Bobur merosi – xalqlar oʻrtasidagi uzviy halqa

Xalqimiz oʻzining buyuk tarixi va ajdodlari bilan hamisha gʻururlanib keladi. Dunyoning qaysi burchiga bormang, ajdodlarimiz merosiga roʻbaroʻ kelasiz. Ayniqsa, 14-15 asrlarda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan ijtimoiy-siyosiy muhit, jahon tamaddunida alohida sahifa boʻlib qoldi. Sohibqiron Amir Temur barpo etgan buyuk saltanatda ilm-maʼrifat, riyoziyot, astronomiya, adabiy muhit yanada ravnaq topdi. Temuriy shahzodalarning ilm-maʼrifatga katta eʼtibor qaragani tarixdan maʼlum. Astronomiya va falakiyotshunoslikda Mirzo Ulugʻbek oʻzidan katta meros qoldirgan boʻlsa, Temuriyzoda Zahiriddin Muhammad Bobur oʻzbek mumtoz adabiyoti, jugʻrofiya, tarix voqeligini muhrlashda katta mavqega erishdi.

Ulugʻ bobomizning sertashvish hayoti va joʻshqin faoliyati siyosiy jihatdan inqirozga uchragan Temuriylar davlatining soʻnggi davriga toʻgʻri keldi. Bobur Mirzo chekiga inqirozning barcha azob-uqubatlarini boshdan kechirish tushgandi. Uning ruboiy va gʻazallarida akslantirilgan holatlarda ham ana shu ruh yaqqol bayon etilgan.

Boburning podshohlik va mumtoz adabiyotdagi faoliyati koʻpchilik tarixnavislarni oʻziga rom etgan. Albatta, yurtdoshimizning boshidan oʻtkazgan voqealarni mashhur “Boburnoma” asarida batafsil keltirgani oʻsha davr tarixini oʻrganishda muhim ahamiyatga ega. Maʼlumki, Bobur Movarounnahrdan chiqib ketganidan keyin, tarqoq Hindistonda markazlashgan davlatga asos soladi. Shu oʻrinda aytish kerakki, uning hayotida Afgʻoniston, ayniqsa, Qobul shahri ham muhim oʻrin tutgan. Bobur shaxsini oʻrganayotgan olimlarimiz ham buni bir necha bora taʼkidlagan.

Bugungi kunda Bobur va Boburiylarga taalluqli koʻplab moddiy boyliklar va asarlarining asl qoʻlyozmalari dunyoning turli burchaklariga tarqalib ketgan. Shuningdek, Hindistonda ham Boburga tegishli buyumlar va tarixiy manbalar juda koʻp. Boburga tegishli noyob qilich esa Nyu-Yorkning Metropoliten muzeyidan joy olganiga nima deysiz?! Hindistonni zabt etgandan keyin Boburga inʼom qilingan Koʻhinur olmosi esa bugungi kunda Buyuk Britaniya qirollik oilasining mulkiga aylangan. Buyuk sarkarda va davlat arbobi, Boburning tarixiy ashyolari dunyo muzeylarini va kimlarningdir shaxsiy kolleksiyalarini toʻldirib kelmoqda. Ularni qaytarish esa oson ish emas, albatta.

Yurtimizda Bobur hayoti va ijodini oʻrganish va uning merosini qayta tiklash boʻyicha qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, Xalqaro “Bobur” jamoat fondining izlanishlari tahsinga loyiq. Fond mamlakatimiz mustaqillikka erishgan kunlardan boshlab ulugʻ ajdodimiz merosini tiklashga kirishdi. Aytish mumkinki, fond vakillari Temuriylar va Boburiylar oʻtgan yoʻllardan yurib katta ilmiy-madaniy boyliklarimiz boʻyicha aniq maʼlumotlarni toʻpladi. Afgʻoniston, Eron, Hindiston, Iroq, Rossiya, Xitoy mamlakatlari hududlarida mangu qoʻnim topgan ayrim buyuk ajdodlarimizning maqbaralari qayta tiklanib obod goʻshaga aylantirildi. Ekspeditsiya aʼzolari yillar mobaynida amalga oshirilgan izlanishlari natijasida Andijonda “Bobur va jahon madaniyati” muzeyi barpo etildi.

Mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev oʻzining saylovoldi dasturida xorijiy mamlakatlarda saqlanayotgan oʻzbek davlatchiligiga oid dalillar va mumtoz adabiyotimiz namunalarining asl nusxalarini qaytarish asosiy ishlarimizdan biri ekanini taʼkidlagan edi. Davlat rahbarining oʻzbek xalqining tarixiy va madaniy boyliklari namunalarini Vatanga qaytarish toʻgʻrisidagi topshirigʻini bajarish doirasida Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati boshchiligidagi delegatsiya Hindistonga tashrifi davomida Dehli shahrida Hindiston Milliy muzeyiga tashrif buyurdi.

Mazkur muzey mamlakatning asosiy tarixiy-badiiy xazinasi hisoblanib, u qadimgi yodgorliklarning boy kolleksiyasi, oʻtmishdagi sivilizatsiyalarning arxeologiya boyliklari hamda madaniyat va etnik xilma-xil eksponatlarni oʻzida jamlagan.

Hozirgi kunda muzeyda 200 mingdan ortiq hind va xorij sanʼati namunalari saqlanadi. Muzeyda Osiyo buyumlariga bagʻishlangan va mintaqamizning Hindiston bilan bogʻlovchi koʻp asrlik va samarali aloqalari haqida guvohlik beruvchi maxsus galereya tashkil etilgan. Ular orasida Boburiylar va ular hukmronlik qilgan davrlarga oid koʻplab eksponatlar bor. Ana shulardan biri Zahiriddin Muhammad Boburning 1528 yilda yozilgan “Devoni Bobur”ning asl qoʻlyozmasi va 1640 yilda chizilgan “Shahzoda Doro Shukuhning toʻy marosimi” miniatyurasining nusxalaridir. Ushbu noyob asarlarni Oʻzbekistonga qaytarish boʻyicha Hindiston milliy muzeyiga Tashqi ishlar vazirligi tomonidan taklif bildirilgan edi. Muzey rahbariyati bilan olib borilgan muloqotlardan soʻng hind doʻstlarimiz tarixiy manbalarning nusxalarini berishga rozi boʻlishgan.

Mazkur tashrif davomida Hindiston Milliy muzeyi Bosh direktori Budha Rashmi Mani Oʻzbekiston delegatsiyasiga yuqorida qayd etilgan qoʻlyozma va miniatyura nusxalarini rasman topshirdi.

Tarixiy maʼlumotlarga koʻra Bobur tiriklik paytida ikkita devon tuzgan. Ularning birinchisida Movarounnahr va Afgʻonistonda, ikkinchisiga Hindistonda yozgan sheʼrlarini kiritgan. Bu haqda “Boburnoma”ning 925 hijriy, 1519 milodiy voqealari bayonida shunday deyiladi: “Hofiz Mir kotibning ogʻa-inisi Samarqandtin kelib erdi, bu fursatta Samarqandgʻa ruxsat berib, Poʻlod Sultongʻa devonimni yibordim”.

Bobur devoni Sharq mumtoz lirik janrlardagi asarlar majmuasidan iborat toʻplam. Hozirgacha dunyo qoʻlyozma fondlari va kutubxonalarida Bobur devonining 9 ta qoʻlyozma nusxalari aniqlangan.

Hindiston milliy kutubxonasida saqlanyotgan notugal, lekin shoir ijodiy merosini aniqlashda muhim boʻlgan bu qoʻlyozma chiroyli taʼliq xati bilan koʻchirilgan. Sahifalarida yuqori darajada bezaklar berilgan. 22 betdan iborat. Unda “Risolai Volidiya”, 2 ta masnaviy, 24 ta ruboiy, 2 ta gʻazal, 3 ta qitʼa va “Aruz” risolasidan parcha oʻrin olgan. 20a varaq hoshiyasida podshohning evarasi Shohjahon tomonidan tasdiqlangan Boburning asl dastxati mavjud. Shunga koʻra manba shoir vafotiga qadar oʻzi tomonidan tuzdirilgan deb hisoblanadi.

Bundan tashqari Al-abd Mumahammad Boqiy tomonidan nastaʼliq xatida koʻchirilgan “Devoni turkiy Bobur podshoh” Parij Milliy kutubxonasida, kotibi va koʻchirilgan sanasi nomaʼlum “Devoni Bobur chigʻatoyi” Istanbul universiteti kutubxonasida, “Devoni Sultonul-aʼzam Bobur Mirzo” Istanbuldagi Toʻpqori saroyidagi Ravon kutubxonasida, “Devoni Mirzo Bobur” Istanbul shahar kutubxonasida, “Devoni Bobur podshoh”ning ikkita nusxasi Hindistonning Haydarobod shahrida joylashgan Salorjang muzeyida 4,18 raqamlari bilan joylashtirilgan. Mazkur muzeydagi birinchi devonning koʻchirilgan sanasi va kotibi nomaʼlum 18-raqam bilan roʻyxatga olingan devon esa 1774 yilda Ali Kotibiy tomonidan koʻchirilgan. Shuningdek, 1776 yilda Boburiylardan Ajit Sing Jayd Bahodur buyrugʻi bilan Hayotali tomonidan koʻpaytirilgan “Devoni Bobur podshoh” Londondagi Britaniya muzey kutubxonasida, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyi fondida “Bobur devoni”ning Toshkent nusxasi saqlanyapti.

Xulosa oʻrnida aytish kerakki, Bobur va uning ajdodlari bilan bogʻliq hali ochilmay qolayotgan masalalar, ularga tegishli tarixiy dalillar oz emas. Boburiylarning moddiy merosi sanalgan “Bobur devonining” esa qaytarilgani xalqimiz uchun ajoyib sovgʻa boʻldi. Boburning avlodlariga qoldirgan boy va bebaho merosi Markaziy Osiyo, hind, afgʻon xalqlari oʻrtasidagi uzviy halqa boʻlib keldi va bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi.

 

Jobir XOʻJAQULOV

 

“Hurriyat”dan olindi.

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bobur-merosi-xalqlar-ortasidagi-uzviy-halqa/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x