Birinchi muhabbat

Zu VINTER

 

Bu voqea sodir boʻlgan paytda, qizcha endigina oʻn yoshga toʻlgan edi. Oʻsha kezlarda u maktab hovlisida va yoʻlaklarda bolalar orasida shodumon yugurib yurardi. Yosh bolalarning shoʻxliklarini biroz tartibga solish uchun oʻqituvchilar yuqori sinf oʻquv-chilaridan navbatchilar tayinlaydigan boʻlishdi. Yuqori sinf oʻquvchilari esa bu ishga chinakamiga kirishib, qattiq nazorat oʻrnatishdi. Kichiklar nazarida navbatchilar qandaydir samoviy qudratga ega edilar. Bolalar ikki qator boʻlib sinflarga koʻtarilayotganlarida, ular zinaning ikki tomonida turib kuzatishar, tanaffus paytlarida esa yoʻlka boʻylab yurishar va sinflarni tekshirishardi. Kimdir yugurishdan oʻzini toʻxtata olmasa yoki biror nojoʻya ish qilayotganda qoʻlga tushib qolsa bormi, uning holiga voy – tanaffusning qolgan qismini eshik yonida tik turib oʻtkazishga majbur boʻlardi. Bola bola-da, shumtakalar aksiga olib, yangidan-yangi beboshliklar bilan nazoratdagilarni aldab, begunohlarni jazoga giriftor qilishardi. Qizcha shunaqa shumlikka duchor boʻldi. U eshik yonida turganida oʻgʻil bolalardan biri kelib orqasidan shasht bilan itarib yubordi. Qizcha eshikdan otilib chiqib, tartibni nazorat qilib yurgan yuqori sinf oʻquvchilaridan biriga borib urildi. Yigit uning qoʻlidan mahkam ushlab, eshik yoniga olib keldi:

– Shoʻxlik qilganing uchun mana shu yerda turasan!

Qiz boshini koʻtarib yigitga qaradi. Bu ishni uning oʻzi ataylab qilmaganligini, oʻgʻil bolalar itarib yuborishganini aytmoqchi boʻldi-yu aytolmadi. Tomogʻiga bir narsa tiqilib, koʻzlaridan marjon-marjon yosh yumalab tusha boshladi. Yigʻisini tiyolmayotgan boʻlsa-da, jazolayotgan yigit ahyon-ahyonda unga qarab qoʻyayotganini payqadi.

Qizcha eshik yonida qotib turar, koʻzlaridan hamon yosh oqardi. Nihoyat, yigit uning yoniga kelib, choʻntagidan dastroʻmol olgancha, qizning koʻzlarini artib qoʻydi. Nega bunaqa qilganini ehtimol oʻzi ham bilmasdi, balki shu tariqa qizga ozgina yordam bermoqchi, koʻnglini koʻtarmoqchi boʻlgandir.

Qiz yigitga minnatdorchilik bilan qarab qoʻydi, bir necha daqiqa ularning nigohlari toʻqnashdi. Yigit qiz oʻylaganchalik yengiltak va toshbagʻir emas, uning koʻzlarida chuqur maʼno, olijanoblik va mehr bor edi. Keyingi darslarning qanday oʻtganini qiz payqamadi. Yigitning nigohi qizning koʻz oʻngidan ketmas, murgʻak qalbida allaqanday mavhum, tumanli, ammo shirin tuygʻular uygʻongan edi…

Daryo tugab, uyga qaytayotganda qiz: “Balki u orqamdan qarab turgandir”, degan oʻyda boshini magʻrur koʻtarib ketdi. Biroq bu paytda orqada yigitning qorasi ham koʻrinmasdi. Kechqurun uyquga yotayotganda yana oʻzining eshik yonida turgani, yigit kelib choʻntagidan dastroʻmol chiqargancha koʻzlarini artib qoʻygani qizning xayolidan ketmadi.

Ertasiga u maktabga oʻqdek uchib bordi. Ehtimol bugun ham ular uchrashib qolishar. Qizcha bu uchrashuvdan quvonar, birozgina qoʻrqardi ham. Katta tanaffus paytida u bir necha bolalar bilan quvlashib, ataylab yigitning atrofidan aylanib chopdi, ammo yigit unga eʼtibor bermadi. U toʻpolonchi oʻgʻil bolani ogohlantirib turgan edi. Sinfda oʻtirganida, qiz: “Keyingi tanaffus paytida oʻgʻil bolalar bilan janjallashaman, keyin u kelib meni eshik yoniga turgʻizib qoʻyadi, shunda yaxshilab koʻrib olaman”, deb koʻngliga tugib qoʻydi. Qizning bu rejasi ham amalga oshmadi, chunki keyingi tanaffusda yigit yoʻlakda koʻrinmadi.

Ertasiga qiz zinadan koʻtarilayotganda ular tasodifan yuzma-yuz kelib qolishdi. Yigit qizning koʻzlariga termulib qaradi, qizcha ham unga tikildiyu, uyalib ketdimi, darrov koʻzlarini olib qochdi. Nigohlarning shu bir lahzalik uchrashuvi qizning bir necha haftalar davomida shirin-shirin tushlar koʻrishi uchun yetarli edi. U yigitga roʻbaroʻ kelgan kezlari zavq-shavqqa toʻlib ketar, koʻrishmagan paytlari esa rutubatli kuz kunlaridek, zerikarli va gʻamgin oʻtardi. Yigitni deb u bir marta tushlik ovqatga kechikdi, onasini ancha kuttirib, xavotirga solib qoʻydi. Oʻshanda yuqori sinf bolalari maktab hovlisida qoʻl toʻpi oʻynayotgan edilar. Qiz jildini devorga suyab qoʻyganicha, yigitning qanday oʻynayotganini kuzatish uchun tomoshabinlar orasidan joy oldi. Hovli burchagida jimgina oʻtirib, uning har bir harakatini zimdan kuzata boshladi. Qizning shu yerdaligini payqagan yigit esa bolalarning barchasidan yaxshiroq oʻynardi. Baʼzan u raqib darvozasi yonida toʻpni qoʻliga olib balandga sakrar va bir lahza havoda goʻyoki muallaq turib qolardi. Darvozabon uning harakatlaridan aldanib oʻzini bir tarafga olar, yigit esa toʻpni ikkinchi tarafga sekingina tashlab qoʻyar va tomoshabinlarning qiyqiriqlariga sazovor boʻlardi. Qizcha oʻzining shu yerdaligi yigitga qanot bagʻishlayotganini gʻira-shira his etsa-da, bunga oʻzini ishontirolmasdi. Yigit uning nazarida baland bir choʻqqida, oʻzi esa… Odatda, oʻninchi sinf bolalari yosh qizchalarni unchalik pisand qilishmaydi-da…

Oʻquv yili tugadi. Yigit maktabni bitirib ketdi. Qiz gʻamgin bir holga tushib qolgan, shu bilan hammasi tamom boʻldi, deb oʻylar edi.

Taʼtil kunlari tugab, yangi oʻquv yili boshlandi. Yigitning oʻrnida endi kichkintoylarni boshqa bir bola nazorat qilar, bu esa qizchaning murgʻak qalbiga bitmas-tuganmas jarohatlar solardi. Biroq yillarning oʻtishi, har kuni yangi-yangi voqealar yuz berib turishi natijasida qizning koʻz oʻngida yigitning surati avvaliga xiralashib, soʻngra oʻchib ketdi. Vaqt har qanday dardni davolaydi, deganlari rost ekan. Qizning gʻamlari biroz bosilganday boʻldi. Surati koʻz oʻngidan ketgan boʻlsa-da, u yigitni butunlay unutolmadi. Yillar oʻtib, boshqa bir yigit undan ilk bor boʻsa olganda ham, qiz buni birinchi muhabbatim, deb atay olmadi. Izhor etilmagan birinchi muhabbatini u yuragining eng toʻrida, eng maxfiy joyida, bolalik damlarining sehrli va ohanrabo ertagi sifatida avaylab-asrab kelardi…

Qiz turmushga chiqdi. Farzand koʻrdi. Qizchasi ikki yoshga toʻldi. Sentyabr oyining oʻrtalari edi. Kasbdoshlari uni ziyofatga taklif etishdi. Kimdir institutni sirtdan tamomlagan ekan. Barcha bir restoranga yigʻilishdi. Ayol quvnoqlar davrasida gul-gul ochilib oʻtirar, qozonilgan muvaffaqiyat sharafiga atrofdagilar bilan qadah urishtirar edi. Bir vaqt qoʻshni stol atrofida oʻtirgan yigitlardan biri oʻrnidan turib, uning yoniga keldi va raqsga taklif etdi. Qiz yalt etib qaradi-yu, qalbining toʻrida yashirinib yotgan tuygʻular yuzaga chiqib, butun vujudini yondirib yuborganday boʻldi. Qaltirab ketdi. Ne koʻz bilan koʻrsinki, bu oʻsha – murgʻak qalbning shaffof ehtiroslari ila sevib qolgan, koʻz oʻngidan surati hech qachon ketmagan yigit edi!

Ular raqsga tusha boshladilar. Bir-birini qoʻllaridan tutib aylanisharkan, ayolning oʻziga ham hozir kulgili boʻlib tuyulayotgan oʻtmish bolaligi toʻgʻrisida soʻzlab berish istagi tugʻildi. Ammo u yigitning koʻzlariga tikilib qaray olmadi. Yigit esa uni ohista oʻziga tortib, yuzini uning jingala, qoʻngʻir sochlariga qoʻygancha, qulogʻiga shivirladi:

– Bilasizmi, ehtimol siz meni masxaralab kularsiz, ammo bir vaqtlar, maktabda oʻqib yurganimizda men sizni juda qattiq sevib qolgan edim.

 

Nemis tilidan

Yoʻldosh PARDAYEV

tarjimasi

 

“Yoshlik”, 2012 yil, 11–12-son

https://saviya.uz/ijod/nasr/birinchi-muhabbat/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x