ShAYX SAʼDIY
Hikmatlar
* * *
Goʻzal ogʻiz, shirin boʻgʻiz va labdan chiqqan ovoz,
Kuy aytsa ham, aytmasa ham dil erkalar, juda soz.
Ammo noʻnoq qoʻshiqchining kekirdagin bezolmas
Koʻp ajoyib maqomlar ham: “Ushshoq”, “Xuroson”, “Hijoz”.
* * *
Biror esli kishiga hatto hazil soʻz aytsang,
U shundan ham oʻziga chiqaradi xulosa.
Ammo ahmoq kishiga yuzlab hikmat oʻrgatsang,
Barchasi uning uchun tuyular hazil narsa.
* * *
Oʻzing yaxshi boʻlsang yurish-turishda,
Sendan ayb topolmas har bir yaramas.
Tanburning oʻz sozi joyida boʻlsa,
Sozanda qulogʻin burab oʻtirmas.
* * *
Kecha tong otar bitta qush sayrab,
Aqlu chidamimni, hushimni oldi.
Men unga joʻr boʻldim va ovozimni
Bir yaqin ogʻaynim eshitib qoldi.
U aytdi: “Bu holga ishonish qiyin,
Nahotki shu sayroq esing joʻyoldi?”
Men dedim: “Qush sayrab turgan chogʻida
Mening odamligim undan uyaldi”.
* * *
Bildingmi, tong chogʻida nima der menga bulbul:
“Nechuk odam sanalgʻay sevgidan bexabar dil?
Arab sheʼrin eshitgan tuya zavqidan oʻynar,
Senda zavqdan asar yoʻq, hayvon ekansan butkul”.
* * *
Bogʻda tong yeli essa, majnuntol tebranadi,
Chaqir tosh tebranmaydi, qotib qolgan abadiy.
* * *
Diqqat bilan boqolsang, barcha narsa zikr etar,
Buni tinglay oladi, kim maʼnidan boxabar.
Gulga yolgʻiz bulbulmas kuylovchi koʻngil bilan,
Gul ham uni ulugʻlar tikansimon til bilan.
* * *
Gullar baʼzan ochiladi, baʼzan boʻladi xazon,
Daraxtlar ham goh yalangʻoch, goh kiyar yashil chopon.
* * *
Jahon tashvishidir eng ogʻir balo,
Boʻlsa ham, boʻlmasa ham qiyin mojaro.
* * *
Agar sen istasang boylik va davlat,
Eng katta boylikka tengdir qanoat.
* * *
Etaging toʻldirsa bir boy zar bilan,
Sen unga qarama shod nazar bilan.
* * *
Katta kishilardan eshitdim har gal,
Darvishlar chidami boylikdan afzal.
* * *
Qulon tutar Bahromgoʻrning qudrati emas uncha,
Bir chigirtka oyogʻini sudragan qumursqacha.
M. Yu. LERMONTOV
BORODINO
– Qani, amakijon, aytib beringiz,
Oʻt ketib, oʻrtangan Moskva bejiz –
Faranglarga berilmagan-ku?
Axir boʻlgandir-ku beomon urush,
Boʻlganda ham qanday, ketguday es-hush
Borodino kuni Rossiyaning beiz –
chiqmas yodidan mangu!
– Ha, bizning zamonda mardlar bor edi,
Sizga oʻxshamasdi, shiddatkor edi.
Sizlar botir emassiz.
Ularning qismati boʻlmishdi yomon
Talay mardlar maydon aro berdi jon.
Boʻlmasaydi taqdir amri beomon
Ketmas edi Moskva, essiz!
Biz uzoq indamay chekinar edik,
Alam qilar edi, jang kutar edik.
Chollar poʻngʻillar birdan:
“Nima bu, shu yerda oʻtadimi qish?
Komandirlarimiz bajarolmas ish
Yovlarning mundirin kerakdir yirtish
Rusning nayzasi bilan”.
Topdik oxirida katta bir maydon,
Bemalol sayohat qilurlik sayhon,
Kichik istehkom qurdik.
Yotamiz quloqni unda dik tutib,
Tonggi nurlar bilan yaltiraydi toʻp,
Oʻrmonda faranglar har qayda, toʻp-toʻp
Kezib yurganlarini koʻrdik.
Boplab turib men ham toʻpni oʻqladim,
Oʻylayman: “doʻst”ni bir qoʻnoq qilaykim!
Qarab tur, ogʻa musyo:
Kurash ekan, hiylaning ne keragi bor?
Bizlar saf tortamiz misoli devor,
Ona-vatan soʻrsa, bizlar boyakbor
Boshni ham beramiz-ku!
Ikki kun ham oʻtdi otishmalardan.
Nima manfaat bor bekorchilikdan?
Kutdik uchinchi kunni.
Eshitilib qoldi har yoqdan ovoz:
“Tezroq ilgʻor safga oʻtib olsang soz”.
Dahshat qirgʻinining maydoniga boz
Tushadi koʻlkasi tunning.
Zambarak tubida men mudrar edim.
Toki tong otguncha eshitar edim
Faranglarning shod sasin.
Biroq bizning manzil ochiq, jim yotar,
Kimdir majaq dubulgʻasin tuzatar,
Kimdir murtin chaynab, nayzasin artar,
Juda oshgan zardasi.
Tong asta yorishib kelish bilanoq,
Qoʻzgʻolishdik misli momaqaldiroq,
Saflar orqasidan saf.
Bizning mard polkovnik edi qahramon,
Shohga navkar, soldatlarga otaxon…
Biroq afsus, chavaqlanib berdi jon,
Yotar nam yerda uxlab.
Oʻlar ekan, aytdi, koʻz ochib tiyrak:
“Yigitlar, Moskvani qutqazmoq kerak,
Moskva uchun oʻlsang oz,
Shuncha ogʻaynilar u deb oʻlgandek!”
Borodino jangida qasamyod etdik
Va boshlarni mardona oʻlimga tutdik,
Hammamiz ham shovvoz.
Shunday kun keldiki! Tutun orasi,
Bulutday siljidi farang qorasi
Bizning istehkom tomon.
Rango-rang tamgʻali yurt botirlari,
Dubulgʻasi dumdor saf-saf suvori,
Koʻzimiz oldida kelmoqda bari,
Roʻbaroʻdan yonma-yon.
Bunday jangni sizlar hech koʻrmagaysiz!..
Bayroqlar soyaday koʻchardi izsiz,
Yer-koʻk tutun, olov…
Qurol-aslahalar, toʻplar ovozi,
Nayza sanchib tolmish el nayzabozi,
Oʻlganlarning qonli togʻday tanasi
Oʻqlarga toʻsigʻu-gʻov.
Ruslarda botirlik qancha mustahkam, –
Ekanin oʻsha kun koʻrdi dushman ham,
Koʻrdi nayzaning kuchin.
Yer ham hansiradi koʻkragimizday,
Aralashib ketdi ot, odam birday,
Minglab zambaraklar oʻkirib sherday
Olardi yovdan oʻchin…
Qosh qorayib qoldi. Biz esa tayyor
Ertadan qattiq jang boshlashga takror,
Kurash oxirigacha.
Doʻmbiralar birdan dirillab qoldi;
Dushmanlar chekinib, yoʻlin ters soldi,
Sanadik, kim boru va kim yoʻqoldi,
Doʻstlardan qoldi necha!
Ha, bizning zamonda mardlar bor edi,
Azamat, dovyurak, shiddatkor edi:
Sizlar botir emassiz.
Ularning qismati boʻlmishdi yomon:
Talay erlar maydon aro berdi jon.
Boʻlmasaydi taqdir amri beomon,
Ketmas edi Moskva, essiz!
A. A. FET
* * *
Koʻzin oʻynatib mushukcha kuylar,
Bola ham mudrar gilam ustida.
Tashqarida-chi: boʻronlar oʻynar,
Shamol choladi nayni tinmasdan…
“Bas, yetar bunda senga agʻanash,
Oʻyinchoqlarni yigʻishtiru tur!
Men bilan kelib avval xayrlash,
Soʻngra tezda uxlashga yugur!”
Bola tez turdi, mushuk koʻz ochib –
Uni kuzatar, kuylab tinmayin.
Derazaga qor uyurma sochib,
Boʻron eshikda chaladi nayin.
A. N. MAYKOV
* * *
Oq dengizdan gʻizillab
Qaldirgʻoch keldi,
Mahkam oʻtirib olib
Kuylay boshladi:
Fevral oyi, har qancha
Jahl qilsang ham,
Sen – mart oyi doʻq bilan
Qovoq solsang ham,
Mayliga qor yogʻsa ham yo yogʻsa yomgʻir,
Hamma yoqdan koʻklamning hidi keladir.
Gʻafur GʻULOM tarjimalari
“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5
https://saviya.uz/ijod/nazm/bogda-tong-yeli-essa-majnuntol-tebranadi/