Bizni buzdi hargiz ul, yo Rabki, maʼmur oʻlmasun.
Alisher Navoiy
Ilm – Allohning insonga bergan eng ulugʻ maʼnaviy neʼmati. Shu darajada ulugʻ neʼmatki, ilm tufayli Inson Allohning eng yaqinlari – malaklardan ham azizroq, sharifroq, sharafliroq boʻldi.
Inson boshida – hayotida ming bir muammo borki, ularning eng qiyin jumboqlarini ham uzil-kesil hal qiladigan buyuk, qudratli vosita ilm-fandir. Shuning uchun barcha mumtoz shoirlarimiz, jumladan, ularning sarvari, eng ulugʻi Alisher Navoiy ham ilmu hikmatning mislsiz kuch-qudratini oʻz asarlarida qayta-qayta, yangi-yangi dalillar asosida taʼkidlaydi.
Dahomiz eng halol – muammoni hal qiluvchi qudrat ilm ekanligini uqtiradi. Uning bu xususdagi qarashlari komil inson timsoli boʻlgan Farhodning jasoratli soʻzlarida ham yangragan:
Dedi: Har ishki qilmish odamizod,
Tafakkur birla bilmish odamizod.
Alisher Navoiy “Mukammal asarlar toʻplami”ning oltinchi jildi: “Xazoyin ul-maoniy”ning “Favoyid ul-kibar” (Toshkent 1990) devonida, agar nashrga ishonsak, hazratimiz:
Barcha muammoni ilm emas, oʻlim hal qiladi, deb qoʻyaqolibdilar. Diqqat qiling:
Ilm aflokida bir jis mahal,
Barcha ashkol oʻlum olida hal. (483-bet).
Baytning ikkinchi misrasidan shunday mavhum mazmun chiqarish mumkin: “Barcha shakllar oʻlim oldida hal boʻladi”. Aftidan nashrga tayyorlovchi “ishkol” soʻzi lugʻatini bilolmagan. Navoiyning masʼul kotiblari tuzuk oʻqiyolmay, nashr etgan bu baytning birinchi misrasida mazmundan darak yoʻq. Chunki “bir jis” soʻzlari misrani chilparchin etgan. “Jis” soʻzi dunyo tillarining birortasida bordir-u, bu yerda oʻsha soʻzga oʻrin yoʻq edi.
Asliyatda “bir jis” tarzidagi holat emas, balki bir soʻz tarzidagi “Birjis” edi. Birjis sayyorasi edi. Birjis – Mushtariy (Yupiter) yulduzidir.
Demak baytning asliyatga mos birinchi misrasi shunday boʻladi:
Ilm aflokida Birjis mahal
Mazmuni: Ilm osmonida zamon Birjisidir (Mushtariysidir).
Endi ikkinchi misraga kelamiz. Ishni osonlashtirib olish uchun xato soʻzlarni asliyatga moslashtira boshlaymiz. Nashrdagi “ashkol” soʻzining lugʻati “shakllar” boʻladi. Bu soʻz muallif nusxasida “ishkol” (jumboq, mushkullik, muammo) boʻlgan.
Barcha ishkol oʻlum olida hal.
Mazmuni: Barcha mushkullik oʻlim oldida hal boʻladi.
Yoʻq, hali asliyatga yetolmadik. Eng jiddiy nuqson “oʻlum” soʻzidadir. Ana shunday holatlarni nazarda tutgan ustozim Mirzo Toj: “Nashrga tayyorlovchi ish jarayonida harflarni koʻrganu soʻzni koʻrolmagan” deguvchi edilar. Eski yozuvda “oʻlum” va “ulum” soʻzlari shakldoshdir. Matn koʻchirayotgan olimga birozgina idrok va zako juda asqatadi… Ushbu eslatma bilan ikkinchi misrani tiklaymiz:
Barcha ishkol ulum olida hal.
Hali bu misrada yana uchta nuqson bor. Birinchisi: vazn “barcha” soʻzining “borcha” tarzini talab qiladi.
Ikkinchisi: “ishkol”ga izofa ilova qilmoq darkor. Chunki gap hayotiy jumboqlar emas, balki ilm jumboqlari ustida borayotir: “ishkoli” boʻladi.
Uchinchisi: “olida” soʻzi “ollida” (oldida) boʻladi.
Demak, ikkinchi misraning epaqadagi holati:
Barcha ishkoli ulum ollida hal
Ana endi baytning navoiyona asliyati va sahihligi haqida gap boʻlishi mumkin:
Ilm aflokida Birjis mahal,
Borcha ishkoli ulum ollida hal.
Yuqoridagi tahrir jarayonini birma-bir hisob-kitob etsak, oʻnta soʻzdan iborat baytning beshta soʻziga oltita tuzatish qilindi.
Mazkur baytning Alisher Navoiy “Mukammal asarlar toʻplami” oltinchi jildidagi tarzi – nuqsonlarga boyligi daho kulliyoti yigirma jildligi matni saviyasining koʻzgusidir.
Muhokamadagi baytning yangi: Alisher Navoiy “Toʻla asarlar toʻplami” oʻn jildligidagi qismati nechuk kechdi ekan? Toʻrtinchi jild (2011 yilgi nashr)dan koʻchiramiz:
Ilm aflokida Birjis mahal,
Barcha ashkoli ulum ollida hal. (694-bet)
Ushbu nashrdagi bayt holatini tahririmiz bilan taqqoslab koʻraylik. Yangi nashrda tahrirtalab soʻzlar bor: “barcha” va “ashkoli”. Hali bu nashrda ham olimlarimiz “ashkol” (shakllar) bilan “jumboqlar, muammolar” (ishkol)ni farq eta olmabdilar…
Navoiy kulliyotining bu eng yangi nashrida ham ilm muammosi – “ishkoli” hal boʻlmay qolibdi. Baytni yigirma jildlikda toʻgʻri oʻqiyolmagan olimlarimiz olamdan oʻtib ketdilar, navoiyshunoslarimizning hozirgi avlodlari ham oʻn jildlikda uni tuzuk taʼmirlay olmabdilar. Afsus…
Netaylik, Navoiy asarlarini toʻgʻri oʻqiy olish darajasiga yetish juda mushkul ekan-da.
Vahob RAHMONOV
“Yoshlik”, 2013 yil 11-son
https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/bir-sozning-qudrati/