OʻZBEKISTON
Ne-ne taʼrif-tashbeh bitdilar,
Mangu ilhom, mangu imkonsan.
Ikki daryo oraligʻida
Joʻshib yotgan ulkan ummonsan.
Bagʻringni dur-marvarid kabi
Ezguliklar etmishdir maskan.
Yomonligu yovlar yoʻliga
Ikki daryo koʻndalang har dam.
Boqib bagʻrim toʻlur ziyoga,
Sen – koʻzimning oq-qoraligi.
Alishmasman ikki dunyoga
Ikki daryo oraligʻini!
YIL ISTAGI
Bu yurt ertasidan xabar –
Koʻkda zarrin hilol boʻlgay.
Yana yashnar dala-dashtlar,
Havo sof, suv zilol boʻlgay.
Nazar qilgan zamin, yer bu,
Mudom tinchlik gʻamin yer u,
Kam emas, kamtarin el bu,
Ki kamtarga kamol boʻlgay.
Toʻkib ter, tinmagay joni,
Osmonga ustun xirmoni,
Ochiq qoʻli, dasturxoni,
Butun noni halol boʻlgay.
Yuksalur, kuch olib kunda,
Oydayin balqar ochunda,
Bobolar barhayot bunda,
Bolalar barkamol boʻlgay!
SUKUT SARHADI
Jim turdimmi,
Qildimmi sukut?..
Shovqinlarga aralashmadim,
Amal-taqal kun koʻrdim gohi,
Soʻz sotib, amal talashmadim.
Jimman. Kimman, men bir mehnatkash,
Yeng shimarib bilagimgacha,
Jim ishlayman, bu sukutimning
Chegarasi yuragimgacha.
QADOQ QOʻL QISSASI
Qul soʻziga uyqashroq nomi,
Qismati ham oʻxshar naqadar.
Faqat mehnat, mehnat kasb-kori,
Qora ishda suyagi qotar.
Erta-kech yer tirnab, bukilib,
Kafti qadoq, holi bir xarob.
…Xirmon toʻlib, hosil uyulib,
Oxir bir kun boʻlar sarhisob.
Biyron soʻylar Til, kerilar Qosh,
(Yigʻinlarda sal tin oladi.)
Toʻn – yelkaga, doʻppi kiyar Bosh,
U-chi, qarsak chalib qoladi.
ERTAGIM
Mehring qaynar xumchadir,
Qahring – ur toʻqmoq, yomon.
Koʻnglingni yoz menga bir,
Koʻngling – ochil dasturxon.
Hajring – borsa-kelmas yoʻl,
Taroq – oʻrmon, koʻzgung – qoʻl.
…Ishq yoqqan olov dilim,
Sen boʻl-da, Oloviddin,
Sevgim – sehrli chiroq;
“Tunday tarqasin firoq!”
…Ertak-ku bu, albatta,
Yetgum murod-maqsadga!
SURUR
Borliq bermish borini:
Suv-havo, gul, qorini…
Foydalan va barini,
Eʼzoz et, zarar qilma.
Yosumanmas, gul-ku – bu,
Sen deb kuylar bulbuli,
Labga sur bol kulguni,
Xandani zahar qilma.
Haqqa yuzlan, ol tanib,
Gʻanimisan yo gʻarib,
Bandasiga sargʻayib,
Ol yuzing zafar qilma.
Oʻtkinchi bu dunyosi,
Gʻuvv, esgan yel – qiyosi,
Qoʻy molu mulk gʻavgʻosin,
Joningga xatar qilma.
Zoʻr imkondir bu hayot,
Qur, yarat, yoz, qil ijod.
El dardida yon, Dilshod,
Umring besamar qilma.
SHEʼR MASHQI
Kunu tunga bir qarang
Buncha tez almashadi,
Oq-qora ikki rang
Umrimni talashadi.
Kunduzi oq niyatlar
Ortidan qolmagayman.
Tunlari oq qogʻozni
Qoralab tolmagayman.
Oq-qora orasida
Yorugʻ boʻlgay yuzing, dil
Ming bir rang oynasida
Jilvalansa soʻzing, dil.
Dilshod RAJAB
“Yoshlik”, 2010 yil, 12-son
https://saviya.uz/ijod/nazm/boqib-bagrim-tolur-ziyoga/