Bugungi adabiyot

Fuad KOʻPRULU

 

Qadim devon adabiyotining asrlar boʻyi davom etgan shiddatli oqimiga tanqidiy koʻz bilan qarab yuradigan bir eski tanishim buning sababini izohlash uchun bir kun menga quyidagi mulohazalarini bildirgandi:

– Ota-bobolarimiz qanchalar sodda, qanchalar mahdud did egalari boʻlganlar. Barchalari yuzlab yillar davomida bir goʻzalni sevganlar, sevganda ham, ayni his, ayni tarzda sevganlar! U dilbar Hizr chashmasidan bir qatra totgan chogʻi, zamonlar oʻtsa hamki, husniga hech ziyon yetmagan; sarvi qomati, kamon qoshlari, ohu koʻzlari bilan butun xarobot ahlining aqlini boshidan uchirgan. Hanuzgacha hatto qaysi jinsdan ekanligini tuzukroq anglab yetmaganlari ushbu aql olguvchi husn niqobi ostida yetti avlod burungi ota-bobolarini zor yigʻlatgan quruq suyakdan iborat malʼun oʻzlarini mazax qilayotganini hech birlari payqamaganlar… Nihoyat, Fransiya taraflardan asl goʻzallikning nima ekanligini anglab qaytgan bir guruh jasoratli yoshlar bu niqobni koʻtardilar. Ortidan qoʻrqinchli, qari jodugar moʻmiyosi chiqib keldi! Shunda bu moʻmiyolangan xayoliy siymo uchun koʻz yosh toʻkkanlarning diydalaridagi yoshlar quridi. Qay birlari hayrat va hayronlikdan yoqa ushladilar, qay birlari achindilar, yana qay birlari hatto toʻkkan yoshlariga kuldilar!..

Tanzimot[1] deb ataluvchi katta bir davrdan keyin Shinosiy, Kamol va Hamidlar tomonidan Istanbulning kishi qadami yetmas bir ovlogʻiga koʻmib yuborilgan bu qari jodugar avvallari sirayam xunuk emasdi… Moddani eritib esirga[2] aylantiruvchi olis jazirama choʻllarda tugʻilgach, hali murgʻak bola ekan, Eronga kelib magʻrur dehqonning hovuzli bogʻlarida katta boʻlgandi.

Hali-hanuz Jamshid bazmini xayol qilib yuruvchi dehqon unga Zardoʻsht anʼanalarini oʻrgatdi; quloqlarini Xusrav majlislari ahlini yigʻlab-siqtatgan ohori toʻkilgan nagʻmalar bilan toʻldirdi; ust-boshini Sosoniy saroylari taʼbiga koʻra bichdi. Endi u avvalgi badaviy farzandi emas, balki sirli va magʻrur Kisro[3] qiziga aylangandi…

Borsa kelmas olis, bosh-oxiri yoʻq dashtlardan oltin yolli qizgʻish otiga mahkam oʻrnashib olib kelgan keskir, oʻtkir nigohli yosh xoqon Persapolis xarobalari ustida bebaho tunlarini tongga ulab, keksa dehqonning adosi yoʻq hikoyalarini tinglagan Kisro qizini koʻrar-koʻrmay, junbishga tushdi va oʻzini unutdi. Kisro qizini yosh, ehtirosga toʻla, ammo madaniyatdan yiroq qoʻrs kimsaga topshirishni istamagan rashkchi dehqon uni yashirdi. Yoʻllarini hech kim bilmas qadim, tilsimli toʻsiq bilan toʻsdi. Pahlaviy bulbulining olov maʼbudiga sigʻinuvchilar tilidan chiquvchi qoʻshiqlarning tagiga yetmaganlar endi uni umr boʻyi koʻra olmasdilar…

Chinda, Bizansda saboq olgan soqoli koʻksiga tushgan mohir tabiblar jon-jahdlari bilan qattiq urindilar, qoʻllaridan nimaiki kelsa, barini qildilar. Nihoyat, xoqon hushiga keldi. Biroq oʻziga kelgan yosh, qoʻrs xoqonning koʻngli xarobalar ustida koʻzi tushib qolgan Kisro qiziga tiyiqsiz mayl etardi. Ulugʻ xoqonning toshib quturgan gʻazabidan Eron buyuklari hayiqdilar va boshqa chora qolmaganligini bilgach, oʻsha “tartib-tuzumchi” dehqonni zoʻrlik bilan hukmdor qoshiga keltirib dedilar:

– Kisro qizini faqat mana shu odam topa oladi!

“Tuzumchi” dehqon oltin tovuslar ustiga qurilgan taxti ravon uzra gʻazab va xavotirdan lov-lov yongancha oʻtirgan oʻtkir nigohli xoqon qarshisida toʻqqiz bor egilib, yerga toʻshalgan ipak gilamni oʻpdi:

– Hurmuz qulingiz boʻlsin, xoqonim! Siz amr etarkansiz, amringizni ado etmaganni amringizning yuz ming shaʼri ursin! Faqat shuni bilib olishingiz kerakki, Kisro qizi tilsimli, yuzidan niqobini koʻtarishi bilan oʻladi…

Birozdan soʻng keksa dehqon yuziga niqob tutilgan qizni keltirdi. Ajabo, chindanam kirib kelgan qiz Kisro qizimidi? Yoki rashkchi dehqon boshqa ayolni olib kelganmidi? Bilib boʻlmasdi. Ishqdan boshi aylangan devona xoqon atrofidagi baxshilarga bundan buyon oʻlkalarida biyalarini sogʻgan dasht ayollarini emas, faqat va faqat niqobli Kisro qizining goʻzalligini tarannum etishlarini buyurdi. Turk shoirlari, shunday qilib, oʻzlari koʻrmagan sohibjamolga bagʻishlab keti uzilmas oshiqona ashʼor – gʻazallar, qasidalar bitdilar va ayni hol roppa-rosa toʻqqiz yuz yil davom etib, muqaddas anʼana oʻlaroq yashab oʻtdi…

Endi, qani menga ayt-chi, agar ota-bobolarimiz haqiqatan ham sevgan boʻlsalar, boshqa-boshqa dilbarlar ishqida yonib “oh” chekmasmidilar? Tuygʻularida talaygina farq, oʻzgachalik boʻlmasmidi?

 

Kunlar xoh xushnud, xoh koʻngilsiz damlar bilan toʻlsin, yillar qanchalar tez, shoshqin shiddat bilan oʻtib boraveradi!.. Oʻtgan kuni olti yillik uzoq vaqtdan keyin yana eski tanishimni uchratib qoldim. Oʻtmishni shirin tushday xotirladik, soatlab suhbatlashdik. Bechora, adabiyotga boʻlgan qiziqishini haliyam qoʻymabdi. Menga uzundan-uzun bugungi adabiyotga doir tanqidlarini, oʻz taʼbiri bilan aytganda, shikoyatlarini, yuragini qiynagan ogʻriqlarini toʻkib soldi:

– Yosh shoirlarning 5-6 yildirki yoza boshlagan bir yoqlama “oshiqona” sheʼrlarini oʻqib, oʻzimizni eski gʻazalnavislarni tanqid qilmaydigan boʻldim. Doim bir xurliqo hajrida koʻz yosh toʻkkan nosamimiy devonlar haqida qanday oʻylashimni yaxshi bilasan. Endi esa… Har yangi oʻqigan sheʼrim bilan mutlaqo tanish chiqyapman. Ostidagi imzo va ustidagi nomdan boʻlak oʻrtalarida hech qanday tafovut yoʻq! Barchalari ayni ohang bilan, ayni ayolning muhabbatini kuylayaptilar. Koʻrgan osmonlari, suzgan dengizlari, hatto mahbubalarining xobxonasi ham bir-biridan ajralib turmaydi… U sheʼrlardagi tabiat lavhalarini oʻqirkanman, negadir teatr dekoratsiyasini eslayman. Chunki shu qadar mahdud, jonsizki, buyurtma uchun yozilganday! Sanʼat ibodatxonasida bugungacha yetishib chiqqan pirlar har neni tabiatdan izlash kerakligini ilohiy naqoratdek takrorladilar. Bu ovoz yosh shoirlarning quloqlariga bormagan chogʻi, Fajri Oti avlodining[4] Ragner, Samain va Rodenbach[5]dan chiqargan xira nusxalari taqliddan qutilolmayaptilar. Xuddi eski gʻazalnavislardek: ular ham tabiatdan olayapmiz, deb oʻylardilar, ammo Firdavsiy, Nizomiyning kitoblari orasidan yorib chiqolmasdilar! Ichlaridan hech kim oldlarini toʻsib tashlagan oʻsha kitoblarni bir chekkaga surib qoʻyishga jurʼat etolmasdi. Xullas, ilhom manbaimizni Sherozdan, Parijdan oqib kelishi ruhimizni halokat yoqasiga eltib qoʻygan qadim, doimiy illatdan bizni qutqarolmaydi.

– Shuni ham eʼtibordan qochirmaki, bu soʻnggi avlod butunlay yangi, sof tilda hali ishlov berilmagan yangi vaznda yozish jasoratini namoyish etdi. Undan tashqari, ularning eng “otaxonining” yoshi ham hali 25 ga yetmaganini unutma. Ichlarida til va vaznni juda katta mahorat bilan chirpirak qilganlar bor!

Doʻstim umidsiz bir loqaydlik bilan yelkalarini silkib kulimsiradi:

– Burungi gʻazalnavislar orasida ham, masalan, Noiliy Qadim kabi shakl mukammalligini eng baland nuqtasiga chiqarganlar boʻlgan, ammo asl, yuksak sanʼatning tabiatdan, ruhdan quyilib bir javhardek yarqiragan ilohiy namunalari shakl oʻyinlari bilan kanchalik aloqador, bilolmadim. Boshqalar nima desa desin, men Oshiq Yunusning sof, joʻshqin ruhdan oqib kelgan shakl va tili sodda ashʼorlariyu Nafiyning muqayyad qofiyali mubolagʻaga boy samimiy sheʼrlarini ming karra afzal, deb bilaman. Buning aksiga ragʻbati boʻlganlar, demakki, daho bilan hunarmandni bir-biridan ajratolmabdilar… Bu soʻnggi avlodning shaklan “baquvvat” ohanglarini eshitarkanman, muqayyad qofiyalarning tingʻirlagan shovqini ortida quruq, boʻsh ruhiyatning ojizligi ingrab turishidan seskanib tushaman. Vaholanki, sanʼat dunyo yaratilibdiki, qaynoq ruhlardan oʻz-oʻzi tomon otilgan moʻjizadir… Misoli ishqdek, iymondek… Menimcha, salaflar va soʻnggi avlodning asl ogʻriqli nuqtasi shu yerga kelib taqaladi. Xalqning faqat tili, vaznini tiklash bilan “milliy adabiyot” yoki fransuzlar taʼbiri bilan aytganda, “mukammal adabiyot” yaratib boʻlmaydi. Buning uchun, avvalo, uning ruhiga quloq tutish, didi, intilishlarini anglash kerakki, toki ruhlarimiz yuzlab yillar davom etgan Eron va Fransuz taʼsiridan qutilishga qodir boʻlsin… Aks holda, bugun sodda til va milliy vaznda yozilgan asarlar eski gʻazallardan koʻra yanayam xalqqa begona va turkonalikdan yiroq tushadi. Chunki ular shakldan, soʻzdan iborat! Chunki ruh yoʻq, sanʼat yoʻq! Yozilgan narsalarning yuzdan beshi buyurtma uchun yozilgan soxta qahramonlik dostonlaridir, qolgani ham – sevgi, sevgi, sevgi…

– Bundan chiqdi yosh ijodkorlarning sevgini tarannum etishlarini ham xushlamaysan?

– Iltimos, mulohazalarimni bunchalik yanglish tushunma… Doimo bir xil ohang, bir xil ilhom bilan bir ayolning goʻzalligini kuylagan shoirlarning muhabbatini qabul qilolmayman! Qaysidir faylasuf “ishq – sanʼatning otasi”, degan. Faqat bu ishq bukilmas otashin ruhlarning ilohiy hamlasi oʻlaroq tajalli etgan yaratuvchi kuchdir. Mutasavviflar butun koinotning yoʻqdan bor boʻlishini juda haqli ravishda ishqqa bogʻlaydilar. Haqiqatan ham, yeru koʻk orasida shunday oshiqona rivoyatlar borki, qahramonlarining faryodlari insoniyat ruhida abadul-abad aks etajak! Holbuki, bizning shoirlarimizning koʻtarib yurgan “ishq”lari, hech qursa, 3-4 kun yodda saqlanadigan bir misra ham qoldirmaydi… Sababini soʻrasang, javobi maʼlum: bizning shoirlar oshiq boʻla olgulik bukilmas va samimiy ruhiyat egalari emaslar! Faqat ishqqa qarab chiranadilar. Barcha jinsiy, shahvoniy istaklarini ishq pardasi ortiga yashirmoqchi boʻladilar. Lekin, afsus! Qani, ayt-chi, juda haddi aʼlosiga yetib qolgan zavqparastlikning oniy, eʼtirofga arzimas, gustoh, soxta ifodalarini ishqning samoviy harimiga mansub etishlik jinoyatini qaysi sanʼatsevar oʻz zimmasiga oladi?! Shunday qilib, mana endi gʻazab, kin, hirs bilan toʻlgan majruh ruhlarimiz, insoniyatning koʻplab muqaddas qadriyatlari qatorida sevish qobiliyatini ham yoʻqotdi!..

 

Turk tilidan Raʼno HAKIMJONOVA tarjimasi

 

“Sharq yulduzi”, 2014–4

 


[1] Sulton Abdulmajid zamonida, 1839 yilda “Gulhona Xattihumoyuniy” nomi bilan bir farmon eʼlon qilingan. Boshqaruvni mustahkamlash loyihasi boʻlmish ushbu farmonning amaldagi ijrosi davri –  tarj.

[2]Atomlar orasidagi boʻshliqni, shuningdek, butun olamni toʻldiruvchi deb taxmin etilgan, ogʻirligi boʻlmagan, issiqlik va nurni eltuvchi asos – gʻubor, havo, javhar. Turk tili izohli lugʻatidan  – tarj.

[3] Sosoniy hukmdorlardan biri. Alisher Navoiy “Farhod va Shirin” dostonida keltirishicha, Xusrav Parvezning bobosi –  tarj.           

[4]  Fajri Oti avlodi – Turkiyada tashkil topgan jadid adabiyoti vakillari – tarj.    

[5] Yevropada sheʼriyatni shaklan va mazmunan yangilagan ijodkorlar – tarj.

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bugungi-adabiyot/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x