Ulugʻbek YeSDAULET,
Qozogʻiston Yozuvchilar uyushmasi raisi
1995 yili Pokistonda, nufuzli ilmiy simpoziumda uchrashib tanishganim — ulugʻ shoir Rasul Hamzatovning soʻzlari shu lahzada yodimga tushdi. “Mening avar tilim xuddi Robinzon Kruzoning bepoyon dengizdagi kichikkina oroliga oʻxshaydi, – degandi u har galgidek chechanlik bilan. – Bu orol suv ostida qolib ketmasligi uchun oʻzimni doim uning taqdiriga masʼul deb hisoblayman. Sizning turkiy tilingiz ulugʻ bir tildirki, shu sabab uning yoʻqolib ketishidan bizlardek qoʻrquvga tushmaysiz.” Ey Rasul ogʻa, qoʻrquv nega boʻlmasin? Tilimizning qadri tushib ketmasin deb biz ham har on yurak hovuchlab turamiz. Negaki, til – millat nishoni. Tiling bormi, demak, millating bor, vataning bor. Tili yoʻq millatni hech qanday kuch qutqarib qololmaydi. U suvosti qoyalariga urilgan kema kabi ertami-kechmi halokatga uchraydi. Bunday qismatdan Xudoning oʻzi saqlasin!
Rim imperiyasining halokatga yuz tutishi va lotin tilining oʻlik tilga aylanishi bejiz bir vaqtda sodir boʻlmagan. Hozirgi globallashuv qurbonlari ham menga rimliklar yoki ularga qismatdosh millat – hazarlarni eslatadi. Rasul Hamzatov oʻz ijodi bilan kichikkina orolga monand avar tilini ulkan qitʼaga tenglashtirib ketdi. Oʻzbek va qozoq xalqlarining Navoiy va Abaylari ham, axir, tillarimizni ana shunday oliy maqomga koʻtarmadimi?!
Biz koʻpdan buyon antropogen davrida yashamoqdamiz. Biz butun jahonga tarqalib, toʻrt inqilob osha oʻz jamiyatimizni qurdik. “Oʻtmishim — yodimda, bugunim — jonimda, kelajagim — qonimda”, deb umr surmoqdamiz.
Ulugʻ klassiklarimiz bizga oʻzlaridek muazzam adabiyot yaratib berib ketdilar. Biroq elektron adabiyot bosma adabiyotni buldozerdek chetga surib tashlayotgan bugungidek davrda tillarimiz kelajagi haqida yorugʻ xayollar surishga nechogʻli haqlimiz?
Shukrki, umid degan neʼmat bor. Siz ham umid qilyapsizmi? Aytib qoʻyay, bu shunchaki savol emas.
Biz bu shitob davrni unga monand tarzda shijoat, ammo mulohaza bilan, ajdodlardan meros ezgu eʼtiqodlarga tayanib yashab oʻtmogʻimiz darkor. Chingiz Aytmatovning mashhur iborasi bilan aytganda, “optovaya kultura” – “ulgurji madaniyat” degan ofatdan oʻzimizni muhofaza qilmogʻimiz, pok tiynat bilan azaliy yoʻlimizdan ogʻishmay olgʻa borishimiz, bobomeros adabiyotni butunicha kelgusi avlodlarga yetkazmogʻimiz lozim.
Olamda hech narsa abadiy emas, degan nazariyaga aslo qoʻshilib boʻlmaydi. Xalqlarimizning ezgulik, adolat, mehr-muhabbatga toʻyingan adabiyotlari, ishonamanki, bizdan soʻng ham zavol topmagay.
Oʻzingizga yaxshi maʼlum, bu yil Qozogʻistonda “Oʻzbekiston yili” deb eʼlon qilindi. Oʻzbekistonda esa bunga javoban Abay ijodiga bemisl eʼtibor va ehtirom koʻrsatilmoqda. Shu munosabat bilan muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoevga qozoq adiblari, butun qozoq xalqi nomidan cheksiz minnatdorlik izhor qilaman.
Bugun Oʻzbekiston va Qozogʻiston taraqqiyotning keng yoʻliga chiqib oldi. Bu yoʻlda bizga hazrat Navoiy va Abay bobomizning pok ruhlari madadkor boʻlsin!
Ishonchim komilki, oʻzbek va qozoq xalqlarini, bu qondosh millatlar adabiyotini oldinda yangi Renessans davri kutib turibdi.
Qozoq tilidan
M.MUZAFFAR tarjimasi
https://saviya.uz/hayot/nigoh/bizni-yangi-renescans-kutmoqda/