Davlat dasturi: xorijiy oliygohlarga oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshiriladi

Bizni telegram orqali ham kuzatishingiz mumkin Kanalga obuna bo’lish

Prezidentimiz “Yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi toʻgʻrisida»gi farmonni imzoladi.

Mazkur dastur davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasida aks etgan asosiy gʻoya va takliflar hamda 2017-2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida belgilangan asosiy vazifalar asosida ishlab chiqilgan.
Hujjatda yurtboshimiz ilgari surayotgan tashabbuslar, amalga oshirayotgan keng koʻlamli islohotlar, taʼlim-tarbiya jarayonini tubdan isloh qilish bugungi kunning dolzarb masalasi sifatida eʼtirof etilar ekan, bu oʻz navbatida, pedagog kadrlar zimmasiga ilmu maʼrifatli kelajak avlodni tarbiyalashdek ulkan masʼuliyatni yuklaydi. Xususan, taʼlim-tarbiyani rivojlantirish, sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy gʻoyamizning asosiy ustunlari boʻlishi lozimligiga alohida urgʻu bergan holda, oliy taʼlim tizimida quyidagi masalalarga eʼtibor qaratildi.
Birinchidan, oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida eng yuqori ball toʻplagan 200 nafar yoshlar uchun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti granti joriy etiladi.
Ikkinchidan, oliy taʼlimga ajratiladigan davlat grantlari soni 25 foizga hamda ehtiyojmand oilalar farzandi boʻlgan xotin-qizlar uchun davlat grantlari soni 2 baravarga oshiriladi.
Uchinchidan, xususiy oliy taʼlim muassasalarida mutaxassislarni tayyorlashga davlat granti berish tizimi joriy etiladi.
Bu boradagi yangiliklar nafaqat yoshlarning taʼlim bilan qamrovi darajasini oshirish, balki gender tengligini taʼminlagan holda, intiluvchan, zehni oʻtkir qizlarimizga taʼlim olish imkoniyatini yaratadi. Chunki ayol kishining bilimli boʻlishi farzandlarning taʼlim-tarbiyasi, jismoniy va maʼnaviy kamolligiga katta taʼsir oʻtkazadi.
Yana bir yangilik shuki, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi orqali nufuzli xorijiy oliygohlarning magistratura va doktoranturasida oʻqishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilyapti. Qolaversa, nufuzli xorijiy oliy taʼlim, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan hamkorlik qilish, ulardan olingan bilimlarni mamlakatimiz ravnaqi uchun qoʻllashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Davlat dasturida joriy yilda 22 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti binolari, 31 ta yangi maktab va 16 ta oliy taʼlim muassasalari obyektlarini qurish ishlarini amalga oshirish ham belgilandi. Bularning barchasi zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalashga qaratilgan, desak ayni haqiqat boʻladi.
Xulosa qilib aytganda, bugun yoshlar xalqimizning boy maʼnaviy-maʼrifiy merosini, zukkoligi, mehnatsevarlik, vatanparvarlik kabi ezgu anʼanalarini oʻzida mujassam etgan holda, jamiyatimizda munosib oʻrin egallamoqda. Eng muhimi, Oʻzbekiston yoshlariga yaratilgan sharoitlar, ular erishayotgan muvaffaqiyatlarga koʻpchilik, xususan, dunyo yoshlari havas bilan qaramoqda.
Muxtor IBRAGIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Manba: Xs.uz

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x