BUGʻDOYDOSHLAR (gʻalladoshlar) (Roaseaye yoki Gramineae) — bir urugʻ pallali oʻsimliklar oilasi. Bir yillik, ikki yillik yoki koʻp yillik oʻt, baʼzan buta yoki daraxtlardan tashkil topgan. Poyasi silindrsimon tik yoki yonboshlab koʻtarilib oʻsadi, boʻgʻimlarga boʻlingan, ichi gʻovak, shuning uchun u poxol yoki somon deb ham ataladi. Boʻyi 1 sm dan bir nechta oʻn m gacha; baʼzilarining poyasi yogʻochlanib baland boʻlib oʻsadi (mas, bambukning boʻyi 40 m, diametri 30 sm gacha). Barglari oddiy, ipsimon, qalami, bandsiz, navbatlashib joylashgan, qinli. Poyaning bir qismi shu barg qini ichida joylashadi. Gullari ikki jinsli, baʼzan bir jinsli, mayda, koʻrimsiz, oddiy toʻpgullarga (boshoqchalarga) yigʻilgan; bular esa murakkab toʻpgullar, shingil, roʻvak va b. hosil qiladi. Boshoqchalari bitta yoki bir nechta, baʼzan koʻp gulli. Mevasi don, baʼzan danaksimon, yongʻoqsimon yoki rezavor. Urugʻining koʻp qismi kraxmalli endospermdan iborat. Bugʻdoydoshlarning koʻpchiligi uzun ildiz poyali va popuk ildizli. Bugʻdoydoshlarning 600 turkumi, 10000 turi maʼlum. Oʻzbekistonda 91 turkumi (270 turi) usadi. Kupincha Bugʻdoydoshlar uchta kenja oilachaga bulinadi. Bugʻdoydoshlar yer sharining hamma qismida keng tarqalgan, koʻpchilik turlari tropik mamlakatlarda uchraydi. Bugʻdoydoshlar qalin oʻtzorlar, pichanzorlar, oʻtloqlar, savanna, preriy va b. hosil qiladi. Bugʻdoydoshlarga muhim madaniy don oʻsimliklaridan — bugʻdoy, sholi, makka, suli, arpa, javdar, tariq, oq joʻxori va b. (q. Donli ekinlar) hamda shakarqamish kiradi, shuning uchun ham kishilar hayotida ularning ahamiyati katta. Yovvoyi holda oʻsuvchi — oqsoʻxta, raygras, bugʻdoyiq va b. koʻpchilik turlari q. x. hayvonlari uchun yemxashak (q. Yemxashak ekinlari) hisoblanadi.
Bugʻdoydoshlarning baʼzi turlaridan texnik oʻsimlik sifatida foydalanib, ulardan kraxmal, spirt, qogʻoz, xushboʻy va yeyiladigan moy olinadi va qurilish materiallari, arqon, chutka va b. tayyorlaщda foydalaniladi. Koʻpchilik turlari dorivor, baʼzilari manzarali. Kuchma qumlarni mustahkamlash uchun ekiladigan turlari ham bor. Baʼzilari begona oʻt.
Oʻktam Pratov.