Bir pari fasl

Shabnam shovullaydi bogʻlar qoʻynida,

Salqin tuman ichra boʻzarar tonglar,

Quyoshning erinchak yogʻdularida

Nafis yaltiraydi bargi xazonlar…

Bu misralarning qogʻozga tushganiga qirq yildan oshdi. Uni ilk bor eshitganimda hali oʻsmir yoshida edim. Oʻshanda maktab yopilgan, hammamiz paxtada edik. Bizga koʻz boʻlib yurgan oriq, rangpargina adabiyot oʻqituvchimiz bir kuni tushlik paytida davramizga kelib qoʻshildi. U yoq-bu yoqdan gaplashgan boʻldi-da, keyin “sheʼr eshitasizlarmi?” deb qoldi. Chindanmi yo koʻngliga qarabmi, “Mayli eshitamiz, sogʻinganmiz”, dedik.

U maktabga yangi kelgan, oʻzi hali universitetning kechki boʻlim talabasi edi. Koʻpi bilan toʻrt-besh yosh katta boʻlganidan biz bilan tengqurdek muomala qilishga urinar, beliga etak tutib paxta terar, biz bilan tengma-teng latifa aytishar, Xudo yorlaqab yogʻin-sochin boʻlib qolgan kunlar quvonchimizga sherik boʻlib, biz bilan qoʻshilishib toʻp surishib ham ketaverar edi. Shunaqa odatlari uchun tegishli odamlardan dakkilar ham eshitib olganidan xabarim bor…

Xullas, u choʻntagidan gazeta oldi-da, taxini yozdi. Uning bir odati – darsga ham har xil gazeta-jurnallar koʻtarib kirar, amallab vaqt orttirib ularda chiqqan sheʼr, hikoyalardan oʻqib berardi. “Bilib qoʻygan yaxshi, bular darslikka kiritilmaydi”, derdi.

Yurgil, dalalarga ketaylik, doʻstim,

Diqqinafas uyda yotmoq paytimas.

Oltin Oʻzbekiston tuprogʻi bu kun

Bir pari faslning ogʻushida mast.

Shabnam shovullaydi bogʻlar qoʻynida…

U sheʼrni gʻalati oʻqirdi, toʻgʻrirogʻi, bizga shunday tuyulardi. Chunki, boshqa muallimlarimiz sheʼrni qiroat bilan, tantana bilan oʻqishar, bizdan ham shuni talab qilishardi. Bu yigit boʻlsa ovozini koʻtarmasdi. Xuddi bir narsani hikoya qilib berayotgandek sokin, osoyishta oʻqirdi. Bu bizga gʻalati tuyular va ana shu gʻalatiligi tufaylimi, boshqalarni bilmadimu, lekin menda sheʼriyatga nisbatan boʻlakcha munosabat paydo qilgan edi…

Mening ona xalqim…

Ey qadim halol,

Rizqi ona yerga sepilgan xalqim,

Uvoq chigitni ham etmay deb uvol

Har bitta egatga egilgan xalqim.

Mutaassir boʻlganim shunchalikki, oʻqituvchimdan gazetani soʻrab olishdan oʻzimni tiyolmadim. Va ikki-uch koʻz yugurtirishda yod oldim. Holatimni tushungan oʻqituvchim shoirning yana bir necha sheʼrini keltirib berdi. Tasodifmi, bilmadim, bular ham kuz haqidagi sheʼrlar edi.

Shu paytgacha tuymagan hissiyot ichida qoldim. Atrofimda avji kuz. Havoda mezonlar yaltiraydi. Quyosh nurlari erinchoq va taftsiz. Ariqlardagi tiniq suvlar duv-duv toʻkilgan yaproqlarni betinim oqizadi. Men boʻlsam, defolyasiyadan qovjiragan gʻoʻza barglarini bosib-yanchgancha kun chiqishdan kun botgunga qadar egat oralayman. Gohida belim qotib qaddimni rostlayman-da, atrofga koʻz tashlayman. Atrofimda…

“ajoyib bir fasl: oʻychan, barkamol – qizday maʼyusgina turadi kuylab…”

Misralar xayolimda charx urarkan, beixtiyor uzoq-uzoqlarga ketib qolgim, daryo boʻyidagi chogʻroq tolzorga boribmi, xazonlarni bosib, xayolchan aylanib yurgim keladi… Yon-verimda yaproqlar uchib turadi ohista oʻynab-oʻynab sharpasizgina yerga qoʻnadi, daraxtlar esa sokin bir salobatla xayolchan turadi, tuyqusdan oralab oʻtgan shabada ularning xayolini toʻzgʻitadi, bezovta shovur qoʻzgʻaladi, endi bittalabmas, oʻnlab, yuzlab yaproqlar shovullab toʻkiladi, men boʻlsam yaproqlar yomgʻiri ostida sarhush odimlayman,

“Bogʻlarda xazonlar yonadi lov-lov…”

Shunday hoyu havaslar turtkisi bilan oʻrnimdan turib ketamanu, darhol shashtimdan tushaman: belimda etak, oyogʻimda zilday etik, qarshimda paxtasini terib olishim kerak boʻlgan egatlar. Bular meni hushyor torttiradi. Ruhsiz, hafsalasiz terimga tushaman. Andak fursat oʻtib dilim ravshan tortadi. “Ha, mayli, – deyman, – bir gʻayrat qilayin-da, normani bajaray. Ana undan keyin ketaman tolzorga…”

Qarorimdan ovunib, egat oralashda davom etaman. Ovungan koʻnglim tagʻin sheʼr istaydi. Sevimli shoir misralari xayolimda charx ura boshlaydi…

Kuzak shamollari esdilar yana,

Sokin yuragimda tuygʻular qoʻzgʻab,

Kelgil, parivashim, kelgil jimgina,

Kelgil samolardan mezonga oʻxshab…

Yuragim orziqadi. Atrofga dilgir alanglayman. Qani edi, anovi qaysar qiz ohlarimga yetsa-da, menga hamroh boʻlib yoʻlga tushsa. Qoʻl ushlashib bogʻlarni sayr etsak. Boshimizdan oltin yaproqlar yogʻilib, poyimizga toʻshalib tursa.

Atrofda avji kuz edi. Havoda mezonlar uchar, quyosh mayin nur sochar, baʼzida “qurre-qurre”lab turnalar argʻimchoq tashlab oʻtar, olis bir tolzorda oltin yaproqlar toʻkilib turar, men boʻlsam, azondan shomgacha ogʻir etiklarimni sudrab paxta terib yurardim. Goh-gohida hammasiga qoʻl siltab ketib qolgim kelardi-yu…

Nihoyat, gʻoʻzalar xivchinga aylandi. Soʻnggi chanoqlar ham terib olindi. Shundan keyingina ahd qilibmi, boshim ogʻibmi, daryo boʻyidagi oʻsha tolzorga borib qoldim. Qarasam, kechikibman: kuz bu yerdan allaqachon ketib boʻlibdi. Negadir uncha achinmadim. Zarari yoʻq, kelgusi yil yana kuz keladi, deya oʻzimni ovutib, izimga qaytdim…

Rostdanam keyingi yil yana kuz keldi. Biroq u haligi tolzorni topa olmadi. Chunki, paxta paykallari yil sayin kengayib borayotgan edi…

Shabnam shovullaydi bogʻlar qoʻynida…

Bu betakror misralar ilk bor qulogʻimga chalinganiga qirq yildan oshdi. Hanuz xotiramdan oʻchmaydi. Dam badam qoʻmsab, oʻqib, takrorlab turaman. Va har gal ular bilan bogʻliq oʻy-xayollarim, armonlarim yodga tushadi… Dastavval oftob tigʻini his etaman, yelkalarim chimillab achishgandek boʻladi. Egni boshim terdan shallabbo, koʻngil lohas, koʻzlarim tinib borayotganini tuyaman. Allaqanday bad boʻy dimoqni achishtiradi. Koʻngil ayniy boshlaydi…

Yoxud bemavrid qor-yomgʻirlardan keyingi izgʻirinlar yodga tushadi. Etiklar botmon loy, hoʻl, ogʻir etak bogʻichlari belga, boʻyinga ayilday botadi. Tizzalar koʻzida sirqiragan ogʻriq. Barmoqlar koʻkarib, taram-taram yorilgan.

Oʻqituvchilarimizning “Ha, bolalar, gʻayrat qilinglar, bu yogʻi oz qoldi”, deya ortimizdan maʼyus ergashib yurishlari, tabelchi, brigadirlar oldida hisob berib turishlari, oʻtilmay qolgan darslar, gʻoʻza barg-xazonlaridek tuproqqa qorishib ketgan bolalikning bokira orzu-havaslari…

Bularni bir-bir eslayversam, yuragim qat-qatlarida simillagan ogʻriq qoʻzgʻaladi… Bir ogʻriqki, hamisha oʻz ortidan shukrona tuygʻular, nekbin xayollarni boshlab kelgaydir…

Mezonlar uchmoqda, havo billurdan…

Yana hislarimga kel, deb yolvordim.

Xazonlar toʻkildi, men ham qalbimdan

Badbin oʻylarimni quvlab yubordim.

 

 

Orziqul ERGASH

 

2004

 

https://saviya.uz/ijod/publitsistika/bir-pari-fasl/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x