“Borayapman yillar oralab”

 Navroʻzoyim

 

Soylarida oqqan suvi oynalikka yaraydi,

Majnuntollar qizlariga qarab sochin taraydi,

Ona quyosh qirlariga sogʻinch bilan qaraydi,

Navroʻzoyim, yurtimizga kelishingdan oʻrgilay,

Bahoroyim, koʻnglimizda kulishingdan oʻrgilay!

 

Oʻksib tursam, qaddimni togʻ, koʻnglimni bogʻ qilgan el,

Sahrodayin kunlar kelsa, daryo kabi toʻlgan el,

Dushmaniga ozor bersa, gunoh deya bilgan el,

Navroʻzoyim, yurtimizga kelishingdan oʻrgilay,

Bahoroyim, koʻnglimizda kulishingdan oʻrgilay!

 

Otam kabi suyab turgan, gʻururim – orim – Vatan,

Onam kabi beminnatim, dilda gulzorim – Vatan,

Koʻksimdagi urib turgan yuragim, borim – Vatan,

Navroʻzoyim, yurtimizga kelishingdan oʻrgilay,

Bahoroyim, koʻnglimizda kulishingdan oʻrgilay!

 

Obod elga obod kunlar olib kelgin Navroʻzim,

Shu Vatanda togʻday oʻssin, bogʻ boʻlsin oʻgʻil-qizim,

Ulugʻlarning bitigiga farzand boʻlsin hur soʻzim,

Navroʻzoyim, shu chamanga kelishingdan oʻrgilay,

Bahoroyim, koʻnglimizda kulishingdan oʻrgilay!

 

Onajonimga

 

Koʻngli kabi koʻngil topmagan,

Boʻyiga teng boʻy topgan, onam.

Dil deb chopgan, gul deb chopmagan,

Koshonamu mardonam, onam.

 

Bu dunyosi lahzaga tengdir,

Torga toru kenglarga kengdir.

Ikki dunyo aro sarsitma,

Quvvat bergil, gʻamlarni yengdir.

 

Onam bedor boʻlgan tunlarning

Lahzalarin qaytarolsaydim,

Sabrga jon bergan kunlarning

Nurlarini dilga solsaydim.

 

Dalda boʻlsam, loaqal dalda,

Aritolsam, qani, dardlarin.

Chorlaganda borsaydim har gal,

Koʻzga surtsam poyin gardlarin.

 

Koʻngli kabi koʻngil topmagan,

Boʻyiga teng boʻy topgan, onam.

Gul oʻstirib, dur deb chopmagan,

Dilda durim, mehri durdonam.

 

Bobodehqonim

 

Dala bolang, daladir onang,

Chanqasa gar suv tutish farzing.

Minnat qilmay boʻlar parvonang,

Jim tinglaydi aytolsang arzing.

Mehnat qilib yayragan jonim,

Dardkashi yer bobodehqonim!

 

Choʻzilasan yerga, sezasan,

Ona yerning namchil taftini.

Oftob sabab qizigan boshing

His qiladi yerning kaftini.

Mehnat qilib yayragan jonim,

Kafti qadoq bobodehqonim!

 

Issiqda tan lovullaganda

Mayli, deding, taftiga koʻnding.

Bugʻdoyzorlar shovullaganda

Toʻlib ketar, toʻliqar koʻngling.

Mehnat qilib yayragan jonim,

Keng felʼlginam, bobodehqonim!

 

Mehnat qilsang dam olasan, rost,

Tiniming yoʻq, topganing – mehnat.

Bedazorlar iforidan mast

Oyga boqib, uxlamoq ham baxt.

Mehnat qilib yayragan jonim,

Baxti kulgan bobodehqonim!

 

Gʻoʻzalarga choʻzasan qoʻling,

Chanoqlarda oʻzbaki salom.

Paxtaday oq boʻladi yoʻling,

Bogʻ-rogʻ boʻlib gurkirar kalom.

Mehnat qilib yayragan jonim,

Kalomi pok bobodehqonim!

 

Sogʻinch

 

Ona, sizni sogʻinganimni

Samodagi qushlar bildilar.

Lol qoldirib doʻstu gʻanimni

Ergashtirib parvoz qildilar.

 

Men qush boʻlib siz tomon yeldim,

Koʻzim bahri toʻla marvarid.

Poyingizga choʻkmoqqa keldim,

Dardingizni qilayin xarid.

 

Ona, sizni sogʻinganimga

Lojuvard koʻk, ona yer guvoh.

Koʻnglim qanday sigʻsin tanimga,

Sogʻinch oʻsib, boʻldi bir chorbogʻ.

 

Kutib qoldi onam – Shofirkon,

Bolaligim qochar moʻralab.

Diydor istab shoshdim, onajon,

Borayapman yillar oralab.

 

Laylo ShARIPOVA

 

“Sharq yulduzi”, 2014–1

https://saviya.uz/ijod/nazm/borayapman-yillar-oralab/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x