Buxoriy.uz: Toshkent allomalari


Post Views:
746

Yurtimizdan yetishib chiqqan allomalar ilm-fanning taraqqiyoti yo‘lida beqiyos xizmatlar qilishgan. Bu tarixiy, ilmiy, madaniy jarayonlarga Shosh vohasi olimlari ham katta hissa qo‘shganlar. Voha hayotidagi ma’naviy-madaniy yuksalish davrida bir qancha muhaddislar, shariat ulamolari, muarrixlar, xattotlar, shoirlar, tabiblar xizmatlarini alohida qayd etishimiz mumkin.

Shoshlik olimlar hayoti va faoliyatlarini tadqiq etish ko‘hna Shosh vohasi tarixi, islom ilmlari va madaniyatini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ayni paytda, ular bilan yaqindan tanishib borish qalblarimizda ajdodlarimizning boy ilmiy-ma’naviy merosiga nisbatan vorislik va iftixor tuyg‘ularini uyg‘otishdek xayrli maqsadlarga xizmat qiladi.

Tarixiy manbalar va adabiyotlardan yaxshi ma’lumki, IX–XII asrlar O‘rta Osiyoda ilm-fan va madaniyat, ayniqsa, islom ilmlari taraqqiy qilgan. Binobarin, bu mintaqadagi Buxoro, Samarqand, Nasaf, Termiz, Xiva, Shosh kabi qadimiy shaharlar ilm-fan va madaniyat markazlari sifatida mashhur bo‘lgan. Jumladan, Shosh viloyatidan ham ko‘plab turli soha olimlari yetishib chiqqan. Bu yerda tug‘ilib, faoliyat ko‘rsatgan ko‘plab buyuk zotlar, dastavval, “Shoshiy”, XVI asrdan boshlab esa “Toshkandiy” nisbasi bilan dunyoga tanilganlar. Ularning hayoti, faoliyati va ilmiy ma’naviy merosini har tomonlama chuqur tadqiq qilish Shosh vohasi tarixini o‘rganish bilan bir qatorda, bu olimlarning jahon ilmlari va madaniyati rivojida tutgan o‘rnini yaqqol aks ettiradi.

Manbalarda Toshkent Choch, Shosh, Shoshkent, Binkat, Banokat kabi nomlar bilan tilga olingan. Bu yerda tavallud topib, ijod qilgan yoki ba’zan, bu yerga kelib yashagan olimlar Chochiy, Shoshiy, Banokatiy deb yuritilgan. Ba’zi manbalarda Iloqiy nisbasini olganlar ham Shosh vohasiga kiruvchi olimlar ekanini aytishgan. Ularning so‘nggi o‘rta asrlarda yashab o‘tganlari esa ko‘proq Toshkandiy nisbasi bilan tarix sahifalarida bitilgan.

IX–XII asrlar madaniyatimiz taraqqiyotida muhim ahamiyatga molik bo‘lib, manbalarda Uyg‘onish davri sifatida talqin etiladi. Zero, ushbu davr O‘rta Osiyo xalqlarini dunyoga tanitdi. Muhimi, yurtimiz allomalari dunyo ilm-fani rivojida beqiyos asarlar yaratishdi. Bu tarixiy, ilmiy-madaniy jarayonlarga shoshlik olimlar ham katta hissa qo‘shishgan.

O‘rta asrlar Shosh madaniy hayotiga doir ma’lumotlar yozma manbalarda tarqoq holda uchraydi. Voha hayotidagi madaniy yuksalish davri o‘rta asrlarga to‘g‘ri kelib, bunda shu vaqtda yetishib chiqqan qator muarrixlar, xattotlar, shoirlar, tabiblar va boshqa soha olimlari faoliyatini qayd etish mumkin. Jumladan, mashhur olim Abu Mansur Saolibiy (961–1038) o‘zining “Yatimat ad-dahr fi mahosin ahl al-asr” (“Asr ahlining fozillari haqida zamonasining durdonasi”) asarida somoniylar davrida yashab, arab tilida ijod etgan Abu Muhammad Matroniyni Shoshdan chiqqan shoir, u joyning shon-shuhrati va yagona kishisi” deya e’tirof etgan. Bu borada marhum professor Ismatulla Abdullayevning olib borgan izlanishlarini alohida ta’kidlash lozim. Shoshlik shoirlardan yana biri Abu Omir Ismoil ibn Ahmad Shoshiy (X asrning ikkinchi yarmida yashagan) bo‘lib, u qancha Sharq mamlakatlarida safarlarda bo‘lgani qayd etilgan. Ayniqsa, Ray shahrida to‘plangan olim va shoirlar vazir Sohib ibn Abbod (936–996) huzurida yuksak ehtiromga sazovor bo‘lishgan.

Bog‘dodda islom faxri sifatida shuhrat qozongan Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad ibn Husayn ibn Umar Shoshiy (1038–1114)ning farzandi Abdulloh ibn Muhammad ibn Ahmad Shoshiy (1088–1134) Bog‘doddagi “Toj” madrasasida fiqh (islom huquqshunosligi) ilmidan dars bergan. Shu bilan birga, u o‘z zamonasining mashhur shoirlaridan bo‘lib, talabalarga o‘z she’rlaridan o‘qib bergan va mushoiralar o‘tkazgan. Yuqoridagi fikrlar shoshlik shoir va olimlar nafaqat o‘z yurtida, balki dunyoning ko‘plab ilmiy markazlarida faoliyat ko‘rsatib, Shosh madaniyatini dunyoga tanitganini tasdiqlaydi.

Shoshlik buyuk alloma Abu Bakr Qaffol Shoshiy (904–976) bir necha sohalar bo‘yicha yirik asarlar yaratgan. O‘z navbatida, uning mashhur she’riy misralari qator o‘rta asr arab mualliflari tomonidan alohida e’tirof etilgan.

Ko‘hna Shosh nomini jahonga mashhur qilgan allomalarni shartli ravishda valiylik maqomiga yetganlar va olimlar toifasiga bo‘lish mumkin. Masalan, Shahobiddin Suhravardiyning chaqirig‘i bilan Shoshga kelgan Shayx Abu Bakr Zayniddin Kuyi Orifon Toshkandiy (XIII asrda yashab o‘tgan bu zot xalq orasida Shayx Zayniddin bobo nomi bilan mashhur), Oyxo‘ja ibn Toshxo‘ja (Zangi ota, XIII asr), Shayx Xovandi Tahur (XIV asr), Hazrat Alisher Navoiy ta’biri bilan aytganda, “murshidi ofoq” bo‘lgan Xoja Ubaydulloh Ahror Valiy (XV asr) singari zotlar valiylik maqomiga yetishganlardan bo‘lishsa, “Hazrati Imom” rutbasini olgan Abu Bakr Qaffol Shoshiy (X asr), “Imom al-Kabir” nomi bilan ulug‘langan Abu Bakr Muhammad ibn Ahmad Shoshiy (XI–XII asrlar) va boshqalar dunyoga mashhur allomalar bo‘lishgan.

Bu zaminda faqat o‘rta asrlargagina mansub olimlarning soni yuztadan ortiqdir. X–XII asrlarda Imom Abdulloh ibn Avona Shoshiy, Imom Abu Bakr ibn Ali ibn Homid Shoshiy, Abu Sa’id Iso ibn Solim Shoshiy, Abu Muhammad Ja’far ibn Shuayb Shoshiy, Abu Ishoq Ibrohim ibn Xuzaym Shoshiy, Abu Ali Hasan ibn Sohib ibn Hamid Hofiz Shoshiy, Abullays Nasr ibn Hasan ibn Qosim shoshiy Tunkatiy, Abu Ishoq Ibrohim ibn Xuzaym ibn Qumayr ibn Hoqon Shoshiy va boshqa ko‘plab olimlar jahonning turli shaharlarida faoliyat yuritib, ta’lim berganlar, kutubxona va madrasalarda ilmlarning turli sohalari bo‘yicha tadqiqotlar olib borganlar.

XIV–XIX asrlar davomida Shosh vohasi ijtimoiy-ma’rifiy hayotida tabiblar, xattotlar va tarixchi olimlar alohida ahamiyat kasb etgan. XIV asrda Shoshda yashagan taniqli muarrix Abu Sulaymon Banokatiy “Malik ush-shuaro” sifatida ham mashhurdir. Uning “Ravzat al-albob fit-tavorix val-ansob” (“Tarix va nasablar haqida oqillar bog‘i”) asari “Tarixi Banokatiy” sifatida ommalashgan. Shoshlik shoir Badriddin Chochiy hayotining ko‘p qismini Hindistonda o‘tkazgan va “Faxr az-zamon” unvonini olgan. Shoir Aloyi Shoshiy (XVI asr)ni Alisher Navoiy “Majolis un-nafois” asarida ehtirom bilan tilga olgan.

“Tarixi Rashidiy” asarining muallifi, XVI asrda yashagan muarrix Mirza Muhammad Haydar Toshkent shahrida tug‘ilgan. Uning onasi Xo‘b Nigorxonim Toshkent hukmdori Yunusxonning qizi, Zahiriddin Muhammad Boburning xolasi bo‘lgan.

Shunday qilib, Toshkentning ma’naviy va ilmiy-madaniy salohiyati barcha davrda shu zaminda yashab faoliyat ko‘rsatgan allomalar hisobiga yuksalib, u jahon sivilizatsiyasining markazlaridan biri sifatida O‘zbekiston madaniyatining eng muhim qismini tashkil etgan.

* * *

Mavlono Soniy Yormuhammad ibn Pirmuhammad Toshkandiy o‘z davrining mashhur shoiri edi. Manbalarga ko‘ra, u she’r yozishdagi murakkab janr hisoblangan “muammo” vaznida yetuk bo‘lgan. Fors tilida bu vaznda ijod qilganlar ichida Abdurahmon Jomiy yetakchi hisoblangan bo‘lsa, undan so‘ng Yormuhammad Toshkandiy tan olingan. Unga “Soniy” nisbati berilishi ham ayni shu boisdandir. Alisher Navoiyning iltimosiga binoan, Yormuhammad Toshkandiy Mirhusayn ibn Muhammad Sheroziyning muammosiga sharh yozgan. U o‘z ijodining dastlabki davrlarida Hirotda yashab, keyinchalik Toshkentda qo‘nim topgan. Shuningdek Yormuhammad Toshkandiy tomonidan “Abdurahmon Jomiy muammosiga sharh”, “Mavlono Shahob muammosiga sharh”, “Qirq hadisga sharhlar” va boshqa asarlari yozilgan.

XVI asrning mashhur shoiri, xattoti va tabibi Boqiy Toshkandiy faoliyatini alohida ta’kidlash joiz. U ilm-fan homiysi sifatida ham mashhur bo‘lgan. Boqiy Toshkandiy mohir xattot sifatida bir qancha kitoblarni ko‘chirgan. Shoir va adabiyotshunos Xoja Hasan Nisoriy “Muzakkir al-ahbob” (“Do‘stlar qaydnomasi”) kitobida shunday yozadi: “Mavlono Boqiy turkiy tilda ijod qiluvchi shoirlardan sanaladi. U o‘z ijodining ayni shu jihati bilan shuhrat qozongan”.

O‘z davrining olimi va ziyolisi sifatida Jamil Mirak Toshkandiy (XVI–XVII ) ham taniqli bo‘lgan. Zamondoshlari uni iste’dodli shoir va hattot deb bilishgan. Uning she’rlari Mutribiyning “Tazkirat ash-shuaro” asariga kiritilgan. Uning g‘azallari uslubi va shakli jihatidan aniq, ravon va mukammal bo‘lgan.

XVII–XVIII asr shoirlari ichida asli ismi Shohakim bo‘lgan Xolis Toshkandiy o‘zining dostonlari bilan ajralib turadi. Uning ijodkorlik salohiyati “Yusuf va Zulayho”, “Iskandarnoma”, “Vafotnoma”, “Ayyub payg‘ambar qissasi” va boshqa asarlarida o‘z aksini topgan. Uning dostonlari keng kitobxonlar ommasi uchun tushunarli va ravon sodda xalq tilida yozilgan. Xolis Toshkandiy nafaqat shoir, balki yetuk tarjimon sifatida ham shuhrat qozongan bo‘lib, Mirza Sodiq Munshiy Jondorning “Shahanshohlar dahmasi” asarini hamda xalq dostoni hisoblangan “Zevarshoh haqida qissa”ni fors tilidan turkiyga o‘girgan.

Toshkentda tug‘ilib, umrining ko‘p qismini shu yerda o‘tkazgan shoirlardan yana biri Badriddin Chochiydir. Uning g‘azallari, qasidalari va ruboiylari ko‘plab sharq mamlakatlarida ma’lum va mashhur bo‘lgan. U umrining so‘nggi yillarini Hindistonda o‘tkazgan. Ijtimoiy hayotdagi ahamiyati uning “Faxr az-Zamon” nomini olishiga sabab bo‘ldi.

Taniqli muarrix, 1810 yilda Shayxontahur dahasining “Qoryog‘di” mahallasida tug‘ilgan Muhammad Solihho‘ja Toshkandiy ham shu davrda yashab ijod etgan. Uning “Tarixi jadidai Toshkand” asari Toshkent tarixi bo‘yicha muhim manba hisoblanadi.

Toshkent adabiy muhiti vakillaridan yana biri Shoxoja Hakim ibn Sharifxoja – Shohiy Toshkandiydir. Toshkentning “Oqmachit” mahallasida tug‘ilgan bu kishi xalq orasida shoir, olim, tabib va ilg‘or qarashlarga ega ziyoli sifatida tanilgan. Shohiy Toshkandiy Yunusxon madrasasida mudarrislik qilgan. Shu bilan birga Sharqning qator mamlakatlari, jumladan, Turkiya, Suriya, Misr, Iroq, Saudiya Arabistoni va boshqa joylarni kezib chiqqan.

Toshkentda bir qancha tabiblar ham faoliyat ko‘rsatishgan. Bu yerda XVI asrda yashagan ko‘z tabibi Ubaydulloh ibn Muhammad Yusuf Qahhol juda mashhur bo‘lgan. U Toshkent hokimi Darveshxonning shaxsiy tabibi bo‘lgan. Shuningdek, mazkur asrda Shoh Ali Qahhol, Boqiy Jarroh Toshkandiy kabi tabiblar faoliyat ko‘rsatgan.

Amir Temur va temuriylar davrida ilm-fan va madaniyatning barcha sohalarida rivojlanish jarayonlari yuz bergan. O‘z navbatida, Toshkent ham ilm-fan, madaniyat, ma’rifat va adabiyotning umumiy yuksalishiga o‘z hissasini qo‘shgan. XV–XIX asrlarda faoliyat ko‘rsatgan olimlar, muarrixlar, tabiblar, xattotlar, shoirlar va boshqa ziyoli ma’rifatparvarlar hayoti, faoliyati, ilmiy merosiga doir ma’lumotlarni tarixiy izchillik asosida o‘rganib chiqilganda Shosh zamini barcha davrlarda jahon ilm-fani va madaniyati xazinasiga juda ko‘plab olimu fozil zotlarni yetkazib berganing guvohi bo‘lamiz.

Toshkent madaniyati tarixida o‘chmas iz qoldirgan siymolar – Toshkent xattotlaridir. Chunonchi, buyuk mutafakkir Alloma Taftazoniy(1322–1390) ning shogirdi Jamshid Shoshiy (XIV asr) 1358 yilda Mahmud Zamaxshariyning “Kashshof” asarini nasx xati bilan ko‘chirgan. Hozir bu nodir qo‘lyozma O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda. Abduvadud Kotib nomi bilan mashhur Abdulvadud ibn Xoja Abdulvasi’ Shoshiy (XIV–XV asrlar) taniqli olim Abdulloh Xatib Tabriziyning “Mushkot al-masobih” asarini nasx xati bilan ko‘chirgan.

Shunday qilib, Toshkentning ma’naviy va ilmiy-madaniy salohiyati barcha davrda shu zaminda yashab faoliyat ko‘rsatgan allomalar hisobiga yuksalib, u jahon sivilizatsiyasining markazlaridan biri sifatida O‘zbekiston madaniyatining eng muhim qismini tashkil etgan.

* * *

XVII–XIX asrlarda Toshkent madaniy hayoti tarixida Ibodulloh Toshkandiy, Dardiy, Hofiz Ko‘hakiyning shogirdi Shuhratiy Ohangaroniy, Muhtaram Toshkandiy, Mulloi Toshkandiy, Maroxiy Toshkandiy, Vafoiy Do‘rmoniy, Sodiqiy Toshkandiy, Abdug‘affor Toshkandiy, Fathiy Toshkandiy, Muhammad Tohir Toshkandiy, Kulfat, Zoi’ Toshkandiy, Ulfat, Dilkash, Fazlulloh Almaiy, Azizullaxon kabi shoir va adiblarning munosib o‘rni bo‘lgan.

XIX asrning ikkinchi yarmida Yevropa va Osiyo mamlakatlari ijtimoiy-siyosiy, madaniy hayotida yuz bergan o‘zgarishlar Turkistonga ham ta’sir qilib, bu yerda ma’rifatchilik rivoj topa boshladi. Bu jarayonda Toshkentning milliy ilg‘or ziyolilarining o‘rni beqiyos bo‘ldi.

XIX asr oxiridan boshlab Toshkent “jadidchilik” nomi ostida yuzaga kelayotgan ma’rifatchilik harakatining markazi bo‘lib qoldi. Turkistonning ma’rifatparvar ziyolilari o‘lkaning rivojlangan dunyodan siyosiy va iqtisodiy jihatdan ortda qolganini, shu holat mamlakat Rossiya imperiyasi mustamlakasi bo‘lib qolishining asosiy omillaridan biri ekanini tushunib yetishgan edi. Natijada ular Sharq va G‘arb madaniyatining eng yaxshi yutuqlarini o‘zlashtirishga intilib, xalqning madaniyati, turmush tarzi va ma’rifatini rivojlangan mamlakatlar darajasiga ko‘tarish hamda Turkistonda milliy-demokratik davlat barpo etish maqsadini qo‘yishdi. Bu harakatga Mahmudxo‘ja Behbudiy bilan birga toshkentlik taniqli jamoat va siyosat arbobi, jurnalist va pedagog Munavvarqori Abdurashidxonov rahbarlik qildi. U Toshkentda birinchi bo‘lib, yangi usuldagi maktabni, so‘ng hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining asosi hisoblangan oliy o‘quv yurti – “Turkiston xalq dorilfununi”ni ochgan. U “Adibi avval” va “Adibi soniy” darsliklarini yozgan. Ayni paytda o‘zbek tilidagi birinchi milliy nashrlar “Taraqqiy”, “Xurshid”, “Kengash”, gazeta va jurnallarining asoschilaridan biridir.

Abdulla Avloniy, Ubaydulla Asadullaxo‘jayev, Saidrasul Saidazizov va boshqalarni o‘z doirasiga olgan Toshkentning ilg‘or mahalliy ziyolilari yangi usuldagi maktablar, darsliklar, teatr guruhlari, ma’rifatchilik jamiyatlari tuzish, gazetalar nashr etish ishiga boshchilik qilishdi. Toshkentda shunday maktablardan birinchisini Munavvarqori Abdurashidxonov “Namuna” nomi ostida tashkil qildi. 1910 yillarda Toshkentda ana shunday nomda o‘ndan ortiq maktablar ochilgan.

Ma’rifatparvar shoir, dramaturg, jurnalist, davlat va jamoat arbobi Abdulla Avloniyning xalqni ma’rifatli qilish uchun ma’naviy tarbiyaga bag‘ishlangan “Turkiy guliston yoxud axloq” asari ko‘pchilik uchun dasturiy kitob bo‘lib qoldi. Toshkentlik shoirlar Tavallo, Sidqiy Xondayliqiy, Xislat va xalqni ma’rifatga da’vat etgan boshqa shoirlar Turkiston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan.

Shunday qilib, Toshkentning ma’naviy va ilmiy-madaniy salohiyati barcha davrda shu zaminda yashab faoliyat ko‘rsatgan allomalar hisobiga yuksalib, u jahon sivilizatsiyasining markazlaridan biri sifatida O‘zbekiston madaniyatining eng muhim qismini tashkil etgan.

Manba

https://shosh.uz/uz/buxoriy-uz-toshkent-allomalari-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x