Bizga zamondosh Shekspir

Ulugʻ ingliz dramaturgi Vilyam Shekspir 1564 yil 23 aprelda Angliyaning Stratford shahrida dunyoga keldi. Buni qarangki, Shekspir tugʻilishidan ikki oy muqaddam Rimda italyan Uygʻonish davrining buyuk musavviri, Sikstin kapellasidagi gʻaroyib suratlarning muallifi, oʻz davrining daho ijodkorlaridan biri Mikelanjelo vafot etgan edi. Bu ikki sana oʻrtasidagi ilohiy bir rishtani hayrat ila kuzatish mumkin: italiyalik fojeaviy ijodkor oʻzining ijodiy tamoyillarini angliyalik ijodkorga – Otello”, “Qirol Lir” kabi fojealar muallifiga uzatganday edi goʻyo.

Oradan 52 yil oʻtib, Shekspir 1616 yil 23 aprel kuni (oʻzining tugʻilgan kunida!) dunyo bilan vidolashdi. Undan bir kun oldin Madridda ulugʻ adib Servantes jon taslim qilgan edi. Don Kixot va Hamlet, Sancho Pansa va Makbet singari oʻlmas obrazlarni yarata olgan ikki siymo shunday qilib yorugʻ dunyoni deyarli bir vaqtda tark etdilar.

Shekspirning vafotidan bir necha yillar oʻtgach, 1623 yilda uning aktyor doʻstlari Shekspir asarlarining bir qanchasini toʻplab, kitob shaklida nashr qildiradilar. Shekspir pyesalarining ushbu ilk toʻplami adabiyot tarixiga “The First Folio” (“Birinchi Folio”) nomi bilan kiradi.

Oradan toʻrt yuz yilga yaqin vaqt oʻtdi. Shekspirning nomi insoniyat tarixidagi eng mashhur nomlardan biriga aylandi. ( “Shekspir” soʻzi inglizchada – “nayza oʻynatayotgan”, “nayza oʻynatuvchi” degan maʼnolarni anglatadi). Uning asarlari jahondagi barcha tillarga oʻgirilgan boʻlib, deyarli barcha taraqqiy topgan mamlakatlarning teatr sahnalarida oʻynalmoqda. Oʻtgan yillar ichida turli mamlakatlarda nashr qilingan bir necha minglab maqolalar, kitoblar, tadqiqotlar ham Shekspir ijodi insoniyatning ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-madaniy hayotini qanchalik chuqur va keng qamrab olganligiga yorqin misol boʻla oladi. Uning ijodi shu qadar keng koʻlamliki, soʻnggi yillarda hatto “Shekspir va tarix”, “Shekspir va yurisprudensiya”, “Shekspir va gullar”, “Shekspir va koʻnchilik” (yaʼni, teri ishlab chiqarish sanoati) degan mavzularda tadqiqotlar amalga oshirildi. Uning asarlaridagi obrazlar soni ikki mingdan ziyodroqni tashkil etadi.

Bugina emas, Shekspir ijodi ingliz tili leksikonidagi juda faol ishlatiladigan 20-25 mingdan ziyod soʻzni qamrab oladi. Bu ijod qanday muhtasham salohiyatga ega boʻlgan aqlu tafakkur ila yaratilganini quyidagi birgina taqqosdanoq bilib olsa boʻladi – olimlarning hisob-kitoblariga qaraganda, unga zamondosh boʻlgan ulugʻ faylasuf Frensis Bekon asarlarida ishlatilgan soʻzlar 9-10 mingta birlikni tashkil etar ekan. Vaholanki, hozirgi kunda eng savodli ingliz kishisining ham kundalik turmushda ishlatadigan soʻz boyliklari (leksikoni) – toʻrt mingta soʻzdan nariga oʻtmaydi. Dunyoning eng muhtasham lisoniy loyihalaridan biri – “Oksford lugʻati” xodimlari Shekspirning ingliz tili leksikoniga uch ming ikki yuzta yangi soʻz qoʻshganligini ibrat qilib koʻrsatadilar. Bu esa dramaturgga zamondosh boʻlgan barcha adiblarni birga qoʻshib hisoblaganda ham Sheskpir ijodichalik boy va rang-barang emasligidan darak beradi. Xullas, Shekspir ismli daho ijod qilib oʻtmaganida edi, ingliz tili dunyo tillari orasida bugungidek ilgʻor mavqega erisha olarmidi-yoʻqmi, degan xayollarga ham boradi, kishi.

Shekspir pyesalari, sonetlari uning adabiyot sohasidagi yuksak salohiyatini koʻrsatibgina qolmay, balki tarix, joʻgʻrofiya, boshqa turli fanlar, chet tillar boʻyicha ham bilimlari beqiyos boʻlganligini, qomusiy ilmga ega ekanligini ham koʻrsatadi. Uning shaxsiy hayoti qanday kechganligi borasida shekspirshunoslar izlab topgan maʼlumotlar unchalik koʻp emas. Otasi Jon Shekspir qoʻlqopchi usta boʻlganligi, 1568 yili oʻzlari yashab turgan shaharchaga hokim (mer) etib saylanganligi maʼlum. Shekspir Stratforddagi maktabda olti yil oʻqiydi. 18 yoshida u Enn Xetueyga uylanib, bu nikohdan Syuzanna ismli qiz, Hamnet va Judit ismli egizak farzandlari dunyoga keladi. 1579–1588 yillar oraligʻini shekspirshunoslar “yoʻqotilgan yillar” deb atashadi, negaki, aynan mana shu yillar oraligʻida boʻlajak dramaturgning nima ishlar bilan shugʻullangani maʼlum emas. Taxminan 1587 yil Shekspir oʻz uyini tark etib, Londonga koʻchib keladi va teatr sohasidagi faoliyatini boshlaydi. 1594 yil u Richard Berbej rahbar boʻlgan “Lord-kamerger xodimlari” truppasida hissador boʻlib faoliyat yuritadi. 1599 yildan boshlab esa oʻzining yangi “Globus” teatrini tashkil etadi. 1612 yil Londondan yana Stratford shaharchasiga koʻchib keladi va shu yerda vafot etadi. Shekspirdan oʻz qoʻli bilan yozilgan na biror xat, na bir qoʻlyozma, na bir qator yozuv qolgan. Faqat besh oʻrinda bitilgan imzolarigina bizgacha yetib kelgan, xolos, bu imzolar ham Shekspirniki boʻlgani bilan, ular besh xil koʻrinishga ega, lekin hammasi ham mayda harflarda bitilganligi eʼtiborni tortadi. Hayoti borasidagi shu kabi chalkashliklar, maʼlumotlarning kam saqlanib qolganligi, faktlarning mujmalligi yoki noaniqligi Shekspir ismli shaxs qanday umr kechirgani, uning asarlarining haqiqiy muallifi kimligi haqidagi koʻpdan-koʻp taxminlarni keltirib chiqardi, hatto turli mish-mishlarning urchib ketishiga sabab boʻldi. Bu xil noaniqliklar, mujmallik va chalkashliklar ayniqsa, XIX asrda avj ola boshladi. Zigmund Freyd, Charlz Dikkens, Genri Jeyms, Ralf Emerson, Mark Tven, Uolt Uitmen singari mashhur adib, mutafakkir, ziyoli insonlar bu masalaga ikkilanib, shubha bildira boshlagach, bu muammo “oloviga yogʻ quyildi”. “Qanday qilib olti sinflik maʼlumotga ega boʻlgan, bilimi sayoz qishloqlik bir yigitcha shunday yuksak darajadagi asarlarni yarata oladi?” degan maʼnodagi shubha-gumonli maqolalar, eʼtirozli fikrlar koʻpaydi. Shekspirning ijodi atigi 30 ta pyesa (bular tarixiy xronikalar, komediyalar va tragediyalardan iborat) hamda yuksak sheʼriyat namunalari boʻlgan 154 ta sonetni tashkil etsayu, Britaniya madaniy tarixidagi eng qomusiy daho hisoblanmish insonning shunday asarlar yarata olishiga shubha bilan qarashsa?! Xullas, bunday tushunchadagi kishilarning shubha-gumoni bolalagandan bolalayverdi, shubha-gumonlar bir mamlakat sarhadlaridan oshib boshqa qitʼalarga ham yoyildi. Ularning fikricha, nima emish – Uilyam Shekspir merosi ajoyib ustomonlik ila uyushtirilgan mistifikatsiya emish! “Uilyam Shekspir” deganlari toʻqima nom emishu, boshqa bir odam yoki bir necha kishilardan iborat guruh mana shu taxallus ostida ijod qilgan emish! Hattoki Uilyam Shekspir degan odamning oʻzi ham bundan xabardor boʻlgan emishu, uning nomidan boshqa birovlar asarlar yaratishiga sira qarshilik qilmagan emish… Shu tariqa ingliz adabiyotida “aksilstratford” harakat tashkil topa boshladi ( bu – Stratfordga, yaʼni Shekspir tugʻilgan shaharga qarshi degani). Yillar oʻtishi bilan esa Shekspir asarlariga daʼvogarlik ehtimoli boʻlgan mualliflar nomining doirasi kengaya boshladi. Oʻtgan ikki asr mobaynida Shekspir yozgan pyesalarning ehtimoliy muallifi qilib koʻrsatilgan qalam sohiblari orasida kimlar yoʻq deysiz, mana “daʼvogarlar”ning nomlari: Frensis Bekon, Kristofer Marlo, dengiz qaroqchisi boʻlgan Frensis Dreyk… Hatto qirolicha Yelizaveta ham “Shekspir nomidan asar yozgan muallif shu emasmikan?” degan gumon ostiga olindi. Butun bir mualliflar jamoasini “Shekspir nomidan ish koʻrganlar” degan gʻalati versiyalar paydo boʻldi. Bu kunga kelib Shekspirga “asar yozib bergan boʻlishi mumkin” deb gumon qilinayotganlar soni 30 nafardan oshib ketdi. Bu borada esa hali-hanuz bir qarorga kelinganicha yoʻq. Yaqin orada ham bu haqda yagona, hal qiluvchi fikrga kelish qiyin koʻrinadi, toʻgʻrirogʻi, yagona bir fikrga kelinmasa ham kerak. Ammo jahon boʻylab Renessans (Uygʻonish) davrida yashagan daho dramaturgning ijodiga qiziqish ila qarab, “falon asarini sahnaga qoʻysam”, “falon rolini oʻynasam” degan rejissyoru aktyorlar endilikda koʻpaygandan koʻpayib bormoqda.

Shekspirning juda koʻplab asarlari oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Bu tarjimalar Choʻlpon, Maqsud Shayxzoda, Gʻafur Gʻulom, Uygʻun, Mirzakalon Ismoiliy, Asqad Muxtor, Qodir Marmuhamedov, Yusuf Shomansur, kabi taniqli ijodkorlar qalamiga tegishli. Oʻtgan asrning 70-yillarida oʻzbek tilida Shekspir asarlarining 5 jildlik toʻplami nashr qilingan edi. Yaqinda Shekspir asarlarining 3 jildlik toʻplami tarjimon Jamol Kamol tomonidan nashr ettirildi. Mazkur tarjimon mehnatini alohida qayd etishimizning sababi shuki, taniqli shoirimiz ushbu tarjimalarni bevosita ingliz tilidan amalga oshirgan.

Oʻzbek teatri tarixida ham Shekspir pyesalari oltin sahifalarni tashkil etadi. Turli yillarda oʻzbek teatrlari sahnalarida Shekspirning “Hamlet”, “Otello”, “Romeo va Julyetta”, “Yuliy Sezar”, “Qirol Lir”, “Richard III”, “Koriolan”, “Veronalik ikki yigit” kabi asarlari tomoshabinlar eʼtiboriga havola qilindi. Oʻzbek sahnasining yulduzlari Abror Hidoyatov, Sora Eshontoʻrayeva, Olim Xoʻjayev, Shukur Burhonov, Nabi Rahimov va boshqa sanʼatkorlarning ijodiy faoliyatlarida bu asarlar mahorat maktabi, pillapoya vazifasini oʻtadi. Qator aktyorlar nafaqat bosh rol ijrochisi sifatida, balki ikkinchi darajali rollarni talqin qiliboq tomoshabinlar tiliga tushganligini aytib oʻtish joiz.

Atoqli ingliz rejissyori Piter Bruk taʼbiriga koʻra, Shekspirning “Hamlet” fojeasini har oʻn yilda yangidan sahnalashtirib turgan maʼqul. Uning fikricha, har oʻn yilda jamiyat oʻzgarib turadi. Bu oʻrinda rejissyor teatr sanʼatining ifoda vositalari ham har oʻn yilda oʻzgarib-yangilanib turishini nazarda tutadi. Binobarin, insonlar jamiyatining yangi avlodi har gal Shekspir asarlarini uqib anglab olish uchun oʻzida ehtiyoj sezadi. Shekspir ularning ushbu umidlarini oqlaydi ham. Jahon teatrlarida Shekspir asarlarining qoʻyilish tarixi – uning asarlarini har gal yangidan talqin qilinishi, yangidan anglanishi demakdir. Yigirmanchi asrga kelib faqat teatr sahnasida emas, balki kinematografiya sohasida ham Shekspir asarlariga murojaat qilish mayli avj oldi, uning asarlarini freydizm, oriyentalizm, absurd va shafqatsizlik teatri nuqtai nazaridan, psixologik drama nuqtai nazaridan talqin qilishga eʼtibor kuchaydi. Natijada esa sahnaga olib chiqilgan asar asliyatdan tanib boʻlmas darajada oʻzgarib ketgan holatlar ham yuz bera boshladi. Shekspir tragediyalari motivlari asosida yangi pyesa va fojealar yozish urf boʻla boshladi (masalan, T. Stoppard qalamiga mansub pyesa asosida suratga olingan “Rozenkrans va Gildensternlar oʻlganda” nomli kinofilmni eslang).

Xullas, ulugʻ Gyotening “Shekspirning nihoyasi yoʻq!” deb qilgan xitobi bugungi kunda ham dolzarbligicha qolayotir. Daho dramaturg asarlaridan yangi va yangi maʼno-mazmun ilib olishda vaqtning oʻzi kishilik jamiyatiga peshkash turibdi.

1964 yili Shekspir tavalludining 400 yilligi nishonlab oʻtilgan edi. Oʻshanda muborak tavallud kunini nishonlash maqsadida jahonining qariyb 150 mamlakatidan kelgan vakillar London shahridan Stratford manziliga safar uyushtiradi. Elchilar Shekspir qabriga guldasta qoʻyish uchun necha saotlab navbat kutishlariga toʻgʻri kelgan. Buning bari ulugʻ ingliz dramaturgiga bildirilayotgan izzat-hurmatning inʼikosi edi.

Kelasi 2014 yilda bu zot tavalludiga 450 yil toʻladi. Jahon madaniyati tarixidagi ushbu unutilmas sanani oʻzbekistonlik teatr shinavandalari ham munosib nishonlashlariga shubha yoʻq.

 

Eldor MUXTOROV,

sanʼatshunoslik fanlari doktori

 

“Jahon adabiyoti” jurnali, 2013–4

https://saviya.uz/hayot/nigoh/bizga-zamondosh-shekspir/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x