1
Yapon adibi Ryunoske Akutagavaning “Inson umri Bodlerning yagona misrasiga arzimaydi” degan mashhur iborasi bor. Taʼbir joiz boʻlsa, uni koʻpincha fano va baqo sarhadida oddiygina yoʻlovchi sanalgan inson umri pirovard natijada hechga teng ekanligini, hayot va oʻlim oraligʻi ohuning koʻz ilgʻamas sharpasiga mengzashligini isbotlash uchun ishlatamiz. Buyuk ijodkor ayovsiz, qattol natijani chiqarib, mazkur iborani ishlatish oldidan qanday botiniy turlanish va kayfiyatlarni boshdan kechirgani, ularni asardan asarga qay tariqa rivojlantirib borgani Akutagava muxlislarini qiziqtirgan eng asosiy – oʻzak savollardan biri boʻlib kelgan va shundayligicha qolaveradi ham. Toʻgʻri, oʻzbek kitobxonining Akutagava ijodi bilan tanishligi besh-oʻn katta-kichik hikoyalardan nariga oʻtmaydi. Aslida ham atigi oʻttiz besh yil yashagan yozuvchining ijodiy merosi koʻpi bilan salmoqli ikki-uch kitobga jo boʻladi, xolos.
Akutagava oʻz asarlarida tarixiy bitiklarga tez-tez murojaat qiladi. Adibning oʻzi bu haqda shunday yozadi: “Men mavzu tanlayman va uni hikoyamda yoritishga harakat qilaman. Mavzuni badiiy jihatdan taʼsirli chiqarish uchun menga favqulodda holatlar zarur. Ammo men favqulodda holat haqida uning ayni favquloddaligi uchun hikoya qilolmayman. Ushbu qiyinchilikdan qutulishning birdan-bir yoʻli voqealarni oʻtgan zamonga, qadim-qadim dunyoga koʻchirish. Tarixiy voqea haqida yozishimga qaramasdan, menda bu voqeaga nisbatan tarixchi sifatida qiziqish yoʻq”.
Darhaqiqat, buyuk adibning ijod olamiga sayrni davom ettirganimiz sayin, mazkur eʼtirof qay darajada oʻrinli ekanligiga shohid boʻlamiz. Akutagava qaysi davrga oid voqeani tasvirlashidan qatʼi nazar, birinchi planga inson qalbining jumboqli sirlarini olib chiqishi hayratimizni oshiraveradi.
1918 yilning iyulida “Osaka mayniti” gazetasi Akutagavaning eng jozibador novellasi – “Doʻzax azoblari”ni sonma-son nashr etib bordi. Biz ilgari ham bu asar mazmuniga birmuncha toʻxtalgan edik (“Qashqadaryo” gazetasi, 2017 yil 7 sentyabr sonidagi “Kunchiqar yurt jozibasi” maqolasi). Bu gal asar mazmuni emas, Akutagava kashfiyotiga turtki bergan – mohiyati haqida soʻz yuritmoqchimiz.
Saroy musavviri Yosixide oldida sevimli, yakkayu yagona qizi yoki umrboqiy asar yaratish istagi – ikkisidan birini tanlash vazifasi turgandi va u ikkinchisini tanladi. Ilhom girdobiga tushib qolgan musavvir oʻzicha haq edi, negaki faqat sanʼat asarigina oʻz fidoyisi uchun eng oliy quvonchni taqdim etadi, uni yaratish uchun istalgan narsani qurbon qilish, jinoyatga qoʻl urishni oqlash mumkin, boisi, favqulodda buyuk sanʼat asari yaralishi shuni taqozo etadi. Ammo mazkur xulosa adibni quvontirmadi. Shu boisdan u hikoya nihoyasida ilhom girdobidan boʻshanib, xayolot arshidan voqelikka qaytgan musavvir ertasi kuni hayot bilan vidolashganini tasvirlaydi.
2
Ryunoske Akutagava Lev Tolstoy singari qamal qilingan shahar himoyachilari safida turmadi, Emil Zolya yangligʻ haqiqat uchun baralla ovoz koʻtarmadi, Yaroslav Gashek kabi inqilob uchun kurashmadi. Oddiygina hayot kechirdi, hayotidek oddiy ish xonasida yosh adabiyotshunoslarni qabul qildi, koʻp sonli davralarga qatnashdi, qadimiy sanʼat asarlarini yigʻdi, adabiy maʼruzalar oʻqidi. 1921 yil oʻzi muxbir boʻlib ishlayotgan “Osaka mayniti” gazetasi topshirigʻi bilan hayotida yagona bor chet el safariga chiqib, Xitoy va Koreya mamlakatlarida boʻldi. Akutagava garchi uch farzandning otasi boʻlsa-da, turmush ikir-chikirlariga oʻralashib qolmadi, XX asr aksar yapon ijodkorlari singari Gʻarbga koʻr-koʻrona ergashish yoʻlini ham tutmadi. Irsiyatida mavjud asab kasalligi uni doimo taʼqib etib turdi. Adibning yagona ovunchi ham, quvonchi ham adabiyot boʻlib qoldi.
Oʻtgan asr 20-yillari yarmidan boshlab mamlakatda adabiyot jilovini ijod ahli emas, noshirlar qoʻlga oldi. Ilgari noshirlar mashhur ijodkorlarga qarmoq tashlagan, ular tomonidan yaratilgan asarlar uchun talashgan boʻlsa, endi yozilajak asarlar janri va mazmunini noshirlar belgilaydigan boʻldi. Ularning talabini bajargan yozuvchilarning asarlarigina nashr etilib, qalam haqi toʻlandi. Yirik adiblar, hatto Akutagava bilan yaqin aloqada boʻlganlari ham adabiyot fabrikalarini yaratishdi, yaʼni iqtidorli kambagʻal talabalar arzimagan choychaqa evaziga ular uchun syujetlar oʻylab topishar, qoralama nusxasini yozib berishardi. Akutagavaning eng talantli zamondoshlaridan biri, yorqin nosir va dramaturg Takeo Arisima (adibning “Ayol” romani oʻzbek tiliga tarjima qilingan) adabiyot olamidagi mazkur boshboshdoqlikdan dahshatga tushib, oʻz joniga qasd qildi. Aytish mumkinki, faqat Akutagavagina oʻz eʼtiqodidan voz kechmadi, biri-biridan fusunkor hikoyalarini yozishda davom etdi. Buyuk adib 1921 yil dekabridan 1922 yil avgustigacha oʻndan ziyod turli janrdagi asarlar yaratdi.
Ulardan biri “Chakalakda” novellasi boʻlib, unda bir qotillik yuzasidan yetti kishining hikoyasi asos qilib olingan. Xususan, qaroqchi bir er-xotinni toʻqayzorga aldab olib borib, erini jangda oʻldirib, xotinini tortib oldim, deydi. Ayol qaroqchi erimni daraxtga bogʻlab qoʻyib, nomusimga tegdi, buning guvohi boʻlgani uchun erimni oʻzim oʻldirdim, deydi. Marhumning ruhi esa, bunday sharmandalikni koʻrganimdan soʻng or-nomusga chidolmasdan oʻzimni-oʻzim qatl etdim, deb munosabat bildiradi.
Hikoyani mutolaa qilgan kitobxon har uchala iqrorning qay biriga ishonishni bilmay qoladi. Har uch talqinda ham oʻsha vaziyatdagi holat, harakat, voqeaning inson siyratiga taʼsir kuchi mantiqan toʻgʻri asoslangan. Birontasini roʻyo deyishga til bormaydi, har uchala talqinning istalgan birini “mana shunisi haqiqat” deb baholasangiz ham xato qilmaysiz. Hayot naqadar murakkab ekanligi, insonning sarhadsiz botini, qalb kengligining cheksiz-chegarasizligini teran anglagan ijodkor shu tariqa chinakam soʻz sanʼati muhiblari ong oqimiga navbatdagi boshqotirmani tuhfa etadi.
3
Odatda aksar ijodkorlar inson va jamiyat oʻrtasidagi munosabatlarni qalamga olsa, Akutagava mutlaq boshqa yoʻldan boradi, uning tajriba obʼyekti – inson qalbi, tabiati, botiniy olami, ayniyati. Biz Akutagava mutolaasidan soʻng inson kim, xarakterining yorqin va qorongʻi tomonlari qayerda, yovuzlik va ezgulik xislatlari qanday paydo boʻlgan, inson qalbining qaysi qirralari mangu va oʻzgarmas, nimalar davr va vaqt tajassumi tufayli yaraladi, degan savollarga javob olamiz va har bir inson oʻziga xos kichik bir dunyo ekanligini anglab yetamiz. Uning asarlarida qaysi davrga – oʻtmish, bugun yoxud kelajakka murojaat etilmasin, inson botinidagi zamonga, davrga bogʻliq boʻlmagan xususiyatlar izlanadi, kashf etiladi. Shu nuqtai nazardan qaraganda Akutagava ijodida muqim bir izchillik emas, mavzu oʻzgarishi, hikoya qilinayotgan voqea va hodisalarning goh oʻtmish, goh voqelikka koʻchib yurishi kuzatiladi, biroq asosiy eʼtibor inson ongidagi turlanishlar tasviriga qaratiladi, uning qahramonlari ong ostidagi narsa kutilmaganda yarq etib yuzaga chiqadi.
“Bu hikoya, – deb yozgandi Akutagava ijodining ibtidosida bitilgan “Burun” hikoyasi haqida buyuk yapon adibi Natsume Soseki, – oʻta nozik did va haqiqiy yumor bilan sugʻorilgan. Unda ortiqcha hazillarsiz chindan kulgili voqea tasvirlangan. Shu bilan birga, mavzuning yangiligi ham hayratga soladi kishini. Hikoya kompozitsiyasi oʻta taʼsirli va ajoyib qurilgan. Men hayratdaman! Muallif yana shunday hikoyalardan besh-oʻntasini yozsa, bas, shunda sizlar unga teng keladigan boshqa mohir soʻz ustasini topolmaysiz”. Akutagava ijodi bilan ozmi-koʻpmi tanish kitobxon ulkan adib bashorati qay darajada oʻzini oqlaganiga toʻla amin boʻladi.
Mashhurlik choʻqqisiga koʻtarilgan adib nimagadir shoshilayotgan kabi asosiy vaqtini ijodga bagʻishlar, koʻp va rang-barang asarlar yaratardi. Uning hikoyalar toʻplamlari birin-ketin nashr etilar va tezgina sotilib ketardi. 1925 yil aprelida Yaponiyada nashr etila boshlagan “Zamonaviy asarlar saylanmasi” koʻp jildligi ham aynan Akutagava bitiklari bilan boshlangani uning mashhurligi mahsuli edi. Tabiiyki, uni maqtashar, tanqid qilishar, tuhmatlar uyushtirishardi, buyuk adib na maqtovlarga, na tanqid va boʻhtonlarga munosabat bildirar, sokinlik va bosiqlik bilan ijod qilardi. Uni boshqa narsa – asabiylik qiynardi. Har gal yangi hikoyasiga nuqta qoʻyganida va oʻsha zahot oʻzini halokat jaridan asrab qolish ilinjida yangi ijod namunasini yaratishga kirishardi.
1927 yil Akutagava “Tishli gʻildirak” va “Telbaning hayoti” deb nomlangan soʻnggi ikki asarini yozdi. Ikkinchi jahon urushigacha boʻlgan yapon adabiyotining eng yuqori choʻqqisiga aylangan mazkur asarlariga Akutagava oʻz hayotini, nafaqat hayoti, balki botinidagi doʻzax alangasini mavzu qilib oldi. U jahon adabiyotiga galdagi ikki shedevrini tuhfa qildi. Ammo bu ham uni qutqarib qolishga kamlik qildi, 1927 yil 4 iyulida yamagutilik telba ayol va savdogarning farzandi boʻlmish Ryunoske Akutagava oʻttiz besh yoshida oʻz hayotiga sovuqqonlik bilan nuqta qoʻydi.
Ehtimol buyuk adibning bu qilmishiga oʻzini yillar davomida taʼqib qilib kelgan vos-vos xastaligidan xalos boʻlish yoʻlini topolmagani yoki inson botiniy olami turfa sirlarini oʻrganishdan charchab sillasi qurigani yoxud oʻz kashfiyotlarini notoʻgʻri ketma-ketlikda ochganligi sabab boʻlgandir. Har holda Akutagava oʻz botini fuqarosi edi, oʻz botinida yashadi va uning qurboniga aylandi, uning hayoti intihosi ham qiyosi va takrori yoʻq daho adib adabiyot ahliga tortiq etgan soʻnggi, bahsli boshqotirma boʻlib qoldi.
Abdunabi ABDIYEV
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/dahoning-songgi-boshqotirmasi/