Bir yarim asr din xizmatida (muftiy Eshon Boboxon va avlodlari)


Post Views:
454

Sakson olti yoshdaman. Yurtimizda din ravnaqi yo‘lida ko‘p xizmat qilgan tabarruk sulolaning bir a’zosi sifatida padari buzrukvorim Eshon Boboxon hazratlari va u zotning zurriyotlari haqidagi xotiralar qo‘limga qalam tutqazdi.

1928 yili otam Eshon Boboxonning yer- suv, mol-mulklari, shahar hovlilari musodara qilindi. Otam bilan birga Zaynuddinxon akam ham ko‘p vaqt yashirinib yurishga majbur bo‘ldi. 1929-1930 yillari organ xodimlari ularni olib ketib kechgacha so‘roqqa tutar, yarim tunda qo‘yib yuborar edi. U kishiga “Diniy ulamolar rahbari” degan ayb qo‘ymoqchi bo‘lishdi. Dindorlarga hujum boshlangan kezlarda 1937 yil 14 avgust kechasi soat uchlarda otam Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon va akam Zaynuddinxon qamoqqa olinishdi. Tergovchi polkovnik Musin buyrug‘i bilan uyimizdan ikkita yuk mashinasida nodir qo‘lyozma kitoblar olib ketildi. Otam va akamni dastlab NKVD yerto‘lasida, keyinchalik esa Oloy bozoriga yaqin joydagi qamoqxonada saqlashdi. Otam tergovchi Musindan “Daloili xoyrot” degan kitoblarining keltirilishiga ruxsat so‘raganlarida, u bir oz o‘ylanib, “qamoqdan qutilib chiqmoqchimisiz, bobo” degan ekan. Aslida Musin ufalik domlaning o‘g‘li bo‘lib, Islom to‘g‘risida tushunchasi bor ekan. Chamamda, olti oylardan keyin otam qamoqdan ozod etildi. Zaynuddinxon akam esa bir guruh dindorlar qatori olis Sibirga badarg‘a qilindi. 1938 yil noyabr oyida akamning vafoti to‘g‘risida xabar yetib keldi.

“Dindorning farzandlari” deb Badriddinxon akamni, meni, Nasriddinxon ukamni va singlim Saidaxonni maktabdan haydashdi, o‘qishni davom ettirishga yo‘l qo‘yishmadi. Qiyinchilik davri, oilani boqish uchun ishga kirish kerak, ammo dindorning farzandlarini ishga qabul qilish ham muammo bo‘lib qolgan edi. Akam va ukam Boboxonov o‘rniga Boboyev degan ism-sharifni qabul qilishdi. So‘ngra Badruddinxon akam “Tashselmash” zavodiga ishga kirdi.

1941 yil kuzida otam yana bir bor qamoqqa olindilar va NKVD yerto‘lasida o‘tirdilar. Oradan bir oy o‘tganidan keyin akam Ziyovuddinxon ham qamoqda ekanini turma qorovuli maxfiy ravishda otamga yetkazgan: “Bobo, duo qilib o‘tiring, o‘g‘lingizni ham olib kelishdi”. Ota va o‘g‘il turma azobini ko‘p tortishdi. Taqvosi kuchli, imoni mustahkam, e’tiqodiga sodiq Eshon Boboxon hazratlari bu gal ham o‘g‘illari Ziyovuddinxon bilan qamoqdan omon chiqdilar.

Ikkinchi jahon urushi avjga chiqqan 1943 yili SSSRning urushdagi ittifoqchilari AQSH bilan Angliya ikkinchi front ochish masalasi ko‘rilganida Sovet Ittifoqi rahbariyati oldiga qo‘ygan talab va shartlaridan biri dindorlarga diniy rasm-rusmlarni o‘tkazishlarga ruxsat berish edi.

1943 yilning kuz oylarida O‘zbekiston hukumati rahbari Abdujabbor Abdurahmonov Eshon Boboxon hazratlari bilan suhbatda bunday deydi: “Eshon ota, Toshkentda diniy tashkilot va masjid ochishga Moskvadan ruxsat bo‘ldi. Masjidlarni ochib, Gitlerning tezroq yengilishini Allohdan so‘ranglar. Lekin diniy idora uchun bino ajrata olmaymiz. Uni qayerda ochish o‘zingizga havola”. “Diniy idora eski shahardagi Hazrati Imom dahasida bo‘lishi kerak, shuning uchun 1928 yilda musodara qilingan uyimni qaytarib bersanglar bas”, debdilar otam. Uch kun ichida uyimiz qaytarib berildi. Shu yili uni ta’mirlashdi va o‘n ikki yil davomida Diniy nazorat idorasi va kutubxonasi bo‘lib xizmat qildi. Keyin bu hovli Diniy nazoratning mehmonxonasiga aylantirildi. Ilm toliblari va olisdan kelgan musofirlar shu yerda istiqomat qilishardi. (1996 yilda Qorasaroy ko‘chasi ta’mirlanganida u buzilib ketdi)

Toshkentda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratini ochishga qaror qilingan edi. Bunga tayyorgarlik ishlari boshlanib ketdi. Otam raisliklarida tashkiliy qo‘mita tuzilgan, Ziyovuddinxon akam mas’ul kotib vazifasini bajarganlar.

Tashkiliy qo‘mita bir necha majlislari o‘tkazildi. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston respublikalariga vakillar yuborildi. Ular orqali Toshkentda ochilgan Diniy idoraning faoliyati haqida xabar berildi. Ko‘zga ko‘ringan ulamolar va dindorlarni topishga harakat qilindi. SHo‘ro davrida ruhoniylarga o‘tkazilgan tazyiq va adolatsizliklarni ko‘raverib yurak oldirib qo‘ygan ulamolarni yig‘ish oson kechmadi.

Hazrati Imom (Hastimom) dahasidagi Baroqxon madrasasida o‘sha paytda yigirmadan ortiq ko‘zi ojizlar oilasi yashardi. Bular madrasada yashab, Tilla shayx masjidi binosida arqon to‘qish bilan mashg‘ul bo‘lishgan. Sovetlar davrida Tilla shayx masjidi ham juda xarob ahvolga kelgan.

1954 yili muftiy Eshon Boboxon hazratlari Baroqxon madrasasini va Tilla shayx masjidini idora ixtiyoriga berish masalasini O‘zbekiston hukumati oldiga qo‘yish bilan birga, ko‘zi ojizlar oilalariga uy qurib berishni zimmalariga oldilar. Qorasaroydagi dalahovlimizda menga atalgan va ajratilgan yerda otam o‘z hisoblaridan yigirmata oilaga uy qurib berdilar. Ularga Baroqxon madrasasidan ko‘chishida ko‘maklashdilar. Hukumat qarori bilan Baroqxon madrasasi va Tilla shayx masjidi diniy nazorat ixtiyoriga berildi.

Otam va Ziyovuddinxon akam rahbarliklarida madrasa va masjid hashar yo‘li bilan to‘rt-besh oy ichida ta’mirlandi. Hasharda otam sakson ikki yoshda ekanlariga qaramasdan namuna ko‘rsatganlar. O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari Diniy idorasi madrasa binosiga ko‘chib o‘tdi. Hozirgi kunda ham O‘zbekiston musulmonlari idorasi shu yerda faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Masjid ham bugungacha musulmonlar xizmatida.

Otam Eshon Boboxon hazratlari sobiq SSSR musulmonlari guruhiga rahbar sifatida 1945 yili haj safariga borganlar va Makkada Saudiya Arabistoni podshosi Abdulaziz ibn Saud qabulida bo‘lganlar. O‘sha yili Islom davlatlari bilan tashqi aloqalar o‘rnatilishiga va sobiq SSSR musulmonlarining har yili haj safariga borishiga asos solindi. (Mustaqilligimiz sharofati bilan minglab vatandoshlarimiz qatori men ham ikki marta haj amalini ado etib qaytdim)

1943 yildan to 1989 yilgacha salkam yarim asr davomida O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy nazoratining rahbarlari sifatida ota-o‘g‘il-nabira Boboxonovlar Islom va musulmonlar manfaati yo‘lida xizmat qilib kelishdi. Ular rahbarligida Diniy boshqarma tashqi Islom olami bilan aloqa qilish, haj safarini joriy etish, madrasa va masjidlar ochish, Qur’on va hadis ta’limotlari asosida masjidlarda va’zu irshod ishlarini tartibga solish kabi qator – qator xayrli ishlarni amalga oshirib keldi.

Otam ham, akam ham saxiy va himmatli kishi edilar. Diniy nazorat tuzilgan dastlabki paytdanoq bu din markazini jihozlash maqsadida asrlar mobaynida ota-bobolari tomonidan va o‘zlari to‘plagan nodir kitoblarni tortiq etib, kutubxona ochishgan. Ziyovuddinxon akam muftiylik maoshining teng yarmini muttasil ravishda shu kutubxonaga kitob olish uchun o‘tkazishga qaror qilganini bilaman. Bu ish yigirma besh yildan ortiq davr mobaynida — Ziyovuddinxon akamning vafotigacha uzluksiz davom etdi. Shamsuddinxon jiyanimning aytishicha, yigirma ming kitob saqlanayotgan kutubxona Toshkentdagi boy ilm xazinalaridan biriga aylangan ekan. Unda Qur’oni Karimning har xil hajmdagi qo‘lyozma va bosma nusxalari, tafsirga oid kitoblar, hadis, fiqh, arab sarf – nahvi, mantiq, tarix, tib, she’riy to‘plamlar, jug‘rofiya, falsafa, ilohiyot, riyoziyot, falakiyot va boshqa fanlar bo‘yicha yozilgan asarlarning sharhlari bilan tanishish mumkin.

O‘n to‘rt asr ilgari xalifa Hazrati Usmon ibn Affon roziyallohu anhu boshchiliklarida jamlanib, ilk bor kitob shakliga keltirilgan mushaflardan biri kutubxonada eng nodir yodgorlik sifatida saqlanmoqda.

Otam muftiy Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon sakson yildan ortiq, o‘g‘illari va nabiralari jami yetmish yildan ortiq Islom dini yo‘lida faoliyat ko‘rsatishdi. O‘tgan davr ichida muftiy Boboxonovlar masjidlar bo‘yicha Jahon Oliy kengashi, Jahon Oliy Islom kengashi, Islom Olami kongressi, Iordaniya qirollik akademiyasi, Jahon tinchlik kengashi hamda Sovet Ittifoqi va O‘zbekiston miqyosidagi o‘ndan ziyod xalqaro jamoat tashkilotlari ishida samarali faoliyat ko‘rsatib kelishdi. Islom dini targ‘iboti va xalqlar do‘stligi yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun ota-o‘g‘il-nabira Boboxonovlar Iordaniya, Livan, Marokash va sobiq SSSRning davlat mukofotlari bilan taqdirlanishgan.

Eshon Boboxon ibn Abdulmajidxon va volidam Salomatxonning to‘qqiz farzandlaridan 29 nevara, 90 evara va ko‘plab chevara dunyoga kelgan. Saqlanib qolgan shajaradan ma’lumki, otamning ajdodlari o‘n bir asr oldin Shomdan (hozirgi Suriya) Turkistonning Isfijob (Sayram) qishlog‘iga ko‘chib kelishgan ekan.

Din yo‘lida yuz ellik yil ibratli xizmat qilgan bu zotlarning ishlarini bugun yana bir bor eslar ekanmiz, Alloh taolodan ularni rahmat qilishini, barcha yaxshi ishlari, solih amallarining mukofotini oxiratda mo‘l-ko‘l qilib berishini so‘rab, duoda bo‘lamiz.

Sofiyaxon Eshon BOBOXON qizi

“HIDOYAT” jurnali, 2006

https://shosh.uz/uz/bir-yarim-asr-din-xizmatida-muftiy-eshon-boboxon-va-avlodlari/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x