Bolalar gaymorit boʻlmaydi

Inson sogʻligʻiga daxl qiladigan har qanday kasallik oʻz vaqtida davolanmasa, xavfli tus oladi. Hattoki, oddiy shamollash yoki tumovning ham asoratlari juda jiddiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Gaymorit ham shunday asoratlardan biri sanaladi. Bu xastalikka jiddiy eʼtibor qilmaslik, davolashni tizimli olib bormaslik keyinchalik uning surunkali tus olishiga sabab boʻladi. Kasallikning kelib chiqish sabablari davolash va oldini olish borasidagi savollarimizga oliy toifali shifokor-lor Dilfuza YUNUSOVA javob beradi.

– Gaymorit kasalligi bu – burunning yon, yaʼni gaymor boʻshligʻining yalligʻlanishi. U ikkilamchi kasallik hisoblanadi. Odam shamollab, oʻz vaqtida muolaja olmasa yoki chala davolansa, ayniqsa, gripp va shunga oʻxshash virusli kasalliklarni yurib oʻtkazsa, keyin gaymorit bilan asoratlanishi mumkin. Sogʻlom odam oʻzini bir karra ehtiyot qilsa, gaymorit bilan ogʻriganlar oʻzini ikki karra ehtiyot qilishi kerak. Ular yana shamollasa, gaymorit asoratlari ancha xavfli boʻladi.

 

Burun toʻsigʻi qiyshiq boʻlsa…

Gaymoritning ikki – oʻtkir va surunkali turlari bor. Oʻtkir turiga, asosan, gripp va shunga oʻxshash virusli infeksiyalar sabab boʻladi. Ayniqsa, burun toʻsigʻining qiyshiqligi, burundagi allergik xastaliklar, polip va shu kabilar gaymorit bilan ogʻrishga moyillikni oshiradi. Masalan, odam shu kasallik bilan bir marta ogʻridi va davolandi. Lekin keyingi safar yana shamollaganda burun toʻsigʻi qiyshiqligining hisobiga burun yoʻli torayib qoladi. Chiqishi kerak boʻlgan ajralma turib qolib, keyinchalik gaymoritga olib keladi.

 

Hid ajrata olmaydi

Bemor haqiqatan gaymorit bilan ogʻrisa, u oʻzini bildirmasdan oʻtmaydi, albatta. Burun sohasidan boshlangan kuchli ogʻriq koʻz yoki boshni ham bezovta qiladi. Oddiygina zinadan tushayotganda oyoqning keskin harakatidan boshda ogʻriq paydo boʻladi. Burun bitadi va yashil, yiringli va hidli ajralmalar keladi. Bemorning oʻzi esa hid ajratolmay qoladi.

Burunning boshqa peshona, gʻalvirsimon yondosh boʻshliqlari ham yalligʻlanishi mumkin. Ularning klinik belgilari bir-biriga oʻxshab ketadi. Lekin xalqda hammasi bir xil qilib, gaymorit deyiladi. Aslida ular etmoedit, farantit, sfinoedit hisoblanadi. Shuning uchun ham bemorni aynan gaymorit bezovta qilyaptimi yoki boshqa kasallikmi, aniqlash zarur. Bemor, albatta, shifokorga murojaat qilishi kerak. Kasallikning darajasi va turini rentgen yoki MRT (magnit rezonans tomografiya) tekshiruvida aniqlash mumkin. Shundan keyingina davo choralari koʻriladi.

 

Rejali va majmuaviy muolaja

Birinchi marta oʻtkir gaymorit bilan ogʻrigan bemor, ayniqsa, bu grippning asorati boʻlsa, keyinchalik surunkali shaklga aylanmasligi uchun statsionar sharoitda davolangani maʼqul. Lekin har bir bemorning holatiga qarab yondashamiz. Kasallik yengilroq boʻlsa, davoni uy sharoitida ham majmuaviy tarzda olib borish mumkin. Iloji boricha reja bilan, dori-darmonlarni oʻz vaqtida qabul qilish zarur. Lekin albatta, shifokor nazorati kerak. Asoratlangan yoki surunkali gaymoritlarda jarrohlik usulini ham qoʻllashga toʻgʻri keladi.

 

Burnaki foydami yoki zarar?

Burnaki oʻti xalq tabobatida gaymoritni davolashda koʻp qoʻllanadi. Hatto, shu usul bilan sogʻayib ketgan bir necha bemorlarni ham koʻrganmiz. Ammo tikonli bu oʻtni hidlash ayrim kishilarda kuchli allergik reaksiya keltirib chaqarishi ham hech gap emas. Baʼzan umuman allergiyaga moyilligi boʻlmagan kishilar ham allergiyaga chalinib qolishi mumkin. Buni oddiyroq tushuntiradigan boʻlsak, murchni hidlaganda qancha aksiramiz, burnaki undan yuz barobar kuchliroq. U sunʼiy ravishda allergiya chaqiradi. Kuchli aksirganda yiringlar chiqib ketadi, deyishadi. Lekin yiringni chiqarishni osonroq, asoratsiz usullari ham bor. Shaxsan shifokor sifatida bu usulni yoqlamayman.

 

Darrov vanna qiling

Kasallikni davolagandan koʻra oldini olgan maʼqul. Aytaylik, koʻchada ancha vaqt transport poylab qoldingiz va oyogʻingizdan zax oʻtdi. Lekin hali shamollash belgilari sezilmayapti. Shunga qaramay, oʻsha zahoti uyga borib, oyoqni vanna qilish zarur. Buning uchun shifokor maslahati shart emas. Sut yoki issiq limon choy ichib, biroz oʻranib yotish ham ancha foyda beradi. Bu usullarni qoʻllaganda ham burun bita boshlasa, shifokorga tezroq koʻrinish kerak. Davolash qancha erta va toʻliq olib borilsa, jiddiy asoratlar ham boʻlmaydi.

 

Bolalarda – mumkin emas

Bolalarda burun boʻshligʻining yalligʻlanishi etmoedit deyiladi. Bu xastalikka olib keladigan holatlar tishdagi kariyes, tomoq ogʻrigʻi, gijjalardir. Odamlar orasida bu umumiy qilib gaymorit deyiladi. Bolalarda aslida 7-8 yoshga kelib gaymor boʻshligʻi hosil boʻla boshlaydi. Shuning uchun ularda gaymorit boʻlishi mumkin emas.

 

Shahnoza RAHIMXOʻJAYEVA

yozib oldi.

 

od-press.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bolalar-gaymorit-bolmaydi/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x