Chexov siymosi

Bu yil ulugʻ rus yozuvchisi A. P. Chexovning tavalludiga 158 yil, vafot etganiga esa 114 yil toʻladi. Bu muddat ichida Chexovning taʼsiri hali hanuz oʻz kuchini yoʻqotmaganligi uning adabiyotda tub burilish yasaganini anglatadi.

Oʻtgan asrning toʻrtinchi yilidan soʻng rus dunyosi algʻov-dalgʻov boʻlib ketdi. Inqiloblar, fuqarolik va jahon urushlari endigina yoʻlga solingan insoniyat turmushini yana izdan chiqarib qoʻygandi. Chexov agarda yana oʻn besh yoki yigirma yil yashaganida bu voqealarni shaxsan koʻrib, oʻzgacha ruhda ijod qilgan boʻlarmidi, degan fikrlar tugʻiladi. Ammo adabiyotda ham hayotdagi singari adibga yuklatilgan ilohiy vazifa boʻlar ekan…

 

Qora davrdagi yorqin yulduz

1860 yilning yanvarida oʻzi koʻp tasvirlagan oddiy rus qishloqlarining birida Antosha Chexov dunyoga kelganida rus adabiyotidagi “Oltin davr” hukmronligining birinchi bosqichi tugab, asta-sekin keyingi avlod maydonga chiqmoqda edi. Rus adabiyoti allaqachon Pushkin, Lermontov va Belinskiylarsiz qolgan, buyuk Gogol ham 8 yil oldin bu dunyoni tark etgan paytlar edi oʻshanda.

Anton Pavlovich adabiyotga oʻtmishning “eng qora davrlari”dan birida kirib keldi. 1880 yilda uning birinchi hikoyasi chop etilganida, hali Dostoyevskiy va Turgenev hayot edi. Va rus adabiyoti hamon oʻz qanotlariga tayanib parvoz qilayotgan, oddiy xalqidan tortib amaldor-u hukmdorigacha esa qoloqlik botqogʻiga botib, “kapitalizmning dahshatli changali”da azob chekib arang yashayotgan edilar. Balki Chexov oʻshandayoq ich-ichidan shuni his qilgan, xalqi uchun nimalardir qilishi lozimligini anglagandir. U oʻz yozganlaridan qoniqmagan. Oʻzining aytishicha: “Adabiyot mening maʼshuqam, tabobat esa rafiqamdir”. Shifokor adib Chexov, odamzod oʻrtacha umrining atigi uchdan birini yashab, Mopassan, Kafkalardek 44 yoshgacha dunyodan koʻz yumdi. Oʻzi orzu qilgan inqilobni koʻra olmadi. Ammo otasi tengi Lev Nikolayevich bilan umrining oxirlarigacha hamdard, hamnafas boʻlib yashadi. Barchasi “qadimiy va maʼyus rus xalqi” uchun.

Zamondoshlari va adabiyotshunos olimlar Chexovning feʼl – atvori haqida juda iliq soʻzlar aytishadi. “Chexov: hazilkash, odamshinavanda, samimiy, sal tortinchoq, lekin haqiqat uchun jonini ayamaydigan ijodkor, halol va mehribon shaxs. U ayollarni sevadi. Biroq ularga ona, opa-singil, qizaloq, mehribon rus ayollari sifatida qaraydi”.

Agar Saxalinga bormaganida Chexovning oʻlimi sodir boʻlmasmidi, degan savol tugʻiladi. Taqdiri ilohiyga qarshi borib boʻlmasligi shundan ham ayonki, Chexov 10 yoshidan boshlab oʻpka sili bilan ogʻrib keladi. 1884 yilda kasallik kuchayib, uning mashhurligi va yorqin ijodi bilan yonma-yon yura boshlaydiki, 1890 yilda uning oʻzi ataylab Saxalinga ketadi-yu, oʻz umrini yanada qisqartiradi, kasallikka esa kuch beradi goʻyo. Holbuki, Chexovning asl kasbi shifokorlik edi…

 

Chexovshunoslik

Adibning ijodi dunyo qalamkashlariga shunaqa katta taʼsir koʻrsatganki, hozirgacha “Chexovshunoslik”, “Chexov hikoyalari maktablari”, “Chexov dramaturgiyasi” singari mahorat yoʻnalishlari mavjud. Yozuvchining 50 ga yaqin taxallusi boʻlgani eʼtiborga molik. Bu ham andishaning mevalari. Chexov ijodida yumor bilan birga dard ham katta kuchga ega. Obrazlari orasida birorta mukammal odamni topish mushkul. Ularni kasallik, savodsizlik, telbalik, turli illatlar, mansabparastlik, boylik, mastlik kemirib turadi. Balki shuning uchun ham Chexov ideal odamni orzu qilib: “Kishida hamma narsa goʻzal boʻlishi zarur – yuzi, soʻzi, kiyimi, qalbi, hatto fikri ham”, deb yozgandir.

 

Chexov dramaturgiyasi

Chexov dramaturgiyasi alohida mavzu, lekin hozir ham teatrlarda Chexov haftaliklari festivallari oʻtkazilib turishi eʼtiborga molik. Ingliz adibi Jon Golsuorsi: “Chexovning pyesalari ham ingliz sahnalarida hech qachon bizni toʻla qanoatlantirgan emas, buning sababi qisman shunda boʻlsa kerakki, ular, aftidan, dunyoda eng yaxshi boʻlgan rus aktyorlari uchun yozilgan… Ingliz aktyorlari Chexov pyesalarining muhitini ifodalashga qodir emaslar”, deb fikr bildirgan edi. Bu gapning tagida haqiqiy rus tabiatiga va qalbiga doir boʻlgan shaxsga nisbatan chuqur hurmat yotganini sezish mumkin.

Ishonasizmi, Anton Pavlovich Chexov ham sheʼr yozgan. Sof nasr ustasi ham poeziyaga qoʻl urgan. Ammo oʻzining iqroriga koʻra umrida bittagina sheʼr bitgan xolos…

 

Chexov uslubi

Chexov 24 yil ichida 30 jildga yaqin asar yozdi. Lekin birorta roman yozmadi. Oʻsha minglab katta-kichik asarlaridagi bosh mavzu gumanizm boʻldi. Tasvirlar Qadimgi Rusiyaning aybnomasidek koʻrinsa-da, ularda rus odamlariga achinish tuygʻusi kuchlidir.

Anton Chexov koʻp soʻzni ortiqcha bilardi, “Qisqalik – talantning singlisidir” deb oʻziga uslub tanlagandi. Shunisi qiziqki, qisqalikni tanlab, oʻz umrini ham qisqartirgandek…

 

Buyuk gumanist

Chexovning hayoti mantiq soʻziga mos keladi. U adabiyotga kirib kelganida chuqur fikrlab koʻp va yengil yozardi, soʻng hayotning normasini izlab, dunyoqarashidagi bosh gʻoyasini jiddiylashtira bordi. Natijada asarlarining magʻzi qattiqlashdi. Soni kamaydi, hajmi esa ortdi. Hatto jamiyat va ruhiyatning tub normativini topish uchun dramaturgiyaga ham murojaat etdi. Atrofiga ulugʻ insonlarni toʻpladi. Tolstoy, Korolenko, Gorkiy, Buninlar Chexovni juda yaxshi koʻrishgani bejiz emas. U barchaga namuna boʻldi! Yozuvchilik faqat shon-shuhrat va unvonlardan iboratmasligini ommaga bildirdi. Yaʼni imperator Nikolay II Maksim Gorkiyni Akademiyadan chetlatgani uchun, yangi berilayotgan Akademiklik unvonini ham keskin rad etdi…

Chexov oʻlganida Tolstoy va Gorkiylar iztirob chekkan boʻlsa, unda uni sevgan ayollar-u butun rus xalqi qanday ahvolga tushgan ekan, deb oʻylash ham qiyin. Balki Chexovning kitoblarini oʻqib ovunishgandir. Uning ruhi kitoblarida yashamoqda-ku. Oʻzi aytganidek, kitoblarini oʻlimidan soʻng 7 yil oʻqishgani yoʻq. “Har kim oʻz ota-bobolaridan koʻpni koʻrishga va bilishga intilishi lozim” deb aytib ketganida oʻziga ishora qilmaganmidi?

Chexov qalblarda shunday muhr qoldirib ketganki, hikoyalari oʻqilganida obrazlari va dialoglari aniq esda qolmaydi. Ammo darrov yurakka chippa yopishib, dardlarimizni qoʻzgʻaydi. Kuldirib azoblaydi. Qattiq taʼsir koʻrsata oladi.

Maksim Gorkiy Chexovning vafotidan soʻng shunday yozgan edi: “Notavon kishilarning gʻoʻr va zerikarli olomoni qoshidan hammaga eʼtiborli, choʻng bir dono odam oʻtib ketdi, u oʻz vatanining mana shu zerikarli qavmiga qarab maʼyus tabassum, yuzi va qalbida umidsiz hasrat bilan, yumshoq, lekin astoydil taʼnali ohangda, samimiy barno tovush ila: “Yomon yashayapsiz, janoblar!” deb ketdi.

 

Temur TANGRIBERGANOV

 

“Ijod olami”, 2018/1

https://saviya.uz/hayot/mashhurlar-hayoti/chexov-siymosi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x