“Dahr sudidin tamaʼ uzkim…”

Dahr sudidin tamaʼ uzkim, ziyone besh emas,

Umrni tutkil gʻanimat, zamone besh emas.

 

Uy bino aylab ajabtur elni mehmon aylamak,

Ulki bu uy ichra besh kun mehmone besh emas.

 

Qoʻy tavonoligʻ soʻzin, yod et ajal xorinki, fil

Pashshalar nishi qoshinda notavone besh emas.

 

Kir fano dayridakim, har shayxu yuz savdo anga,

Ulki otin xonaqah qoʻymish, doʻkone besh emas.

 

Eyki, boʻlmish xilʼating zarbaft bori bilkim, ul

Maʼno ahlin kuldururga zaʼfarone besh emas.

 

Mehr toju charx taxting boʻlsa gʻofil boʻlmakim,

Mehr bemehru falak nomehribone besh emas.

 

Shahgʻa ish el fikrini qilmoqdur. Ul kim, zeb kim?!

Bir suruk qoʻydur raoyo, ul shubone besh emas.

 

Gar Navoiy istadi avvoraligʻ, ey ahli hush,

Gʻam yemang devonayi bexonumone besh emas.

 

Avji davlat uzra boʻlsun doimo Bilqisi ahd,

Kim Zuhal qasrida har tun posbone besh emas.

 

* * *

Polziʼ mira tiʼ ne jajday, ibo v nem lish vred – ne bolshe.

Jiznyu polzuysya – na vremya vxodim v etot svet – ne bolshe.

 

Stranno, chto jilye vozdvigshiy priglashayet smertniʼx v gosti,

Ved i sam on v etom dome – gost nedolgix let – ne bolshe.

 

Ne schitay sebya moguchim, smerten tiʼ – ved slon gromadniʼy

Pered komariniʼm jalom – lish otvagi sled – ne bolshe.

V brennuyu voydi obitel – sheyx tam natorel v torgovle:

Pust zovetsya xanakoyu – eto lavka bed – ne bolshe.

 

Tot, kto v platye zlatotkanom, – pust kichitsya nerazumno:

Znayet miʼslyashʼiy, chto v zlato jalkiy shut odet – ne bolshe.

 

Na prestol vossev nebesniʼy, vse ravno ne bud bespechen,–

V nebe laski tiʼ ne vstretish, vstretish lish rassvet – ne bolshe.

 

Povelitel spravedliviʼy doljen dumat o narode,

Ved blyusti pasomiʼx blago pastiʼr dal obet – ne bolshe.

 

Yesli niʼnche stal skitalsem Navoi po dobroy vole,

Ne goryuy, blagorazumniʼy, – glyan bezumsu vsled – ne bolshe!

 

Alisher Navoiy gʻazaliyotining mavzu va motivlar doirasining kengligi va rang-barangligi, shoir devonlari mumtoz adabiyotimizning yetakchi mavzusi boʻlgan ishq-muhabbatni tarannum etuvchi sheʼrlar bilan bir qatorda pand-nasihat ruhidagi maʼviza, maʼrifiy gʻazallarni ham oʻz ichiga olishi tadqiqotchilar tomonidan koʻp bora taʼkidlab oʻtilgan. Bunday sheʼrlar, odatda, Navoiy devonlarida u yoki bu harfga tegishli gʻazallar turkumining boshida joylashtiriladi. Jumladan, “sin” harfiga oid turkumning birinchi gʻazali ushbu matlaʼ bilan boshlanadi:

 

Dahr sudidin tamaʼ uzkim, ziyone besh emas,

     Umrni tutkil gʻanimat, zamone besh emas.

  

 

Mazmuni: Olamdan foyda koʻrishni tamaʼ qilma, u bir ziyon, bundan ortiq emas. Umrni gʻanimat bil, u bir zamon (lahza) xolos, bundan ortiq emas.

Uy qurib, unda odamlarni mehmon qilish ajablanarlik ishdir, – deydi shoir navbatdagi baytda, – chunki uning (mezbonning) oʻzi bu uyda besh kunlik mehmon, ortiq emas:

 

Uy bino aylab ajabtur elni mehmon aylamak,

Ulki bu uy ichra besh kun mehmone besh emas.

 

Oʻzining teran falsafiy mulohazalarini, pand-nasihatini misralar zimniga jo qilar ekan, shoir yozadi:

 

Qoʻy tavonoligʻ soʻzin, yod et ajal xorinki, fil

Pashshalar nishi qoshinda notavone besh emas.

 

Mazmuni: Kuch-qudrat soʻzini (kuchlilik daʼvo qilishni) qoʻy, ajal xorini (oʻlimni) yodingda tutki, fil pashshalar nishi oldida bir ojiz notavon xolos, ortiq emas.

Fano dayriga kir, – davom etadi shoir, – u yerdagi har bir shayxda yuz savdo. Xonaqoh deb atalgan bu yer aslida bir doʻkon xolos, bundan boshqa emas:

 

Kir fano dayridakim, har shayxu yuz savdo anga,

Ulki otin xonaqah qoʻymish, doʻkone besh emas.

 

Beshinchi, oltinchi misralarda maʼno ahli nazarida boylik, martaba, taxtu toj hech narsa emasligi haqidagi fikr chiroyli badiiy shaklda bayon etiladi va inson ularga ishonib gʻaflatda qolmaslikka chaqiriladi:

 

Eyki, boʻlmish xilʼating zarbaft bori bilkim, ul

Maʼno ahlin kuldururga zaʼfarone besh emas.

 

Mehr toju charx taxting boʻlsa gʻofil boʻlmakim,

Mehr bemehru falak nomehribone besh emas.

 

Shoirning fikricha, shohning vazifasi – el gʻamini yeyish, zeb-ziynat, hashamat haqida oʻylash emas:

 

Shahgʻa ish el fikrini qilmoqdur. Ul kim, zeb kim?!

Bir suruk qoʻydur raoyo, ul shubone besh emas.

 

Gʻazalning navbatdagi bayti quyidagicha:

 

Gar Navoiy istadi avvoraligʻ, ey ahli hush,

Gʻam yemang devonayi bexonumone besh emas.

 

Mazmuni: Ey hush ahli, agar Navoiy ovora boʻlib yurishni istasa, gʻam yemang, zero u bir bexonumon devona xolos, bundan ortiq emas. Odatda, mumtoz sheʼriyatda shoir taxallusi kiritilgan bayt, yaʼni maqtaʼ gʻazal oxirida keladi. Lekin ayrim hollarda maqtaʼning soʻnggi baytdan oldin kelishi ham uchrab turadi. Mazkur gʻazalda ham maqtaʼdan soʻng yana bir bayt bor:

 

Avji davlat uzra boʻlsun doimo Bilqisi ahd,

Kim Zuhal qasrida har tun posbone besh emas.

 

Bayt mazmunidan ushbu tahlil qilinayotgan gʻazalning kimga bagʻishlangani maʼlum boʻladi. Bilqisi ahd deganda Xadichabegim koʻzda tutilgan. Nazarimizda, aynan unga bagʻishlangan gʻazalning yuqoridagi ruhda yozilishi, unda umrning oʻtkinchiligi, boylik, hokimiyat, toj-taxtning hech narsaga arzimasligi, ularga magʻrur boʻlmaslik haqidagi fikrlarning ifodalanishi bejiz emas. Agar biz tarixiy voqealarni, Xadichabegimning ulardagi rolini, qanday fojialarga sabab boʻlgani va nihoyat oʻzining qismati ham ayanchli yakun topganini esga oladigan boʻlsak, ulugʻ shoir goʻyo bashorat qilgandek (gʻazal yozilgan vaqtda u voqealar hali yuz bermagan edi), malikani ogohlantirayotgandek tuyuladi.

Endi Navoiyning inson kamolotiga xizmat qiluvchi, uning maʼnaviy dunyosini boyituvchi maʼrifiy, falsafiy fikrlari rusiyzabon oʻquvchilarga qay tarzda yetkazilganini A. Golemba tarjimasi misolida koʻrib oʻtamiz. (A. Navoi. Sochineniya v 10 tomax. T. 1, Toshkent, “Fan”, 1968) Matlaʼning ruscha tarjimasi quyidagicha:

 

Polziʼ mira tiʼ ne jajday, ibo v nem lish vred – ne bolshe,

Jiznyu polzuysya – na vremya vxodim v etot svet – ne bolshe.

 

Tarjimada Navoiy gʻazalidagi radif saqlangan. Tarjimon uni “ne bolshe” deb oʻgirgan va bu soʻzni “besh emas”ning maqbul ekvivalenti deyish mumkin. Matlaʼda ifoda etilgan maʼno tarjimada durust aks ettirilgan, lekin baytning ikkinchi misrasida badiiy effektning bir oz pasaygani seziladi. Gap shundaki, “Umrni tutqil gʻanimat, zamone besh emas” misrasidagi “zamone” soʻzi “bir zamon”, “lahza”, “moment” maʼnolarini ifodalaydi va inson umrining abadiylik qarshisida oniy bir hodisa ekanligini taʼkidlashga xizmat qiladi. Buni tarjimon tarafidan “na vremya vxodim v etot svet” deb oʻgirilishida ham umrning qisqaligi va oʻtkinchiligi haqidagi mazmun saqlangan, lekin u oʻquvchida hayotning bir dam, atigi bir lahza ekanligi haqida assotsiatsiya hosil qila olmaydi va natijada baytning badiiy taʼsir kuchi bir oz boʻlsa-da, pasayadi.

Xuddi shunday holni ikkinchi bayt tarjimasida ham koʻramiz:

 

Stranno, chto jilye vozdvigshiy priglashayet smertniʼx v gosti,

Ved i sam on v etom dome – gost nedolgix let – ne bolshe.

 

Bunda insonning bu olamda besh kunlik mehmon ekanligi haqidagi fikr (“besh kun mehmone besh emas”) “gost nedolgix let…” deb oʻgirilgan va yuqoridagi bayt tarjimasida kuzatilgani singari, garchi umumiy mazmunga putur yetmagan boʻlsa ham, badiiy effekt birmuncha susaygan.

Gʻazalning uchinchi bayti Navoiy asarlari nashrlarida quyidagi tarzda xato berilgan:

 

Qoʻy tavonoligʻ soʻzin, yod et ajal xorinki, bil

Pashshalar nishi qoshinda notavone besh emas.

  

 

Baytning toʻgʻri shakli quyidagicha:

 

Qoʻy tavonoligʻ soʻzin, yod et ajal xorinki, fil

Pashshalar nishi qoshinda notavone besh emas.

 

Tarjimon qaysi nashrdan foydalangani bizga maʼlum emas, lekin u baytning toʻgʻri variantini olgan va toʻgʻri tarjima qilgan:

 

Ne schitay sebya moguchim, smerten tiʼ – ved slon gromadniʼy

Pered komariniʼm jalom – lish otvagi sled – ne bolshe.

 

“Fano dayriga kir, u yerdagi har bir shayxda yuz savdo. Xonaqoh deb atalgan bu yer aslida bir doʻkon xolos, bundan boshqa emas” degan maʼno ifodalangan navbatdagi baytning tarjimasi shunday:

 

V brennuyu voydi obitel – sheyx tam natorel v torgovle:

Pust zovetsya xanakoyu – eto lavka bed – ne bolshe.

 

Tarjimaning ikkinchi misrasidagi “bed” soʻzi ortiqcha va nooʻrin qoʻllangan. Asliyatda bunday soʻz yoʻq. Navoiy shayxlar xonaqosi haqida “doʻkone besh emas” deb yozadi. Mazkur soʻz yuqoridagi misralardagi vred, svet, let, sled soʻzlariga hamohang boʻlgani sababli faqat qofiya uchun ishlatilgan va bu oʻrinda bir muncha sunʼiylik, zoʻrama-zoʻrakilik yuzaga kelgan.

Gʻazalning maʼrifiy, didaktik mazmun-mohiyati uning beshinchi, oltinchi baytlarida yorqin namoyon boʻladi. Bu misralarni tarjimon ularning badiiy mazmuniga putur yetkazmagan holda oʻgirishga erishgan:

 

Tot, kto v platye zlatotkanom, – pust kichitsya nerazumno:

Znayet miʼslyashʼiy, chto v zlato jalkiy shut odet – ne bolshe.

 

Na prestol vossev nebesniʼy, vse ravno ne bud bespechen –

V nebe laski tiʼ ne vstretish, vstretish lish rassvet – ne bolshe.

 

Tarjimonning Navoiy misralaridagi mazmunni aniqroq, konkretroq ifoda etishga uringani diqqatga sazovordir. Masalan, maʼno ahli nazarida zarrin toʻn kiyib, oʻziga zeb berishning kulgili bir ish ekani haqida Navoiy “Maʼno ahlin kuldururga zaʼfarone besh emas” deb yozgan va shunday kishilarni zaʼfaron yordamida oʻz liboslariga zarrin tus beruvchi masxarabozlarga qiyoslagan. Lekin bunda “masxaraboz” soʻzi tilga olinmagan, ularning ishiga ishora qilingan. Tarjimada toʻgʻridan-toʻgʻri “chto v zlato jalkiy shut odet – ne bolshe” deyilgan va maʼno konkretlashtirilgan.

Xalqqa gʻamxoʻrlik qilish hukmdorlarning burchi ekanligi haqidagi muhim ijtimoiy gʻoyaning badiiy ifodasidan iborat boʻlgan navbatdagi bayt shunday oʻgirilgan:

 

Povelitel spravedliviʼy doljen dumat o narode,

Ved blyusti pasomiʼx blago pastiʼr dal obet – ne bolshe.

 

Bu oʻrinda asliyatdagi mazmunning bir oz toraygani kuzatiladi, zero Navoiy baytida el-xalq toʻgʻrisida oʻylash har qanday hukmdorga qoʻyiladigan talab sifatida yangraydi (Shahgʻa ish el fikrini qilmoqdur. Ul kim, zeb kim?!) Tarjimada esa bu faqat adolatli shoh uchun lozim boʻlgan ish sifatida talqin qilingan.

Sakkizinchi bayt tarjimasi shunday:

 

Yesli niʼnche stal skitalsem Navoi po dobroy vole,

Ne goryuy, blagorazumniʼy, – glyan bezumsu vsled – ne bolshe!

 

Baytning ikkinchi misrasida maʼno uncha aniq ifoda etilmagandek tuyuladi, lekin umuman olganda asosiy mazmun oʻquvchiga yetkazib berilgan. Soʻnggi bayt tarjima qilinmagan va tushirib qoldirilgan.

Buyuk shoir va mutafakkirning teran falsafasining, uning insonlarni ezgulikka chorlovchi pand-nasihatlarining badiiy ifodasi oʻlaroq, yuqoridagi singari sheʼrlar, shubhasiz, Navoiy adabiy merosining umuminsoniy, tarbiyaviy-axloqiy, ijtimoiy ahamiyatini belgilaydi, binobarin, ularni tahlil va targʻib qilish, xususan, oʻzga tillarga qay tarzda tarjima qilinayotganini, dunyo oʻquvchisiga qanday taqdim etilayotganini kuzatib borish, bu boradagi yutuq-kamchiliklarni koʻrsatish navoiy shunosligimizning muhim yoʻnalishlaridan biri boʻlishi zarur.

 

Qodirjon ERGASHYeV,

filologiya fanlari nomzodi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–9

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/dahr-sudidin-tama-uzkim/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x