Bir koʻngil oʻstirsang ichingda

 * * *

 

Bir tosh boʻlar ekan “Langar ota”da,

Juda ham qadimiy hamda gʻaroyib.

Uni koʻrolmadim, aytishlaricha,

Bir kechada boʻlib qolganmish gʻoyib.

 

Dunyoning ikkinchi bir tomonida,

Bir tosh koʻpchilikni qilmishdir shaydo.

Uni ham koʻrmadim, aytishlaricha,

Bir kechada boʻlib qolganmish paydo.

 

Taqdirlar ham koʻchmish toshlar singari,

Bir yerda yaralib, bir yerda oʻchib.

Yuradi qaysidir ajdod qismati

Qaysidir avlodning umriga koʻchib.

 

Koʻchadi mening ham barcha sirlarim,

Shodliklarim koʻchar, qaygʻularim ham.

Koʻchadi tuzalmas injiqliklarim,

Koʻchadi poyonsiz tuygʻularim ham.

 

Ammo qoʻrqamanki, dilgir davomchim

Mening qismatimga qilarmi havas?

Ishqilib, dunyoning bir chekkasida

Bir odam oʻksinib yashamasa, bas!

 

* * *

Bir koʻngil oʻstirsang ichingda

Yashasa eng buyuk zotlaring,

Ichkariga kira olmasa

Yomon otliq, yomon otlaring.

 

Agʻanasa tuygʻularingni

Bosib yotgan ming-minglab xarsang,

Aldamasa quloqlaring hech,

Koʻzlaringga butkul ishonsang.

 

Bir koʻngil oʻstirsang ichingda,

Ichingda bir koʻngil yoʻqlasang.

Koʻz yumsang…

Qorongʻu boʻlmasa,

Yop-yorugʻ kunduzda uxlasang…

 

* * *

Qayerga bosh olib ketdi muhabbat,

Axtaring, unga hech ziyon yetmasin?

Axir, ulkan emas biz turgan sarhad,

Tagʻin chegaradan chiqib ketmasin.

 

Agar shunday boʻlsa tugar barchasi,

Koʻngilning aytgani boʻlmaydi toʻgʻri.

Turmushga chiqmaydi sevib Xon qizi,

Baxtli boʻlolmaydi biror Boy oʻgʻli.

 

Yuk

 

Biz tomonga kelar ikki zot

Olis togʻlar bagʻirlaridan,

Biri yoydek egilib borar

Toʻrvasining ogʻirligidan.

 

Hamrohining qoʻli esa boʻsh,

Na yuki bor, na bir nasabi.

Mungʻayardi, xomush negadir

Yuk koʻtargan sherigi kabi?

 

Chiqar edi turfa xil nigoh

Sayyohlarning oʻngu soʻlidan.

Bari bir xil – horigan cholning

Toʻrvasini olar qoʻlidan.

 

Gʻamga botar edi bunday payt

Yoʻldoshining qorachiqlari.

Ogʻirlashib borardi uning

Chap koʻksida turgan yuklari.

 

Oʻtib borar odamlar toʻp-toʻp,

Ortda qolar tahqirlangan yoʻl.

Nahot, ular bitta koʻngilni

Koʻtarishga uzatolmas qoʻl?!

 

Kimyogar doʻstimning oʻylari

 

Sunʼiy gul yasab tongda

Biroz xayolga toldim.

Unda bol izlab kelgan

Arini koʻrib qoldim.

 

Oʻyladim, moddalarning

Birlashuvi bir chaqa.

Qanday birlashgan ekan

Toshlar bilan toshbaqa.

 

Ishonmadim muhabbat

Koʻngilda yashar desa.

Bilmadim, sevib qolish

Fanda qanday hodisa?

 

Bagʻritosh dedi bir qiz,

Oshib ketgandim haddan.

Tuni bilan oʻyladim

Koʻnglim qaysi moddadan?

 

Bilmas edim ne uchun

Koʻzimga yosh toʻlishin.

Bir tomchi yosh qurimay

Qayerlardan kelishin?

 

Mening gunohim qayda,

Qayda mening savobim?

Gul yasamayman boshqa,

Shudir mening javobim.

 

Sunʼiy gulga termilib,

Yigʻlab, oʻy surib qoldim.

Axir unda jon bergan

Arini koʻrib qoldim.

 

Bobur ELMURODOV

 

“Sharq yulduzi”, 2014–3

https://saviya.uz/ijod/nazm/bir-kongil-ostirsang-ichingda/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x