Burganli madaniyati


Post Views:
256

BURGANLI MADANIYATI – so‘nggi jez va ilk temir davriga mansub arxeologik madaniyat (miloddan avvalgi birinchi ming yillik boshi – 6–4-asrlar). Toshkent yaqinidagi Burganlisoy sohilida (Chirchiq vodiysida) ochilgan manzilgoh nomi bilan atalgan. Toshkent viloyatidagi Ohangaron daryosi, Jo‘nariq va Salor kanali tarmoqlari havzalarida tarqalgan. Burganli madaniyatiga oid dastlabki yodgorliklar 1934 yil arxeolog G.V.Gri­gor­yev tomonidan Qovunchitepaning ostki qatlamlaridan topilgan. A.I.Terenojkin tomonidan (1940) Burganli madaniyati mustaqil madaniyat ekanligi aniqlangan. Burganli madaniyati Toshkent muzofotining deh­qonchilik bilan shug‘ullangan qad. aholisiga taalluqlidir. Bu aholi sak qabilalarining ko‘chmanchi chorvachilik xo‘jaligidan o‘troq dehqonchilikka o‘tgan qismiga mansub bo‘lgan.

Ohangaron daryosining o‘rta oqimi bo‘ylarida Burganli madaniyatiga oid yerto‘la shaklida qurilgan turar joylardan iborat bir necha manzilgohlar kovlab o‘rganilgan. Yodgorliklar orasida atrofi xom g‘ishtdan bino qilingan mudofaa devori va xandaq bilan o‘rab olingan manzilgoh ayniqsa diqqatga sazovordir. Oval, to‘g‘ri to‘rtburchak, doira va kvadrat shakllaridagi yarim yerto‘la boshpanalarga daryo tomondan kirilgan. Boshpana ichidagi o‘choqlar va xo‘jalik o‘ralari sopol parchalari va turli hayvon suyaklari bilan to‘ldirilgan. Manzilgohdan topilgan jez o‘roqlar, tosh omoch, dondan yorma tayyorlashda ishlatiladigan yorg‘uchoqlar va boshqa ko‘pgina mehnat qurollari bu yerdagi aholi dehqonchilik bilan shug‘ullanganligidan dalolat beradi. Xo‘jalikda chorvachilik bilan bir qatorda dehqonchilik ham muhim o‘rin tutgan; ovchilik va baliq ovlash ikkinchi darajali rol o‘ynagan. Aholi kulolchilik, metall eritish, to‘qimachilik va b. hunarlar bilan shug‘ullangan. Tagi dumaloq idishlar matoli qoliplarda qo‘lda yasalgan, ayrim shakl­lari sirtiga qizil rang (angob) berilgan, geometrik naqsh­lar kam bo‘lgan. Idishlarning asosiy tiplari: qozonlar (novsimon tumshuqli va quloqli), kuvachalar, tovoqlar. Jezdan qurollar (kamon o‘qi paykonlari, xanjar), mehnat qurollari (o‘roqlar, pichoq, ustara, bigiz), taqinchoq-bezak buyumlari yasalgan.

Burganli madaniyatiga oid sopol buyumlar majmuasi Farg‘ona vodiysining Chust madaniyati, Turkmaniston janubidagi Yoztepa, O‘zbekiston janubidagi Kuchuktepa, Mirshodi, Bandixon 1, so‘nggi Jarqo‘tonda topilgan guldor sopollarga o‘xshaydi. Arxeolog olimlar A.A.Asqarov va M.Filanovich Shosh moddiy madaniyat tarixini Shoshtepa materiallari asosida 2 bosqich – Burganli madaniyatining tugallanish bosqichi (miloddan avvalgi 6–4-asrlar) va Burganli madaniyatining Qovunchi madaniyatiga o‘tish bosqichi (miloddan avvalgi 3–2-asrlar)ga ajratadi.

Hozirgi vaqtda Toshkent vohasidagi Burganli madaniyati arxeologik materiallarga ko‘ra miloddan avvalgi 12-asrga qadar qadimiylashtirildi. Tadqiqotchilar uni dehqonchilik madaniyati ekanligini e’tirof etgan holda uning kelib chiqishi haqida turli fikrlarni bildiradilar. Bularning ichida Andronovo madaniyatiga mansub qabilalarning janubdan va ehtimol sharqdan, Sharqiy Turkiston tomondan madaniy ta’sir ko‘rsatilishi natijasida o‘troq hayotga o‘ta boshlaganliklari haqidagi faraz to‘g‘ri bo‘lishi mumkin. Burganli madaniyatiga oid qishloqlardan biri Toshkentning janubiy qismida Jo‘n kanali bo‘yida topilgan. Arxeologik topilmalarga ko‘ra uni miloddan avvalgi 9–6-asrlar yoki undan ham qadimiyroq davrga oid deb hisoblash mumkin. Xo‘jalikda chorvachilik muhim rol o‘ynaganligi, chorvaning asosini yirik va mayda qoramol, otlar tashkil etganligi aniqlandi. Qishloq aholisi tabiat kuchlariga va hosildorlik ma’budlariga topinganlar.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil

https://shosh.uz/uz/burganli-madaniyati-2/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x