(Rauf Parfi ijodi Amerika olimlari talqinida)
Amerikaning “Sharq va Gʻarb adabiyoti” (“Literature East and West”) jurnalida 1967 yilning 11 noyabr sonida ummonorti jadidshunos olimi Edvort Olvortning “Markaziy Osiyo adabiyotiga milliy uygʻonish kayfiyatining qaytishi” (Edward Allworth. An old mood returns to Central Asian literature // Literature East and West. 1967,11.2: pp. 149-154.) maqolasi chop etildi. Amerika olimi mazkur maqolada anʼanaviy tadqiqot obʼyektlaridan farqli zamonaviy, oʻsha paytda oʻzbek adabiyotiga endigina kirib kelayotgan shoirlar – Rauf Parfi, Mukarrama Murodova, Dilorom Tojiyeva va Guliston Shomurotovalar ijodi tahliliga toʻxtaladi. U R. Parfining “Bukun bir tush koʻrdim” (1966) sheʼrini ingliz tiliga oʻgiradi va sheʼrning toʻliq matnini (oʻzbek va ingliz tillarida) oʻz maqolasiga ilova qiladi. Ayni paytda, Mirmuhsinning “Ziyod va Adiba” va N. Oxundiyning “Bolsheviklar oʻlkasida” kabi davrni ulugʻlovchi, zamonabop sheʼrlaridan namunalar keltirib, ulardagi shakl va mazmun, mavzu va gʻoya ifodasidagi muayyan farqlar xususida toʻxtaladi.
Amerika olimi R. Parfi va uning 70-yillardagi izdoshlari yaratgan ijod namunalarini anʼanaviy sheʼriyatdan farqli, yangi adabiy fenomen sifatida baholaydi. Shu sheʼr tadqiqiga toʻxtalgan olim: “Raufning ushbu sheʼri adabiyotga yangicha qiyofa olib kirishidan tashqari, a-a-b-a yoki a-a-a-b shaklidagi anʼanaviy sheʼr tuzilishidan farqli oʻziga xos, hatto Gʻarb sheʼr sistemasida ham kam uchraydigan tuzilishga ega”, deb yozgan.
E. Olvort Rauf Parfi sheʼriyatidagi shakliy oʻzgarishlarni Yevropa va klassik sheʼriy sistemalar bilan chogʻishtirib, uning oʻziga xos uslubda yaratilganligini asosan toʻgʻri izohlaydi. Shoir oʻz kechinmalarini mavhum ijtimoiy sinflar emas, balki ichki individual muhit vositasida, tarix va shaxs oʻrtasidagi bogʻliqlik aniq bir makon, Buxoro orqali aks ettirganligi, ichki tuygʻularni noziklik bilan, oʻz oʻrnida, ajoyib tarzda, obrazli tasvirlagani haqidagi kuzatishlari ham eʼtiborga molik.
Bahri muhit orti tadqiqotchisining 1960 yillarda yurtimizdagi adabiy jarayonlar, davr sheʼriyatining eng sara namunalariga munosabati uning nozik kuzatuvchanlik va sezgirlik qobiliyatiga ega ekanligini koʻrsatadi. Chindan ham oʻtgan asrning 60-yillarida, sotsialistik realizm anʼanalarida koʻz ochgan utopik gʻoyalarni ulugʻlovchi badiiy asarlar toʻlib-toshgan bir paytda Rauf Parfi qalamiga mansub bunday uslubdagi sheʼrlarning yaratilishi oʻsha davr uchun oʻziga xos ahamiyatga ega edi. Qolaversa, shoirning nafaqat mazkur sheʼri, balki uning butun bir lirikasiga xos murakkab mushohada yoʻsini, ruhiy kechinmalarning oʻzgacha uslubdagi tahlili uning zamondoshlari orasida oʻz imzosi va ovoziga ega shoir boʻlganligidan dalolatdir.
Edvort Olvortning “jadid adabiyotida aks etgan milliy uygʻonish kayfiyati Rauf Parfi kabi yosh ijodkorlar sheʼriyatida ham aks etmoqda” qabilidagi fikrlaridan “Rauf Parfi Buxoro motivi vositasida millatparvarlik gʻoyalarini targʻib qilyapti” degan qarashni ilgʻash mushkul emas. Anglashiladiki, olimning ushbu tadqiqotida ham eskicha yondashuv tamoyili, yaʼni sheʼr tahlilida asosiy urgʻuni gʻoyaga – adabiy matnni siyosatga xizmat qildirish usuli kuzatiladi. Aniqroq qilib aytsak, olim tahlilda sheʼrning faqat ijtimoiy-gʻoyaviy qiymatini koʻrsatish bilangina chegaralangan.
Demak, R. Parfi ijodining genetik ildizlarini avvalambor milliy sheʼriyat, qolaversa, nemis romantizmi, fransuz simvolizmi orqali jahon adabiyotiga keng tarqalgan verlibr (sarbast), rus sheʼriyatining sillabo – tonik sheʼr tizimiga xos erkin sheʼr, Boltiqboʻyi xalqlari poeziyasi anʼanalarining ijodiy oʻzlashtirilishi kabi koʻplab faktorlar bilan bogʻlab izohlamoq lozim. Zotan, misralardagi boʻgʻinlar soni, ularning choʻziq-qisqaligi, turoqlanish yoxud qofiyalanish tartibida erkinlikka intilish R. Parfining ixtirosigina emas. Grafika va intonatsiya, emotsional toʻyintirilganlik, soʻz va tovush takrorlari, ritmik urgʻularga ahamiyat qaratish, kechinma va ohang maromining fikr-tuygʻuga monand, soʻz anglatgan maʼno asosida oʻzgarib turishi milliy va jahoniy tajribalarni ijodiy oʻzlashtirish samarasi edi. Afsuski, Edvort Olvort muammoga bunday keng koʻlamli tarzda teran yondasha olmaydi.
Gʻarb dunyosida yaratilgan adabiy tanqid nazariyasiga oid tadqiqotlarda matn tahlili bilan bogʻliq bir-biriga oʻxshash qarashlarni uchratish mumkin. Jumladan, ingliz olimi Xens Bertens va rus akademigi N. P. Sakulin muayyan badiiy asarni ijtimoiy-gʻoyaviy jihatdan tahlil etganda “nima uchun ijodkor aynan mazkur mavzuda sanʼat asari yaratdi”, “ushbu mavzuda asar yaratishning sababi nimada”, “bu mavzu nimani anglatadi”, “shoirning yangicha yondashuvi asosida qanday maqsad yotadi”, “badiiy matn kuchi qaysi elementga asoslangan”, “badiiy matndagi kalit soʻzlarning ichki va tashqi shakli, obrazlar strukturasi va gʻoya tuzilishida qanday poetik asoslar mavjud” kabi qator savollarning qoʻyilishi ham, matn tadqiqida ham tanqidchining matn borasida toʻgʻri xulosalar chiqarishda muhim ahamiyatga ega deb hisoblaydi.
Badiiy matnni Yevropalik olimlar taʼkid etgan muammolar atrofida tahlil qilish, qoʻyilgan savollarga javob topish nafaqat matn mohiyatini toʻgʻri idrok qilish, balki ijodkor hayotidagi muhim nuqtalarni oydinlashtirish, asar yaratilishidagi ijodkor ruhiy kechinmalarini tasavvur qilish kabi masalalarni ham oydinlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Ehtimol shuning uchun ham E. Olvort, R. Parfi sheʼriyatidagi mohiyatni ham Xens Bertens va N. P. Sakulin taʼkid etgan nazariya asosida yechishga intiladi. U badiiy asar poetikasini shakl lingvistikasi asosiga qoʻyadi va sheʼrdagi gʻoya tadqiqida formal metodga tayanadi. Tadqiqotchi tahlillariga sinchkov nazar tashlansa, uning shoir nima uchun aynan Buxoroga murojaat etgani sabablarini qidirayotganligini anglash qiyin emas. E. Olvort oʻz eʼtiborini sheʼrdagi, mumtoz adabiyotimiz namunalarida koʻp uchraydigan “gulshan”, “parishon” kabi soʻzlarning maʼno qatlamlariga qaratadi. Agar R. Parfining “Bir tush koʻrdim” sheʼri tahliliga davr ijtimoiy voqeliklari va tarixiy sharoit nuqtai nazaridan yondashilsa, amerikalik olim xulosalari haqiqatga yaqin ekanligi oydinlashadi. Zero badiiy yaratiq ijodkorning oʻz atrofidagi jarayonlarga munosabati mahsuli. Shoir soʻzi – jamiyat tili, xalqining yuragidir. Qolaversa, kuchli ijtimoiy muammolarni goʻzal poetik vositalar bilan ifodalash Rauf Parfi ijodining xarakterli jihatlaridan biri boʻlgan.
Aslida oʻtgan asrning 60–70-yillarida nafaqat Rauf Parfi, balki boshqa shoir va yozuvchilar ijodida ham ijtimoiy motiv keng koʻlam kasb etib, ularning ayrimlari ozodlik gʻoyalarini turli xil ramzlar vositasida aks ettirganliklari ham ayni haqiqat. Ammo AQSH oʻzbekshunosi tahlil usuli mazkur sheʼr poetikasining barcha muammolarini ochish, uni badiiy-estetik nuqtai nazardan tadqiq etish imkonini bermagan. Bundan tashqari E. Olvort ilgari surgan ijtimoiy konsepsiya aniq tahlil va misollar vositasida koʻrsatilmaydi. Milliy uygʻonish koʻrinishlari aynan qaysi satrlarda, qay yoʻsinda va qanday obrazlar yoki poetik vositalar yordamida aks etganligi xususida ham hech gap yoʻq.
Bizningcha, Rauf Parfining “Bukun bir tush koʻrdim” sheʼri mohiyati unda zuhur topgan Buxoro va tush obrazlarining poetik motiviga aloqadorlikda kengroq ochiladi. Maʼlumki, Buxoro qariyb uch ming yillik tarixga ega shahar. U Markaziy Osiyodagi eng muqaddas, afsonaviy tarixga ega, shon-sharafga boy shaharlardan biridir. Buxoro nafaqat diniy markaz, balki estetik tuygʻular yuksak qadrlangan maskan ekani bilan ham hurmat-eʼtibor qozongan. U necha-necha buyuklarning beshigini allalagan, necha-necha allomalar xokini bagʻriga olgan, minglab jangu jadallarga shohid makondir. Shoir goʻzal Buxoro, uning minoralarida mujassam qudrat, shon-sharaf orqali millatning madaniyatini, kuch-qudratini, boy tarixga ega oʻtmishini namoyon qilmoqda. Ayniqsa, shoirning mazkur badiiy-gʻoyaviy konsepsiyasi uning quyidagi satrlarida kulminatsion nuqtaga yetgan.
Ul ayirdi meni hushimdan,
Yuragimni koʻrgan emishman…
Bukun bir tush koʻrdim. Tushimda
Buxoroda yurgan emishman.
Shoir nigohidagi yurak bu – oʻzlik. U yurakni koʻrish bilan oʻzlikni idrok etish, anglash maqomiga yetadi. Shoir oʻzligida esa butun bir millat, uning qudratini namoyon qilish gʻoyasi mavjud.
Oʻtgan asrning 60-yillarida ham bu kabi sheʼrlar “millatchilikni targʻib qiluvchi sheʼrlar” qatorida baholanishi tabiiy hol edi. Shu sabab ham R. Parfi buni ifodalashda tush motividan foydalangan. R. Parfining tahlilga tortilgan sheʼrida “Buxoro” va “tush” obrazlari ikki taraflama: ham badiiy, ham ijtimoiy motiv oʻlaroq shoir gʻoyaviy-estetik maqsadiga xizmat qilgan.
Rauf Parfining “Bir tush koʻrdim” sheʼri turli davrlarda keksa va yangi avlod Amerika oʻzbekshunoslari eʼtibori markazida boʻlishi sheʼrning oʻziga xos poetik kuchga ega ekanligi bilan izohlanadi. Qolaversa, shoirning amerikalik muxlisi Reychel Harrel taʼkidlaganidek, uning ijodida xayolot murakkabligi inʼikos etadi. Sheʼrlari goʻzal, silliq oʻqiladigan, kitobxon eʼtiborini tortib, voqelikka yaxshiroq nazar solishga, ramziy maʼno qatlamlarini yanayam chuqurroq anglashga chorlaydi. Bu kabi munosabat Rauf Parfi sheʼri misolida oʻzbek adabiyotining kuch-qudrati, kelajagi, yorqin manzillar sohibi boʻlish imkoniga ega ekanligini koʻrsatuvchi yorqin dalildir.
Bukun bir tush koʻrdim. Tushimda
Buxoroda yurgan emishman,
Yuksak minoralar boshimda,
Oyoqlarim ostida gulshan.
Buxoroda yurgan emishman,
Men-la birga yurarmish Quyosh.
Erir emish, oqar parishon
Muz asridan omon qolgan tosh.
Yuksak minoralar boshida,
Menga hasad bilan boqarmish
Asrlar bir damday qarshimda
Zangor olov boʻlib oqarmish.
Oyoqlarim ostida gulshan
Zangori olovlar davomi…
Buxoro zangori gul ushlab,
Meni asir etdi tamoman.
Ul ayirdi meni hushimdan,
Yuragimni koʻrgan emishman…
Bukun bir tush koʻrdim. Tushimda
Buxoroda yurgan emishman.
(Rauf Parfi)
Today I had a dream. In my dream
I seemed to stroll in Bukhara.
Tall minarets above my head,
Beneath my feet a rose garden.
I seemed to stroll in Bukhara,
Along with me strolled the Sun,
It seemed to melt, a flowing perplexity
An unhurt stone left by the ice age.
Tall minarets above my head
Seemed to gaze at me with envy.
The centuries momentarily before me
Seemed to flow like pale blue fire
Beneath my feet arose garden,
The pale blue of the fires continuing…
Bukhara, having caught the pale blue rose,
Imprisoned me forever.
It parted me from my senses,
I seemed to see my heart…
Today I had a dream. In my dream
I seemed to stroll in Bukhara
(Edvort Olvort tarjimasi)
Zulxumor MIRZAYEVA
“Yoshlik”, 2013 yil, 9-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bir-tush-kordim-tushimda/