Chavandoz qamchisidan chaqnagan qissa

Coʻz sanʼati oʻzini badiiy obrazlar orqali namoyon qiladi. Badiiy obraz esa koʻzguga qarab oʻz aksimizni koʻrganimiz kabi ijodkor ruhiyatidagi bizning aksimizga ijodkor tomonidan berilgan xolis qarashdir. Badiiy obrazda xarakter yoki borliqning yaxlit tasviri toʻlaligicha va bor murakkabliklari bilan ijodkor ongi orqali asarga koʻchib oʻtadi. Bu jarayonda u inson va olamning quruq tasviri boʻlib qolmay, ijodkorning dunyoqarashi orqali ongida kashf etilgan inson va olamni aks ettiradi. Bu yozuvchining inson va hayotga bergan estetik bahosi sanaladi. Shuningdek, mazkur hodisa yozuvchining maqsadiga bogʻliq holda amalga oshadi. “Badiiy asarda ozmi-koʻpmi tafsilot bilan tasvir etilgan personaj – obraz yoki xarakter deb ataladi. Obraz insonning tipiklashtirilgan va individuallashtirilgan tasviridir… Xarakter (obraz) muallif estetik idealini tashuvchidir”.[1] Obraz maʼlum bir muhitda harakat etish natijasida namoyon boʻladi va shakllanadi.

Borliqda azaliy qarama-qarshi unsurlar: suv va olov, ibtido va intiho, ezgulik va yovuzlik, yorugʻlik va zulmat, hissizlik va hayajon singari antonimik qarashlar mavjud. Bu hol insonlar ongi va tafakkurida ham aks etadi. Insoniyat yaratilibdiki, jamiyat va inson oʻrtasida ayro jihatlar mavjud boʻlgan, ana oʻsha davrlardan ramziylik adabiyotning muhim omiliga aylangan. Ijodkor hislari ramzlarda aks etgan. Ramz – koʻchma maʼno kasb etuvchi obrazlilik turi. Muallif qarashlarini badiiy obraz zohiriy akslantirsa, ramziy obraz esa botiniy ifodalaydi.

Togʻay Murodning “Ot kishnagan oqshom” qissasida manfur ijtimoiy muhit taʼsiri sezilsa-da, muallif oʻz qarashlarini ochiq bayon eta olgan. Muallif kech kuzda tugʻilib oʻsgan yurti – Surxon vohasiga yoʻl olgani, Sattor chavandoz bilan til topishib, chavandoz unga ot topib berganligini aytadi va “Men… otlandim” deydi. Bu uning adabiyotimizga yana bir asarini tuhfa qilmoqchi boʻlib, nomini abadiylashtirishga otlanganini anglatadi. “Uzun qish koʻpkarixona – ish joyim boʻldi, chavandozlar – hamxonam boʻldi, otlar – birodarim boʻldi. Nihoyat, koʻklamda “Ot kishnagan oqshom” nomli ikkinchi qissamni jurnalga koʻtarib keldim” deb aytadi. Adabiyotshunoslar eʼtirofidan farzandi kamolini koʻrgan otadek quvongan yozuvchi “Men” nomli maqolasida “Qissa Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasining hisobot yigʻilishida yilning eng yaxshi qissasi deya baholandi” deb yozadi. Yozuvchining mahorati uning hayotiy bilimlari, koʻpkarining qonun-qoidalarini mukammal tushunib, koʻrgan-kechirgani va chopgan uloqlari gazi bilan oʻlchanadi. Ana shunday yetuk asarni yozish uchun muallif bir-necha martalab chavandozlardan qamchi yeb, otdan yiqilib, haqoratli soʻzlar bilan tahqirlangan. Asarda oʻzbek folklori va dunyo adabiyotining taʼsiri ham beqiyos. Adabiyotshunos Qozoqboy Yoʻldoshev Azim Roʻziyev bilan “Togʻay Murod chizgan suratlar” suhbat-maqolasida shunday deydi: “Ziyodulla obrazi orqali insonning nozik kechinmalari, ziddiyatlari ochib beriladi. U kal boʻlsa-da, koʻnglining shu qadar nozikligi, gʻururi shu darajada balandligi, erkinligi va atrofini oʻrab turgan kishilarning naqadar qallobligi, sotqinligi-yu qoʻrqoqligi qanday ifodalanganligini koʻring-a. “Ot kishnagan oqshom” qissasi dunyodagi adolat va adolatsizlik haqidagi goʻzal hamda dahshatli asar. Bu qissa adibning boshqa asarlari singari ezgulikka daʼvat etadi. Ezgulik va razolatning mangu kurashidan bahs etadi. Togʻay Murod asarlari millatimiz yuksalishiga, maʼnaviyati balandroq, koʻngli tozaroq boʻlishiga xizmat qiladi”[2] deydi. Bu va shunga oʻxshash fikrlar “Men qaytib kelaman” nomli xotiralar kitobida koʻplab uchraydi. Muallif mazkur asarni yozib, oʻzbek milliy koloritini oʻzida mujassam etgan koʻpkari (uloq) yoʻqolib ketish arafasida turgan bir paytda uni ommaga qaytarish uchun oʻzida kuch topa olgan edi. Kal katta Ziyodullaning otini olib ketish uchun kelganida u “… Otam bechora sovet tuzumini deb qurbon boʻldi. Otga kelsam, ot yigitning yoʻldoshi, katta. Qolabersa, ot bilan koʻpkari chopamiz…” deb ajdodlardan oʻtib kelayotgan bu sport turining bardavomligi haqida soʻzlaydi. Lekin kal katta unga “Koʻpkari – eskilik sarqiti! Koʻpkari – yovvoyilar oʻyini” deb tanbeh beradi. Muallif esa Ziyodulla obrazi orqali bu fikrlarga tish-tirnogʻi bilan qarshi turib, ham maʼnan, ham jismonan kuchli boʻlgan xalq vakillarining oʻyini ekanligini aytadi.

Asarda bosh obraz Ziyodulla Qurbonov. Asar uning tilidan hikoya qilinadi. Roviy nutqidagi “taʼtil qildim” (ovqatlandim), “doʻmbiramni sayratdim” (doʻmbiramni chaldim), “choʻnqayibman” (engashmoq), “chiningni ayt” (rostini ayt), “zuvalasi pishiq”, “boʻlimli” (baquvvat), “sagʻir” (etim), “burnini jiyirib” (nazarga ilmay) kabi sheva soʻzlarning isteʼmolga kirib kelishi adabiy til uchun ham foydadan xoli boʻlmaydi. Togʻay Murod nasrining ifoda tarzi haqida professor Bahodir Sarimsoqov: “Adib oʻzbek badiiy nasridagi bayon poetikasini butunlay yangi oʻzanga burib yubordi. Epik bayonning bu shakli hozirgi oʻzbek nasrida mutlaqo yangi badiiy hodisa boʻldi. Men bu hodisani kvantiy bayon shakli, deb nomlagim keladi va epik bayonning ushbu shamoyili haqida, umr nasib etsa, maxsus bir tadqiqot qilish niyatim yoʻq emas”, deb yozadi. Muallif soʻzga xasislik qilmasdan bayon etikasiga amal qilib, oʻzining shunday uslubini yaratadi. U takroriy soʻzlarni koʻp qoʻllaydi. Takrorlar uning ifoda tarzi orqali ulkan maʼno kasb etadi.

Koʻpkari el-yurt ori uchun kurashib kelgan dovyurak chavandozlarning mardligi va halolligi bilan yoʻgʻrilgani bois eʼtiborga loyiq. Unda halollik qancha koʻkka koʻtarilsa, gʻirromlik shuncha yerga uriladi. Fikrimizning dalili sifatida koʻpkarining asosiy shartlari zamiridagi insoniy maʼno va axloqiy mezonlariga eʼtibor qilaylik: “Bakovul… qamchi sopini boshi uzra koʻtardi. Jarangdor ovozda aytdi: “Chavandozlar-ov! Gapimni oʻng qulogʻing bilan-da, chap qulogʻing bilan-da eshitib ol! Chilvir solmaysan – bir! Bir-birovingni yomon gap bilan soʻkma – ikki! Qamchi solma – uch! Yiqilgan chavandoz ustiga ot solma – toʻrt! Ot qochganda ushlashga yordam ber – besh!” Bu hukmdek yangragan soʻzlar tildanmas yurakdan chiqadi. Koʻpkarida faqat halol ishgina oʻzini oqlaydi. Bu haqda adabiyotshunos Usmon Qosimov: “Xalqimizning milliy gʻururi boʻlgan oliyhimmat chavandozlarning mard va halolligi qanchalar yuksak taqdirlanishi va aksincha, koʻpkarida nohaqlik qilgan pastkash bakovul va qitmir uloqchilarning el qargʻish, nafratiga duchor boʻlishi kitobxon qalbidagi pok insoniy tuygʻularni joʻsh urdirib, uning haqiqat va ezgulikka boʻlgan umid, ishonchini orttirishi tabiiydir”,[3] deb yozadi. Qissadagi kurash qahramonlar ishtiroki orqali mantiqiy isbotini topgan va gʻamli badiiy talqinlari ham chuqur falsafiy asosga ega.

Ziyodulla chavandozning asar boshidagi kal boʻlib qolish holati uni qanchalik oʻksitmasin, ahdida sobit turib, aytganini bajaradigan, fikridan qaytmaydigan insonga aylanadi. Toʻgʻri, u ham odam – xato qiladi, ammo adolat haqida gap ketsa, boshini kundaga qoʻyib bera oladi. U otning oʻsib-ulgʻayishi haqida “Birodarlar, sara ot, chavandoz aql-zakovatidan bino boʻladi! Sara ot chavandoz qalb qoʻridan bino boʻladi!.. Qanday qilib tarbiyaladim? Aytmayman, birovlar bilib qoladi, aytmayman…” deb oʻzining dunyoqarashini fosh qilib qoʻyadi. Bu esa uning ochiqkoʻngilligi va samimiyatidan dalolat beradi. U ana shunday gaplarni erkalash ohangida aytadi. Yana bir gap, Ziyodulla ot bilan butun shaxs va bir butunlikni tashkil etadi. U chavandoz boʻlib, diqqatimizni tortdi va bizning sevimli qahramonimizga aylandi. Ziyodulla chavandozning otga, ayniqsa, Tarlonga mehri boʻlakcha. U “Otning sarasi menda, quling oʻrgilsin menda!” deya oʻzini otining haqiqiy egasi sanaydi. U xalq dostonlarini doʻmbira joʻrligida aytadi. Asarni oʻqirkanmiz goʻyoki doston eshitgandek boʻlamiz. Odatda, xalq dostonlarida dovyurak, mard, botir alplar otga minib yurt ori va el shaʼni uchun oʻzining ezgu amallari va jasoratlarini koʻrsatganlar. Haqiqatan, dostonlarga koʻra, otga har tomonlama mukammal, oʻlkaning koʻzga koʻringan insonlari, qiyinchiliklarni sabot bilan yengguvchi alpkelbat, husnda ham ancha koʻrkli yigitlari yarashadiki, Togʻay Murod ana shuni yurakdan his qilib, jamiyat kirdikorlarini ochishda iqtisodiy qiyinchilikdan bezgan va sogʻlom muhit hamda haqiqat tarafdori boʻlgan Ziyodulla obrazi orqali bu muammoni yechishga harakat qiladi. Yozuvchi Alpomish, Avazxon, Ravshanxon, Kuntugʻmishlar kabi har tomonlama yetuk, shunga qaramay boshida sochi yoʻq boʻlgan Ziyodulla kalni “otga mindirib” oʻzining paradoksal qarashlarini koʻrsatadi. Yozuvchi mahorati, odatda, alplar minishi kerak boʻlgan otga oddiy xalq vakili Ziyodullani loyiq koʻrishida. Shunday alp bahodirlar qayerdan yetishib chiqqan? Xalq orasidan-da. Shu bois Ziyodulla qorishiq obraz boʻlib, u oʻzida xalq folklori anʼanalarini ham mujassam etadi.

Chavandozlik sirlarini mukammal egallashi, tush motivi, goʻzal bir hurliqoni tushida koʻrib qancha malomatlar bilan boʻlsa ham unga uylanishi xalq dostonlarida ham bor. Bir qarashda komik talqin ustuvor boʻlgan bu qissada ijtimoiyatning badiiyatga koʻchishi aks etgan. Bunda jamiyatning qusurlarini oʻzida namoyon etadigan bir dard yotibdi. Yuqorida aytib oʻtilgan Alpomish, Avazxon, Ravshanxon, Kuntugʻmishlar sultonlar avlodidan. Ular elning obroʻli insonlari farzandi boʻlib gavdalanadilar. Shu yoʻsinda oʻzlarining gʻayrat-shijoatlarini ishga solib qahramonliklar koʻrsatib, xalqning obroʻli insonlariga aylanadilar. Eʼtibor qiling, ularning koʻrinishi ham nuqsonsiz. Bizning Ziyodulla chavandoz esa, aksincha oddiy xalq vakili. Dunyoqarashi ham oʻziga xos. U mohir chavandoz. Oʻzbeklarga xos ahdiga sodiq, oʻziga ishonchi baland, adolatni sevguvchi, faqat oʻzini oʻylamasdan, oʻzgalar gʻami bilan yonguvchi obraz. Oʻzbeklarga xos tantilik, gʻayrat aks etgan tasvirga eʼtibor bering: “… tagʻin uzaldi… uloq junini eti bilan qoʻshib ushladim, gʻijimlab ushladim. Bor kuchim bilan siltab koʻtardim, egar qoshiga oʻngarib oldim! Koʻkragim ostiga bosdim, bilaklarim bilan bosdim!

Koʻz ilashmay qoldi!

Qolgan ish Tarlon ishi boʻldi! Tarlon tulkiday chopdi!

Koʻpkari oxiri menda ketdi. Men zafar qozondim!

Birodarlar, oʻzbek eli oʻr keladi, oʻzi oʻjar, zoʻr keladi!” koʻpkarilardan birida boʻlayotgan nohaqlik va baxilliklardan aziyat chekkan koʻp katta chavandozlar bir toʻda pastkashlarga zarda qilib, toʻyni ham, uloqni ham tashlab ketadilar. U boshqa uzangi yoʻldoshlari singari oson yoʻlni tanlamaydi. Yolgʻiz oʻzi oʻsha koʻpkaridagi nohaqlik va adolatsizlikka qarshi kurashadi. Ziyodulla chavandozdagi insof, diyonat, atrofdagi odamlarga mehr-oqibat va koʻz oʻngida sodir boʻlayotgan voqea-hodisalarga gʻarazsiz munosabat uni doimo adolat va ezgulikni himoya qilishga undaydi. Uning tabiatiga koʻrib-koʻrmaslikka olish, oʻzini bilmaganga solish begona.

Bu obrazni yaratishdan asosiy maqsad: mustamlaka tuzumining qonli jarohatidan ozor chekkan xalqning ichki gʻalayonlarini aks ettirish edi. Togʻay Murod oʻsha jamiyatdagi nohaqliklarga Ziyodulla chavandoz obrazini qalqon qilib koʻrsatadi. Muallif qalbida bir dard bor ediki, u ham boʻlsa, xalq manfaati, inson erki, jamiyat farovonligi, el-yurt maʼnaviyati bilan bogʻliq edi. Akademik Baxtiyor Nazarov bilan Farrux Jabborovning “Davralari davom etadi” nomli suhbat-maqolasida shunday jumlalar bor: “Ot kishnagan oqshom” qissasi qahramoni Ziyodullaning adolatsizlik bilan, haqsizlik bilan sira chiqisha olmasligini yodga oling. Koʻpkarilardagi baʼzi gʻirromliklardan tutab ketishini aytmaysizmi? Goʻyo chavandozlarnimas oʻzini himoya qilayotgandek oʻrtanib yozadi Togʻay Murod. U hayotda ham mana shunday boʻlganini tanigan-bilganlar yaxshi eslashadi. Togʻay gapni isrof qilib chuvalashtirib oʻtirmay, kezi kelganda, mushtni ishga solishdan ham tap tortmasdi. Baʼzan bunga oʻzim guvoh boʻlganman”. U mardlik va jasoratni shunday qattiq himoya qiladiki, uning taxayyul olami bilan real hayotni chogʻishtirib yuborasan kishi.

Bir qarashda, paradoksal tarzda komik talqin etilgan Ziyodulla chavandoz obrazi jamiyatning xoʻrlangan, tahqirlangan bir vakili. Muallif XX asrning 70–80 yillaridagi xalqning ahvolini ramz sifatida “kal”ga yuklaydi. Muallif jamiyat nuqsonlarini boshi kal inson koʻrinishiga mengzaydi va bu obrazni bolaligidan kal qilib koʻrsatadi. Inson tana aʼzolaridan koʻzga tashlanadigani va eʼtiborni tortadigani – bosh qism. U oʻzini qiynagan armonlarini shu bosh orqali koʻrsatib beradi.

Asardagi Ziyodulla obrazi mavjud tuzumga isyon sifatida gavdalanadi. Uni bir ilmsiz, maʼrifatsiz inson sifatida ham ayblab boʻlmaydi. “… Siyohdonni olib, muallimning yuziga otdim. Tegmadi. Keyin tashqari otildim… Yana qaytib maktabga oyogʻimni bosmadim… onamiz aldab-avradi, baribir maktabga bormadim”. Nega bormaydi? Chunki u qattiq uyaladi. “Uyat oʻlimdan qattiq” deydilar-ku! Uning oʻziga boʻlgan ishonchi oʻzi xohlagandek odam boʻlishida asqatadi. Undagi uyat oʻsha jamiyatga boʻlgan isyonni keltirib chiqaradi. U asar boshidanoq jamiyatning tragik holatini ocha boshlaydi. Uni tomirida oqayotgan toza qon, ajdodlardan qolgan gʻurur va ertangi kunga ishonch boshqaradi. U hamma narsaga eʼtibor beravermaydi. Gʻururi, moli, ori, joniga tegadigan ishlargagina qarshi boradi. “… chaqaloqli uyni qaradi… kattalar qiligʻi hamiyatimga tegdi. Tishimni tishimga zoʻrgʻa bosib turdim” deb erkaklik shaʼni toptalganini his etadi. Yana bir oʻrinda Kal katta ogʻzini tiyolmay qoladi:

“ – Oʻchir-e…

– Katta, enamni soʻkmang… sizga bundayin beposhna gaplar ep boʻlmaydi…

– Oʻchir deyman-e…

– Esa men ham sizning…

Kal katta oʻz shashti bilan, oʻz zabti bilan supadan uchib ketdi. Chuqurga borib tushdi. Raisimiz dovdirab qoldi”.

Bu voqeaning yuzaga kelishiga bir sabab bor, u ham boʻlsa: birgina mansab ishtiyoqida yongan kimsaning “kattakon”larga yaxshi koʻrinish uchun qilgan ishi. Oʻsha jarayonda rais ham mansab ilinjida Kal kattaning qilmishlarini oqlab, oʻzini yaxshi koʻrsatishga urinadi. Ichki ishlar xodimlarining oldida ham yolgʻon guvohlik beradi. Odatda, xalqning ezilishi orqali biror mansabga erishilmaydi. Inson oʻz isteʼdodi, mehnati va ezgu amallari evaziga eʼtibor qozonadi va elning ogʻziga tushadi. Mansab, eʼtibor tortib yoki sotib olinmaydi – qozoniladi. Elning qargʻishi Kal kattani shunday ahvolga olib keladiki, oxir-oqibatda xor boʻladi. Ziyodulla esa oʻzining gʻayrati va shijoati bilan elning orini oladi, uzangi yoʻldoshlari hech qanday sovrin olib qaytolmagan toʻydan ham u zot bilan qaytadi, haqini “ayirib” qaytadi. “ – Qalay, quruq qaytmadilaringmi, ishqilib?.. Men oldimdagi serka junini ogʻritib-ogʻritib tortdim. Serka uzib-uzib maʼradi” deydi. Shunda u faqat oʻziningmas uzangi yoʻldoshlarini ham uyatdan saqlaydi. “ – Ana shunday ovozli jonlilardan barimizda bor! Xurjundagi qat-qat toʻnlarni aytmasak-da boʻladi!” deya sheriklarini tragik vaziyatdan olib chiqadi. U toʻylardan birida Joʻra boboning Saman otini minib koʻpkarida ot suradi. U sinalmagan otga minmaydi, lekin Joʻra boboning koʻngliga qaraydi. Uning koʻngliga qarayman deb “qon yutadi” va oʻzining “Birodarlar, ogʻzing qora qon boʻlsa-da, gʻaniming oldida tupurma” konsepsiyasiga amal qiladi.

Xulosa qilib aytadigan boʻlsak, Ziyodulla obrazi orqali insoniyatning qabih qilmishlari qarshisidagi gʻolib shaxs va oddiy hayvon, otning mehri oldidagi ojiz qalb va sel boʻlgan yurakni, odamlar mehridan tonib, hayvonlar mehriga zor kimsa ruhiyatidagi gʻalayonlarni ilgʻaymiz. Bu obraz bizning yerga koʻmilayotgan urf-odatlarimiz va unutilayozgan rasm-rusumlarimizning qaytishi va davomiyligini taʼminlashga xizmat qilgan, deb ishonch bilan ayta olamiz.

 

Zavqiddin SUVONOV

1986 yilda tugʻilgan. Termiz davlat universitetini, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universitetining oʻzbek filologiyasi fakulteti magistraturasini tamomlagan. Respublika matbuotida qator ilmiy maqolalari eʼlon qilingan. “Poetik obraz tabiati” nomli ilmiy risolasi nashrdan chiqqan.

 

“Sharq yulduzi”, 2017/9

 

 


[1]  Sultonov I. Adabiyot nazariyasi. 2-nashr. T.: Oʻqituvchi. 1986.

[2] Yoʻldoshev. Q. Togʻay Murodning oʻz soʻzi. Toʻplam. Oʻziga xos shaxsiyat va betakror isteʼdod. Yangiyer. 2008.

[3] Qosimov. U. Hozirgi zamon oʻzbek adabiyotida Togʻay Murod ijodi. “Yozuvchi”. 1997.

 

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/chavandoz-qamchisidan-chaqnagan-qissa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x