Buyuk inson, buyuk yozuvchi

DIL EʼTIROFI

 

2005 yili mavlono Oybekning 100 yilligi munosabati bilan adib haqida toʻla metrajli hujjatli film yaratiladigan boʻldi. Odatda, bunday filmlarni suratga olish chogʻida “asar qahramoni”ni yaxshi bilgan, el-yurt tanigan kishilardan intervyu olinadi. Baxtga qarshi, adib ijodi bilan shugʻullangan Izzat Sulton, Homil Yoqubov, Matyoqub Qoʻshjonov singari atoqli olimlar ham, adibning tengdosh qalamkash birodarlari ham hayotdan koʻz yumgan edilar. Adabiyotshunoslik va tanqidchilik bayrogʻini baland koʻtarib ijod maydonida javlon urgan Ozod Sharafiddinov esa, ikki oyogʻidan ayrilib ogʻir xastalik kunlarini kechirmoqda edi. Shunga qaramay, adibning nevaralari – film rejissyori Nozim Abbosov bilan Oybek uy-muzeyi derektori Oynur Toshmuhamedova Ozod akadan, albatta, intervyu olamiz, degan ahdu paymonlarida qattiq turib oldilar. Ozod aka oʻsha kezlarda, tez-tez shifoxonada yotib, xuddi ishi qolib ketayotgan sogʻlom kishidek chala-chulpa dovolanib, Geofiziklar mahallasidagi uyiga – kitoblari, bolalari, shogirdlari bagʻriga borishga oshiqar edi. Oybekning nevaralari shunday kunlardan birini poylab, kamerayu yoritqichlarni koʻtarib, bir avtobus boʻlib munaqqidning uyiga yoʻl oladilar.

Shu voqeadan bir muncha avval, Ozod aka jarroh stolida yotgan paytidami yoki operatsiyadan keyingi ogʻir uyqu holatidami Oybekni koʻrgan. U buning tushmi yo alahsirash paytimi, eslab qolmagan. Har qalay yonida Oybek paydo boʻlib, undan gina-qudurat qila boshlagan: “Ozodjon, – degan u, – mendan xafamisan yo mening asarlarimdan koʻngling toʻlmaganmi, buni bilmayman. Ammo, sen Gʻafur Gʻulom toʻgʻrisida toʻlib-toshib yozding, Abdulla Qahhor toʻgʻrisida toʻlib-toshib yozding, Mirtemir toʻgʻrisida yozding, Zulfiya toʻgʻrisida yozding… Xullas, sen ijodini oʻrganmagan yozuvchilar qolmadi. Ammo nechundir meni unutib yubording…”

Ozod aka hushiga kelishi yoki dafʼatan uygʻonishi bilan adibning shu soʻzlarini yana qayta eshitgandek boʻladi. Uyiga qaytishi bilanoq adib haqida maqola yozishga kirishadi. Nihoyat, maqola tayyor boʻlib: “Millatni uygʻotgan adib” nomi bilan matbuot yuzini koʻradi. Adabiy-ilmiy hayotda voqea boʻlgan bu maqola muallifining adib haqidagi soʻzisiz “Oybek” filmini tomoshabinga taqdim etish nodonlik boʻlurdi. Shuning uchun ham kamina film ssenariysining muallifi sifatida Nozim bilan Oynurga hamfikr boʻlganman.

Odatda hujjatli filmdagi intervyu juda qisqa boʻladi. Nozim buni yaxshi bilgan boʻlsa-da, Oynurning qistovi bilan Ozod akaning oʻttiz ikki daqiqalik otashin nutqini toʻla yozib olgan. (Filmga shu nutqning faqat uch-toʻrt daqiqali qismigina kirgan, xolos.)

Bundan bir necha oy ilgari Oynur Toshmuhamedova kaminaga Ozod Sharafiddinov Toʻlepbergen Qaipbergenov va Aziz Qayumovning ovozlari yozilgan kassetani taqdim etib, Ozod akaning intervyusini qogʻozga tushirib, matbuotda eʼlon qilishimga ijozat bergan edi. Kamina shu imkoniyatdan foydalanib, munaqqidning hali matbuot yuzini koʻrmagan soʻnggi yoniq nutqlaridan birini jurnalxonlar eʼtiboriga havola etayotirman.

 Naim KARIMOV,

filologiya fanlari doktori, professor


 

Mening hayotimda bir qator kunlar, yillar, sanalar bor: oʻshalarni unutilmas sanalar deb bilaman. Shulardan biri – 1940 yilning 1 mayi. Buning unutilmasligi sababi shundaki, shu kuni men Oybekning “Qutlugʻ qon” romanini sotib olgan edim. “Qutlugʻ qon” romani oʻsha vaqtda juda qimmat – 11 soʻm turardi. 11 soʻm, hozir bilmadim, necha ming soʻmga toʻgʻri keladi, har holda juda qimmat edi. Odatda, kitoblar 1 soʻm boʻlardi, 50 tiyin-60 tiyin turardi, lekin Oybekning romani, yanglishmasam, 11 soʻmu 25 tiyin edi. Shu kitob koʻzimga yaxshi koʻrindi. Voqea shunday boʻldiki, biz 1 mayda maktabdan bayram namoyishiga chiqqan edik. Namoyishga chiqishdan oldin maktabda bizga forma berishgan edi – “Yosh armiyachilar” degan. Shu formaga 100 soʻmdan pul yigʻilgan edi. (Uydan olib kelib bergan edik.) Shu puldan 20 soʻmcha ortib qolgan ekan, uni qaytib berishdi. Biz namoyishdan qaytib, Navoiy koʻchasidan kelayotgan edik. U vaqtda Navoiy koʻchasi hozirgidek emas, boshqacha edi. Kinostudiyaning yonida Shayxontahur dahasining darvozasi bor edi, zinadan chiqilardi. Darvoza mahobatli, naqshinkor, juda goʻzal boʻlib, tepasi gumbaz bilan tutashgan edi. Shu gumbazning tagida 2-3 ta doʻkon boʻlgan. Namoyishdan chiqib, sekin sayr qilib, qayerda nima bor ekan, deb aylanib, tomosha qilib kelayapmiz. Hamma vaqt ham Shayxontahurga bormaysan, kishi. (Biz Eski shaharda turardik.) Keyin shu gumbazning tagiga kirsam, kitob doʻkoni bor ekan. Kitob olish niyatim yoʻq edi, uni-buni koʻrdim. Qarasam, “Qutlugʻ qon” degan roman turibdi. Ana shuni bir koʻray, desam, doʻkonchi olib berdi. Varaqlab koʻrdim, jigarrangroq muqovasida bir cholning qoʻlini koʻtarib turgan surati, oʻzbekcha kiyingan, boshini qiyiq bilan bogʻlagan. Ichini varaqladim, endi darrov nimani bila qolardim? Doʻkonchi aytdi: “Oʻgʻlim, – dedi, – shu kitobni olgin, – dedi. – Kecha kelgan edi, bugun tamom boʻlayapti. Ertaga qolmaydi bu kitob”, – dedi. Ha, qolmas ekan, deb oldim. Olib, uyga olib ketdim. Oʻqiy boshladim. Bu endi shunaqangi gʻalati kitob ekanki, bilasizmi, bir oʻziga tortib olgandan keyin qoʻyib yubormas ekan. Kunduzi ham, ovqat paytida ham, ish paytida ham, oʻqish paytida ham partaning tagiga qoʻyib, kechasi ham chiroqni allamahalgacha yoqib, xullas, ikki-uch kunda oʻqib chiqdim, shu kitobni. Endi, shunaqa bir ajoyib, shunaqa bir maroqli, shunaqa bir oʻzbekona, yurakka yaqin, hammasini oʻzim koʻrib turgandek his qildim.

Romanning boshlanishida Yoʻlchi qishloqdan keladi togʻasinikiga, Mirzakarimboynikiga. Supaga oʻtiradi. Bizning uyda ham supa bor edi, oʻsha paytlarda. Mening nazarimda, xuddi shu yerda Yoʻlchi oʻtiribdi. Shu yerda Mirzakarimboy, shu yerda xotini, bolalari oʻynab yurishibdi. Men ham shu Yoʻlchining qatorida bir joyda oʻtirgandek, goʻyo ularning gaplarini eshitayotgandek. Shu, aralasha olmasam ham, gaplarini eshitib, miriqib oʻtirgandek his qildim, oʻzimni. Va bundan keyingi sahnalarda ham shunaqa boʻldi.

Yana shu sana esimda qolganining boisi shu ediki, endi maktabdan berishgan 20 soʻmning qaytimini uyga berish kerak edi. Men 10 soʻmmi, 9 soʻmmi, hatto 8 soʻmmi berdim. 1 soʻmiga koʻchada muzqaymoq, yana bir narsalar olib yeb keldim. (5-sinfda oʻqir edim, oʻshanda.) Oradan uch-toʻrt kun oʻtgandan keyin, oyim xonalariga chaqirdilar.

– Ha, oyi, nima deysiz?

– Maktabda qaytimini berishdimi?

– Ha, berishdi.

– Olib keldingmi?

– Ha, olib keldim.

– Qancha?

– Mana, buvimga berdim, 8 soʻm.

– Nega 8 soʻm?

“Ha, endi, ul-bul…”, deb boshlagan edim, “Mana senga 8 soʻm”, deb qayish bilan urib ketdilar. (Qayishni orqalariga berkitib turgan ekanlar.) Bu voqea, kechqurun, yotish oldidan boʻlgan edi: shim yoʻq, ishton, xolos. Qayish degan narsa juda yomon boʻlar ekan, hozirgacha esimdan chiqmaydi. Mana shunaqa qilib qayishning zarbini yedik. “Nega soʻramasdan kitob olasan? Bu pul oʻzingniki emas edi-ku! Birovniki edi-ku!! Olib kelib berishing kerak edi-ku!!!. Oʻzing ishlab topsang, boshqa gap edi”, deb juda qattiq ranjidilar, urishdilar, soʻramasdan pulni yoʻqotib, sarflab kelganim uchun.

Oʻsha kundan menda ikkita xotira qoldi. Birinchisi, hech qachon birovning haqini, birovning pulini olmaslik. Shu paytgacha men birovning narsasiga tegingan emasman. Ikkinchisi, mana shu roman. Roman sahifalarini hozir yod aytib bera olmasman, lekin qayerda nima voqea boʻlgan, qanday hodisa, qaysi obraz tasvirlangan, kim kim bilan uchrashgan, nima degan – hamma-hammasi yodimda turibdi. Muqovadagi rasm bilan shu obrazlar gavdalari bilan, qosh-koʻzlari bilan koʻz oldimda turibdi. Keyin-keyin oʻylab qarasam (mana, adabiyotshunos boʻldim), asarning sodda boʻlishligi, juda ham hayotiy boʻlishligi, shu bilan birga unutilmas kartinalar, odamlar boʻlishligi yozuvchining sanʼatiga, mahoratiga bogʻliq ekan. Juda yuksak mahoratga ega boʻlgan yozuvchigina shunaqa obrazlarni yaratishi mumkin ekan. Oʻrtamiyona yozuvchining yaratgan, chizgan obrazi “boʻyi undoq edi, qoshi bundoq edi”, degani bilan baribir esda qoladigan boʻlmas ekan… Shu romandan keyin yana qancha kitoblar oʻqidim (ular orasida ham esda qoladiganlari boʻlgan), lekin Oybekning “Qutlugʻ qon”i – juda bir boshqacha roman…

Yaqinda bir maqola yozdim[1]. Shunday xulosaga keldimki, bizning oʻzbek adabiyotidagi eng buyuk asarlardan biri – Oybekning “Qutlugʻ qon” romani. “Qutlugʻ qon”, bilasizmi, qaysi yillarda yozilgan? 1939 yilda bosmaga berilgan, 1940 yilda bosilib chiqqan. Oybek 1937 yilni koʻrgan. Faqat 37 yilni emas. Agar Oybekning hayotiga nazar tashlasangiz, boshdan-oyoq tragediyadan iborat. Shubhasiz, odamning hayoti faqat tragediyadan iborat boʻlmaydi. Albatta, quvonchli kunlari ham boʻladi, oʻrtoqlari bilan uchrashadi, biron joyga ziyofatga borgan, farzand koʻrgan kunlari boʻladi va h. k. Quvonchli kunlari, albatta, boʻladi. Lekin yaxlit olib qarasangiz, Oybek hayotining fojiali, dahshatli kunlari, rozi boʻlmagan kunlari koʻproq. Mana, 1914 yil… Oybek necha yoshda boʻlgan, oʻshanda? 9 yoshdami? 9 yoshida Birinchi jahon urushi boshlangan. Yana uch-toʻrt yildan keyin Oktyabr toʻntarishi sodir boʻlgan. Keyin grajdanlar urushini koʻrgan, “Turkiston muxtoriyati”ni koʻrgan. “Turkiston muxtoriyati”ni deganda, faqat muxtoriyat, “ura-ura” emas, Turkiston muxtoriyatini uch oydan keyin bostirishgani, dashnoqlarning Qoʻqonda bir kunda 10 mingta odamning kallasini olib tashlagani koʻz oldimga keladi. 10 mingta odam-a! Aytishga oson! Shu paytda, yaʼni, 1918 yilda Oybek 13 yashar edi, hayotda roʻy bergan voqealarni tushunardi, past-balandini bilardi. Mana bu hodisani koʻring: grajdanlar urushi, undan keyin “harbiy kommunizm” davri, undan keyin ochlik, NEP – “yangi iqtisodiy siyosat” davri. 1927–28 yillar – kolxozlashtirish davri. Butun mamlakat boʻylab millionlab odamlar uyidan haydab chiqarilib, badargʻa qilingan, koʻchirilgan, qamalgan, otilgan… Shunaqa bir davr boʻlgan. Keyin yana ochlik davri. 30 yillarda dahshatli ochlik boʻlgan, koʻchada odamlar yurib keta turib oʻlib qolgan, ularni bir necha kunlab koʻmadigan odam boʻlmagan. Bularning hammasini… Oybek koʻrgan!

Bulardan tashqari, Oybek 30 yillardan boshlab quvgʻinga uchragan. Esingizda bor, 1927 yilda Choʻlpon uchta sheʼriy kitobi chiqqan, besh-oltita pyesalari qoʻyilgan, juda mashhur yozuvchi boʻlib oʻsib borayotgan shoir va dramaturg edi. Shu yili gazetada bir maqola chiqqan, shu maqolada Choʻlpon “burjua shoiri” deb atalgan va uning sheʼrlari sovet kishilariga yot sheʼrlar, deb qoralangan. Bunga qarshi Oybek maqola bilan chiqqan. Men bir narsani juda taʼkidlab oʻtmoqchi edim: biz, oʻzbeklarning bir xususiyatimiz bor, bilmadim, buni milliy xususiyat deb atash mumkinmi yo yoʻqmi? Bu ayrim odamlarga yoki juda koʻpchilikka xosmi yo yoʻqmi? Agar biror odamning boshiga tashvish tushib qolsa, yaqinlari darrov oʻzini olib qochadi, kelib koʻrishishga qoʻrqadi, koʻrishmaydi. Agar koʻchada kelayotganini koʻrib qolsa, koʻchaning narigi betiga oʻtib ketadi. Oʻzini yordam berishdan, yaqin olishdan olib qochadi… Buni milliy xususiyat deyishga tilim bormaydi, lekin juda koʻp oʻzbeklarda men buni koʻrganman, sinab koʻrganman. Choʻlponni “burjua shoiri” deb atash uni qamashga, qatagʻon qilishga yoʻl ochadigan ayb edi. Choʻlpon bugun boʻlmasa, ertaga qamalishi kerak edi. Shunda, faqat birgina Oybek maqola bilan chiqdi. Choʻlponni “burjua shoiri”, deb boʻlmaydi, shoirni bunaqa qilib tahlil qilish kerak emas, masalan, ruslar podsho bilan oʻrtoq boʻlgan Pushkinni maqtab yozishadi, biz nega Choʻlponni, shunday katta talantli shoirni bunaqa deb haqorat qilamiz, unga siyosiy ayb taqaymiz? Choʻlponning shoirlik sanʼatiga qarash kerak, sheʼrlarining gʻoyaviy mazmuniga qarash kerak, deb uni juda qattiq himoya qildi. Shu paytda Oybek necha yoshda edi? 1927 yilda 22 yoshda boʻlgan. 22 yoshli yigit oʻzini oʻylamadi, meni olib borib qamab qoʻyishlari mumkin, meni soʻroq qilishlari mumkin, Choʻlponning ketidan meni ham taʼqib qilishlari mumkin, degan gap xayoliga ham kelmadi. Haqiqat uchun, adabiyot uchun, haqiqiy adabiyot uchun oʻshanda kurashdi. Mana shunaqa yoʻllardan oʻtdi Oybek. Mana shundan keyin Oybekka ham munosabat yomon boʻla boshladi. Oybek ham ishonchsizroq, siyosiy jihatdan ishonib boʻlmaydiganroq bir odamga oʻxshab qoldi. Chunki sovetni maqtamadi, Choʻlponni oqladi. U Til va adabiyot institutida ishlar edi, ilmiy ish qilar edi, uni ishdan boʻshatishdi.

Shu oʻrinda, yana bir narsani aytay: Abdulla Qodiriy toʻgʻrisida ham Oybek buyuk bir ish qilgan. 1927 yilda ziyolilarga qarshi toʻlqin boshlangan. Abdulla Qodiriy toʻgʻrisida respublika partiya gazetasining ikki sonida toʻrt “podvalli” maqola chiqqan, “Oʻtgan kunlar va “Oʻtgan kunlar” degan. Haqiqiy oʻtgan kunlar qanaqa-yu, “Oʻtgan kunlar” romani qanaqa? Hayot qanday boʻlgan-u, roman qanday boʻldi? Maqola muallifi aytib chiqdiki, “Oʻtgan kunlar” – oʻtmishni ideallashtiradigan roman, Abdulla Qodiriy – oʻtmishni qoʻmsayotgan yozuvchi. U sovetlarni xush koʻrmaydi. U nima uchun Otabekni qahramon qilib olgan? Kambagʻalroq, qashshoqroq odamni topsa boʻlmasdimi? Bor edi-ku shunday odamlar?!.

Bu, masalaning oʻta ahmoqona qoʻyilishi, vulgar sotsiologizmning eng uchiga chiqqani, kvadrati, kubi desak ham boʻladi. Yozuvchi xohlagan odamni qahramon qilib oladi, gap uning kimni qahramon qilib olishida emas, unga singdirilgan gʻoyada… Xullas, Oybek Abdulla Qodiriyni yoqladi, Abdulla Qodiriyning yoniga kirdi, katta yozuvchiligini, mahoratini, romanlarining badiiy qimmatini koʻrsatib berdi. Bu ham oʻsha kunlar uchun xatarli ish edi, siyosiy jihatdan qaraganda, shoʻro tuzumiga toʻgʻri kelmaydigan bir gap edi.

Xullas, bular hammasi bir boʻlib, Oybek 30 yoshida ishdan haydalgan. 30 yoshli, uylangan, bola-chaqalari bor yigitning topish-tutishi yoʻq boʻlsa, koʻchadan biror narsa topib kelolmasa, koʻchaga chiqishga imkoni boʻlmasa, qayerga borsa quvilsa, odamlar yaqiniga kelishdan qoʻrqsa, qanaqa ahvolga tushadi… Oybek – buyuk inson! Uning buyukligini hatto hozir aytadigan misolim bilan ham asoslasa boʻladi: u hammaga zarda qilib, dunyodan, odamzoddan bezib, uyga kirib bagʻrini yerga berib yotmadi. U qogʻoz oldi, qalam oldi, oʻtirdi, koʻrgan-bilganlarini, bolalik xotiralarini qogʻozga tushirdi: “Qutlugʻ qon” romani maydonga keldi. “Qutlugʻ qon” romani oʻsha paytdagi oʻzbek romanlari ichida eng ulugʻi edi va bundan keyin ham, oʻylaymanki, shunday boʻlib qoladi. “Navoiy” romani ham shunday. Bu romanlarni jahon adabiyotining eng yaxshi asarlari bilan solishtirsa boʻladi. Keyin Oybek kasal boʻlib qoldi, juda ogʻir kasal boʻlib qoldi, oʻzi bemalol yoza olmaydigan boʻlib qoldi. Xotirada bor, koʻz oldida bor, koʻnglida bor, lekin tili yoʻq, gapira olmaydi, yoza olmaydi, ayrim soʻzlarnigina ayta oladi, xolos. Lekin hamma narsa esida, xotirasida.

Yaqinda Umarali Normatovning kichkinagina xotirasi yozildi[2]. 1964 yil 24 dekabrda, Oybekning 60 yilligi arafasida, Gʻulom Karimov, Subutoy Dolimov, men va Umarali Normatov Oybek akani koʻrgani borgan ekanmiz. Oldin kennoyidan soʻradik, borsak boʻladimi, deb. Oybek aka kelishsin, degan ekanlar. Koʻp oʻtirganimiz yoʻq, 15-20 daqiqa oʻtirdik, xolos. Shunda Oybek aka bir narsani esladilar-da: “Subutoy”, “Subutoy”, “dutor”, “Ushshoq”, “texnikum”, deb qoldilar. Bu soʻzlarni bogʻlab gapira olmasdilar. Subutoy aka texnikumda oʻqib yurgan paytida juda yaxshi musiqa chalar, musiqa kechalarida qatnashar ekan. Oybek aka shularni eslab, “Ushshoq”ni juda yaxshi chalar eding, hozir ham bir chalasanmi, demoqchi boʻlganmikanlar yoki shularni eslaganmikanlar, bilmadim. Oradan 40 yil oʻtgan boʻlsa-da, oʻsha bolalik xotiralari adibning esida turgan. Bunaqa voqealardan juda koʻpi esida turgan. Shunday qilib, Oybek aka xastalik yillarida ham juda koʻp asarlar yozdi, “diktovka” qilib yozdi…

Baribir, men baʼzan oʻylayman, Oybek aka siymosida biz nechta Balzakni yoʻqotgan ekanmiz? Nechta Gorkiyni yoʻqotgan ekanmiz? Axir, bular dunyoning genial, mashhur yozuvchilari! Oybek ham shunday yozuvchilardan biri edi. U ikkita romani bilan buni isbot qilgan va yana jahon adabiyotini boyitishi mumkin boʻlgan adib edi.

Oybek juda ham bagʻri keng inson boʻlgan. Genial odamlar, yuksak talantga ega boʻlgan odamlar bagʻri keng boʻladi. Ular dunyoga, hayotga, odamlarga siz bilan bizga nisbatan boshqacharoq qaraydi, xayr-saxovatli ishlarga ham boshqacharoq qaraydi. U kishi saxovatli boʻlib, hammaga ming soʻm, ming soʻm berib yuboradigan millioner boʻlgan emas. Lekin yaxshi gapi bilan, maslahati bilan yoki oʻzining iliq munosabati bilan odamlarning koʻnglini koʻtarganki, ular hozirgacha gapirib yurishadi. Mana, bir misol, 1951–52 yillarda Botir Fayziyev degan odamning partiya gazetasida katta maqolasi chiqdi, “Navoiy” romani toʻgʻrisida. “Navoiy” romani u paytda sobiq ittifoq davlat mukofotini olgan, 1946 yilda bosilib chiqqan, tilga tushgan. Oybek sobiq ittifoq boʻyicha katta yozuvchi deb eʼtirof etilgan, qolaversa, SSSR Yozuvchilar uyushmasining kotiblaridan, binobarin, rahbarlaridan biri boʻlgan. Mana shunday bir sharoitda, bizning oʻzimizning mahalliy kuchlar tinch turmay, bir-birining tagiga suv quya boshlaydi. Oybekni yoʻqotish kerak boʻladi. (Bu toʻgʻrida Zarifa opa oʻzining “Oybegim mening” xotiralar kitobida juda batafsil, nomlar bilan yozgan, kimlar bu ishda ishtirok etgan, nimalar qilgan – men buni takrorlab oʻtirmayman.) Oʻsha Botir Fayziyev orqali “Navoiy” romanini juda qattiq qoralashgan. Bu roman – millatchilik romani, bu romanda tojik xalqiga tuhmat qilinadi, roman oʻzbek va tojik xalqlari doʻstligiga nifoq soladi, degan gaplarni aytishgan. Romanda Binoiy degan shoir obrazi bor. Binoiy – tarixiy shaxs. Xondamirning “Makorim ul-axloq” degan asarida tilga olingan. Navoiy bilan Binoiy oʻrtasida jindek kelishmovchilik boʻlgan. Oybek asarda shu voqeani bir oz tasvirlagani uchun, uni dastak qilib olib, adib shaʼniga tuhmat va malomat toshlarini otishgan.

Shunday voqealardan keyin Oybek kasal boʻlib qoldi va bir necha yil toʻshakband boʻlib yotdi.

Botir Fayziyev esa yoʻq boʻlib ketdi. U adabiyotshunos ham emas, bir oʻqituvchi ekan. Uni boshqalar qoʻgʻirchoq qilib oʻynatishgan. Lekin Oybekning yiqilishiga shu odam sababchi boʻlgan. Keyinchalik shu odam dissertatsiya yozibdi. Uning dissertatsiyasini Til va adabiyot instituti muhokama qilishni ham istamadi. Dissertatsiya yozuvchi odam toza boʻlishi kerak. Siz Oybekning toʻshakband boʻlishiga sababchi boʻlib, endi uning romani haqida dissertatsiya yozasizmi, degandek, u bilan muomala qilmadik. (U ishini bizga, universitetga ham olib kelgan edi.) Oxiri nima qilishini bilmay (Nosir Fozilov maslahat beribdimi, Oybekning oldiga borgin, deb), yurak yutib Oybek akaning uyiga boribdi. Uyiga kirib (rivoyatmi, yoʻqmi, bilmayman, oʻzim koʻrmaganman), menga aytishlaricha, eshikdan kirishi bilan Oybekning oldiga emaklab boribdi. Oybek hovlida oʻtirgan ekan. Zarifa opa qoʻliga kapkir olib, quvlab chiqaraman, deb turgan ekan, Oybek aka: “Qoʻy, tegma”, debdi. Keyin Oybek aka uning dissertatsiyasiga “mayli, himoya qilsin”, deb yozib beribdi. Oʻzining tagiga suv quygan, oʻzini yiqitgan odamning dissertatsiyani himoya qilishiga rozilik beribdi. Boshqa odam boʻlganida: “Tur, joʻna, turqing qursin, koʻrinma”, degan boʻlardi. Oybekning olijanobligi bu, quyosh qadar baland olijanobligi!..

Oybek bir kitobiga juda chiroylik nom qoʻygan “Quyosh qoʻshigʻi”, deb. Bu nomda juda gap koʻp. “Quyosh qoʻshigʻi” – ramziy nom, uni nurga oshiq, yorqinlikka oshiq, yaxshilikka oshiq shoirning qoʻshigʻi, deb ham talqin qilishimiz mumkin.

Shunday qilib, Oybek aka oʻsha arosatda qolgan, choʻkayotgan odamga madad qoʻlini uzatgan. Oʻsha yillarda adib hovlisidagi kattagina kataklarda bir ohu bilan ikkita kaklik boʻlgan. “Mehmon” uydan chiqib ketayotganda, Oybek uni kuzatib chiqibdi-da, bir-birini “qaqir-ququr” qilib erkalayotgan kakliklarni koʻrsatib: “Ana, inoq, inoq!” debdi. “Bu jonivorlarning bir-biri bilan inoqligiga, bir-biriga boʻlgan mehribonligiga qara. Axir, sen bilan biz – insonlarmiz-ku!” degandek boʻlibdi.

Mana shunaqa buyuk inson edi, buyuk yozuvchi edi Oybegimiz!

Men oʻylaymanki, Oybek, umuman, oʻzbek adabiyoti uchun hech kim qilmagan juda katta va buyuk xizmatni qildi, oʻzbek adabiyotini zamonaviy yuksak adabiyotlar qatoriga olib chiqdi, realizmning tasdiqlanishiga yoʻl ochdi. Oʻzbek adabiyoti jahondagi boshqa adabiyotlardan hech qayeri kam boʻlmagan bir adabiyot boʻlib qoldi. Oybek aka oʻz asarlari bilan Odil Yoqubovga, Pirimqul Qodirovga yoʻl ochib berdi, undan keyingi prozaga yoʻl ochib berdi. Uning xizmatlari nafaqat oʻtmishni koʻrsatib bergan ikkita asarida, uning xizmatlari adabiyotimiz yoʻlini kengaytirib berganida, ravon qilib berganida, adabiyotda yuksaklik marrasini juda baland koʻtarganida. Shuning uchun, oʻylaymanki, Oybekning nomi hozirgacha oʻzbek xalqi qalbida yashab keldi, bundan keyin ham yashaydi.

Yana bir misol. Urushdan keyingi yillarda shoʻro mafkurasining oʻyinlari juda koʻp boʻlgan. Shu mafkuraviy oʻyinlar oqibatida, 15-20 yillar davomida maktablar darsliksiz qoldi. Urushdan keyingi davrda shu masalada qattiq topshiriq boʻldi; tegishli idoralarning qarori ham chiqdi, maktablar uchun darsliklar yaratilsin, degan. Qalin, qora muqovali bir darslik chiqdi, lekin maktablarga yetib bormadi, uni oʻtmishni ideallashtirgan, millatchilik ruhida sugʻorilgan, deb aybladilar. Kitob yigʻishtirib olindi. Darslik mualliflari – ikki katta oila boshligʻi Gʻulom Karimov bilan Subutoy Dolimov toʻqqiz oy ishsiz yurishdi. Ishsiz yurish – dahshat, iqtisodiy qiyinchiliklardan tashqari, odamlar koʻziga qanday koʻrinasan, odamlar nima deb oʻylaydi, bu – dushman ekan, bu – millatchi ekan, degan mish-mishlar u paytlarda juda ogʻir botar edi. Xullas, juda qiynalib qolishgan edi ular. Shunday mushkul kunlarning birida Oybek aka ogʻir kasal boʻlishiga qaramay, universitet rektori Tesha Zohidovga: “Tesha, – debdi, – shu Gʻulom Karimov bilan Subutoy Dolimovga qaragin, shularni ishga olgin”. Shundan keyin Tesha Zohidov “xoʻp” deb, Gʻulom Karimov bilan Subutoy Dolimovni ishga olgan. Shundan keyin bu ikki adabiyotshunos olim umrlarining oxirigacha universitetda xalol xizmat qilishdi. Men ular bilan ishlash sharafiga muyassar boʻldim, juda ajoyib, buyuk odamlar edi ular ham…

Oybek aka mana shunday qatagʻon tegirmoni oldida turgan odamlarga ham yordam bergan, qoʻrqmagan, bular hozir quvgʻinda yuribdi-ku, bularga yon bosib boʻladimi, degan oʻylarga borgan emas!

Shunday buyuk odam boʻlgan Oybek!..

 

Ozod ShARAFIDDINOV,

Oʻzbekiston Qahramoni

 

“Sharq yulduzi”, 2012–2


 

[1]1 “Millatni uygʻotgan adib” maqolasi nazarda tutilmoqda.

 

[2] Umarali Normatovning “Adib huzurida 90 daqiqa” maqolasi nazarda tutilmoqda. Mazkur maqola “Oʻzbekiston adabiyoti va sanʼati” gazetasining 2005 yil sonlaridan birida, keyin Ozod Sharafiddinovning “Millatni uygʻotgan adib” maqolasi bilan birga shu sarlavhadagi maqolalar toʻplamida bosilgan. Toshkent: “Universitet”. 2005 yil.

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/buyuk-inson-buyuk-yozuvchi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x