Bola emizish va ona sutini ko‘paytirish qoidalari

Ona suti yangi tug‘ilgan bola uchun eng mukammal ozuqadir! Ona sutining shifobaxsh hususiyatlari juda ko‘p o‘rganilgan va doim barchani hayratga solib kelgan.

Endigina dunyoga kelgan chaqaloqda emish refleksi mavjud bo‘ladi. Ona suti ham aynan shu chaqaloq uchun mos va ideal tarkibda bo‘lib, chaqaloq o‘sishi bilan ona suti tarkibi bola ehtiyojlariga qarab o‘zgarib boraveradi.

Afsuski bugungi kunda uzoq emizish unchalik urfda emas. Sababi sun’iy bolalar sutini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarning kuchli reklamasi va yosh onalarda bu sohada ma’lumot va bilim yetarli emasligida bo‘lsa ajab emas. Yangi onalar tomonidan “Sutim kam”, “Sutim suyuq”, “Sutim to‘yimsiz” kabi gaplarni ko‘p eshitamiz. Aslida ham shunday bo‘ladimi?

 Photo: Detscreen.ru

98% foiz ayollar farzandlarini muvaffaqiyatli va to‘liq emizishga qodirdirlar. Buning uchun emizish san’ati haqida biroz bilim va ko‘nikma yetarlidir.

Farzand dunyoga kelishining ilk haftalari emizishni yo‘lga qo‘yib olish uchun muhim hisoblanadi.

Emizish davrining muvaffaqiyatli o‘tishi uchun quyidagi qoidalarga amal qilish muhim:

  1. Bola tug‘ilishi bilan ilk yarim soat ichida bolani emizishga harakat qiling. Bunda og‘iz suti keladi. Og‘iz suti to‘q sariq rangda bo‘lib, ko‘p kelmaydi (boshida 1-2 tomchidan kelishi mumkin). Og‘iz suti yordamida bolaning steril ichaklariga muhim foydali bakteriyalar ekiladi va bu juda muhim jarayon hisoblanadi. Chaqaloqqa shakarli suv (glyukoza) aslo bermang, bu suv og‘iz suti bilan aralashib bola ichaklarida bijg‘ish va gaz hosil bo‘lishiga olib kelishi mumkin.
  2. Bir necha kundan keyin og‘iz suti o‘rniga odatiy ona suti kela boshlaydi. Emizish boshida suyuq, rangi och yoki rangsiz sut keladi. Bola emavergach, tahminan 10-20 daqiqadan so‘ng sut quyuqlashadi, rangi ham oq yoki sariqqa aylanadi. Sutning suyuq qismida vitaminlar ko‘p va u bolaning chanqog‘ini qondiradi. Suyuq sutni aslo sog‘ib tashlay ko‘rmang, ona sutining ilk tomchilarida vitamin D miqdori eng katta miqdorda bo‘ladi. Shunda ham vitamin D ona sutida yetarli emas, shu sababli tez-tez quyoshga chiqib turish ona va bolaga maslahat beriladi (qo‘l va yuz ochiq turishi yetarli).
  3. Sutning quyuq qismida yog‘ ko‘p va bu sut ilk suyuq sutning yaxshi hazm bo‘lishiga yordam beradi. Shu sababli bola o‘zi emishdan to‘xtaguncha kutish kerak va ko‘krakni vaqtidan oldin tortib olib qo‘yish kerak emas. Suyuq va quyuq sut iste’moli balansda bo‘lishi uchun tahminan 3-4 soat ichida faqat bir ko‘krak bilan emizish juda muhim. Sutning quyuq qismidagi yog‘lar bola miyasi to‘g‘ri shakllanishi uchun muhim, shuning uchun bola o‘zi emishdan to‘xtamaguncha bolani emizishni to‘xtatish tavsiya qilinmaydi. Sutning suyuq qismidan so‘ng keluvchi quyuq yog‘li qism juda kam kelayotganday tuyulsa ham aslida 1-2 tomchidan keladigan yog‘li sut bola miyasi uchun nihoyatda foydali bo‘ladi. Bunda ona ham foydali yog‘lar iste’mol qilib turishi muhim (sog‘lom sigir saryog‘i, yong‘oq, qora sedana yog‘i, sovuq holda siqilgan zaytun yog‘i, kokos yog‘i, sog’lom qo‘y yog‘i/dumbasi, ilik va hokazo). Zararli yog‘lardan esa qat’iyan chekinish kerak (margarin, rafinadlangan yog‘lar, gidrogenlashtirilgan yog‘lar). Ona ovqatlanishi unchalik yaxshi bo‘lmasa ham ona suti qiymati baribir juda yuqori bo‘ladi va hech qaysi sun’iy sutlar tarkibi ona sutiga teng kela olmaydi. Ona to‘g‘ri ovqatlanmasa, organizm ona suti ishlab chiqarishda ona organizmidagi zahiralardan foydalanadi.
  4. Chaqaloqni soatga qarab emas, chaqaloq talab qilganda (tez-tez) emizish kerak. Bu ona suti miqdorining ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Sutkasiga kamida 10-12 marta emizishni reja qiling. Talab bo‘lmasa, taklif ham bo‘lmaydi. Kam emizsangiz, sut ham kamayadi. Ko‘p emizib yuborishdan qo‘rqmang (buning iloji ham yo‘q), kam emizishdan qo‘rqing. Ona suti oson hazm bo‘ladi va oshqozonda uzoq turib qolmaydi.
  5. Chaqaloq qorni ochgani alomatlarini ko‘rsatishi bilan emizing, yig‘lashini kutmang. Bolani yig‘latish kerak degan tushuncha noto‘g‘ri. Bola qorni ochsa qo‘lini og‘ziga olib kelishi va og‘zini ochishi mumkin yoki yon atrofdan ko‘krak qidirganday bo‘ladi. Bu belgilar vaqtida payqalmasa, bola yig‘lay boshlaydi.
  6. Yangi chaqaloq kunduzi 2 soatdan ortiq vaqt, kechasi esa 4 soatdan ortiq emmasdan uxlashi to‘g‘ri emas. Bunday holda yangi chaqaloqni uyg‘otib emizish tavsiya qilinadi.
  7. Onaga tez-tez emizish qulay bo‘lishi uchun kunduzi mahsus slinglardan foydalanish, bola bilan kechasi birga uxlash tavsiya qilinadi. Bola bilan birga uxlaganda ona bolaning har bir tovush va harakatiga sezgir bo‘ladi/ Bunday instinkt faqat onada bo‘ladi. Ona uyqu dorisi yoki havfli narkotik moddalar iste’mol qilganda yoki spirtli ichimliklar iste’mol qilsa, bu instinkt ishlamaydi – bunday holda bola bilan birga uxlash havflidir. Bunday holat bo‘lmasa, birga uxlash ham bola ham ona uchun qulay bo‘lib, ona suti yaxshi ishlab chiqishiga katta yordam bo‘ladi. Birga uxlaganda ona emizib, parallel holda uxlayveradi. Ona taftini his qilib uxlash bola psixikasi uchun ham juda foydali: bola mehrga qonib, hotirjam uxlaydi, bu bola asab tizimi uchun ham foydali; dunyoga (hozir uning dunyosi bu onasi) ishonch bilan ulg‘ayadi. Sababi, to‘qqiz oy ona qornida yashagach, bolada yana kamida to‘qqiz oy onasidan ajralmaslik instinkti mavjud bo‘ladi. Bunda bola o‘zini onasi bilan bir butun hisoblaydi va onasini hididan taniydi. Agar bolani onadan doim uzoqroq ushlashga harakat qilinsa, bola taslim bo‘lib, onasini qidirmaslikka o‘rganishi mumkin, ammo bu ichki kompleksga aylanadi va bu kompleks bola ulg‘ayganida o‘zini namoyon qilishi mumkin. Bunday kompleksli bolalarda o‘ziga ishonmaslik, mustaqil fikrlash kamligi, qo‘rquvlar kabi muammolar paydo bo‘lishi mumkin.
  8. Bola yetarli emayotganini quyidagi belgilardan bilish mumkin. Yangi chaqaloq ilk kunlarda o‘z vaznining 7%ini yo‘qotishi tabiiy. Keyin esa haftasiga tahminan 170 gr vazn yig‘ishi normal hisoblanadi. 4chi kundan keyin chaqaloq kuniga kamida 3-4 marta katta tangadek (2.5 cm) katta hojat qiladi. Katta hojat sariq rangda, suyuq yoki yumshoq, donli bo‘lishi mumkin. Kichik hojatni kuniga kamida 5-6 marta qiladi (1chi haftadan keyin).
  9. Uzoq vaqt mobaynida muvaffaqiyatli emizay desangiz, bolaga sun’iy soska, butilka, shakarli suv va sun’iy sut kabilarni bermang. Tibbiy zarurat bo‘lsa ona sutidan boshqa moddalarni ignasiz shpris yordamida bola og‘ziga yuborsa bo‘ladi. Bola soska, butilka kabilarga tezgina, ba’zi hollarda bir martadayoq o‘rganib qoladi. Bu esa emizish sifatiga jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatadi.Soska so‘rish (butilkadagi soska) ko‘krash emishdan oson bo‘lgani uchun bola ko‘krakni olmay qo‘yishi mumkin. Bolani ovutish uchun ishlatiladigan (sutsiz) soska esa bolaning ko‘krakda bo‘lishini kamaytiradi, bu esa ona sutining kamayib ketishiga olib keladi. Sababi shuki, bola onasini qancha emsa, organizm ham bola uchun yana shuncha sut ishlab chiqaradi. Bola kuchini ko‘krak emas, soska so‘rishga sarflaganida ona organizmiga signal bormaydi va sut ham kam ishlab chiqariladi. Soska kabilar tishlarning qiyshiq o‘sishiga va jag‘ suyagida qiyshiqlik paydo bo‘lishiga ham sabab bo‘lib qolishi mumkin.
  10. Bola qattiq qo‘rqqanida, stressda bo‘lganida, hastalanganda yoki qiynalgan paytlarida onasini qidirib emishni xohlashi komfort uchun emish deyiladi. Bu juda ham tabiiy holatdir. Bu bolaning o‘zini himoyada his qilishiga, tinchlanishiga, sokinlashishiga yordam beradi. Odatda bunday paytda bola juda ko‘p emayotganday yoki onasidan ayrilgisi kelmayotganday bo‘ladi. Bunday holat boladagi stress o‘tib ketgach kamayadi.
  11. Bola bilan doimiy kontaktda bo‘lish (ko‘tarib yurish, slingda olib yurish) va unga mehrli bo‘lish ham ona sutining ko‘payishiga sabab bo‘ladi.
  12. Bolani 2 yil yoki ko‘proq emizish bola sog‘lig‘ining mustahkam bo‘lishiga juda katta ko‘mak bo‘ladi. Jahon Sog‘liqni Saqlash Jamiyati bolani ikki yil yoki ko‘proq emizishni tavsiya qiladi (WHO 1993, WHO 2002). Doktor va tabiiy yondashuvli stomatolog Ramiyel Nagel o‘z kitobida bolani 3-5 yil ona suti bilan emizish bolaning asosiy tishlarining bazasi kuchli bo‘lishini ta’minlashi va uzoq emizishning ahamiyati haqida gapirib o‘tadi.

Emizikli ona ham emizishdan bir talay foydalar ko‘radi: onaning ko‘krak raki bilan kasallanish ehtimoli kamayadi, reproduktiv organ raki bilan kasallanish ehtimoli pasayadi, artrit va yurak kasalliklari bilan kasallanish ehtimoli ham kamayadi, shuningdek emizikli ona ortiqcha vaznni tez yo‘qotadi.

Manba: Uzshifo.info

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x