Bir satrlar keladi jonbaxsh

Vatanga arziysan

 

Toliqqanlar koʻksingda burgutlaring,

Oʻchib boʻlgan gurillagan oʻtlaring.

U chaqirsa… zumda choʻgʻlana olsang,

Shunda, shunda sen Vatanga arziysan.

 

Shon bermoq-chun bir parcha choʻl, yo toqqa,

Jon bermoq-chun shu Vatanni olmoqqa,

U chaqirsa… zumda oʻqlana olsang,

Shunda, shunda sen Vatanga arziysan.

 

Bir kun qabrda yotsang hamki poymolsan,

U chaqirsa… zumda tiklana olsang,

Yersan, ammo uchib, koʻklana olsang,

Shunda, shunda sen Vatanga arziysan.

 

 

Beshik qoshida

Nabiram Mirzo Anvarga

 

Oyoq-qoʻli beshikka

Bogʻliq bolam, turgaysan.

Hali sening izmingda

Yurgay olam, turgaysan.

 

Sen yoʻlga ketarsan deb,

Hozirlik koʻrar karvon.

Osmonning peshtoqiga

Sen deb qoʻyilar narvon.

 

Suyanchigʻim, togʻligʻim,

Zargarimsan, zarimsan.

Bugun yerda bogʻligʻ-u,

Erta koʻk olarimsan.

 

Beshiging tik, qoʻshqanot,

Gullari oʻydim-oʻydim.

Isiriq solib bomdod,

Koʻzmunchoq taqib qoʻydim.

 

Uyqungga nazar soldim,

Bolishing parqu parlar.

Botirlar ham jang oldi

Senday mizgʻib olarlar.

 

 

Mendan koʻngling rozimi?

 

Seni ming  yildan buyon

Sevamanmi, bilmayman,

Chohu-changalzorlardan birga oʻtgan sen boʻlding.

Ayolmi yo yuk ortgan tevamanmi, bilmayman,

Mendan oldin yuklarga yelka tutgan sen boʻlding

 

Biz bir-birimiz uchun tushgan edik koʻklardan,

Egilmadingmi, jonim, yelkadagi yuklardan?!

 

Yaxshi xotin boʻlmadim,

Baʼzan qilmay ilojin

Boqsam, kiygan koʻylaging rusumdan chiqayozgan.

Koʻz yoshimdan suv sepib, supurgi qilib sochim

Yoʻllaring supurganim esimdan chiqayozgan.

 

Ruhingga kirmay oʻzga olam bilan ovvora,

Bolam bilan ovvora, qalam bilan ovvora.

 

Esli xotin boʻlmadim,

Eslaringni ogʻdirdim,

Zoʻr ishlar qolib roʻzgʻor ikir-chikirlariga.

Boʻlar-boʻlmasga koʻz yosh jolalarim yogʻdirdim,

Armonlar ketgan chiqar koʻngil chuqurlariga.

 

Toqatingga tosh otsam, simlar qoqib ishingga,

Unutgan ayollaring kirmadimi tushingga?!

 

Yorijon-a, dengizda kemamizning sardori,

Mendan oldin goʻdaklar koʻzlaringdan oʻpdimi?

Senga yurak dorisi topib qoʻydim, zoʻr dori,

Uni avval men, keyin Sen ichasan, boʻptimi?

 

Avval bir-birovga gul ilinardik. Gul payti,

Endi dori. Ishqilib, ilinmay kun oʻtmaydi.

 

Men oʻzimdan norozi. Sening koʻngling rozimi?

Ayt, ey koʻnglimning yozi, sening koʻngling rozimi?

Senga aytar gapimni yoz desam qoʻllarimga,

Ming bir qaytarib yozdi. Mendan koʻngling rozimi?

 

Suyakni yorar ohim, mendan koʻngling rozimi,

Boshimdagi panohim, mendan koʻngling rozimi?

 

 

Barg tushmadi yerlarga…

 

Onam oʻldi. Bor daryolar

Quriydi deb qoʻrqdim men.

Butun olam qora kiydi,

Koʻk kiydi deb qoʻrqdim men.

 

Har gullagan bogʻchayu bogʻ

Oʻt olgaydir men kirgan chogʻ,

Ruh, vujudim boshdan-oyoq

Choʻgʻ kiydi deb qoʻrqdim men.

 

Toshlar sindirdi tanamni,

Ajal chopdi peshonamni.

Endi qushlar faqat gʻamni

Choʻqiydi deb qoʻrqdim men.

 

Qaroligʻlar shamni yengdi,

Toʻzgʻinliklar jamni yengdi.

Koʻzim faqat gʻamni endi

Oʻqiydi deb qoʻrqdim men.

 

Ammo…

Yo ra-ab!

Gul-gul. Qush-qush –

Barg tushmadi yerlarga

Men kezarman tanho, behush

Tushunmay bu sirlarga…

 

Onam oʻldi. Bor daryolar

Quriydi deb qoʻrqdim men.

 

 

 

Taskin

 

Dunyo – gʻirrom. Ammo halol

Doʻst bor. Topsang boʻladi.

Xuddi oftob, xuddi hilol

Soʻz bor. Oʻpsang boʻladi.

 

Dunyo biri kamligidan

Dod solmagin, birodar.

Ketar chogʻ ham tobutingga

Boʻz bor. Yopsang boʻladi.

 

 

Mangu porlar oʻt

Said Ahmad va Saida Zunnunovaga

 

Saidaxon, Saidaxonim,

Sizni desam titraydi jonim.

Garchand nihon, koʻzdan narisiz,

Qandoq malak, qandoq parisiz.

…Uzun hayot boʻldi koʻprik, qil,

Bir jononga berolmadi dil.

Tushlarida sevib, iydirib,

Oʻnglarida oʻtda kuydirib,

Bir erkakni etdingiz sarson!

Yuz yil kuydi Siz uchun bir jon.

Yana kimni –

Erkaklarning shoʻx, jononini –

Oʻzbekiston Qahramonini!

Bular hazil, chindan kelaylik,

Uy koʻrmadi boshqa bir qaylik.

Quvonch-gʻami qoʻshu qoʻsh boʻldi,

Yostigʻining yarmi boʻsh boʻldi.

Toʻldirguvchi, oʻldirguvchi ishq

Uzun umr unga tush boʻldi.

Saidaxon tunda u bilan,

Tongda uchib ketar qush boʻldi!

Omon boʻlsin, jufti haloli,

Undan yodgor Nodira – boli,

Deb bor umrin tikolgan Inson

Shul qadarli yuksalgan Inson!

… Yodga tushar qaltis yillarni

Tigʻda yurib oʻtkazganlari.

Yolgʻizlikning tunlarin toshda,

Mixda yurib oʻtkazganlari.

Oʻtdi, quvib gʻam-shon oʻtdilar,

Har dovondan polvon oʻtdilar!

Oʻtdi, ammo bir oh oʻtmadi,

Yuragidan bir dogʻ oʻtmadi.

Sheʼr sahnidan boshqa bir sokin

Saidaday buloq oʻtmadi.

Bir zamonga, oʻzing ayt, Alloh,

Bu ikki oʻt sigʻmadimi yo?!

Garchand hijron, garchand firoqsiz,

El ongida yongan chiroqsiz.

Mangu porlar oʻt – ikki jonim,

Said Ahmad, Saidaxonim!

 

Yigʻladim

Aʼzam Oʻktam xotirasiga

 

Boʻydor bir doʻst ketdi,

Keldi boʻydor gʻam,

Kuyundim. Boʻtaday boʻzlab yigʻladim.

 

Ayriliq – yuk. Bosdi.

Gʻichirlab sindim,

Quyun ichga urdi. Muzlab yigʻladim.

 

Faqat oldga oqar daryo ekanmiz,

Qaytmas daryolarni izlab yigʻladim.

 

Roʻzi mahshardami endi koʻrishmoq…

Oʻzim oʻz-oʻzimga soʻzlab yigʻladim.

 

Hazin-hazin nayning nolasi keldi,

Menam shul nolaga moslab yigʻladim.

 

Bu kech tik terakka suyanganimcha

Ketgan doʻstlarimni eslab yigʻladim.

 

 

Xayol sursam…

 

Men xayollar sursam Laylivash,

Terak qoʻllar, togʻ ham qoʻllaydi.

Bir satrlar keladi jonbaxsh,

Tiku qaddi dol ham qoʻllaydi.

 

Faqat baxtga yuzin burganmas,

Dil yarim, behol ham qoʻllaydi.

Faqat koʻkda uchib yurganmas,

Toʻshak tortgan shol ham qoʻllaydi.

 

Ummatimning rayhon isi deb,

Paygʻambari halol qoʻllaydi.

Bibi Fotimamning qizi deb,

Azonchi qul Bilol qoʻllaydi…

 

Men xayollar sursam Laylivash,

Terak qoʻllar, tol ham qoʻllaydi…

 

Halima XUDOYBERDIYEVA,

Oʻzbekiston xalq shoiri

 

“Yoshlik”, 2016-11

https://saviya.uz/ijod/nazm/bir-satrlar-keladi-jonbaxsh/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x