Bolibek amaki

“Bolaligim koʻchalarida” turkumidan

 

Toʻrtovlon qishloqdan chiqaverishdagi paxtaxona oldida tizilishib turibmiz, Sayim aytgandek, Farmon birgadning farmonini kutib…

Kecha toʻrttovimiz ham toʻqqizinchi sinfning soʻnggi imtihonini topshirib, oʻnga koʻchganmiz. Sayimning karomat qilishicha, endi oshigʻimiz olchi boʻlishi kerak. Birinchidan, katta bir maydonni oʻzimizga berib qoʻyishadi. Hash-pash deguncha egatlarga suv tarab chiqamiz-da, soy boʻyida salqinlab yotaveramiz. Tol shoxidagi tranzistor “Suvchi yigit” qoʻshigʻini aytib turadi. Ikkinchidan, tabelchi Amin sariq, yoʻq, Farmon birgadning oʻzi xizmatimizda boʻladi. Koʻnglimiz tusagan ovqatni muhayyo qilib turadi. Xullas, oy chiqsa ham, kun chiqsa ham bizdi boshimizga chiqadi. Farmon birgaddi oʻzi saharmardondan uyma-uy yurib, “polvonlarim, azamatlarim” deb ishga aytib chiqishi hali bu boshlanishi emish…

Umuman, Sayim lofchining gapida, ozroqqina boʻlsa-da, jon bor. Chunki, bu yil maktabni bitirayotgan qizlarni bilmadimu yigitlar barisi soʻzsiz oʻqishga joʻnaydi. Oʻqishga kirolmasa ham shaharda qoladi. Shunday boʻlgach, Farmon birgadning ishongani, suyangani biz boʻlib qolamiz, murosa qilmay iloji yoʻq.

Nihoyat, Farmon birgad paxtaxonadan chiqib, tez-tez, yurib oldimizga keldi. Bizga bir-bir sinovchan qarab chiqib:

– Endi kichkina majlis qip olamiz, – dedi. – Xoʻp, gapti loʻndasi, toʻrt azamat, bu yil bir ishlab berasizlar. Suvga qoʻyaman. Endi bola emassizlar, xotin olsalaring bemalol… hmm… demoqchimanki, endi bemalol ishonsa boʻladi suvchilikni. Keyin, suvdi puli yaxshi, bilasizlar. Chopiqdan yaxshi-da har tugul. Xoʻp, gap shu boʻlmasa… Sen Burhon, Eryigit ikkalang oʻn sakkiz gektarlikka borasizlar. U yerda Suvonqul bor. Sen Sayimboy, Roziq bilan Roʻzining yoniga borasan. Oʻshalar nima desa bajarasan… Boʻptimi?

– Boʻpti, birgad amaki! Malik-chi, u ham borsin.

– Yoʻq, shoshma. Malikboy oʻn oltiga boradi… Bolibek amakisining yoniga…

Sayim kulib yubordi. Mening qovogʻim osildi.

– Oʻn oltiga bormayman, – dedim toʻngʻillab, – boshqa joyga yuboring, chopiqqan boʻlsayam mayli.

– Amaki, bunga quloq solsangiz, nimalar demaydi, – dedi Sayim qitmirlik bilan.

– Bunaqa gapni qoʻy, Malikboy, harbiyga borsang koʻrasan. Topshiriq berildimi, “est” deb turishing shart. “E-be” deb oʻtirolmaysan.

– Yashang, amaki, – uni quvvatladi Sayim.

– Qani endi boringlar, sher yigitlar. Hammangga mehnat daftarcha ochtiraman, staj boʻladi. Oʻqishga nafi bor…

– Birgad amaki, manashiyagʻini yozib bersangiz ham bir dunyo staj boʻladi. Tishimiz paxtangizda chiqqan, – dedi Sayim. U juda gapdon bola-da. Adabiyot muallimimiz ikki gapning birida unga: “Sen soʻzga boysan, shoir boʻlasan, – deb qoʻyadi. Hammasi mayli-ku, Farmon birgad yaxshi ish qilmadi. Bu Bolibek degan injiq bilan qanday ishlayman…

Sayim ikkimiz ikki cheti tutqator tosh koʻchadan kelyapmiz. Quyosh koʻtarilib, kun halitdan dam qaytaryapti.

Sayim jigʻimga tega boshladi:

– Malik, sen lekin zoʻr odamga sherik boʻlding-da. Hozir borib koʻramiz, amaking, hoynahoy, qoziqcha yoʻnib oʻtiribdi. Keyin tushgacha qogʻoz qirqasizlar, soyada oʻtiri-ib, mayda-mayda gap qilib. Uni amaking puldek taxini keltirib xaltaga joylaydi. Peshindan keyin yer-osmon tandirday qiziveradi, sizlar butun boshli dala oʻqarigʻini…

– Bas qil endi! Sen ham jonga tegding.

– E, joʻra, men senga achinganimdan gapiryapman. Achinib boryapmanu, lekin iloj qancha. Koʻrding-ku komandirni, topshiriq berildimi, yest qilish kerak. Xoʻsh, hali nimaydi, ha, butun boshli dala oʻqarigʻini remont qip chiqib, erta peshin ogʻibmi, xudo biladi, jildiratib boshlaysizlar. E, bizni akalar malades, allaqachon bir tegirmon suv boshqarib, ikki-uch quloq tarab tashlagandir. Bolibek amaking boʻlsa na oʻzi yolchiydi, na birovni yolchitadi.

Indamadim. Nima ham derdim Sayim toʻgʻri aytyapti. Hali uch oy yoz oʻtib ketadi, bir soʻm ham orttirolmayman chogʻi. Faqat uning pismiq gapini eshitib, oftobda kuyganim qoladi.

Koʻksoy koʻprigidan oʻtishimiz bilan Sayim sharaqlab kulib yubordi: Bolibek amaki tol soyasida shox qirqib, qoziqcha yoʻnib oʻtirardi.

– Assalomu alaykoʻ-oʻm, amaki. Mana sizga sherik. Farmon birgad aytdi, ezib ishlatar ekansiz, – dedi Sayim.

Bolibek amaki unga eʼtibor qilmadi.

– Abdumalik, bu yoqqa kel, jiyan, – deb menga yonidan joy koʻrsatdi. Sayim: “Boʻpti, joʻra, sogʻ-omon yuz koʻrishaylik”, – deb koʻz qisib qoʻydi-da, xushtak chalib yoʻlga tushdi.

– Ayang, ukalaring tuzukmi?

Bolibek amakining soʻrashgani shu boʻldi. Yana ishini davom ettirdi. U shu turishda dehqonga emas, koʻproq duradgor ustaga oʻxshab ketardi: yonida dastarra, qoʻlida tesha, sal nariroqda yaltirab turgan ketmoni yonida bolgʻacha, uch qirrali egov.

U qoziqchalarni uch boʻlak qilib, sim bilan bogʻladi. Keyin menga buyurdi.

– Anavi qogʻozlarni bu yoqqa obkel.

Tol tagida turgan boʻsh selitra qoplarning bir bogʻlamini koʻtarib keldim. U bitta qopni qayrilma pichogʻi bilan avval uzunasiga ikkiga boʻldi. Keyin har boʻlagini yana buklab, tekislab kesib chiqdi va daftar varagʻicha qolgan qogʻozlarni taxlab, boʻsh qopga joyladi.

– Endi sen ham, Malik, anavi bittasini shunday kesib chiq. Pichogʻing bormi?.. Ma, buni ol.

U pichoqni menga berdi-da, oʻzi tol ayrisiga tashlab qoʻyilgan xurjunidan oʻroq oldi.

Kun qizidi. Biz qogʻoz kesib oʻtiribmiz. Oʻroq, pichoqning “shigʻ-shigʻ” ovozidan tishlarim zirillab, gʻashim keladi. Ikkimiz ham jim. Huv narida arqonlangan eshak har zamonda hangrab qoʻyadi. Oʻzini gup etib issiq tuproqqa tashlaydi-da, agʻanab changitadi. Paxtazordan hovur koʻtariladi.

Hali-beri ish boshlaydiganga oʻxshamaymiz. Bu odamga botinib bir nima deb boʻlmasa, sal gap bilan koʻnglingni siyoh qiladi. Menga-ku, hali unaqa qilmagan-a, lekin orqavorotdan eshitaman, u katta-kichik demay, betingda koʻzing bormi, demay gapirib yuboraverarkan.

Shuning uchun har damim ichimda oʻtiribman. Zerikkanimdan uyqu gʻalva qiladi.

Nihoyat, qogʻoz qoplarni boʻlaklab, taxlab, bittasiga joyladik. Endi boshlasak kerak, deb turgandim, u:

– Ana bolgʻacha, ketmoningni oʻtkirlab olgin, – dedi.

Bir-ikki bolgʻa urib, boʻldi qildim. Sezmabman, u kuzatib turgan ekan. Qoʻlimdan oldi-da, indamay oʻzi obdon peshlab qaytib berdi. Nihoyat, oʻzining laʼlidek ketmonini yelkasiga qoʻydi.

– Qogʻozlardi olmaymizmi?

– Keyin…

Shu kuni kechgacha traktor qazigan oʻqariqlarning kam-koʻstini tuzatish, yordamchi ariqchalar olish bilan umrimiz oʻtdi.

Ertasi kuni sahar chogʻi dalaga yetib kelganimda, Bolibek amaki bir bogʻlam kechagi qoziqchalarni koʻtarib, maydon oʻrtasidagi oʻqariq tomon ketayotgan edi. Ikkinchi bogʻlamni olib unga ergashdim. Soʻng shox-shabba, moyli qogʻoz, qirqilgan qogʻozlarni tashib olib bordik.

Oʻqariq oxirini ketmonlab, koʻtaribroq berkitdik-da, ariq yoqalab ellik-oltmish qadamcha ichkariga yurdik. Toʻxtagan yerimizda Bolibek amaki ariqqa tushib, qoziqlarni qoqdi. Shox-shabbani koʻndalang bosdi. Keyin ustidan tuproq tashlab koʻmdik. Bolibek amaki tuproqni tepkilab zichladi. Shundan soʻnggina katta chashma arigʻi dambasiga borib, ozgina suv ochib keldi. Suv biz tashlagan bandga duch kelib, qirgʻoq bilan tenglashgach, Bolibek amaki undan quloq ochib, yordamchi ariqqa boshqardi. Yordamchi ariq ham toʻlgach, daftar varagʻicha qilib qirqilgan qogʻozdan olib, birinchi joʻyakka suv ochdi. U: “Mana shunaqa qilinadi”, deb oʻrgatmay, churq etmay ishlar, men uning harakatlarini sinchkovlik bilan kuzatib, takrorlab borardim.

Joʻyakka suv tarayman, u bir qur koʻz tashlaydi, yoqmasa, qogʻozimni yulib tashlab, yangisini qoʻyadi. Yuragim bezillab turadi: hozir bir achitmasaydi?

Bora-bora qoʻlim kelishib qoldi shekilli, u mening egatlarimga qoʻl urmay qoʻydi. Mashgʻulotga berilib ketganimdan kunning tigʻini ham sezmasdim.

Tushlikdan qaytgach, negadir meni darrov charchoq bosdi. Har joʻyak boshida oʻtirib turaverganimdan belim, oyoqlarim qotib ketdi. Tuproq timdalayverib tirnoqlarim osti zirqiray boshladi. Oftob taftiga olib, yalangʻoch yelkalarim, boʻynimni achitadi. Bolalarning qiy-chuvi kelayotgan Koʻksoy tomonga bot-bot tikilib qolaman. Toʻrt-beshta qip-yalangʻoch bolakay yoʻl ustidagi qaynoq qumga yotib olgan, bir nechtasi quvlashmachoq oʻynayapti. Bir-birini quvlab, goh qirgʻoq boʻylab yuguradi, goh tollarga chiqib ketadi, goh suvga kalla tashlaydi.

Yuragim orziqadi: yaqindagina bizlar ham shunaqa edik, avji saratonlarda Koʻksoydan chiqmasdik. Hov yuqoridan tushib olardik-da, chalqancha yotib olib oqib ketaverardik, oqib ketaverardik.

Eh, chopiqda yurganlarimiz ham xoʻp davrlar ekan… Eryigit, Sayim, men qizchalar bilan yonma-yon tushib olganmiz. Sayimning jagʻi tinmaydi. Yoʻq yerdagi gaplar bilan qizaloqlarni ogʻziga qaratib olgan. Hammasini ichagini uzgudek kuldirib bordi-da, toʻsatdan Nazira degani bilan qirpichoq urishib qoldi. Nazira rosa sannadi. Sayim tirjayib turaverdi, yuqtirmadi. Qizcha yigʻlashga tushdi. “Yigʻla, qizim, yigʻlagin, koʻzing qaro boʻladi, jonga balo boʻladi”, dedi Sayim beparvo, keyin chopiqqa tushdi. Qizaloqning oʻtirib olib hun-hun yigʻlayotganidan Eryigitning koʻngli buzildi. Qalin qoshlari uyulib, ozgʻin yuzlari oqarib Sayimga yaqinlashdi.

– Yaxshi ish qilmading, – dedi bosiqlik bilan “adabiy qilib”. (U koʻp kitob oʻqiydi). Sayim ketmoniga suyanib, unga hayron tikildi.

– Shunaqa degin… Boʻlmasa sen yaxshi ish qil. Borib uni yupatgin, – dedi kulib yubormaslik uchun teskari qarab. Eryigit unga yanada yaqin keldi.

– Yaxshi ish qilmading, undan uzr soʻra, – dedi dona-dona qilib. Sayim uning yelkasiga doʻstona qoʻl tashladi:

– Qiziqmisan, Eryigit, shu chittakdan kechirim soʻraymanmi?!

Eryigit uning qoʻlini siltab tashlab:

– Senga nima dedim, – deya qattiq shivirladi. Xavotirda ularga yaqinlashdim. Atrofimizdagi qizchalar shovir-shuvir qilib, bezovtalanib qolishdi. Nazira oldimizga chopib keldi.

– Menga qaranglar, urishmanglar, kerak emas, – dedi yigʻlamsirab. Sayim qovoq uyub toʻngʻilladi:

– Sen yigʻlayversang urishamiz-da.

– Boʻldi, yigʻlamayman, e, oʻl sen, – deya qizcha ortiga qaytib ketdi.

– Ana, Eryigit, eshitding-a, yigʻlamas ekan, sen ham jahlingdan tushaqol endi, – dedi Sayim piq etib kulib. Eryigit noiloj jilmaydi, yuziga qon yugurdi. Boshqalar ham kulib yubordi. Dilxiralik tarqab, hazil-huzul bilan ana ishga tushdik.

Ilgarilab borganimiz sari dala oʻrtasidagi shotut ulkanlashaveradi. Shu kunlarda u gʻarq pishgan. Hali tush payti maza qilamiz.

Shotutning bagʻri keng, oʻnlab bola ustida yursa ham chetdan qaragan kishiga koʻrinmaydi. Tanasiga ikkitamizning qulochimiz arang yetadi. Zarang, chayir shoxlari har yoqqa tarvaqaylab ketgan, ularning eng uchiga chiqib borganda ham bemalol koʻtarib, ohista tebranib turaveradi. Balx yoki marvartak tutdan bir hovuch yesak, shirasi tomoqni oladi. Bundan boʻlsa yeb toʻymaymiz.

Shotutdan hayiqamiz. Sababi: “Farmon birgad shotut ustida sariq qizcha koʻrgan…” “Sattor traktorchini shotutti devi urib oʻldirgan”… “Parda gung shotutti shoxini kesib gung boʻlgan”… degan gaplar eshitganmiz. Lekin koʻpchilik boʻlib kelganimizda bu gaplarni unutib qoʻyamiz. Shotut boʻlsa barcha shoʻxliklarimizni kechiradi, tutib olmaydi.

Yarim soatcha shotut osti-ustini bozor qilgach, Koʻksoy boʻyiga joʻnaymiz. Avval oyoqlarimiz jazillab kuyadi, keyin kiftlarimiz chimillaydi. Beixtiyor chopa boshlaymiz. Chopganimiz sari shotut ham orqamizdan izma-iz kelayotganday, Koʻksoy esa olislab borayotganday tuyuladi. Chopamiz, chopamiz. Jiqqa terga tushib ketamiz. Yoʻl-yoʻlakay koʻylaklarimizni yechib olamiz-da, yetib kelish baravari suvga kalla tashlaymiz. Na qoʻl, na oyoqlarimizni qimirlatib, jimgina oqaboshlaymiz. Orqadan yugurgan shotutni, tandirday qizigan dalani, sal oʻtmay shu dalaga chopiqqa tushishimizni unutamiz. Chalqancha yotgancha, tol yaproqlari oralab tushayotgan nur tangachalardan koʻzimiz qamashib oqaveramiz, oqaveramiz…

Bular hammasi oʻtib ketdimi-a, buncha tez?! Hammamizni har yoqqa tarqatib yuborishdi. Qizaloqlar ham bizlarsiz rosa zerikib qolishgandir. Hozir ular “Shotutli”da chopiq qilishyapti.

Eh, qaniydi ozgina dam olsak. Suvga bir shoʻngʻib chiqardim-da, quyuq soyada besh minut boʻlsayam, mizgʻib olardim. Lekin qaysar sherigim buni xayoliga keltirmaydi. Bir zaylda shoshilmay ishlaydi. Peshonasi qiyiqcha bilan tangʻilgan, egnida kostyum. Havo kun oqqani sayin dimiqib borayapti-yu, yuzida yilt etgan nam koʻrinmaydi. Mening har moʻyimdan ter quyulyapti.

Quyosh, nihoyat, olisdan oqarib koʻringan dayravot changalzorlari ortiga oʻtdi. Yengil shabada qoʻzgʻaldi. Atrof qorongʻulashdi.

Bolibek amaki ariqqa choʻnqayib ketmonini yuvayotganda sezdimki, ishni toʻxtatamiz. Darhol yoniga oʻtib, ketmonimni chaya boshladim.

– Amaki, ancha-muncha tarab qoʻydik, chogʻi-a? – dedim uni gapga solish uchun.

– Ha, bir gektarcha, undan ham ozroq, – dedi u, keyin ketmonini koʻtarib, yigʻma karavotlarimiz tomon yoʻl oldi. Ruhim tushib, hafa boʻlib ketdim. Kun boʻyi tin olmay bir gektarga yetkazolmasak, shuncha yerni qachon tugallaymiz? Hammasiyam mayli-ku, bunchalik ichimdan top ekan bu odam. Hayronman, juda burro deyishardi, tili zahar deyishardi. Oʻshanday boʻlsa ham mayliydi, bir-ikki sasisa, shu bahonada joʻnavorardim. Bu nima yurish, ikki kundan beri birgamizu betma-bet kelib gaplashmaymiz. Ochiq-oydin bir ish buyurmaydi ham, oʻrgatmaydi ham.

Qumgʻonga olov yoqdim. U anhor boʻyidan bir bogʻ oʻt oʻrib chiqdi. Shu payt qishloqdan xuddi uning oʻzidek sariqroq, jikkakkina oʻgʻli – Bozor ovqat keltirib qoldi. U kunboʻyi oftobda qoq boʻlgan eshakka minib, dadasi oʻrib qoʻygan oʻtni oldiga oʻngardi-da, qorongʻilikda gʻoyib boʻldi. Bu mitti bolakayning otasidan boʻlak odam eplolmaydigan asov eshakni mingani, qorongʻida qoʻrqmay yurishi meni hayratga soldi.

Bolibek amakining uydan kelgan moshkichiridan tuzuk yeyolmadim, qattiq toliqibman. Ovqatdan soʻng, Bolibek amaki yana paykalga kirdi. Arqonlab sudragandek unga ergashdim. U: “Sen bormay qoʻyaqol” degandi, shartta izimga qaytdim-da, karavotimni yoyib, yotib oldim. Fonus koʻtarib ariq yoqalab yurgan Bolibek amakiga termulib yotib, uxlab qolibman. Tushimda nuqul u bilan gʻijillashib chiqdim. Ertalab turganimda boshim loʻqillar, aʼzoi badanim qaqshab ogʻrir edi.

Oradan hafta oʻtdi. Oʻn olti gektarning hammasiga suv tarab chiqqanmiz. Ishimiz yengillashgan. Faqat suv taralgan joʻyaklardan xabar olib yuramiz. Bungacha-ku, tinim bilmadik. Hatto kechasi oy yorugʻida ham ishladik. Farmon birgad bir narsadan ham mamnun, ham nihoyatda taajjubda edi:

– Bu odamovi bilan qandoq chiqishib ketding, hayronman. Har holda, mugʻombir ekansan, koʻnglini topding, uka, – derdi.

Unga hech narsa demasdimu, biroq oʻzim ham tushunmasdim: uning koʻnglini topadigan nima ish qildimki… keyin boshqalarga qilgandek achchiq tiziq gapirmadiyam menga, kim bilsin nega bunday?

Kecha tush payti Sayimning oldiga borib kelgandim. U maydon chekkasidagi balx tut soyasida, karavotda choʻzilib yotgan koʻyi qoʻl uzatib:

– Kelsinlar, kelsinlar, suvchi yigit, – dedi ishshayib.

U bilan bir pas hangomalashish, keyin birga choʻmilish niyatida kelgandim. Aftimga tikilib, beyarashiq kulib turishi gʻashimni keltirdi. Feʼlim aynab kirpidek hurpayib oldim.

– Yaxshi yuribsanmi? – dedim xushlamay.

– Yomonmas, hoʻsh, oʻzingdan soʻrasak. Qani, boʻyoqqa oʻtirchi, amakingdan gapir. Qalay, aytganlarim toʻgʻri chiqdimi-a? Toʻgʻrimikan?

– Amakimga nima qilibdi, hamma qatori odam u ham.

– Boʻldi, boʻldi, tushunarli.

– Nima tushunarli?!

– Topishibsizlar. Gap bor-ku, oʻxshatmasdan uchratmas, deb. Mana, sengayam yuqibdi undan.

– Menga qara, senga kim qoʻyibdi oʻzi otang tengi odamni gap qilishni?!

– Xoʻp, boʻpti, boʻpti, ana gapirmadik. Ishdan gapir, joʻra, “Qoʻyqoʻton” boʻldimi? Yoki yana bir oy yurasizlarmi?

– Nega bir oy, indinga tashlaymiz suvni. Sheriklaring qani?

– Ular allaqachon “Shotutli”da. Uch kun boʻldi. Chala yerlarga suv haydab qoʻydim, kechdan boʻgʻib, oʻsha yoqqa ketaman.

Bu yerda tamom boshqacha ahvolni koʻrdim. Paykalning dastlab suv olingan boʻlagi allaqachon oqarib qolgan. Oʻrtadagi suv qoʻllagan nishablik yaltirab turibdi. Sayim boʻlsa bir ariq suvni elliktacha egatga qogʻozsiz, oʻlchovsiz boshqarib qoʻyibdi. Bunaqa sugʻorishlar ham boʻlarkanu. Uning shu qiligʻini Bolibek amaki koʻrsami, ketmon bilan solib qolishi hech gap emas.

Ular yigirma uch gektarlikni tugallab, “Shotutli”ga oʻtishibdi, degandim, Bolibek amaki buni: “Biz qachon tugatamiz?” degan maʼnoda tushundi shekilli, menga noxush tikildi. “Juda chala sugʻorishibdi” dedim darrov.

Choyga oʻt yoqib turuvdim, tabelchi Amin sariq shaloq velosipedini gʻiyqillatib kelib: “Hozir shiyponga boringlar, majlis bor, choyni oʻsha yerda ichasizlar”, deb tayinlab ketdi.

Majlisga traktorchi, suvchi, chopiqchilarning hammasi kelgan. Qizil alvon yopilgan stolda rais, agronom, brigadir oʻtirdi. Agronom tushgacha oʻtkazilgan tekshiruv haqida hisob berdi. Gal sugʻorish masalasiga kelganda, Suvonqul akaning gruppasini sustkashlikda ayblab oʻtdi. Roziq akalarni maqtadi. Bizlar esiga ham kelmadik. Yigʻilish soʻngida ikki chopiqchi ayolga bir kiyimlik duxoba, traktorchilarning bittasiga ellik soʻm, Roziq akalarning gruppasiga yuz soʻm pul mukofoti berildi.

Menga juda alam qildi. Bolibek amakining xotirjamligi esa battar jahlimni qoʻzgʻardi. Soy yoqalab, ish joyiga qaytayotganimizda, birinchi marta botinib unga yorildim.

– Amaki, nimaga haqingizni talab qilmaysiz. Oʻshalardan qayeringiz kam? Ular aldam-qaldam ishlashadi, pulni koʻp olishadi. Boz ustiga, ularni maqtashadi.

U indamay bordi-da, birdan jerkib berdi.

– Bas qil! Nima, seniyam maqtashsinmi? Qorning toʻyadimi shunda?!

Anchagacha jim ketdik. Tumshayib olganimgami, yana oʻzi gap boshladi.

– Oʻgʻlim, qoʻyaver! Hali kelgusingda bunaqa ishlarni koʻp koʻrasan. Lekin nokaslardi oldida sira past tushma. Shunaqa ish qilki, birov tilingni qisib qoʻymasin. Bulardi ishini qara. Bu gʻoʻzalar odam boʻladimi endi?! Axir, butun qishloq bola-baqra boʻlib koʻz tikkan bu yerga. Kuzda nima olamiz?! Shoʻrlik xotinlar bu zarang yerlarni chopiqdan chiqarguncha, ichaklari buralib ketmaydimi?! Qoʻling sinsin, topganing boqqaningga buyurmasin demaydimi?!

U jimib qoldi. Mendan ham sado chiqmasdi. Bu paytda “Shotutli” chekkasidan oʻtayotgandik. Dalada zogʻ koʻrinmas, Roziq akalar shiyponda bizdan keyin ham oʻtirib qolgan edi. Oʻqariqqa koʻzim tushib, hayron qoldim: suvi qurib qolibdimi? Razm solib qarab, ahvolni tushundim. Suvi qurimagan, balki ariq tubidan katta tezlik bilan oqib ketayapti. Demak, qaysi bir banddan urgan. Yugurib soy boʻyidagi tepalikka chiqdim-da, paykal etagiga tikildim. “Oʻh-hoʻ, oydinkoʻl-ku!” Negadir quvonib ketdim.

– Amaki, – dedim oʻsha yerdan turib, – mukofot olganlardi ahvolini qarang.

Xayollanib borayotgan Bolibek amaki hushyor tortdi.

– Nima gap?

– Oʻqariqni urib ketibdi, hammayoq Oydinkoʻl. Agranom bilan rais bobo bir koʻrsaydi.

– Yugur!

– Nima? – angrayib u kishiga qaradim.

– Yugur ketmonga, tez boʻl!

– E, qoʻyavering, amaki, oʻzlari bir terlasin.

– Chop, dedim, hayvon!

Uvoqqina odamning bunchalik baqirishini sira kutmovdim. Zipillab qoldim. Ketmonlarni olib qaytganimda, u oʻqariq boshida tosh qotib turar, rangi boʻzdek oqarib ketgan edi. Oʻz ketmonim bilan duch kelgan yerni oʻyib, suvga tashlayverdim.

– Toʻxta!

Bolibek amaki kostyumi bilan etigini yechdi-da, koʻylak, shimda ariqqa koʻndalang yotib oldi. Suv bir qalqib toʻxtadi-da, soʻng uning ustidan oshib, yoʻlida davom etdi. Qoʻrqib ketdim: “Bu odam nima qilayapti?”

– Endi tashla! – deb baqirdi u.

Hovliqib Bolibek amakining usti osha tuproq tashlay boshladim. Shoshilinchda ishim unmasdi, tuproq koʻpaymas, suv oʻz yoʻliga koʻndalang tushgan odamni koʻmib, jahl bilan oldinga intilar edi. Dala oʻrtasida yolgʻiz shotut qaqqayib turar, yaqin atrofda biror jonzot yoʻq, oyogʻim ostida esa Bolibek amaki baqirardi:

– Nuqul bir yerdan olma, oʻyib yubording. oʻoʻzani tagidan olma! Ariqdi labidan ol, ana shu yerdan, tez-tez!

Har tuproq tashlaganimda, suv loyqa aralash uning yuzlariga shaloplab urilardi. “Damba” oldida tuproq koʻpayib, ariq toʻsildi. Suv damlanib, quloqlardan yordamchi ariqlarga qoʻyildi. Ulardan joʻyaklarga tarqala boshladi. Bolibek amaki meni hamon tinchitmasdi. Tuproq bilan uning yarim tanasini koʻmib yuboribman, qoʻlini koʻtarib “Tort”, degach, loy orasidan bazoʻr turgʻazib oldim. U ariq labiga oʻtirib nafas rostladi-da: “Yuqorini koʻrib chiqqin, hamma egatlarga suv chiqayaptimi, yoʻqmi?” – dedi. Soʻngra yuzini chayib horgʻin qoʻzgʻaldi. Ketmoni, kostyumini yelkasiga, etigini qoʻliga olib, tamomi egni boshidan loyob chakillab, etakka yurib ketdi. Yoshi bir yerga borib qolgan odamning (qiziq, necha yoshda ekan?) shu kuyda yurganiga achindim.

Yuqoridan xabar olib qaytganimda, Bolibek amaki soʻkinib, tizza boʻyi suv kechib yurar, toʻplanib qolgan suvni yoʻl topib qochirmoqchi boʻlardi. Ammo bu yer chuqurlik boʻlganidan suvni chiqarib yuborishning iloji yoʻq edi. Men yetib kelishim bilan u oldimga chiqib, uvatga horgʻin choʻkdi. oʻoʻzalarga achinganidanmi, yo boshqa narsa yodiga tushganmi, koʻzlari jiqqa yosh edi. Boya meni haqorat qilgani esimga kelmaydi, qaytaga oʻz qiligʻimdan xijolat tortib, unga xavotirli qarab qoʻyaman. U qulogʻigacha suvga botgan gʻoʻzalardan koʻz uzmaydi. oʻoʻzalar choʻkayotgan odamlardek: “Qutqaringlar”, deb iltijo qilayotganga oʻxshaydi.

Anchadan soʻng ketmonlarimizni olib yoʻlga tushdik. Anhorga yetgandik hamki, oldimizga havorang “Volga” kelib toʻxtadi. Mashinadan kulimsirab rais, orqasidan agranom, Farmon aka, Roziq akalar tushdilar.

– Ha, Bolibek, choʻmilibsanmi, tagʻin koʻylak-ishton bilan-a?

– Ha, juda issiq, kuyib ketdim, rais bobo! – dedi Bolibek amaki zardali. Soʻng yuvingani soyga tushdi.

Rais oʻsha kulimsiragan koʻyi hamrohlariga, ular iljayishib, menga qarashdi. Oʻzimni tiyolmadim.

– Roziq akaning oydin koʻlida choʻmildilar, – dedim oʻylab oʻtirmay.

Rais “nima deyapsan?” degandek nohush tikildi. Soʻng gapning tagiga yetdi shekilli, Roziq akaga oʻqraydi. U rangi oʻchib, pitirlab qoldi. Qoʻlimdan ketmonni yulib oldi-yu, uvat boʻylab chopib ketdi. Rais agranom bilan brigadirni ham shu yerda qoldirib, Bolibek amaki ikkimizni mashinasida qishloqqa olib ketdi. Uyda kiyimlarimni almashtirib qaytib borsam, Bolibek amaki allaqachon paykal oralab yurardi. Egnida issiq paxtalik.

– Kelgin, Abdumalik, – dedi u ochilib. – Bugun rosa charchading-a? Ha, mayli, erta nasib boʻlsa, suvni tashlaymiz, keyin bir-ikki kun dam olasan.

U oʻqariq yoqalab, men etakdan yurib, dalani koʻzdan oʻtkaza boshladik. Suvga qongan joʻyaklarni boʻgʻib, adogʻiga yetmaganlarining suvini koʻpaytiribroq qoʻydik. Shu zaylda shomga qadar butun paykalni koʻrib chiqdik.

Shu kecha Bolibek amaki ikkimiz birinchi marta xotirjam, ochilib suxbatlashdik.

U yetim oʻtgan bolaligi, frontdan yaralanib, buning ustiga, oʻpkasi shamollab, yarimta boʻlib qaytgani haqida gapirdi. Dadam bilan doʻstligi, ikkalasi doim hazil-huzul qilib yurishi, lekin dadam hazilni eplay olmay, bir necha bor chuvi chiqib qolganlarini kula-kula soʻzlab berdi.

Bir kuni dadam yarim tunda kelib, uni karavoti bilan sudrab suvli oʻqariqqa tushiribdi, karavotdagi odam: “Kim u, nima qilyapsan?” deb sapchib turishi bilan dadam qochib qolibdi. Chunki, Bolibek deb hazillashgan odami kolxoz raisi boʻlib chiqibdi-da. Rayondan qaytayotgan rais shofyoriga obkom vakilini shaharga tashlab kelishni tayinlab, oʻzi suvdan xabar olish bahonasida mashinadan tushibdi. U kun boʻyi juda charchaganidan Bolibekning oʻrin-toʻshagida mizgʻib olmoqchi boʻlgan ekan. Biroq koʻzi ilinishi bilan kimdir karavotni sudrab qolibdi…

Bolibek amaki: “Dadang xalqqa gʻamxoʻr edi, Farmon ham yomon odammas-u, boʻshangroq, uni Roziqlar oʻynatishayapti, – dedi. – Dadang kallali odam edi, lekin oʻqiy olmadi. Sen oʻqigin. Oʻqib kelsang, koʻrmagandek boʻlib ketasizlar, – deb nasihat qildi. – Menam ajalga sabr bersa, Bozorbekni oʻqitaman. Qizlarning yoʻrigʻi boshqa. Egasi chiqdimi, berib yuborish kerak. Ishqilib sogʻ boʻlishsin…”

 

***

Yuzimni allanima siypab oʻtganday boʻldi. Koʻz ochib, dastlab tiniq zangori osmonni koʻrdim. Juda balandda qaldirgʻochlar charx urar, ularning shoʻx vijir-vijiri atrofni tutib ketgandi. Osmon kunchiqar tomonga oqarinqirab borib, ufq-qorli togʻlar orti esa kumushdek yarqirab ketgandi. Sal oʻtib, oltinrang tus olaboshladi. Eng yuksak choʻqqi ortidan quyoshning bir chekkasi koʻrindi.

Bu goʻzal manzarani birinchi bor koʻrayotganday mahliyo boʻlib qoldim. Sekin asta yuqorilab borayotgan quyoshga butun vujudim bilan tikilardim. Uning nuri koʻzlarimni qamashtirmas, balki yuzlarimni siypalab, oʻzi tomonga chorlardi. Goʻyo hozir quyosh choʻqqi ortidan koʻtarilib olgan zahoti, butun borliq jaranggos bir ohangga toʻlib ketadiganday edi.

Shu mahal yonginamda sharpa tuyub diqqatim boʻlindi. Qarasam, Sayim. U Bolibek amakining boʻsh karavotida omonatgina bosh egib oʻtirar, yonida ketmoni, kattagina tugunchagi bor edi. Menga koʻzi tushishi blan allanechuk nochor, gunohkor yoʻsinda kulimsiradi…

Bolibek amakini izlab, dalaga koʻz yugurtirdim. U yarqiroq ketmoni yelkasida, koʻm-koʻk, boʻliq paxtazor oralab kunchiqar tarafga, nazarimda oʻsha yuksak togʻlar sari odimlab borardi.

 

Orziqul ERGASH

 

1985 yil

https://saviya.uz/ijod/nasr/bolibek-amaki/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x