BEKTOSHIYA

BEKTOSHIYA — Turkiyada tarqalgan sufiylik tariqati. Kichik Osiyoda 13-a. oxiri — 14-a. boshida mahalliy turk koʻchmanchi va oʻtroq aholisi orasida paydo boʻlgan. Tariqatning nomi yarim afsonaviy Hoji Bektosh Rumiydan boshlanadi.

Bektoshiya tariqatining haqiqiy asoschisi daydi vaʼzxon va qalandar Hoji Bektosh Vali Nishopuri Xurosoniy (1208 — 1270) hisoblanadi. Uning silsilasi esa turkistonlik shayx Ahmad Yassaviyga, undan esa shia imomi Muso al-Kozimga taqaladi. Bektoshiya aʼzolari shialardek hazrati Ali va 12 imomga sigʻinadilar, ayniqsa 6-imom Jaʼfar as-Sodiqqa eʼtiqod qiladilar. Hoji Bektosh Kichik Osiyoda tez shuhrat qozongan. Bu tariqat koʻproq qishloq aholisi orasida qoʻllab-quvvatlandi. Vaqti kelib Bektoshiya keng tarmoq yoygan tashkilotga aylandi, oʻzining belgisi va maxsus kiyimiga ega boʻldi. Bektoshiya tariqatining qatiy uyushgan jamoaga aylanishida «Ulugʻ pir» Balim Sultonning (1516-y. v. e.) taʼsiri kattadir. Ilmiy adabiyotda uni «Ikkinchi pir» (Piri soniy) deb atashadi. Balim Sulton oʻzini Hoji Bektosh Rumiyning avlodi deb eʼlon qilgan va tariqat tuzilishiga aloqador bir qator islohotlarni amalga oshirgan. Bektoshiya ayni Balim Sulton zamonida keng tarqaldi. Yanicharlar (Turkiyadagi imtiyozli piyoda askarlar) orasida yoyilib, ular orqali davlat ishlariga oʻz taʼsirini kuchaytirdi. 1826-y. da Sulton Mahmud II yanicharlar korpusini tugatgach, Bektoshiya faoliyati taqiqlanadi. Uning yirik rahnamolari qatl etildi. Bektoshiya tarafdorlari esa Bolqonga va Albaniyaga tarqalib ketdi. Lekin hozir ham Bektoshiya tarafdorlarini Turkiya va Iroqda uchratish mumkin. Bektoshiya turk xalqining diniy dunyoqarashi shakllanishiga jiddiy taʼsir qilibgina qolmay, uning madaniyati, musiqasi va ayniqsa adabiyotining ham rivojlanishiga katta hissa qoʻshgan.

Mahmudxoʻja Nuritdinov.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x