Chin oshiqlik qismati…

Oʻzining koʻplab sheʼrlari, drama va nasriy asarlari bilan bolalar adabiyotini boyitishga xizmat qilayotgan taniqli yozuvchi Anvar Obidjonning “Ajinasi bor yoʻllar” nomli avtobiografik asari bolalik olamini oʻziga xos ranglarda tasvirlashi bilan ajralib turadi.

Albatta, oʻzbek adabiyotida bungacha ham avtobiografik yoʻsinda ancha-muncha asarlar bitilgan, tajriba toʻplangan edi. Bu haqda gapirganda, eng avvalo 20-yillarning oxirlaridayoq chop etilgan Moʻminjon Muhammadjonovning “Turmush urinishlari”, Sadriddin Ayniyning “Esdaliklar”i, Oybekning “Bolalik”i va Abdulla Qahhorning “Oʻtmishdan ertaklar”i yodga tushadi. Keyinchalik bu sanoq N. Safarov, Shukrullo, S. Ahmad, N. Fozilov kabi yozuvchilarning u yoki bu tarzda yozilgan avtobiografik lavhalari bilan kengaydi. Bu xotiralarning ayrimlarida hayotiy manbalarga koʻproq eʼtibor qaratilgan boʻlsa, boshqalarida adiblar bolaligining badiiylashgan siymosi yaratilganini koʻrish mumkin. Anvar Obidjonning kitobi koʻproq M. Muhammadjonovning “Turmush urinishlari”ga monand tarzda bitilganiga qaramay, bir qator jihatlari bilan ajralib turadi.

Maʼlumki, yozuvchi tarjimai holi, koʻrgan-kechirganlari bitilgan xotiralar uning ijodini anglashdagi muhim manbalardan biridir. Kitob bilan tanishar ekanmiz, har bir xotira keyinchalik turli davrlarda bitilgan sheʼrlar boʻlib yaralganiga guvoh boʻlamiz. Chunonchi, “Besh yoshlik xushtor” faslida his qilgan tuygʻularini ifodalar ekan, 1977 yilda yozilgan ayni shu ruhdagi sheʼr parchasining keltirilish fikrimizni tasdiqlaydi. Bundan sheʼrlarning bitilishida bolaligidagi yorqin xotiralar asos boʻlganligini payqash qiyin emas.

Shu bois, kitobning yaqqol koʻzga tashlanib turadigan jihatilaridan biri muallifning “Men kimman?”, deya esini taniganidan (besh yasharligidan) boshlaboq oʻzligini izlagan obrazning oshiq timsolida namoyon boʻlishida koʻrinadi. Asarni boshdan-oyoq bitta markazda tutib turuvchi qahramonimiz muayyan holatlarda “jonli” goʻzallarga ( yaqinda kelin boʻlib tushgan kelinchak, Malinaxon va b.) intilgan boʻlsa-da, keyinchalik “Gʻalati Oysanam” (ilhom parisi)ning toʻriga ilinadi va chinakam oshiqqa aylanadi. Va mana shu oshiqlikda oʻzligini topadi. Kitob oʻzligini izlagan va topishga urinish yoʻlida chekkan izlanishlari, azob-uqubatlarini hikoya qiluvchi ijodkor (oshiq)ning boʻyab-bejamay aytgan chin iqrornomasining bir boʻlagidir. Biz bu oʻrinda oshiqning kitobda aks etgan barcha kechmishini tahlil qilmay, undagi bitta epizod orqali namoyon boʻlgan vafo timsoliga aylangan bir asari talqiniga toʻxtalamiz.

Kitobning “Birlashgan qoʻshin” deb nomlangan faslida hadeb koʻchaga daydib ketaveradigan ukasi Akramni oyisi quyidagicha qoyiydi:

“ – Qorongʻi tushganda koʻchada sangʻimagin, – deya uni qoʻrqita boshlardi ayam. – Nusya karis senga oʻxshaganlarni poylab yuradi. Ushlab olsa, oʻgʻirlab ketadi.

– Tagʻin shunaqa qilsang, oʻzimiz seni piyozfurush Nusaga sotvoramiz, – deb qoʻshimcha kiritardi opalarim.

Bu gaplardan Akram qolib, mening yuragimni ham qoʻrquv qoplardi ( oʻsha davrda koreyslar asosan piyoz, sholi ekish bilan shugʻullanar, Nyusya degani dehqonchiligini eshakaravada mahallama-mahalla sotib yurardi)”.[1]

Shundan soʻng kitobda qahramonning tush koʻrishi, tushida Nyusyaning pul sanab berib, ukasini mashinaga mindirib olib ketayotgani-yu, uning jon holatda “Mashinadan sakra!” deb qichqirib uygʻonib ketiishi hikoya qilinadi. Xotirada Nyusya haqida shundan boshqa tasvir uchramaydi va u kitobxonda mavhum holda, shunchaki qahramonning tush koʻrishiga asos sifatida keltirilgandek taassurot qoldiradi. Negaki, bu epizoddan keyin qahramoning boshqa koʻrgan tushlari tavsiriga oʻtib ketiladi.

Biroq, qizigʻi shundaki, “Yoshlik” jurnalining 2014 yil 12 sonida yozuvchining “Oddiy ayriliq haqida ertak” nomi ostida chop etilgan jajji qissasi ayni shu Nyusya xola va uning oilasi taqdiriga bagʻishlanadi. Bunda biz xotiradagidan tamoman boshqacha manzaraga duch kelamiz. Asarni tom maʼnoda insoniylik qissasi deyish mumkin.

Asar voqealarini yozuvchi xotiralari balan qiyoslab oʻqisak, uning koʻp oʻrinlari aynan oʻxshashligini koʻrib, badiiy asar adib hayotining muayyan bir boʻlagi, deyilgan asosli toʻxtamga kelish mumkin. Chunonchi, xotirada aks etgan otasining qamomad tufayli qamalishi, qamoqdan keyin maʼlum vaqt ishsiz yurishi, turmushining nachorlashuvi va boshqalar shular jumlasidandir. Bu hayotiy faktlar qissaga aynan oʻtgan boʻlsa-da, undagi vokealar yozuvchining hamqishlogʻi Ertosh bobodan eshitganlari asosida hikoya qilinadi, yaʼni badiiy ishlov beriladi.

Urush arafasidagi ogʻir yillarda uzoq oʻlkalardan kelib qolgan Sadir togʻa va Nusa xola, dadasining aytishicha, to choʻlda boshpana qurguncha qishi bilan ularnikida yashagan. Yalpizlar quloqlay boshlagan paytda choʻlga koʻchib piyoz, sholi ekib tirikchilik qiladi. Nusa xola ( ruscha ismi Nyusya, Sadir togʻaniki koreyscha Sugir) qishloqma qishloq eshak aravada piyoz, guruch sotib yuradi.

Yozuvchi bola tilidan bu ikki kamtarona oila aʼzolari oʻrtasida bogʻlab turadigan rishtani zoʻr mahorat bilan badiiylashtiradi, mohiyatini oddiy hayotiy vositalar orqali ochib beradi. Uning nomini insoniy mehr deb atash mumkin. Mana shu insoniy mehr oʻzi qambagʻal boʻlsa-da, tor uyini keng qilib bir begona oilaga qishi bilan uyidan joy bergan insonning maʼnaviy qiyofasini belgilaydi. Shu mehr tufayli bir yillik qamoq jazosidan qaytib ish topolmay yurgan otasini choʻlga, oʻz yoniga chorlagan Sadir togʻani ham anglash mumkin. Asarda tasvirlangan oʻzidan oʻn besh kunlik kichik Goptayning qulogʻini onasining oʻrgatuvi bilan belgili qilish uchun karsillatib tishlagan bolaning bolalarcha qiligʻi nachogʻli jozibali, hayotiy.

Asarda Sadir togʻa tilidan aytiladigan qoʻshiq nihoyatda dardchil. U yurt sogʻinchi, uzoqlarda qolib ketgan ota-ona hoki-poyi sogʻinchi. Yozuvchi soddagina qoʻshiq vositasida Sadir togʻaning papiros chekib, achchiq-achchiq tutinni ichiga tortishining sabablarini ochib berayotgandek goʻyo.

Nusa xola vafotidan keyin taqdir bu oilani bir-biridan ajratadi. Keyin Sadir togʻa va qizi Goptayning qoʻshni Qozogʻistonda avariyada halok boʻlgani haqida xabar tarqaladi.

Yozuvchini qoʻliga qalam olib, ushbu ertakka aylangan insoniy mehrni yozishga undagan narsa ushbu voqelikning mungi va ibratli xotimasidir. Yillar oʻtib, aslida, oʻsha halokatda tirik qolgan Goptay momo onasining qabrini ziyorat qilish uchun Uzumchi qishlogʻiga keladi va Ertoshni topib xursandchiligidan unikida bir oylar chamasi yashaydi. Yurtiga qaytishga tayyorlangan Goptay momo oxirgi kecha Ertosh bilan yarim tungacha suhbatlashib yotadi-yu qaytib turmaydi. Yozuvchi mayit yonida qaraxt holda turgan Ertosh qismatining soʻnggi va ertakka aylangan holatini quyidagicha tasvirlaydi:

“Oqsoqol oxiri Ertosh otaning oldiga kirib bordi. Yelkasidan sekingina quchib tebratganicha, endi nima qilamiz, deb soʻragan edi, u keskin tovushda: “Goptay yonimda qoladi!” dedi. Shunday dedi-yu, koʻzlari toʻsatdan tepaga bitib, boshi bilanglab chayqaldi, ostidagi kursidan karavot tomonga mudgiy boshladi. Oqsoqol potrangan alfozda uning qoʻltigʻidan tutdi, avaylab gilamga yotqizdi.

Ertosh ota bilan Goptay momo qabristonga birga ketdi, yonma-yon qazilgan lahatlarga bir paytda qoʻyildi”. [2]

Ularning ertakka aylangan bu qismati ham katta insoniy mehr tufayli sodir boʻldi.

Mazkur qisqa tahlilidan biron bir hayotiy vokea yoki odamlar kechmishi yozuvchi ijodiy laboratoriyasida qayta ishlanib, mangulikka daxldor tuygʻularni kuylovchi qoʻshiqqa aylanishi mumkinligini koʻrish mumkin.

Albatta, ham kitob, ham qissa bilan tanishgan kitobxonda qissada tasvirlangan voqea va kechmishlar nega xotirada aks etmadi ekan, degan savolning ham tugʻilishi tabiiy. Biroq xotiralarning hali birinchi qismi eʼlon qilinganini, uning davomi borligini nazarda tutsak, balki qissa keyingi xotiralarni bezovchi asosiy bezaklardan biriga aylanishini ehtimoldan soqit qilib boʻlmaydi. Asardagi chuqur insoniy tuygʻularni kuylovchi konsepsiya va badiiy mukammallik shundan dalolat beradi.

 

Qurdosh QAHRAMONOV,

filologiya fanlari doktori, professor

 

Foydalanilgan adabiyotlar:

  1. Anvar Obidjon. Ajinasi bor yoʻllar. – T.: “Oʻzbekiston”. 2015.
  2. “Yoshlik”. 2014, 12-son. 10-17-betlar.

 


[1] Obidjon A. Ajinasi bor yoʻllar. – T.: “Oʻzbekiston”. 2015. –B.108.

[2]Obidjon A.  Oddiy ayriliq haqida ertak. Qissa.// Yoshlik. 2014. № 12. –B.12

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/chin-oshiqlik-qismati/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x