa ularga koʻp narsalarni hadya etardi. Tiniq va ochiq havoda xuddi yorqin fotosuratdagidek vokzalning bahaybat binosi, noodatiy sershox janub daraxtlari koʻzga tashlanardi.

Olya oxirgi kunlarda nihoyatda koʻtarinki kayfiyatda edi. Uning oʻylashicha, toʻydan keyingi hayot umuman boshqacha boʻlishi kerak, tasavvurida bu hayot faqat zavqu shavqdan iborat, ammo shu bilan birga oʻta muhim va qatʼiyatli edi. Kichkina bolalarni koʻrganda mehri qoʻzgʻar, u har bir bola qiyofasida Maksimni koʻrayotgandek boʻlar, goʻyoki oʻzi ham yosh bolaga aylanib qolgandek. Olyaga Maksimning bosiq va jiddiyligi yoqardi, bir vaqtning oʻzida bu unga quvonch ulashardi, ayniqsa, bugun ertalab Maksimning oʻzi unga bolalar kajavasini koʻrsata turib oʻtkir tovushiga muloyim va mayin urgʻu berdi-da: “Qara, qizaloq”, dedi.

Ular bekatda bir-birlaridan ozgina uzoqlikda turishar, negaki, havo haddan ziyod issiq va bir-birlarining qaynoq tanasidan taralayotgan issiqlik ham ular uchun ortiqcha edi goʻyo. Olya toliqdi. Butun kun davomida ular Sevastopol boʻylab yurishdi. Maksim borishlari mumkin boʻlgan manzillarning xaritasini miyasida pishitib qoʻygan edi, shundan boʻlsa kerak, ular diqqatga sazovor joylarning barini koʻrishga ulgurishdi, shu bois ham Olya Maksimdan minnatdor boʻldi. Bundan buyon nima qilish, qayerga borish kerakligi toʻgʻrisida faqat Maksim oʻylab, qaror chiqarayotgani Olyaga maʼqul keldi. Uning baribir tezroq marshrutkaga oʻtirgisi, yolgʻiz qolib, butun oʻy-xayollarini tahlil qilgancha, fikrlarini aniqlashtirib olgisi keldi.

Marshrutka ichini benzin hidi tutib ketgandi. Olya boshini oynaga tekkizdi va shu zahoti oynaning asabiy zirillashini his qildi. Maksim u bilan yonma-yon oʻtirar, xuddi rafiqasi yonida ekanligiga ishonch hosil qilmoqchidek, tez-tez unga qarab qoʻyardi. Atrofdagi odamlar boshlarini egganlaricha, jaziramaga chidab borishardi. Oxirgi oʻrindiqlarda oʻtirgan kavkazlik uch oʻsmir baland va mast ovozda soʻkinib borishardi.

Ularning dastidan Olya noqulay ahvolda qoldi, allaqanday yengil tashvish xayollariga butkul koʻmilishga xalaqit berardi, ammo sekin-asta orzular girdobi uni oʻz ogʻushiga torta boshladi. Axir, insonning ichki olami tinch va osuda boʻlsa, tashqi dunyo kishini chalgʻita olarmidi? Olya kun botib, kech tushishini, sevgilisi bilan plyajga borishlarini, yoqimli dengiz suvining iliq haroratini his qilishlarini orziqib xayolidan oʻtkazardi.

Toʻsatdan kimdir uning qoʻlini turtib yubordi va Olya choʻchib tushdi.

– Oʻzingizni tutsangiz boʻlmaydimi? – degan kimningdir baland ovozini eshitdi, soʻng birdan Maksimning oʻrnidan turib ketishi va lablari titragani uni hayron qoldirdi.

Kavkazliklardan birining ogʻzidan buruqsab aroq hidi kelib turardi.

– Xotinimning yonida soʻkinishni bas qiling, – nafrat bilan qichqirdi unga qarab Maksim. Olya eriga ajablanib qaradi, u hech qachon Maksimning bu qadar qattiq ovozda baqirganini eshitmagandi, shuning uchun qoʻrquvdan oʻrindiqqa yopishib qolganday boʻldi.

Erkaklardan kimdir Maksimning yonini oldi. Oldinda oʻtirgan keksaroq ayol ham uni qoʻllab-quvvatladi. Ammo endi erining gʻayritabiiy va ayni damda begona ovozidan boshqa narsa Olyaning qulogʻiga kirmas edi.

Nihoyat, haydovchi mashinani toʻxtatib, bunday shovqin boʻlaversa, joyidan siljimasligini aytdi. Kavkazlik yoshlar jim boʻlishdi, faqat ora-sira ularning norozi pichirlashlari eshitilardi. Butkul jimlik choʻkkandan keyingina mashinaning shovqin bilan joyidan jilgani eshitildi va tutun hidi dimoqqa urildi. Maksim oʻrniga oʻtirarkan, koʻngli joyiga tushib, xotinini quchdi:

– Bunaqalarni shu yoʻsinda tarbiyalash kerak.

Erining quchishidan Olya isib ketib, yon tomonga oʻgirilib oldi. Oʻzini boʻgʻilib ketayotgandek his qildi. Goʻyoki uni mana shu biqiq joyga qamab qoʻyishganu, endi va hech qachon ozodlikka chiqolmaydigandek tuyuldi unga. U erining feʼl-atvoridan mutlaqo bexabar ekanini oʻylab, siqildi, xuddi chuqur quduqqa bemaqsad tikilib turganday his qildi oʻzini. Vaqt juda sekin oʻtardi, qiz esa asta-sekinlik bilan maʼnosiz va shuursiz holda qotib qolayotgandek edi goʻyo.

Yaltaga ular kechga yaqin yetib kelishdi. Marshrutka plyaj yaqinidagi yoʻl chekkasida toʻxtadi. Maksim juda shoshilardi, chunki qorongʻi tushguniga qadar u tunash uchun mos joy topishi kerak edi, biroq Olya uni eshitmasdi. Uning qulogʻi shangʻillar, goʻyoki quloqlari ostida oynalar zirillayotgandek boʻlardi. Ular plyaj yoqalab ketishdi. Atrofda rang-barang soyabonlar, yengil oʻrindiqlar, qumli qirgʻoqda begʻam-betashvish yastanib olgan odamlar koʻzga tashlanardi. Kabob va tutun hidi dimoqqa urilardi.

Olya boʻlsa ayni damda nomaʼlum shaharda, uyidan yuzlab chaqirim olisda, oʻzi hali durustroq tanishga ulgurmagan, deyarli begona boʻlgan odam bilan yolgʻiz qolganini oʻylab, qoʻrqib ketdi. U parishonxotirlik bilan atrofga alanglar va mudroq holda indamay erining izidan borardi. Uning kelajak hayoti xuddi mana shu, roʻparada yastanib yotgan vahimali kechki dengiz misoli poyonsiz bir boʻshliqday koʻrindi.

 

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi

 

qashqadaryogz.uz

https://saviya.uz/ijod/nasr/dengiz-boyida/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x