Chaqirilmagan mehmonlar

Haynrix BYOLL,
Nobel mukofoti sohibi

 

Umuman olib qaraganda, jonivorlarga qarshi emasman, aksincha, ularga munosabatim juda yaxshi, misol uchun, kechqurunlari kuchugimizning boshini silash yoki mushugimizni tizzamga olib erkalash men uchun odatga aylangan. Yana, olaylik, bolalar xonaning bir burchagida toshbaqani qanday qilib oziqlantirayotganini koʻrsam ham xursand boʻlib ketaman. Hatto biz vannada saqlaydiganimiz kichkina begemotcha ham yuragimdan joy egallagan desam yolgʻon boʻlmaydi. Butun xonalarimiz boʻylab erkin sayr qilib yuradigan uy quyonlarini aytmay qoʻyavering, ularning bu yurishlaridan allaqachonlar bezovta boʻlmay qoʻyganman. Bulardan tashqari, kechalari toʻsatdan paydo boʻladigan mehmonlar – mungli ohangda chiyillab keladigan joʻja yoki xotinim boshpana berib siylaydigan daydi itga duch kelib qolishga ham oʻrganib qolganman. Xotinim nihoyatda mehribon-da, hech kimga – odammi, hayvonmi, farqi yoʻq, boshpana kerak boʻlsa rad etmaydi, kechalari oʻqiladigan duosida qachonlardan beri takrorlanib keladigan soʻzlarni aytsam bunga oʻzingiz ham ishonarsiz: “Allohim, bizga nochor odamlar va jonivorlarni oʻzing yetkazgaysan…”

Achinarli holat shundan iboratki, ayolim allaqaysi firma yo korxonalarning mahsulotlarini uyma-uy sanqib targʻib qiladigan, koʻchama-koʻcha savdo qiladiganlarni ham tirsagidan itarmaydi, shuning uchun ham mening oʻyimcha, uyimizda eng kerakli deb hisoblanmaydigan mahsulotlar uyumi ham kundan-kun boʻy choʻzayotir. Misol uchun, sovun, choʻtka, soqol oladigan piskalar, toʻr uchun jun kabilarni oling, ayniqsa, meni qutida qanaqadir hisob raqamlariyu majburiyatlar haqidagi hujjatlarning toʻplanayotgani koʻproq bezovta qiladi. Oʻgʻillarim oʻqishi davri uchun, qizlarim erga tekkuniga qadar sugʻurta qilingan, ammo oʻzingiz oʻylang, axir ularni to imtihonlari tugaguncha yoki to toʻy kuni kelguniga qadar sovun yoki toʻr bilan ovqatlantira olmaymiz-ku, va hatto manavi soqol oladigan piskalar ham inson tanasi uchun har doim ham foydali emas.

Mana koʻrdingizmi, xuddi mana shu yerdan mening yengilgina sabrsizligim kurtaklanadi, aslida mendek xotirjam va bagʻri keng odamni topish qiyin. Tez-tez oʻzimning stol tagiga bemalol oʻrnashib begʻamlik bilan sabzi kavshayotgan quyonchalarga hasad bilan qarayotganimni, vannamizda poʻpanak yoyib oʻtirgan begemotga qarab esa oʻzimda uning tilini sugʻurib olish ishtiyoqi paydo boʻlganini sezib qolaman. Hatto matonat bilan salat barglarini jigʻildoniga joʻnatayotgan toshbaqa ham mening yuragimni qanday tashvishlar oʻrtab turganini bilmaydi. Axir odammiz-ku, xushboʻy kofe, tamaki, non va tuxum, bir ryumka aroq yutumidan soʻng tanangda paydo boʻladigan insoniy mehr bilan chulgʻab olingan orombaxsh iliqlik istaydi koʻngil. Bittagina tasallim – kuchugimiz Bello. U ham xuddi men kabi ochlikdan uvillaydi. Shulardan ham keyin tagʻin chaqirilmagan mehmonlar – menga oʻxshab soqollari oʻsib ketgan zamondoshlarimiz, bolalarini koʻtarib olgan onalar kirib kelsa, demak, bolalarni issiq sut va namlangan suxari bilan ovqatlantirish lozimki, bunday paytda men butun kuchimni toʻplab chidam va bardosh bilan xotirjamlikni saqlashim lozim boʻladi. Va men oʻsha xotirjamlikni saqlayman, boshqa saqlaydigan narsaning oʻzi qolmagan.

Shunday kunlar boʻladiki, endigina qaynab chiqqan sap-sariq kartoshkaga tikilib soʻlaklarim oqadi, chunki men qancha ogʻir boʻlmasin, tan olaman va qizariblar ketamanki, bizning oshxonamiz allaqachon odob va izzat saqlanadigan oshxona maqomiga sazovor boʻlmay qolgan. Turli yovvoyi hayvonlar va odam zotiga tegishli mehmonlar qurshovida vaqt-bevaqt mutlaqo tasodifiy va hech qanday tayyorgarliksiz holda ovqatlanish tadbirlarini uyushtirishga majbur boʻlamiz.

Baxtimizga xotinim uzoq muddatga bizga mutlaqo kerak boʻlmaydigan matohlarni sotib olish imkonidan mahrum, chunki bizning naqd pulimiz tugagan, mening hisobimga tushadigan mablagʻlar ham nomaʼlum muddatga kechiktirilgan. Oʻzim boʻlsam, meni tanimasliklari uchun tashqi koʻrinishimni oʻzgartirib, kechalari shahar atroflarini aylanaman, odamlarga piska, sovun, tugma kabi narsalarni narxidan ancha past bahoga pullayman, axir ahvolimiz shuni taqozo qilyapti-da. Ammo shu narsani taʼkidlashim lozimki, hali uyda bir sentnerdan ortiq sovun, bir necha ming piska, koʻp miqdorda turli-tuman tugmalar bor, uyga yarim kecha horib-charchab qaytarkanman, meni bolalarim, hayvonlarimiz va rafiqam koʻzlari yonib kutib olishadi, chunki yoʻldan odatda nimadir – non, kofe, olma, yogʻ yoki kartoshka xarid qilgan boʻlaman, ular mushtoq boʻlib kutayotganidek, yegulik bilan kelaman. Tun yarimdan oqqanda, butun oilamiz – bolalarim, hayvonlarimiz va xotinim bilan kuvonch onlari boʻlmish ovqatlanish marosimiga kirishamiz. Xursand boʻlgan farzandlarimdan tortib quvonchdan koʻzlari porlaydigan hayvonlarimizgacha meni oʻrab olishadi, rafiqam esa menga tabassum bilan boqadi, begemot yolgʻizlikdan oʻksinmasligi uchun biz ataylab vannaning eshigini ochib qoʻyamiz, uning mamnun xur-xurlashi esa bizga eshitilib turadi.

Odatda bunday paytlarda xotinim ovqatlanib, asablarim biroz joyiga tushib, xotirjam boʻlib olganimdan keyingina qaznoqqa yana bir qoʻshimcha mehmonni yashirib qoʻyganini tan oladi. Qarabsizki allaqanday, bir jurʼatsiz, soqollari oʻsib ketgan erkaklar qoʻllarini ishqalab dasturxonimizga kelib oʻrnashishadi, ayollar boʻlsa skameykada oʻtirgan bolalarimizning orasiga siqilishadi va anavi dodlayotgan bolachalari uchun sut qaynatishga kirishishadi. Mening jinim suymaydigan boshqa yovvoyi hayvonlar ham xuddi mana shu uslubda menga tanishtiriladi: baliqchi qushlar, tulki, choʻchqa, bir kuni ular orasida hatto bir oʻrkachli tuya bolasi ham bor edi.

– Qaragin, ajoyibligini! – xotinimning bu undovli xitobidan keyin men ham tuyaning ajoyibligini tan olishimga toʻgʻri keldi, va yengil, bilinar-bilinmas xavotir bilan bu jonivor koʻkimtir koʻzlari bilan menga zimdan qarab butun vajohati va kuchini jagʻiga jamlagan koʻyi oziqlanayotganini kuzatdim. Baxtni qarang, tuyavoy bizning xonadonda bor-yoʻgʻi bir haftagina mehmon boʻldi, xolos. Bu paytda mening ishlarim ancha
yaxshi boʻlib qolgan edi: mahsulotlarimning yuqori sifatliligi va narx-navosining pastligi meni ancha mashhur qilib yuborgan va men oddiy sharoitda zarur boʻlmagan narsalarni ham sotishga muvaffaq boʻla boshladim, bular poyabzallar uchun iplar va choʻtkalar edi. Bu bizning goʻyoki gullab yashnayotganimizning koʻrinishiga oʻxshardi va xotinim iqtisodiyotning qoidalariga tupurib qoʻyib meni xijolatga soluvchi iborani ishlatdi: “Biz yuqorilab ketyapmiz!”. Axir men oʻz tomonimdan sovun zahiralari tugab borayotgani, piskalar soni qisqarib qolgani va hatto, choʻtka-yu toʻrlar zahirasi ham qanoatlanishga sabab boʻlmasligini yaqqol koʻrib turardim.

Ruhiy qoʻllab-quvvatlashga muhtoj boʻlib yurgan kunlarimning birida stol atrofida jimgina oʻtirarkanmiz, uyimiz bexosdan zilzila boʻlayotgandek silkina boshladi, stolning qimirlaganidan kolbasa boʻlagi mening likopchamdan sirgʻalib tushdi. Men sakrab turdim va nima boʻlayotganini bilmoqchi boʻldim, bolalarim esa kulgidan oʻzlarini zoʻrgʻa tiyib turishardi.

– Bu yerda nima boʻlyapti oʻzi? – sarguzashtlarga boy hayotimda ilk bor oʻzimni tutib tura olmay baqirib yubordim.

– Valter, – dedi ohista ovozda xotinim sanchqini qoʻyar ekan, – bu oʻzimizning Vollo.

Xotinim hoʻng-hoʻng yigʻlardi, uning koʻz yoshlari oldida ojizman, axir u menga yettita farzand tugʻib bergan.

– Qanaqa Vollo? – deya soʻradim horgʻinlik bilan. Bu paytda uyimiz yana bir tebranib oldi.

– Vollo bizning yertoʻlamizda oʻtirgan fil, – dedi kichkina qizim.

Toʻgʻrisini ayta qolay, esankirab qoldim. Oʻylaymanki, mening bu dovdirab qolganimni tushunishingiz qiyin boʻlmaydi. Shu paytgacha tuyadan yirik boʻlgan jonivorlarga boshpana bermaganmiz, shu boisdan fil uchun bizning xonadonimiz anchagina kichiklik qiladi, chunki davlat tomonidan quriladigan uy-joy bizga nasib etgani yoʻq.

Rafiqam va farzandlarim hech narsa boʻlmagandek inqirozga uchragan sirk xoʻjayini oʻz filini bizning uyimizda saqlashga qaror qilganini menga tushuntira ketishdi. Fil biz odatda koʻmir tushiradigan tarnov orqali xotirjamlik bilan yertoʻlaga tushibdi.

– U koptokka oʻxshab yumaloq boʻlib oldi, – dedi katta oʻgʻlim. – Shunaqa aqlli ekanki…

Albatta, men ham filning aqliy salohiyatiga shubha qilganim yoʻq va uning borligiga ham koʻndim va meni tantanavor holatda yertoʻlaga boshladilar. Fil uncha katta emas ekan, u quloqlarini qoqib turardi, nafsilambrini aytganda, unga yemish sifatida bir uyum somon ajratishganidan boʻlsa kerak, bu turishidan mamnunligi koʻrinib turardi.

– Rostdan ham ajoyib, toʻgʻrimi? – soʻradi xotinim, biroq men bunga javob berishni lozim topmadim. “Ajoyib” degan soʻz mening nazdimda, fil uchun mutlaqo toʻgʻri kelmas edi. Umuman, oiladoshlarim mening bu yangilikni zavq-shavqqa toʻlib qarshilamaganimdan
taassufda edi albatta. Yertoʻladan chiqarkanmiz, rafiqam hatto menga dakki ham berdi:

– Qanchalar pastkashlik? Nahotki, boyaqish jonivorning arzon garov sotilib ketishini istasang?

– Pastkashlik, arzon-garov degan gaplarning nima aloqasi bor? Kim oshdi savdosi orqali sotilishi lozim boʻlgan narsalarni yashirish noqonuniy hisoblanadi.

– Menga baribir, – deya javrashda davom etdi xotinim. – Jonivorni saqlab qolishimiz shart.

Yarim kechasi tortinchoqligi koʻrinib turgan, tim qora sochli sirk egasi bizni uygʻotdi. U yana bir yovvoyi hayvonga boshpana bera olish yoki olmasligimizni bilgani kelgan ekan.

– Bu mening eng oxirgi boyligim, soʻnggi mulkim. Bor-yoʻgʻi bir kechaga. Aytgancha, fil qanday yashayapti?

– Yaxshi, – dedi rafiqam, – faqat uning oshqozoni meni bezovta qilyapti.

– Bu tabiiy, – javob berdi mehmon. – Sharoit oʻzgarishi bilan bogʻliq holat bu. Yovvoyi hayvonlar shunaqa taʼsirchan boʻlishadi. Nima qildik, mening mushugimni bir kechaga olasizlarmi?

U menga qarab turardi, xotinim biqinimga turtib dedi:

– Bunaqa shafqatsiz boʻlmasang-chi…

– Shafqatsiz? – takrorladim men. – Yaxshi, men rahmdil boʻlishga harakat qilaman, marhamat, mushukni oshxonaga joylashtirishing mumkin.

– U hozir koʻchada, mashinada, – dedi sirk xoʻjayini.

Mushukning keyingi taqdirini xotinimga topshirib toʻshakka qaytdim. Rafiqam rangi soʻlib, hatto biroz qaltiragan koʻyi qaytib keldi.

– Sovuq qotdingmi? – deya soʻradim.

– Ha, – dedi u javoban, – negadir junjikib ketyapman.

– Bu charchaganingdan boʻlsa kerak.

– Balki shundaydir, – deya menga gʻalati qarash qildi.

Tun osuda oʻtdi. Ammo tushimda ham xotinimning oʻsha gʻalati qarashini koʻrdim va nimagadir odatdagidan barvaqt oʻrnimdan turdim. Shunda men umrimda ilk bor soqolimni olishga qaror qildim. Oshxonadagi stol tagida oʻrtacha kattalikdagi sher yotardi. U bamaylixotir uxlar, faqat dumining uchi sal-sal qimirlab xuddi toʻp oʻynayotgandek yengil dukirlab qoʻyardi.

Men imkon qadar shovqin solmaslikka intilib yuzlarimni ohista sovunladim, biroq yuzimni oʻngga burib chap lunjimni qirtishlashga kirisharkanman, sher koʻzlarini ochib meni kuzatib turganini koʻrdim. U nimani oʻylayotganini bilmayman, biroq u meni kuzatib turibdi, men esa soqolimni olishda davom etyapman va hatto biron joyimni kesib ham olmadim, biroq shuni taʼkidlashni istardimki, sherning guvohligida soqol olish gʻayrioddiy taassurot uygʻotar ekan. Yirtqich hayvonlar bilan muomalaga kirishish borasida tajribam nihoyatda oz boʻlgani bois sherning koʻzlariga tikilib qaradim, yuzimni artdim va shundan soʻng yotoqxonaga qaytish bilan chegaralandim. Xotinim uygʻongan va menga nimadir demoqqa chogʻlana boshlagan edi, uning ogʻzini ochishiga yoʻl bermay baqirdim:

– Yana nima demoqchisan oʻzi?

Shunda rafiqam yigʻlab yubordi, va men, uning sochlarini silarkanman, endi muloyim ovozda dedim:

– Oʻzing oʻylab koʻr, axir bu biroz gʻalati emasmi?

– Seningcha, nima gʻalati emas? – dedi yigʻi aralash u, men unga nima deb javob berishni bilmasdim.

Bu orada quyonlar uygʻonib qolishdi, vannada bolalar bir yoqdan, keyin begemotimiz, uni Gotlib deb atardik, uning shovqini eshitildi, Bello ham uygʻonish sari harakatga tushgan, faqatgina toshbaqa hamon uyquda edi, umuman, u hamma vaqt uxlardi.

Men quyonlarni oshxonaga olib tushdim, shkaf tagida ularning ozuqasi kutardi. Quyonlar sherni hidlab oʻtishdi, sher esa ularni, bolalar esa – ular ancha epchil va dadil, yirtqich jonivorlar bilan til topishib ketganidan allaqachon oshxonada edilar. Nazarimda, sher ham menga kulib turardi, buni koʻrgan yosh jihatidan uchinchi oʻgʻlim darrov jonivorga nom topgan boʻldi: Bombilius. Uni shunday atashga qaror qildik.

Bir necha kundan soʻng sher bilan filni olib ketishdi. Shuni qayd etishim joizki, fil bilan xayrlasharkanman, bundan xafa boʻlmadim, chunki u nazarimda biroz befahmroq edi, bemalolxoʻja va muloyim sher esa yuragimdan joy olgandi, Bombiliusning bizni tark etishidan anchagina xafa boʻldim. Men unga oʻrganib qolgan ekanman, u mening qalbimdan oʻrin olgan hayvonlarning birinchisi edi.

 

Ruschadan

Husan Ermatov

tarjimasi

 

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 2-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/chaqirilmagan-mehmonlar/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x