BRONXIAL ASTMA

BRONXIAL ASTMA (yun. asthma boʻgʻilish) , ziqnafas — mayda bronxlarning torayishi, shilliq pardasining koʻchishi va ichiga shilimshiq tiqilishi, bronxial oʻtkazuvchanlikning buzilishi, harakat faoliyatining izdan chiqishi natijasida vaqtbevaqt nafas qisishi va boʻgʻilish xuruji bilan oʻtadigan allergik kasallik (q. Allergiya). B. a., odatda, toʻsatdan, aksari kechasi tutib, bir necha soatdan bir necha kungacha davom etadi. Bronxial astma tutganda bemor nafas chiqarishga qiynaladi, koʻkrak qafasi qappayadi, boʻyin venalari boʻrtadi, yuzi koʻkaradi, burun teshiklari kengayadi va b. B. a. tutganda bemor nafas chiqarayotganida hushtakka oʻxshagan ovoz chiqaradi va xirillab qoladi. Bemor havodan toʻyibtoʻyib nafas olmoqchi boʻladi; avval quruq yoʻtal bilan boshlangan xuruj yopishqoq balgʻam chiqa boshlagandan soʻng astasekin toʻxtaydi va nafas olish maromiga kela boshlaydi. Bronxial astma infeksion allergik va noinfeksion atopik boʻladi.

Infeksionallergik Bronxial astmada bakterial allergenlar muhim rol oʻynaydi, ularning organizm bilan oʻzaro taʼsiri tufayli organizmda allergik oʻzgarishlar roʻy beradi. U aksari nafas aʼzolari (q. Bronxit, bronxoektazlar, zotiljam) yoki burun yondosh boʻshliqlarining surunkali kasalliklarida rivojlanadi. Bunda organizmda uzoq vaqtgacha infeksiya oʻchogʻi mavjud boʻladi; yalligʻlanishda hosil boʻladigan moddalar hamda mikroblarning hayot faoliyati va parchalanish mahsulotlari allergik xususiyatga ega.

Noinfeksionatopik Bronxial astmaga har xil chang, baʼzi oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon va b. sabab boʻlishi mumkin. Bronxial astmaning paydo boʻlishida asosiy sabablardan biri irsiy omillardir. Kasallik xurujlarida nerv va endokrin sistemasi muhim ahamiyatga ega. Gʻamgʻussa, ruhiy iztirob, hayajonlanish va b. ham xuruj tutishiga olib kelishi mumkin. Bronxial astmaning kelib chiqishi, rivojlanishi va kechishiga iklim omillari ham taʼsir qiladi. Kasallik aksari bahor va kuz oylarida koʻp kuzatiladi. Bronxial astma xurujlari koʻpayib, kasallik ulgʻaygani sari oʻpka emfizemasi, yurakoʻpka ishining izdan chiqishi kabi asoratlar vujudga kelishi mumkin. Boʻgʻilish Bronxial astmadan boshqa kasalliklarda ham kuzatilishini nazarda tutish lozim.

Davosi kasallikka sabab boʻlgan allergenni topish va uni bartaraf etishdan iborat. Oʻtkir xuruj vaqtida bronxlarni kengaytiruvchi dorilar beriladi. Davo gimnastikasi, ochiq havodan moʻlkoʻl bahramand boʻlish yaxshi yordam beradi. Kasallik zoʻraymaganda vrach bilan kelishilgan holda tegishli kurortlarda davolanish tavsiya etiladi. Bronxial astmaning oldini olishda atrof muhitni sogʻlomlashtirish, infeksion respirator kasalliklarni vaqtida davolatish, eng muhimi, yaqin qarindoshlar oʻrtasidagi nikohga barham berish lozim.

Ozodbek Nazarov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x