Beshinchi unsur

Har qanday gʻoya oʻz fidoiylari bilan tirikdir. Ana shu fidoiylikning nechogʻligi gʻoya umrini belgilaydi. Bu aqida bevosita adabiyotga ham tegishlidir. Shu maʼnoda hech bir mubolagʻasiz aytish mumkinki, adabiyotshunos, munaqqid va tarjimon Ibrohim Gʻafurov adabiyotning tom maʼnodagi fidoiylaridan biridir. U tufayli oʻzbek kitobxoni dunyo adabiyotining eng sara namunalaridan bahramand boʻldi. Adabiyotshunoslikka oid yuzlab maqo­lalari orqali Navoiyni angladi, Oybekni oʻrgandi, Dostoyevskiyni tanidi. Oʻzbek adabiyoti “Mansura” deb atalmish yangi bir janr bilan boyidi.

Soʻnggi yillarda Ibrohim Gʻafurovning bir qa­tor diniy-maʼrifiy mazmundagi maqolalarini ham oʻqishga muvaffaq boʻldik. Buyuk Qurʼoni karim oyat­lari qatidagi mohiyatlar, soʻz jilvalari, maʼno tovlanishlari za­kiylik bilan tadqiq etildi. Demak, oʻqish, oʻrganish, oʻrgatish saboq hamon davom etmoqda.

 

Buyuk mutasavvuf olim, “Shayxi Valitarosh” boʻlgan zot Najmiddin Kubro hazratlari “Faqirlik haqida” risolasida yozibdilar: “Umr va dunyodan koʻra tez oʻtib ketadigan, oʻlim va oxiratdan koʻra yaqinroq, orzudan koʻra uzunroq, xotirjamlikdan koʻra goʻzalroq narsa yoʻq ekan”.

Hazrat anglamish ana shu haqiqatlar uni ruhan mislsiz yuksaltirdi. U oʻzi aytmoqchi mohiyatni ilmdan, tafakkurdan topdi va bu fano dashtidan sohibi hikmat boʻlib chiqib ketdilar.

Ming vahki, bu saodat hammaga ham nasib etavermaydi. Biroq bu saodatga intilish, talpinish har kimning oʻziga tan. Men bir kishini sal kam yigirma yildan beri kuzataman. U poytaxtimizdagi gavjum bekatlardan birida yashaydi desak ham boʻlaveradi. Uning ishi oddiy: ertalabdan kechgacha bekatda “Ippodirom… ippodirom… ippodirom” deb turadi.

Men bu kishini ilk koʻrgan paytlarimda 25 yoshlarda, boʻy-basti kelishgan, togʻni ursa talqon qiladigan yigit edi. Hozir yoshi ellikni qoralab qoldi. Yelkalari choʻkib, yuzlariga ajin oralabdi. Ajab, shu odam butun umrini “Ippodirom”ga odam yoʻllash bilan oʻtkazib yubordi. Oʻylab qolasan kishi, agar bu kishi ertalabdan kechgacha “Ippodirom”ning oʻrniga “Ilohiy soʻz”ni zikr qilganida 20 yillik bu riyozatdan soʻng qip-qizil avliyo boʻlardi. Agar shu oʻtgan yillarini kitob titkilash bilan oʻtkazganida shu kunlarda benazir olim boʻlardi. Yoki…

Xullas, nima boʻlganda ham bir umr oʻtdi. Insonlar bir-biriga oʻxshamagani kabi umrlar ham turfa kechar ekan-da.

Ibrohim aka, siz yozibsizki, “Yoshligimdan oʻzbek xalq dostonlari, ertaklari, qoʻshiqlarini qoʻldan qoʻymayman”. Demak, butun umringiz kitob­lar ichida kechdi. Siz uchun adabiyot tirik­likning mazmuniga aylandi. Siz bu kechmishdan bugun qanchalik rozisiz?

– Oʻttizinchi yillarning ikkinchi yarmida hayot biroz Oʻzbekistonda oʻnglangan boʻlsa-da, lekin turmush qashshoqlikdan uncha ham yuqori koʻtarilmagandi. Shuni yashirish uchun Markaz repressiyalarga zoʻr bergan, xalqning ongini uygʻotishi mumkin boʻlgan fikr­lovchi kishilarni turli bahonalar bilan zulm va zoʻravonlik iskanjasiga olgandi. Qashshoqlik deganim biz oʻsha zoʻravonlik yillari boʻyra va namat ustida dunyoga kelganmiz. U paytlar qish, bahor, kuz oylari yogʻingarchilik koʻp boʻlar, surunkali davom etar, somon suvoqli uylarning baridan uch oy chakka oʻtib yotar, shipga eski-tuskidan chodir yasab besh-olti jondan iborat butun oila kaftdek quruq joy – u ham tanchaning ustida jon saqlardik. To oltmishinchi yillarning boshigacha uylarimizda gilam zotini uchratmaganman. Kigiz va namat bizni zax-namliklardan saqlardi. Ammo atrofimiz bari bir-biriga tutash bogʻlar, koʻkalamzorlar. Qichqiriq, Yangiariq, Kalkovuz suvlari, mahallalarning hovuzlari – koʻzlarimizni yashnatar, bogʻlar, koʻkliklar yilning toʻrt faslida ham chiroyli va serbaraka boʻlar va qashshoqlik bogʻlar tufayli bizga bilinmas, qashshoqlik boʻlib koʻrinmasdi. Hayotda ibtidoiy zamonlar, oʻrta asrlar va atom bombasini yasashga urinilayotgan zamon bari tutashib, bir-birining ichiga kirib ketgandi. Hozir ham insoniyat yashab oʻtgan va yashayotgan barcha asrlar bir-biriga chambarchas tutashib yotadi, bir-biridan ajratib boʻlmaydi. Eng zamonaviy odamlarda, kompyuter va internetdan bahramand kishilarda ham eng ibtidoiy hissiyotlar, qarashlar jamuljamligini har qadamda kuzatish mumkin. Men hozir ham oʻsha namat, oʻsha boʻyra, oʻsha chakkalarni hech unutolmayman. Ular goʻdaklikdan hissiyotlarim, koʻzlarim, shuurimga oʻtirib, qattiq oʻrnashib qolgan – eslamay deganda ham, doim oʻzini eslatib turadi. Urush paytlari va undan keyingi yillar mahallamiz markaziga – guzar demoqchiman, guzarlarimiz, hovlilarimizga qora silliq kartondan yasalgan radiolar oʻrnatishdi. U tinmay gapirar, muzika chalar, pyesalar oʻynar, eski hofizlarning qoʻshiqlarini qoʻyardi. Shuning uchun kitobdan burun ham radio qulogʻimizga kirgan. Oʻn yoshimda kitob oʻqiy boshladim. “Oʻqish kitobi”, Mirkarim Osim, Oybekning “Qutlugʻ qon”, Gʻafur Gʻulomning benazir sheʼrlari…

Kitobga birov ermak, birov ovunchoq, birov bilim va birov hayotning hikoyasi deb qaraydi. Kitoblarda yolgʻon gaplar yoziladi deb oʻylashadi. Yolgʻonlikka yolgʻon, lekin bir farqi kitoblarning yolgʻoni rostdan yaxshi. Men kitob oʻqish maqtanarli bir narsa deb bilmayman. Odam non yeyishi, suv ichishi, havo olishi bilan hech qachon maqtanmaydi-ku, toʻgʻrimi? Ammo men urush va ayniqsa, urushdan keyingi elliginchi yillarda nonni avval koʻziga surib, qancha och boʻlmasin, uni nihoyatda avaylab, bir ushogʻini ham yerga tushirmay yegan, yeydigan odamlarni koʻrganman. Bu hollarni garchi tushunmasam ham, lekin bu narsada tushunib boʻlmaydigan muqaddaslik yashirinib yotganligini yurakdan tuyganman. Bir kuni devor kavagiga non parchasi qistirib qoʻyilganligini koʻrib oʻzimdan oʻzim yigʻlaganman. Bu nimaning nishonasi boʻlib koʻringan, yomonlikka boʻlsa kerak deb oʻylaganman. Kitoblar ham odam uchun shunday: nonday, suvday, havoday, oʻtday zarurat. Odam shu toʻrt unsur boʻlmasa yasholmaydi. Hayot yoʻqoladi. Kitob esa beshinchi unsur. Kitobsiz yashab boʻladi, ammo bu yashash yovvoyi yashash boʻladi. Kitobga men tarbiya deb qaraganman. Hozir ham tarbiya deb qarayman. Ota-onam, oʻqituvchilarim, murabbiylar, donishmand kishilardan, mehribon odamlardan behad minnatdorman. Ammo meni kitob tarbiyalagan, mening birinchi ustozim hali-hanuzgacha kitob. “Tiriklikning mazmuni” deyapsiz. Qanday yaxshi soʻz. Hayot mazmuni boshqa, turmush mazmuni boshqa, tiriklik mazmuni boshqa. Kechmishimda kitob hamroh boʻlmagan on yoʻq. Shuning uchun ham kechmish koʻnglimdan uzilmay uni toʻldirib turadi. Kitoblarimga qarab oʻtirib bular mendan qoladi deyman. Ularni mendan keyin kim oʻqiydi? Holi nima kechadi? Shuning uchun charchagan paytlar: “Oʻlim, nari tur. Hali ishim koʻp. Hali ularning jamoliga toʻymadim. Mendan keyin ularni kim oʻqiydi? Kim ardoqlaydi? Kim ularning yoniga yana boshqa chiroyli kitoblarni qoʻshadi?” – deyman. Shu menga tiriklikning mazmuni boʻlib koʻrinadi.

Soʻnggi paytlarda asardan-da yozuvchi, sheʼr­dan-da shoir koʻpayib ketgandek. Kitob rastalariga nazar tashlasangiz, umringizda biror marta eshitmagan ism-shariflarning “Tanlangan asarlar”ini koʻrishingiz mumkin. Bu holga soʻzamol adabiyotchilarimiz “Bozor adabiyoti” deb nom qoʻyib olibdilar. Ajoyib, lekin mantiqsiz atama. Nazarimda, Soʻz, Tuygʻu – adabiyot moddiy qiymat bilan oʻlchanmaydi.

Nima deb oʻylaysiz, ehtimol bu “ijodiy jarayon” ham davr talabidir. Agar shunday boʻlsa, bu hol oʻquvchi didini, saviyasini sayozlashtirib qoʻymaydimi? Badiiy adabiyot mezonlari buzilishiga olib kelmaydimi? Har qalay, hazrat Alisher Navoiy darj etibdilar:

 

Qilsa menga ming jafo – bir qatla faryod aylamon,

Elga qilsa bir jafo – ming qatla faryod aylaram.

 

– “Bozor adabiyoti” bozor iqtisodi bilan birga kirib kelgan tushuncha. Tushunchaning tagidagi falsafa shuki, u kitobga tovar deb qaraydi. Kitob doim bozor bilan bogʻliq boʻlgan. Kitob bozordan oʻtib tar­qaladi, oʻz egasini topadi. Odam qadr-qimmat topgisi keladi. Qadr-qimmat topgisi kelgan odamlar ki­tob yozishadi, oʻz yonlaridan pul sarflab kitob­lar chiqarishadi, qalamkashlarga aytib oʻz tarjimai hol­larini kitob qilib yozdirishadi. Yoki shoirlarga havas qilib ergashib, shaklan sheʼrga oʻxshagan narsalarni jild-jild qilib yozishadi. Shu bilan oʻzlarini mangulikka muhr­lab qoʻyganday, sira tinchlik bermagan shuh­ratparastlik, orzu-havaslarini qondirganday boʻ­lishadi. Koʻngil-da. Lekin shoir, adib, olim – qismat – qochib qutulib boʻl­­maydigan tole. Odamlar haqiqiy ada­biyot bilan soxta “bir kunlik” adabiyotni yaxshi taniydilar. Soxta yiltiroq kitoblar ichida koʻmilib yotgan oltinni topib oladilar. Bunda did, farosat, qiziqishlar qan­day va qaysi yoʻnalishda shakllanganligiga bogʻliq. Oʻqituvchilar, ota-onalarga kanda qilmay murojaat qilishimiz kerak: siz bolalarga kitob oʻqishni oʻrga­tyapsizmi? Ularni kerakli kitoblarni oʻqish va oʻr­ganishga qiziqtiryapsizmi? Kitob oʻqish intensivligi doim shularga bogʻliq. Kitob oʻqishni shular tarbiyalaydilar va yoʻlga qoʻyadilar. Shular kitob oʻqish muhitini yaratadilar.

Agar inson vaqtida oziqlanmasa uning hayotidagi muvozanat buziladi. Bosh ogʻriydi, mador ketadi, pirovardida holdan toygan jism unga boʻysunmay qoladi. Shunday ekan, inson jismi mutassil oziqlanib turishga, parvarishga muhtojdir.

Xuddi shu yangligʻ, inson ruhi ham mutassil parvarishni talab qiladi. Ruhning ozigʻi ilm, ibodat va tafakkurdir. Bu borada inson ruhini yuksaltiradigan bebaho manba badiiy adabiyot boʻlsa kerak. Har qanday badiiy asar zamirida inson maʼnaviyatiga ijobiy taʼsir etadigan, ruhiy ozuqa vazifasini bajaradigan gʻoyalar boʻladi. Gʻarb adabiyotshunoslari bu gʻoyalarni “najotkor gʻoyalar” deb atashgan. Sizningcha, zamonaviy oʻzbek adiblarining asarlarida bunday gʻoyalar mavjudmi?

– Olamlar bari, kavnu makonlar bari ilm bilan qamrab olingan va ilm bilan yaratilgan. Jumladan, odamzot, hayvonot va nabotot bari ilm bilan qamralgan. Ilmdan xoli hech narsa yoʻq. Odamzot necha ming yillardan beri bor va necha ming yillardan beri ilm izlaydi. Ilmga intiladi. Ilmni yer yuzidan, koinotdan va oʻz-oʻzining ichidan qidiradi. Ilm izlash – XXI asrning shu kunlarida ham najotkor gʻoya. Bundan keyin ham shunday boʻlib qoladi. Chunki ilm haqiqatga yetish yoʻli. Inson esa haqiqatsiz yasholmaydi.

Shu kungacha faylasuflar hamma narsani ajratib keldilar. Hamma narsadan ajralish qidirdilar. Yagona Xudo oʻnlab dinlarga ajraldi. Bular insoniyat tarixida hech toʻxtamagan qon toʻkishlar bilan bordi. Odamzot sinflar, toifalar, chegaralarga ajraldi va bular ham tinimsiz qon toʻkishlarda davomat etdi. Tabiat rang-barang saralangan. Irqlar saralangan. Mahluqlar saralangan. Ranglar saralangan. Shakllar saralangan. Ammo bu saralanishlar tamomila tabiiy. Olam rang-baranglikdan iborat boʻlmasa, unda turib boʻlmasdi. Yer kurrasi. U boshdan oyoq cheksiz moʻjiza. Yer kurrasi. Muz ichida olovini saqlaydi. Yer olov. Lekin uni ikki qutb muzlari saqlab turadi. Olov esa oʻz navbatida muzni saqlaydi. Olov va muzdan havo va suv bino boʻladi. Tazod. Olamning bari tazod asosiga qurilgan. Hammasi hammasi bilan ajralmas aloqada. Lekin tinmay ajratishga urinadilar. Ajratish asosida urushlarni keltirib chiqaradilar. Ajratish uchun qirgʻinlar qiladilar. Ajratish uchun kuchlilar kuchsizlar oʻrtasida hukmronliklar oʻrnatadilar.

Ajratish gʻoyasi insoniyat boshiga cheksiz falokatlar keltiradi. Ajratishning markazida men afzalman! – degan oʻta ketgan vahshiy nido-hayqiriq, vahshat vasvasasi turdi.

Ajratish bois har bir din oʻzini eng afzal deb chiqdi. Har irq oʻzining boshqalardan afzalligini isbotlashga urindi. Isbotlash esa faqat oʻzi kabi issiq jonlarni qirish, qonini oqizish bilan boʻldi. XXI asrga kelib ajralish va ajratilish gʻoyasi eskirdimikin? Qonli tarix sahifasidan anaxronizm sifatida tushib qoldimikin? Insoniyat ajralish va ajratilish gʻoyasidan xalos boʻlsa, kelajakda oltin asrlarda istiqomat qiladi. Ajratish, ajralish gʻoyasi kuchlimi yo birlashish, birlik gʻoyasi kuchliroqmi? Insoniyat shu ikki savolga aniq javob berolsa va ogʻishmay borsagina kelajak asrlarda bexavotir umrguzarlik qiladi.

Oʻzim shaxsan koʻplar qatori birlashib ahl yashashga oʻzga alternativa yoʻq deb hisoblayman. Chunonchi Markaziy Osiyo xalqlari uchun ham ittifoq boʻlib birlashib oʻz hayotlarini ixtilofsiz qurish ularning dunyoda qadr-qimmat topishi, kuch-qudrat kasb etishiga olib boradi. Ularning hech qanday talashadigan narsalari yoʻq. Ajratadigan narsalari yoʻq. Oʻzbek adabiyotida birlashish, ahllik, xalqlarning inoqligi yuksak darajada badiiy falsafiy ifodasini topgan asar bu – Erkin Vohidovning “Ruhlar isyoni” dostonidir. Abdulla Oripovning “Hakim va Ajal”, “Jannatga yoʻl” asarlarida ham shunday konseptual gʻoya yaratishga urinish koʻzga tashlanadi. Halimaxon Xudoyberdiyeva va Usmon Azimning turkum sheʼrlarida umumbashariy ahamiyatga ega universal gʻoyalar ehtirosini kuzatish mumkin.

Tonglarning birlashishi, ozodlarning birlashishi va farqlarni roʻkach qilavermaslik oʻz navbatida tenglik va ozodlik iqlimlarini yaratadi.

Buyuk olmon adibi Tomas Mann dunyo klassik­larini ikki guruhga ajratdi. Birinchi guruhni “ruhiyati sogʻlom adiblar”, ikkinchisini esa “bemorlar” deb atagan. Tomas Mann nazdida buyuk dramaturg Shiller va siz ijodi bilan uzoq vaqt hamnafas boʻlganingiz – Fyodor Dostoyevskiy “bemorlar” guruhiga mansub. Stefan Sveyg esa Dostoyevskiyni “buyuk haqiqatgoʻy” deya taʼriflagan. Uning esdaliklarida “Dostoyevskiyning koinoti – fazo emas, insondir” degan qaydlar bor. Siz Dostoyevskiy asarlarining tarjimoni sifatida bu ikki daho adibdan qay birining fik­rini quvvatlagan boʻlardingiz?

– F.M.Dostoyevskiy yaqinlari va zamondoshlarining xotirlashlaricha, epilepsiya (tutqanoq) bilan ogʻrigan. Oʻzining aytishicha, ilhom guvillab kelib miyasi chaqmoqdek yorishganda tutqanoq boshlanarkan. Sogʻlik holati bilan tutqanoq tutishi orasidagi uch soniyada u oʻzini dunyodagi eng baxtiyor odam deb sezar, oʻzini hamma narsaga qodir deb his qilar, xayoli koʻklarga parvoz qilarkan. Lekin F.M.Dostoyevskiyning “bemorligi” uning aql bovar qilmas darajada ishchanligida. U juda qattiq ishlar va ikki kecha-kunduzda uch-uch yarim bosma taboq hajmida asar yozardi. Birinchidan, u muhtojliklardan qutulish uchun shunday mehnat qilsa, ikkinchidan, eng yuksak maʼnoda ijodga, yozuvchilikka mubtalo boʻlgan favqulodda inson edi. Umr boʻyi muttasil shunday muk tushib ishlagan, sonsiz-sanoqsiz kitoblar oʻqigan, son-sanoqsiz muloqotlarda boʻlgan, farzandlar oʻstirgan va katta oilasining, Dostoyevskiylar xonadonining katta-kichik tashvishlari bilan yashagan odamning sogʻligi qanday boʻlgan ekanki, bularning barini oʻz yelkasida koʻtargan. F.M.Dostoyevskiy birinchi yirik asari “Kambagʻal odamlar”dan to umrining oxirida yozgan “Ogʻayni Karamazovlar”gacha muttasil, ha, muttasil bir zum ham tanaffus qilmay oʻz oʻquvchilarini larzaga solib turgan. Gegel: “Dunyoda hech bir narsa ehtirossiz sodir boʻlmaydi” deydi. F.M.Dostoyevskiy asarlarida ehtiroslar misoli quyunday aylanadi. Oʻzining eʼtiroficha, “odamda odamiylikni izlardi”. Yozuvchining oʻzi ham, uning barcha asarlarining qahramonlari ham ideal qidirgan va bu yoʻlda mislsiz fojialarni boshlaridan kechirgan edilar. Dostoyevskiy inson qalbining hech kim tusholmagan qaʼrlariga tushdi. Hech kimga muyassar boʻlmagan ruhiy hodisalarni kashf etdi. U chinakam haqiqatgoʻy adib edi. “Haqiqat Nekrasovdan yuksakroq, Pushkindan yuksakroq, xalqdan yuksakroq, Rossiyadan yuksakroq, hamma narsadan yuksakroq va shuning uchun faqat haqiqatni demoq va uni izlamoq kerak…”, deb yon daftarchasiga yozib qoʻygan va oʻzi bunga hayotida ham, asarlarida ham qatʼiy amal qilgandi.

– Buyuk ijod zamirida buyuk fojea yotadi. Bunga misol qilib hozirgina aytib oʻtganingiz Dostoyevskiyni, Sveygni, Nitsheni keltirish mumkin. Xususan, Nitshe hayoti va ijodi haqida juda koʻp bahslar, tortishuvlar mavjudki, ular kitobxon aqlini shoshirib qoʻyadi. Siz esa oʻzbek kitobxoniga Nitshe ijodi, umuman buyuk faylasufning mavhumotga yoʻgʻrilgan haqiqatlari haqida yangicha tasavvur bera oldingiz.

– Nitshe F.M.Dostoyevskiyning kichik zamondoshi. Ularning dahosi bir xil tabiatga ega. Nitshe azbaroyi koʻp oʻqigani, azbaroyi koʻp yozgani bois ogʻir bosh ogʻrigʻi va shu bilan birga epilepsiya kasaliga giriftor boʻlgan edi. U oʻz doʻsti G.Brandesga yozgan maktublaridan birida: “Kasallik menga juda ulugʻ foyda keltirdi, u meni boshqalardan ajralib turishim va matonat, mardonalik kasb etishimga yordam berdi”, deb yozgandi. U xuddi Dostoyevskiy kabi ijod dunyosida va ijod bobida tom maʼnoda telba edi. Uning barcha asarlari va ayniqsa, “Zardusht tavallosi” nasriy-falsafiy dostoni inson, hayot, falsafa kashfiyotlari bilan limmo-limdir. Nitshe: “Biz qandaydir fikrlovchi qurbaqalar emasmiz, biz tinimsiz oʻz fikrlarimizni oʻz dardlarimizdan tugʻib boramiz va ularga xuddi onalardek nimamiz boʻlsa barini – oʻz qonimiz, yuragimiz, oʻtimiz, shoʻxligimiz, ehtirosimiz, azobimiz, vijdonimiz, qismatimiz, toleymizni bagʻishlaymiz”, deb aytadi.

Italiyan adabiyotshunosligida “Tarjimon xoindir” degan atama bor ekan. Buni qanday tushunish kerak?

– Bu gap toʻgʻri maʼnoda emas, majoziyroq qilib aytilgan va u qadar jiddiy eʼtiborga ham loyiq emas. Urgʻu berib oʻtirishga arzimaydi. Tarjimon bir manbaning maʼlumotlarini ikkinchi manbaga yetkazadi. Matnlarni bir tildan ikkinchi, uchinchi tillarga oʻgiradi. Yetkazish vazifasini oʻz ustiga oladi. Bir chekkasi shuni nazarda tutib va ikkinchi tomondan, tarjimon matn ustida bir qator transformatsiyalarni amalga oshiradi. Professional tarjimonlar tarjima asarni qanday oʻquvchiga yetkazayotganlari, bu oʻquvchining dunyoqarashi, saviyasi, maʼlumot darajasi, aqidalari, urf-odatlari ustida ham qaygʻuradilar. Oʻquvchining boshqa madaniy muhitda yaratilgan asarni qanday qabul qilishi ustida bosh qotiradilar. Tarjimaga oʻzlaridan qoʻshmaganlarida ham, ayrim qisqartishlar, tahrirlar kiritadilar, baʼzan kes­kinliklar, yalangʻochliklar, badaxloqliklarni yumshatadilar. Professional tarjimonlarning bu ishlari yuzaki qaralganda muallif haqiga tajovuz boʻlib koʻrinishi mumkin. Lekin tarjima oʻquvchisi mentalitetini oʻylab bunday narsalarga berilgani bois tarjima nazariyasi ularni oʻz qoidalari doirasiga kiritadi va qonuniy zarurat deb qaraydi. Aytaylik, “Slovo o polku Igoreva” asarining nomi oʻzbek tiliga “Igor jangnomasi” deb oʻgirilgan va bu juda chiroyli. Lekin asliyatda “jangnoma” deyilmagan-ku? Ammo oʻylab qaraganda, “Slovo”dan koʻra “jangnoma” toʻgʻriroq, maʼqulroq va sharqona anʼanalarga muvofiqdir. Xuddi shuningdek, Yuxan Smuulning “Ledovaya kniga” romani “Muznoma” deb oʻzbek tiliga agʻdarildi. Tarjimon Usmon Shamsimuhamedov bu nomni “Muzlik kitobi” deb oʻgirgandi. U hayron boʻla-boʻla ishonib-ishonmay “Muznoma”ga rozi boʻlgandi. Qarang, “Muznoma” qanday yaxshi va qanday topildiq. Xoʻsh, bunday soʻz sanʼatiga xos hodisalarni “xiyonat” deb boʻladimi? Yoʻq, tarjimon soʻz sanʼatkori.

Maʼlumki, XIX asrning oxiri, XX asrning boshlarida Oʻzbekistondagi ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy-madaniy jarayonlar qadim va boy oʻzbek adabiyoti tarixida ham gʻoyat muhim davr­lar boʻldi. Xususan, adabiyotdagi zullisonaynlik anʼanasi yonida asta-sekin tarjima maktablari paydo boʻldi. Ayniqsa, noshirlik va gazetachilikning paydo boʻlishi tarjima sanʼatining paydo boʻlishiga olib keldi. Dastlabki tarjima ishlari rus tilidan boshlandi. 1880-90 yillarda oʻzbek oʻquvchilari L. N. Tolstoy, A. S. Pushkin, A. A. Krilov singari buyuk adabiyot namoyondalarining ijod namunalaridan bahramand boʻldilar.

Toʻgʻri, bu davrgacha ham adabiyotimizda bir qator yetuk tarjima ishlari amalga oshirilgan edi. Bu borada Xorazmda oʻziga xos tarjima maktabi shakllangan boʻlib, bu maktab asoschisi va tashabbuskori shoh va shoir Feruz edi. Maʼlumotlarga koʻra, XIX asrning oʻrtalarida Xivada saksondan koʻproq ijodkor tarjimonlik bilan muntazam shugʻullangan. Bu tarjimonlar orasida Ogahiy, Komil Xorazmiy, Bayoniy, Tabibiy kabi maʼlum va mashhur shoirlar ham boʻlishgan. Albatta, bu maʼlumotlar jurnalxonlar uchun edi.

Sizdan soʻramoqchi boʻlganim: tarjima jarayonida asar muallifining ruhiyati tarjimon ruhiyatiga taʼsir oʻtkazadi, degan fikr bor. Buni qanday tushunish kerak? Va yana ayting-chi, bugungi oʻzbek adabiyotida tarjimachilik jarayoni qay darajada?

– Mirkarim Osim, Mirziyod Mirzoidov, Hasan Toʻrabekov singari tarjimonlar faqat oʻzlari sevgan, ruhlariga yaqin asarlarnigina oʻgirardilar. Asar tanlashga oʻta sinchkovlik bilan yondoshar, asarlardan oʻzlariga yaqinlik qidirardilar. Kamina koʻproq eksperimental qiyin asarlarni oʻzbek tiliga oʻgirish yoʻlidan bordim. Oʻzbek tili shunday favqulodda asarlar uslubini qayta yaratib boyishi, toblanishi zarur deb oʻyladim. Prozamiz balogʻatga yetib folklor tilidan yuqoriroqqa, yangi badiiy uslublar tiliga, badiiy uslublariga kirib borishi, jahon adabiyoti uslubiy izlanishlari bilan hamohang boʻlishi kun tartibida turardi. Eksperimental prozada insonga, uning ruhiy dunyosiga, dunyodagi oʻrniga tamomila yangicha qarashlar va yangicha shakllarda yoritishlar, tasvir usullari mavjud. Bularni oʻrganmay zamonaviy asar yaratish, hozirgi oʻquvchining diqqat-eʼtiborini tortish, zamon darajasida turishi mushkul. Hozir badiiy tarjimaning sifatiga, bevosita asliyatning oʻzidan amalga oshirilishiga eʼtibor kuchayib boryapti. Tarjimonni bir necha tillarning chuqur bilimdoni, madaniyati va eruditsiyasi yuksak tarbiyalangan odam deb bilish va shunday talab qilish XXI asr tarjimoni degan mezon va oʻlchovni shakllantirishga xizmat qiladi.

Gyote “Sal kam yarim asr kitob oʻqidim. Biroq umr poyonida hech narsani bilmasligimni bildim” degan ekan. Kitoblarga oshnolik bobida siz Gyote bilan bemalol bellasha olasiz. Kitoblardan adabiyot, sanʼat uchun nimalarni kashf etganingizni asarlaringiz vositasida anglagandekmiz. Suhbatimiz soʻngida oʻzingiz uchun kashf etgan haqiqatlaringiz haqida soʻrasam maylimi?

– Kitoblar menga avvalimiz va oxirimiz, botinimiz va zohirimizni tushunishga yordam berdi. Vaqt bizga berilgan oltindan ham qimmat narsa. Uni isrof qilmaslikka oʻrgatdi, hazrati Sulaymonning: “Behuda, behuda, hammasi behuda”, degan hikmatining tagiga yetish va vaqtdan maksimal darajada tasarruf etishlikka chorladi. Alloh nurni yaratgan ekan, va Oʻzi ham shu nur ichida ekan, kitob ham ilmlar, hissiyotlar, aqllarning nurnomasidir. Mening haqiqatim shuki, odam kitoblar olamiga shoʻngʻimagunicha hech qachon sayqal topmas. Kitoblar inson hayotining xayrli pogʻonalaridir.

 

Suhbatdosh: Alisher NAZAR

 

“Yoshlik”, 2011 yil, 2-son

https://saviya.uz/hayot/suhbat/beshinchi-unsur/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x