Fargʻonalik isteʼdodli qoʻshiqchi Bahodir Mamajonov kitob oʻqiydigan, sheʼr tanlaydigan didi baland ijodkor. Kitoblarimdan oʻzi tanlagan sheʼrlarni ajoyib qoʻshiqlarga aylantirgan. U bilan tanishgach,ayni shu sheʼr tanlash xislatini hurmat qilganim uchun uch-toʻrt qoʻshiq matnlarini yozib berganman. Bu qoʻshiqlarning ayrimlari veb-saytimizdan oʻrin olgan. Hozirgacha Bahodirning qoʻshiqlarini butun oilamiz bilan tinglaymiz..
Xurshid Davron
Bir cholni uchratdim
Xurshid Davron sheʼri
Bir cholni uchratdim,
Qoʻli qon edi,
“Nima boʻldi?” – deya soʻradim hayron.
“Doʻstimni dushmanga sotgandim… – dedi, –
Ikki qoʻlim qondir oʻshandan buyon”.
Bir cholni uchratdim,
Tili yoʻq edi,
“Nima boʻldi?” – dedim yoniga kelib.
Gʻoʻldirab nimadir dedi, xoʻrlangan
Bobolar qabriga ishora qilib.
Bir cholni uchratdim,
Koʻzi koʻr edi,
“Nima boʻldi?” – deya soʻradim hayron.
“Xiyonat qilgandim imonga… – dedi, –
Oʻzimni izlayman oʻshandan buyon”.
1982
https://saviya.uz/audio-video/bir-cholni-uchratdim-bahodir-mamajonov-ijrosida/