Qishlogʻimizning kiraverishidagi katta tutzor barcha bolalarning oʻyin maydonchasi edi. Bolalar bilan “Bekinmachoq”, “Oʻrtaga tushar”, “Chillak”, “Chim” kabi oʻyinlarni oʻynab kun kech boʻlganini sezmay qolardik. Qosh qorayib, onalarimiz qoʻlida xivchin koʻtarib kelmagunicha tarqalmasdik. Oʻzim har gal uyga qochib borib, otamning pinjiga kirib xivchindan qutulib qolardim. Ertasi kuni yana shu ahvol…
Bir kuni oʻyinga toʻplanadigan maydonchaga odatdagidan ancha kech bordim. Qarasam, bolalar yigʻilib bir narsani oʻrab olgan. Qarasam, yerda bus-butun qush ini yotibdi. Ichida besh dona qora dogʻchali koʻm-koʻk tuxumlar ham bor. Qush ini anchayin katta, atrofi ingichka xas-choʻp bilan mustahkam oʻralgan, tag qismi loydan ekan. Bunaqasini birinchi marta koʻrayotganim uchun boshqa bolalardek men ham hayratlandim. Bolalar bir-biriga qarab: “Vuy, qaranglar, chiroyli ekan-a…”, deb qoʻyishardi. Hoynahoy, bu uya oʻynayotganimizda kiyimlarimizni shoxiga ilib qoʻyadigan tutdan tushgan boʻlsa kerak, chunki kecha tuni bilan qattiq shamol boʻlgan edi. Bir mahal bolalar orasidan Asomiddin degani:
– Buni birinchi boʻlib men topdim, uni uyimizga olib ketaman, – deb qush iniga qarab qoʻlini choʻzgan edi hamki, oramizdagi toʻlachadan kelgan bola unga:
– Sendan oldin singlim Munisa koʻrgan. Chunki meni chaqirishga kelganida inni birinchi boʻlib koʻrganini aytdi. Men yetib kelgunimcha sen kelib qolibsan, shuning uchun inni biz olib ketamiz, – dedi.
Asomiddin ham boʻsh kelmay:
– Oʻzim olib ketaman, tamom! – deb turib oldi.
Tortishuv borgan sari avj olib, oʻrtada toʻpolon boshlandi.
Shu payt: “Nima janjal, nimani boʻlisholmayapsizlar?”, degan ovozdan onamizning xivchinini koʻrgandek, qoʻrqib ketdik. Rasulning singlisi Oqsoqol boboni chaqirib kelibdi. Rasul unga boʻlgan voqeani aytib berdi. Bobo yerda yotgan qush inining yoniga oʻtirdi, biz ham atrofiga tizilishdik.
– Huv, anavi qushni koʻryapsizlarmi? – deya shoxdan-shoxga qoʻnib, qagʻillayotgan zagʻizgʻonni koʻrsatdi. – Janjal bilan boʻlib uning tinimsiz qagʻillaganini eshitmabmiz ham. U oʻz bolalariga qaygʻurmoqda. Tuxumlarini qaytarib berishingizni soʻrab, nola qilyapti. Negaki, bolalari mana bu tuxumning ichida. Sizlar esa ularni onasidan ayirmoqchi boʻlyapsiz. Xoʻsh, aytinglar-chi, qay biringiz onangizni koʻrmasdan yashay olasiz?
Hammamiz jim qoldik… Bobo gapini davom ettirdi:
– Qushlar ham xuddi sizga oʻxshaydi. Polaponlar tuxumdan chiqqach, oʻz onasi bagʻrida boʻlishi kerak. Siz tuxumlarni olib ketsangiz, ular hali ochib chiqmasidan nobud boʻladi. Ona qush esa bu ishingizdan qattiq xafa boʻlib, qishlogʻimizdan ketib qoladi. U boshqa qushlarga ham: “Bu qishloqning bolalari juda yomon”, deb aytsa, hech bir qush qishlogʻimizga kelmay qoʻyadi. Keyin qishlogʻimiz juda zerikarli boʻlib qoladi. Shuning uchun biz qanotli doʻstlarimizni xafa qilmasligimiz, ularni asrab-avaylashimiz kerak.
Bobo Rasulga uyani daraxtga – oʻz oʻrniga olib chiqib qoʻyishini aytdi. Shu payt boboning yonida turgan Munisa:
– Bobojon, ular endi qishlogʻimizdan ketib qolmaydimi? – deb soʻradi xavotirlanib.
– Yoʻq, qizim, yoʻq, – dedi bobo.
Shu kundan boshlab Rasulning bobosini koʻrganimda qoʻrqmaydigan boʻldim. Jahldor koʻringani bilan juda mehribon, birovga yomonlik tilamaydigan bobo ekan.
Javhar TURSUNOVA
“Oila davrasida”dan olindi.
https://saviya.uz/ijod/nasr/boboning-sabogi/