Chandiq

Sadriddin ichidagi bor gapni menga aytardi. Tunov kuni u toʻlqinlanib shunday dedi:

– Bilasanmi, u meni sevadi. Lekin bu unchalik muhimmas, asosiysi hurmat, toʻgʻrimi? Qiziq odati bor, yuzidan oʻpsam bilagimdan chimchilaydi.

Men savol nazari bilan unga tikilaman. U yengini shimarib “mana qara!” deydi.

Avaylabgina chimchilangan badan qizarib koʻpchigandi.

Mushtariyni yaqindan bilmasdim. Koʻcha-kuyda uchrashib qolsak, salom-alikdan nariga oʻtmasdik. Oʻrtogʻimning kuyganicha bor: xushbichim, sodda, sirli. Ammo negadir mening koʻzimga chiroyli koʻrinmasdi. Kecha kseronusxa uchun navbatda tursam, Pardayevning xonasi gʻiyqillab Mushtariy chiqdi. Qoʻlidagi taxlam qogʻozni stulga qoʻyib, koʻz nayzasida menga qarab:

– Yaxshimisiz? – dedi.

– Bir navi…

U: “Oʻrtogʻingiz”, deb menga yuzlangan ham ediki, qoʻshni xonadan chiqqan baqiriq uni tipirchilatdi va Mushtariy qilpanglab oʻsha yoqqa chopdi.

Pardayev oʻta jizzaki, oʻynoqi odam. Aql oʻrgatishga balo.

Tushlikdan soʻng kiyimlarni olib yechinish xonasiga oʻtdim. Pardayev ham oʻsha yerda ekan. Salomga mensimaygina bosh irgʻadi va koʻylagini ilgakka ilarkan, nogahon bilagidagi chandiqqa koʻzim tushdiyu etim uvishdi.

– Chipqonmi? – deb yubordim birdan.

U negadir tirjayib soʻz ochdi.

– Megajin, xunuk qiligʻi shu: bilakdan chimchilaydi.

U yana nimadir demoqchi boʻldi-yu, eshik taqqillab dami kesildi.

– Keling, Sadriddinboy!

Doʻstim ikkimiz bilan ham quchoqlashib koʻrishgach, meni chetga tortdi va shivirladi.

– Vaʼdalashdik, sovchi joʻnataman, uylanaman!

Men bamisoli karaxt, hech narsani eshitmas, fikru zikrim haligi chandiqda edi.

Oshnam yengini shimarardi…

 

Olim Jumaboyev.

https://saviya.uz/ijod/nasr/chandiq/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x