Ayol tushlari

Yasunari KAVABATA

 

Kuxara oʻttiz olti yoshida toʻsatdan uylanadigan boʻlib qoldi.

Kuxara uylanish desa koʻngli sust ketadigan boʻydoqlardan emasdi, shuning uchun oila qurishga ahd qilgach, el qatori kelinnikiga sovchi yubordi. Shu jihatdan olganda-ku uning uylanishi gap-soʻz qilib oʻtirishga arzimasdi. Biroq oshna-ogʻayni, tanish-bilishlari bundan xabar topgach, lolu hayron boʻlib qoldi. Bunga ozmi-koʻpmi kelinning benazir husnu malohati ham sabab boʻlgandi.

Kelinni koʻrib, ogʻzi ochilib qolgan ogʻaynilaridan ayrimlari, ochigʻi, ertaroq uylanib qoʻyganiga afsuslandi. Nimasini aytasan, bolapaqir ichidan pishgan ekan, deya ich-ichlarida unga havas qilishdi va hammalarining Kuxaraga muomalasi keskin oʻzgardi. Hammaning ogʻzida duv-duv gap: kelin juda badavlat ekan, endi Kuxaraning ishlari yurishib ketsa, ajab emas. Baʼzilar Kuxara xususiy kasalxona qurarmish desa, boshqalari, yoʻq, u taʼlim-tarbiya sohasida astoydil shugʻullanmoqchi deya taxmin qilishardi. Nima boʻlgan taqdirda ham, uylanish sharofati bilan Kuxaraning birdan moʻtabar shaxsga aylangani gʻalati edi.

Tibbiyot bilim yurtining tish kasalliklari boʻlimini tugatgach, Kuxara tibbiyot institutiga assistent boʻlib joylashgandi. Shu tariqa u shifokorlar davrasida tanish-bilish orttirmoqchi, keyin ilm olib, alohida amaliyot bilan shugʻullanmoqchi edi. Biroq dissertatsiya yoqlagandan keyin ham u tajribaxonada qoldi; amaliy faoliyatdan ham, yangi ish boshlash niyatidan ham voz kechib, kutilmaganda patologiya boʻyicha tadqiqot olib borishga ahd qildi. Agar bularning bariga shu choqqacha boʻydoq yurgani qoʻshilsa, tanish-bilishlari uni nima sababdan bir qaynovi ichidagi odamga chiqarib qoʻyganlarini tushunish mumkin. Tibbiyot bilim yurtida orttirgan yor-doʻstlari oʻzlarini horiqulodda isteʼdodli, istiqboli yuksak alloma deb sezishdi va odamga oʻxshab tuzukroq muomala qilishni ham unutib yuborishdi, pirovardida asta-sekin undan uzoqlasha boshladilar.

Nima sababdan aynan uylangach koʻpchilik eʼtiboriga sazovor boʻlganiga Kuxaraning oʻzi ham ajablanardi. Qizigʻi shundaki, bir zamonlar yuz oʻgirib ketgan eski doʻstlari ham unga butunlay boshqacha muomala qila boshlashdi. U qalligʻi Xaruko bilan sayr qilib yurganida hatto begonalar ham ularga havas bilan qarar, shunday choqlarda Kuxara nima uchun kutilmaganda bunchalar moʻtabar insonga aylanib qolganidan hayron boʻlib, ularning nigohida aks etgan allanechuk ehtirom tuygʻularidan mutaassir boʻlardi. Uylanish tufayli hayotida ajabtovur, umidbaxsh oʻzgarishlar yuz berajagini ham bilmas edi-yu, ammo Xaruko husnu malohatli boʻlibgina qolmay, qadami qutlugʻ qiz ekanini koʻngli sezardi. Aloha u oʻzicha Xarukoga hech qachon ozor bermaslik kerak, degan qarorga keldi.

Kuxaraning ulfatlari Xarukodek goʻzal qiz nega shu paytgacha turmushga chiqmagan ekan, deya hayron boʻlishardi. U koʻrinishidan yigirmalarga chiqqanga oʻxshasa-da, yoshi yigirma yettini hatlab oʻtgandi.

– Dunyoda haliyam bunaqa bebaho gullar bor ekan-u, bilmay yurgan ekanmiz, biz ham baxtimizni sinab koʻrsak boʻlarkan, – deya ich-ichidan havas qilganini yashirmoqchi boʻlib, joʻralari hazil qilishardi. Kuxara esa oʻzini eshitmaganga olib, jilmayib qoʻyardi. Uning qiyofasi baxt kulib boqadigan zamonlar kelishini sabr-toqat bilan kutayotgan saodatmand kishini eslatardi. U Xarukoning bunchalar kech turmushga chiqqanining sababini hech kimga aytmadi.

Oʻsha kezlari Kuxara sovchilar bilan orasida boʻlib oʻtgan gʻalati bir suhbatni tez-tez eslardi.

– Uni oʻziga aytmay qizkoʻrarga bir necha bor olib chiqishgan ekan, – deya hikoya qilib bergan edi sovchilardan biri. – Har safar uchrashuvga chiqqan kuyov yoqtirib ketar-u, qiz tomon unamas ekan.

Ota-onasi Xarukoning erga tegmaslik qarori qatʼiyligi va ustalik bilan uyushtirilayotgan qiz koʻrishlardan foyda yoʻqligiga ishonch hosil qilgach, oxir-oqibat kuyov axtarishdan voz kechishgan va keyingi oʻn yil mobaynida uning oldida bu mavzuda gapirishni ham lozim topishmas ekanlar.

– Ammo sizga kelganda, janob Kuxara, kutilmaganda hammasi oʻzgarib ketdi, – degan edi sovchi.

Ular goʻyo teatrda tasodifan uchrashib qolishdi, Kuxarani qizga institut kasalxonasida davolanayotgan onasini alohida muolaja qilgan shifokor sifatida tanishtirishgan edi. Qisqasi, xuddi ilgari bir necha bor oʻtkazilgan qizkoʻrar bu safar ham binoyidek uyushtirilgan edi. Lekin bu gal Xaruko ikki oyogʻini bir etikka tiqib olmadi, unashtirishlariga qarshilik bildirmadi.

Bamisoli uzoq davom etgan tun oxirlab, tong otayotgandek, ota-onasining quvonchdan boshlari osmonga yetdi.

Xaruko, Kuxaraga aytadigan zarur gaplarim bor edi, deya sovchilardan ayttirib yubordi.

Gap oʻzining hajrida kuyib olamdan oʻtgan yigit haqida ekan.

Sovchi eshitganlarini hazil aralash Kuxaraga soʻzlab berdi:

– Umuman olganda qizning ishqida yona-yona toqati tugagan yigit yengiltaklik qilib oʻz boshiga yetgan, shekilli.

Kuxara hangu mang boʻlib qoldi: nahotki shu sababli Xarukodek har jihatdan benuqson qiz yoshligini xazon qilgan boʻlsa?

Nafsilamrini aytganda, u qizning fidoyiligiga qoyil qolgan, aynan shu iqror unga uylanish niyatini mustahkam va barqaror qilgan edi. Holbuki, ungacha Xarukoga sovchi qoʻygan boshqa yigitlar ham qiz haqida xuddi shunday fikrda boʻlishgan ekan.

– Kechirasiz, agar shunday deb oʻylasangiz, u holda… – sovchi taʼzim qildi, – bularning hammasi oʻtgan gaplar. Bunda qizning zarracha gunohi yoʻq. U hatto sal boʻlmasa tarki dunyo qilib, monastirga ketmoqchi boʻlgan ekan…

Shunday boʻlsa ham Kuxara oʻsha yigit haqida Xarukoning oʻzidan eshitgisi keldi. Bir toʻxtamga kelish uchun emas, yoʻq, u ich-ichida allaqachon uylanishga qaror qilib qoʻygan, qolaversa, boʻlajak rafiqasining oʻtmishi haqida soʻrash oʻzi tengi yigitlarga munosib ish emasligini bilardi. Shunchaki, bunaqangi ajoyib qizni oʻzi haqida gapirib berishga majbur qilishini oldindan koʻz oldiga keltirib, huzur qila boshlagan edi.

 

II

 

Xarukoning ota-onasi toʻygacha qizlariga Kuxara bilan uchrashib turishga ruxsat berishdi. Aslida aytish mumkinki, yigirma yetti yoshli qizlarining kuyov bilan uchrashib turishga rozi boʻlganini koʻrib, ota-onaning shodlikdan boshlari koʻkka yetgandi.

Zero ular, xudo koʻrsatmasin, Kuxaraning sovchilari aynib ketsa, Xaruko baxti ochilmay qariqizligicha oʻtiraveradi, degan xavotirda hammasiga chidashga tayyor edilar.

Kuxaraga kelsak, boshidanoq qizning iffatli, hayoli ekani uni maftun etgan va u anavi gʻamgin sarguzashtni aytib berishni Xarukodan soʻrashga sira botinolmas edi.

– Sovchilar shu choqqacha nega turmushga chiqishdan bosh tortib kelganingiz haqida gapirib berishdi, – deya gap boshladi bir kuni u.

Xaruko bosh qimirlatdi va xuddi bu mavzuda gap ochilishini anchadan beri kutayotgandek darhol jiddiylashdi.

Qizning ruxsorida shunday yoqimli ifodalar balqidiki, Kuxara dafʼatan tutilib qoldi va oʻzi istamagan holda gapni butunlay boshqa tomonga burib yubordi.

– Shunday ekan, nega ahdingizdan qaytib men bilan uchrashishga rozi boʻldingiz?

Bu nojoʻya savol edi.

– Oʻzim ham bilmayman. Balki shifokor boʻlganingiz uchundir.

– Shifokor boʻlganim uchun?!

Xarukoning soddadillik bilan bergan javobini eshitgan Kuxara dovdirab qoldi. Dafʼatan, balki meni laqillatayotgandir, deb oʻylaydi u.

– Chindan ham shifokorga turmushga chiqsangiz yomon boʻlmaydi, – dedi birozdan soʻng. – Bir mutaxassis sifatida shuni aytishim mumkin, sizning erga tegishdan bezillaganingiz oʻta taʼsirchanligingizdan boʻlsa kerak. Ammo xotirjam boʻling, bular oʻtib, hech nima koʻrmagandek boʻlib ketasiz.

Xaruko uning hazilini tushunmadi, shekilli, xayolga toldi.

Kuxara tashvishga tushdi: u vosvos yoki savdoyi emasmikin, ishqilib?!

Oʻz joniga qasd qilgan yigitning taqdiri Xarukoning qalbida unutilmas armon boʻlib qolgan, deya taxmin qildi Kuxara.

Qiz oʻsha yigit haqida bor gapni ochiq-oydin aytib berishi uchun Kuxara bir yoʻlini qilishi kerak edi, ana shunda u qizning yuragiga bir dunyo taskin va tasalli baxsh eta olar hamda dardiga malham topardi.

Kuxara, sizga butunlay ishonaman, keyinchalik ham turmushimizga shubha-gumonlar rahna solmasligini istayman, xolos, deb bir necha bor takrorladi.

– Koʻnglingizda sizni qiynayotgan neki armon boʻlsa, ayting, yengil tortasiz, men sizga yordam beraman, – dedi u.

– Xoʻp. – Xaruko maʼqullab bosh irgʻadi. – Oʻzim ham sizga hammasini aytib bermoqchi boʻlib yurgandim. Keyin nima qilsangiz, ixtiyoringiz…

– Qoʻrqmang, mening qarorim qatʼiy. Men sizga hamdard boʻlishni istayapman, xolos.

– Tushunib turibman, lekin… – Xaruko yana oʻyga toldi, keyin oʻziga tikilib turgan Kuxaraga koʻzi tushib, loladek qizarib ketdi va boshini quyi solgancha dedi:

– Noz qilyapti, deb oʻylamang, men avval sizdan oʻz oʻtmishingiz haqida gapirib bersangiz, deb soʻramoqchiydim.

– Mendan?! Avval?.. – Kuxara dovdirab qoldi.

Xaruko bosh qimirlatdi. Uning barmoqlari bilinar-bilinmas titrardi.

– Xoʻp, nimani aytib berishim kerak?

– Nahotki hayotingizda arzigulik biron nima yuz bermagan boʻlsa?! – deya ajablanib soʻradi Xaruko. – Toʻgʻri, tushunaman, sizning hurmatingizga sazovor boʻlish uchun aslida avval men boshimdan oʻtganlarni aytib berishim kerak edi. Lekin siz turib avval men gapirib berishim gʻalati tuyularkan.

– Menga ishonavering, rostdan ham gapirishga arzimaydi, – dedi Kuxara va oʻsha zahoti Xaruko gaplariga ishonmayotganini fahmladi.

Ochigʻi, bu iqrori gʻalati va ishonish qiyin ekanini oʻziyam sezdi.

– Ishoning, yashiradigan gapim yoʻq, – deya takrorladi u va yana ham noqulayroq ahvolga tushdi.

– Agar siz istamasangiz, janob Kuxara, men ham oʻzim haqimda gapirib berolmayman. Siz meni juda noqulay ahvolga solib qoʻydingiz. Nima desam ekan, xuddi meni xijolat chekishga majbur qilayotganga oʻxshaysiz. – Kuxaraning nazarida nogahon Xaruko qalbining allaqanday darichalari oʻzi uchun yopilgandek boʻldi.

Oʻsha kuni ularning gaplari ichlarida qolib ketdi.

Ochigʻini aytganda, Xaruko haq: toʻrt muchasi salomat, boʻydoq yigitning oʻttiz olti yoshgacha bironta ayolga ilakishmaganiga ishonish qiyin. Xaruko shu maʼnoda Kuxarani kechirishga ham tayyor edi. Chunki uning ham hayotida oʻzini deb joniga qasd qilgan yigit boʻlgan-ku! Ehtimol, shuncha payt uylanmay yurgan Kuxaraning qalbida ham qandaydir bitmas jarohati bordir? Modomiki bir yostiqqa bosh qoʻyishar ekan, bularni yashirishdan nima foyda?! Xaruko oʻzicha shunday deb oʻylar edi.

Balki u bir-biriga tasalli bera oladigan, bir-birini kechiradigan mushtarak taqdirlarning qovushishi uchungina erga tegishga rozi boʻlgandir?!

“Xaruko hammasini aytib beradi, men esa unga hech nima aytmayman”, deya xayol qilgan Kuxara chakki oʻylagan edi.

Kuxarani begʻubor, pokdoman yigitlardan deb boʻlmasdi, ammo modomiki gap oila qurish haqida ekan, u ishonch bilan tashlab ketib, soʻng qiynalgan yoki pushaymon boʻlgan bironta ayolni uchratmaganman, deya bemalol aytishi mumkin edi.

Buning sababi tabiatan ayollarni yoqtirmasligi va ularga ishonmasligi emasdi. Balki shu choqqacha koʻngli suv ichadigan qizni uchratmagan edi.

Vaqti-soatida uylanmagach, oila qurishdan, umuman ayol zotidan sovub ketgandir?! Yurakda bu narsalarning oʻrni kelmagandir? Ehtimol, shu sababli u soʻqqabosh yurishni afzal koʻrib, oxir-oqibat ilmga berilgandir? Balki mana shu feʼlini yaxshi bilgan tanish-bilishlariga uning uylanishi favqulodda hodisa boʻlib koʻringandir?!

Boʻydoqligida Kuxara emin-erkin yurardi. Ilgari ayollardan omadi chopmagan boʻlsa, endi, Xarukoni uchratgach, unga baxt kulib boqqan edi. Shunga qaramay, Xarukoning iltimosi uni esankiratib qoʻydi va shu bois u oʻz oʻtmishi haqida oʻylab koʻrishga qaror qildi.

Toʻgʻrisi, koʻnglida yashiradigan sir-asrori yoʻqligidan u oʻzicha gʻururlanib ham qoʻydi. Lekin, ajabo, shunday ekan, nega qizga buni ochiq aytishga botinolmadi? “Demak, men sofdil, samimiy inson emas ekanman”, degan andishada diliga gʻashlik choʻkdi.

Balki u yomon yashagandir? Unday boʻlsa, Xaruko ishonmay toʻgʻri qilgan boʻlib chiqadi. Kuxara shuni koʻnglidan oʻtkazib, oʻzicha kulib qoʻydi.

Shunga ham ota goʻri qozixonami? Xaruko birinchi boʻlib oʻtmishdagi gunohlarini boʻyniga olishni shart qilib qoʻygan ekan, Kuxara ham iloji boricha ishonarli bir ishq mojarosini oʻylab topishga ahd qildi.

 

III

 

U oʻzi tanigan barcha ayollarni – yoshligidagi doʻstlaridan tortib to hamshiralaru kasalxonada oʻzi davolagan bemor xotinlargacha birma-bir xotiridan oʻtkazib, Xarukoga aytib berish uchun favqulodda ishqiy sarguzasht oʻylab topishga kirishdi.

Bu juda bachkana va kurakda turmaydigan bir mashgʻulot edi. U oʻsha ayollar bilan qalligʻi Xarukoni xayolan taqqoslab koʻrar, ularning hammasi fayzsiz-farishtasiz tuyulardi. Lekin baribir Xarukoning qulfi dilini ochadigan bir joʻyali voqea oʻylab topolmadi.

Xarukoning oʻz joniga qasd qilgan yigit haqidagi hikoyasi esa – qiz hammasini Kuxaraga aytib berdi – har holda odatiy, hatto aytishga arzimas voqea ekan.

Oʻsha yigit Xarukodan ikki yosh katta boʻlib, uning togʻavachchasi ekan, Xaruko bilan yigit yoshlikdan birga oʻsishgan ekan. Keyinchalik yigitning otasini Tokiodan ancha olisdagi qishloqqa ishlagani yuborishgach, yoshlar xat yozib turishgan ekan. Taʼtil paytlarida yigit bilan Xaruko yozda choʻmilgani dengizga borishar, qishda esa changʻi uchgani toqqa chiqishar, birga boʻlishgan chogʻlarida oʻzlarini nihoyatda baxtiyor sezishar ekan. Oʻrta maktabni tugatish arafasida yigitning maktublari tobora ishqiyona tus ola boribdi. Soʻngra, u kollejga oʻqishga kirgach, Tokioga koʻchib kelib, Xarukolarnikida yashay boshlabdi.

Ular har kuni koʻrishib turishar ekan. Koʻp oʻtmay yigit unga muhabbat izhor etgan. Xaruko qarindoshligini roʻkach qilib, rad javobini bergan. Oʻsha yili qishda yigit changʻi uchgani bir oʻzi toqqa joʻnagan va boʻron paytida togʻdan yiqilgan. Uning jonini saqlab qolishibdi.

Biroq koʻkrak qafasi lat yegani uchun uzoq vaqt kasalxonada yotibdi.

Koʻp oʻtmay yigit Xarukoga vidolashuv maktubini yozib, oʻzini-oʻzi oʻldirgan ekan. Oʻsha maktubning ayrim lavhalari oʻz vaqtida roʻznomada ham eʼlon qilingan ekan. Agar u kasalxonada qazo qilganda bu haqda ovoza qilishmas ekan, biroq yigit oʻzini dengizga tashlagan, kasalxona maʼmuriyati javobgarlikdan qochish niyatida uning oʻlimi oldidan yozgan maktubini tahririyatga yuborgan. Shu tariqa yigit goʻyo ishq dardiga chidayolmay oʻzini-oʻzi oʻldirdi, degan gap tarqalgan.

– Oʻsha paytda necha yoshga chiqqan edingiz, Xaruko? – deb soʻradi Kuxara qizning hikoyasini tinglab boʻlgach.

Bu sevgi dostoni shunchalar joʻn va oddiy ediki, avvaliga uning ishongisi ham kelmadi. Bunga oʻxshagan voqealar haqida roʻznomada bir necha bor oʻqigan edi.

Ammo har qanday ishqiy sarguzasht ham oʻzgalar tilidan eshitganda ozmi-koʻpmi bachkana boʻlib tuyulsa, ajab emas.

Zero, xunobi oshayotgan Kuxara nazarida Xarukoning erga tegishdan qatʼiy bosh tortishlariga faqatgina kutilmagan, fojiaviy hodisa sabab boʻlishi mumkindek edi.

Qiz bolaning qalbini vayron qilishga bir necha satr ham kifoya.

Lop etib alanga olgan fidoyi muhabbatdan farqli oʻlaroq togʻavachchasi bilan oʻrtalaridagi munosabat Xarukoning qalbida goʻzal xotira sifatidagina qolgan va bu uzoq vaqtdan buyon uning xayolini tark etmay kelayotgan edi.

– Xaruko, oʻsha yigitda koʻnglingiz bormi? – deya soʻradi Kuxara.

Xaruko bosh qimirlatdi.

– Hozir oʻylasam, yaxshi koʻrgan ekanman… Ammo u paytlarda juda yosh edik.

– Oʻsha halokatdan keyin ota-onalaringiz yuzkoʻrmas boʻlib ketishmadimi?

– Togʻam bilan kelinoyim meni biron nimada ayblaydigan odamlar emas.

– Shuning uchun unga sadoqatli boʻlib qolmoqchi boʻlganmisiz?

– Sadoqatli deysizmi?.. Ehtimol…

Ammo Xaruko ochiq aytishi mumkin boʻlgan gaplarning hammasi shulardangina iborat emasdi.

Togʻavachchasi oʻz joniga qasd qilganda Xaruko oʻn toʻqqiz yoshda edi, oradan ikki yil oʻtgach, uylariga sovchi keldi. Xaruko rozilik bildirdi, biroq toʻy tadorigini kelishib olishgandan keyin, ikki kun oʻtar-oʻtmas boʻlgʻusi kuyovning ota-onasi oʻzini oʻldirgan yigit haqida xabar topdi-yu, toʻy buzildi.

Bu voqea Xarukoga togʻavachchasining oʻlimidan ham yomonroq taʼsir qildi: u kuyov Katakirini astoydil sevib qolganga oʻxshardi.

Xaruko peshonamga er yozilmagan ekan, deya oʻshandayoq bor umidini uzgan edi.

Toʻgʻrisini aytganda Xarukoning birinchi muhabbati togʻavachchasi emas, Katakiri edi. Katakiriga boʻlgan mana shu muhabbati keyinchalik halok boʻlgan qarindoshining xotirasi bilan qorishib ketgan edi.

Xaruko keyingi unashtirishlar ham xuddi shunday tugaydi, deya qoʻrqardi. Toʻgʻri, oʻsha paytda u Katakiriga turmushga chiqishiga ishonchini butunlay yoʻqotgan edi, kuyovning ota-onasi toʻyni buzishgandan keyin ham ular pinhona – atigi bir marta uchrashgan, Katakiri ota-onasini koʻndirishga vaʼda bergan edi.

Xaruko Katakiri bilan bogʻliq voqealarni Kuxaradan yashirmoqchi emasdi, faqat Kuxara oʻtmishi haqida yana biron nima soʻrab qolsagina, aytib bermoqchi edi.

Biroq, siyoqiga qaraganda, togʻavachchasi haqida aytib berganlaridan Kuxara qanoat hosil qilgan va boshqasi qiziqtirmayotganga oʻxshardi, shuning uchun Xaruko Katakirini eslashni lozim koʻrmadi.

Darhaqiqat, Katakiri haqida gapirish uning uchun ham ogʻir, ham alamli edi: Kuxara Xarukoga sovchi qoʻyganda Katakiri allaqachon oila qurgan va bundan xabar topgan Xaruko oʻzini tahqirlangandek sezardi.

 

IV

 

Kuxara bilan Xaruko turmush qurishdi. Toʻy safarining ikkinchi kuni musofirxonaga joylashganlarida Xarukoning tushiga oʻz joniga qasd qilgan togʻavachchasi kirdi.

Ularning qishloqdagi uyidami yoki oʻzlarining uyidami – Xaruko aniq bilolmadi. U xonaga kirganda togʻavachchasi eshikka orqa qilib oʻtirardi. Kutilmaganda oʻgirilib qaradi-yu, Xaruko qotib qoldi. U dafʼatan yalangʻoch ekanini sezib qolgandi… Xaruko oʻzining ovozidan choʻchib uygʻonib ketdi.

Uning yuzi nomusdan lovullab yonardi.

Xaruko titrab-qaqshab Kuxaraning tungi kimonosi yengidan ushlab oldi.

Tushida marhum togʻavachchasini koʻrgani haqidagi xayoldan dahshatga tushdi.

– Meni kechir… – deya shivirladi u va butun vujudi titrab, erining pinjiga suqildi.

Oʻsha kechasi Xaruko erga tegib, marhum togʻavachchasining ruhiga xiyonat qilgandek uzoq oʻyga toldi. Bundan tashqari, nazarida, koʻrgan tushi juda-juda bexosiyat edi.

Biroq vaqt oʻtib elas-elas yodida qolgan togʻavachchasi bilan Katakirining qiyofalari bora-bora unutilib ketdi. Xarukoning qalbida kurtak yozgan muhabbat gullari kechikib boʻlsa ham barq urib ochildi va bu gullarning tarovati endi Kuxaraga tegishli edi.

– Bizga oʻxshab vaqti-soatini sabr-toqat bilan kutib turmush qurganlarni xudoning oʻzi qoʻllaydi, – der edi baʼzan Kuxara.

Shunday lahzalarda Xaruko oʻtmishni eslamaslikka harakat qilardi.

Xaruko gul-gul ochilib, Kuxaraning orzu-havaslarini tinglar va oilasiga baxt tilagani-tilagan edi.

Kunlarning birida Kuxara begʻaraz ohangda soʻrab qoldi:

– Togʻavachchang oʻlimi oldidan yozgan maktubining baʼzi yerlari juda gʻalati-ya, ahamiyat berdingmi?

– Boʻlishi mumkin, siz bekorga gapirmaysiz, – dedi Xaruko xotirjam.

– Rostdan-da. Gap shundaki, u yotgan kasalxonada bir oʻrtogʻimning tanishi ishlaydi. Men togʻavachchangning oʻlimi sabablarini surishtirdim. Maʼlum boʻlishicha, uning asablari tamom ishdan chiqib, qandaydir vosvos, telbanamo boʻlib qolgan ekan. Men uning kasallik varaqasini ham koʻrdim. Shulardan kelib chiqib aytishim mumkinki, u sen tufayli oʻzini oʻzi oʻldirmagan. U shunchaki sogʻayishiga koʻzi yetmagan – uning oʻpkasi tamom boʻlgan ekan. Oʻlganning ustiga tepgan degandek, ruhiy xastalikka ham chalingach, buni koʻtarolmagan. Irodasi shunaqa boʻsh ekan. Uning oʻlimida sening mutlaqo aybing yoʻq.

– Bularni qachon bila qoldingiz?

– Ancha boʻldi.

– Yaramas, nega shu choqqacha indamay keldingiz? – dedi Xaruko ginaxonlik bilan. Koʻnglidan esa, buni ilgariroq bilganimda, balki Katakiri bilan toʻyimiz buzilmasmidi, degan oʻy kechdi.

Bu fikr Xarukoga shunchalik taʼsir qildiki, boyaqish dovdirab qolganini yashirish uchun siniqqinab kulimsiradi.

– Lekin shuni esdan chiqarmaslik kerak, oʻsha telbaning sharofati bilan biz turmush qurdik, – dedi farosatsizlarcha Kuxara.

– Shuni ayting-a!

– Sen boʻlsang, Xaruko, oʻzingni-oʻzing qiynab yuribsan. Bir gap aytaymi, buning uchun sendan yanayam xursandman.

Oʻshandan buyon Xaruko juvonmarg boʻlgan togʻavachchasini tez-tez eslaydigan odat chiqardi. Shunday damlarda koʻz oldiga yoz faslidagi moviy dengiz hamda qor bosgan togʻlar kelardi.

Lekin afsuslar boʻlsinkim, unga ato etilgan neʼmat – oʻzgalarga baxt keltirish iqtidori susayib borardi.

 

Rus tilidan Olim OTAXON tarjimasi

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–5

https://saviya.uz/ijod/nasr/ayol-tushlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x