Xalqimiz orasida «bolani pulga o‘rgatma» degan gap ko‘p aytiladi. Bu qanchalik to‘g‘ri? Axir bugun quyon boqib boyishni istovchi kishi «xayolparast» emas, tadbirkor. Zamon o‘zgarayapti, qarashlar ham.
Balki «bolani pulga o‘rgatma» deb farzandini to uylantirguncha mustaqil pul topib, xarajat qilishiga yo‘l bermay, so‘ng alohida ajratib qo‘yganida u ro‘zg‘orini tebrata olmay qolishining sababi ham shundadir.
Nomaqbul odat
Odatda bolalar ikki-uch yoshidan boshlab pul bilan tanishishni boshlaydi. Ularni dastlab pulning yorqin curatlari o‘ziga jalb qiladi. Mutaxassislar pul haqida bola 3, 6, 10 va 15 yoshida nimalarni bilishi kerakligi haqida turli maslahatlar berishadi. Ularning ayrimlarini hukmingizga havola qilamiz. Bunga amal qilish yoki qilmaslik har kimning o‘ziga havola.
5-6 yoshida bolalar o‘zlarining birinchi pullariga ega bo‘la boshlaydi: buva va buvi, tog‘a va amakilardan hayitlik, ota-onadan muzqaymoq uchun 1000-2000 so‘m pul va hokazo. Yil o‘tgani sari mablag‘ning hajmi ham, undan foydalanish erkinligi ham oshib boradi (bunga ruxsat berilsa, albatta).
Odatda bolaning qo‘liga tushadigan bunday pullar biror-bir qoida asosida sarflanmaydi. Bolalar o‘z foydalari va xarajatlarini rejalashtirib borishmaydi, pulni jamg‘arish yoki aniq maqsadga sarflashni ham bilishmaydi.
Oilaviy budjetni rejalashtirishga bolalarni aralashtirmaslik odat tusiga kirgan. Natijada bu borada bilim va tajriba yetishmasligi oqibatida o‘smirning qo‘liga pul tushganida nafaqat uning o‘zi, balki butun oila jabr chekadi. Bu bolalarning qo‘liga pul bermaslik kerak deganimi? Yo‘q albatta!
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, yoshligidan cho‘ntagi pul ko‘rib ulg‘aygan bolalar ko‘proq muvaffaqiyatga erishadi va hayotidan mamnun yashashadi. Yoshligida budjet qoidalarini o‘zlashtirgan va ma’lum maqsadlarga erishish bo‘yicha tajribaga ega bo‘lganlar keyinchalik moliyaviy hayotini boshqarishni ancha yaxshi eplashadi.
Moliyaviy savodxonlik tartibi
Bolalar pulni boshqarishni qancha erta o‘rgansa, ulg‘ayganida iqtisodiy silsilalarga shuncha chidamli va ongli yondashuvchan bo‘ladi. Bu homilador ayol klassik musiqa o‘rniga moliyaviy hisobotlarni tinglashi, bolalariga ertak o‘rniga Uorren Baffetni o‘qib berishi kerak degani emas. Har bir yosh toifasi uchun – alohida yondashuv.
3-4 yoshda
Bolaga «qimmat» va «arzon» tushunchasini o‘rgating. «Bu qutida beshta sharcha bor, ular anavi o‘n shardan arzonroq».
Tovar-pul munosabatlarining asoslarini tushuntiring: barcha narsalar qiymatga ega; avval mahsulot uchun to‘laymiz, keyin uni olamiz va hokazo.
Kelishishni o‘rgating. Masalan, do‘konga borishdan oldin faqat bitta o‘yinchoqni xarid qilish shartini qo‘ying, imtiyoz — uni bolaning o‘zi tanlash imkoniga ega bo‘lsin.
5-7 yoshda
Bolani mustaqil xaridga o‘rgatish. Avvaliga u kassadan sizning nazoratingizda o‘tsin, keyin aniq summani berib, do‘konga yuboring, nihoyat, ma’lum bir budjet doirasida ro‘yxat bo‘yicha mahsulotlar xarid qilish vazifasini topshiring.
Farzandingizni pul yig‘ishga o‘rgating. Mayda pullar yig‘adigan quti oling va uni ishlatish qoidalarini belgilang. Misol uchun, undan bir oyda bir martadan ko‘p pul olish mumkin emas. Vaqti-vaqti bilan bolaga qimmatroq va arzon narsalarni tanlash huquqini bering. Qimmat buyum ko‘proq mablag‘ to‘plashni talab etishini tushuntiring.
Xarajat qilishda nimani birinchi o‘ringa qo‘yish kerakligiga misollar keltiring. «Men kichkina shirin yogurt o‘rniga bir litr sut sotib oldim, chunki bu sutga sen, ukalaring, buving va bobong yeydigan bo‘tqa tayyorlasa bo‘ladi».
7-10 yoshda
Muntazam ravishda bolani xarid qilish uchun yuboring. Bu nafaqat mas’uliyatli va mustaqil bo‘lishni rivojlantiradi, balki u xaridlar ro‘yxatini tuzish, cheklarni olish va tekshirishni ham o‘zlashtiradi.
Pul bilan muomalada bo‘lish qobiliyatini rivojlantiring. Agar qarindoshlaringiz yoki do‘stlaringiz bolaga oz miqdorda pul bergan bo‘lsa, undan qanday foydalanayotganini kuzating. Barchasini shirinliklarga sarfladimi? Demak, bolaning pulga bo‘lgan munosabati ustida ancha ishlashingiz kerak bo‘ladi.
Bolani moliyaviy tushunchalar bilan tanishtiring: «ijara haqi», «kommunal to‘lovlar», «oilaviy budjet», «chegirmalar», «bozorlik», «kredit». Ma’ruza o‘qimang. Shunchaki, gapdan-gap chiqqanida bu terminlarni tushuntiring.
11-14 yoshda
Bolaga pul berishni tartibga soling. Misol uchun, unga haftasiga 20 ming so‘m berishga kelishing. Biroq buni hafta davomida maktabga yo‘l haqi va tushlikka to‘g‘ri taqsimlasin. Qolganini esa o‘z xohishiga ko‘ra sarflashi mumkin.
Bolani pul to‘lanadigan ishlarga jalb qilib turing. O‘smir narx va qiymat o‘rtasidagi farqni sezishi kerak.
15-18 yoshda
Bolaga qo‘shimcha ish toping. O‘rta maktabni bitirish yoshida bolalar mustaqil pul topish tajribasiga ega bo‘lishi lozim. Bu nafaqat pul qiymati haqidagi fikri shakllanishiga, balki kelajakda egallaydigan kasbini aniqlashiga ham yordam beradi.
O‘smirning shaxsiy budjetiga aralashmang. Mustaqil ishlab topgan pulini o‘zi sarf qilishi kerak. Boshlanishiga aql bilan ishlatmasligi, xato qilishi mumkin — bu uning shaxsiy tajribasi. Aks holda, kattarganida bolalarcha moliyaviy xatolarini davom ettiraveradi.
Manba: Xabar.uz