BEHI

BEHI (Cudonia oblonga Mill.) — raʼnodoshlar oilasiga mansub mevali daraxt yoki buta. B. ning Ozarbayjon, Dogiston, Turkmaniston, Eronda yovvoyi turlari uchraydi, turk tilida ayva nomi bilan yuritilgan. Mahmud Koshgʻariyning «Devonu lugʻotit turk» asarida «avya» shaklida tilga olingan. B. Kavkaz, Oʻrta Osiyo, Qrim, Ukrainaning jan. hamda Astraxon viloyatida keng tarqalgan. Oʻzbekistondagi Behi zorlarning 80% Fargʻona vodiysida. Bal. 5—6 m, shoxshabbalari piramida shaklida, baʼzan tarvaqaylab oʻsadi. Bargi oddiy, yashil, cheti butun. Gullari yakka holda, oq yoki och pushti, apr. da gullaydi. Koʻchati oʻtqazilgach, 3—4 yili hosilga kiradi, 30—40 yil yashaydi. Katta yoshdagi daraxtlari oʻrtacha 60 — 70 kghosil beradi. Mevasi sent. —okt. oylarida uzib olinadi; vazni, naviga qarab 150—500 g. B. mevalari limon rangda yoki toʻq sariq, tuk bilan qoplangan; yetilganda tuki toʻkilib ketadi, xushboʻy. Yangi uzilgan mevasi kam isteʼmol qilinadi. Behi entomofil (hasharotlar bilan changlanadigan) oʻsimlik. Behi tarkibida 74,7—83,5% suv, 8,5 — 15,2% qand, 0,2— 1,5% kislota bor, shuningdek oshlovchi moddalar va tosh hujayralar boʻladi. Mevasi dagʻal boʻlib, uzoq saqlangandan keyin tosh hujayralar yumshab qoladi. Behidan murabbo, kompot, marmelad, sukat, qiyom, jem tayyorlanadi, ovqatga (koʻpincha palovga bosiladi) ishlatiladi. Behi, asosan, payvandlab koʻpaytiriladi, koʻchati 6×6 yoki 5×5 m sxemada oʻtqaziladi. Behining koʻpchilik navlari nokka payvandtag boʻla oladi; unga ulangan nok pakana boʻladi. Behi issiklik va namlikka talabchan. Sugʻoriladigan unumdor tuproqlarda, shuningdek shoʻri kam yerlarda yaxshi oʻsadi. Oʻsuv davrida tuproq sharoitiga qarab 3—8-marta sugʻoriladi.

Asosiy navlari: Non B., Quva B ., Shirin B., Samarqand yirik Behi, Xorazm olmasimon Behi N o n B. — ertapishar, xoʻraki va konservabop, daraxti oʻrtacha. Mevasi yirik 300—400 g, olma shaklida, sariq. Eti sargʻish, oʻrtacha suvli, sal nordon, xushboʻy. Sent. ning ikkinchi yarmida uziladi, dek. gacha saqlanadi. 50—70 kg hosil beradi; Quva Behi — oʻrtapishar, xoʻraki, daraxti katta (5—6 m), mevasi oʻrtacha (150—200 g), tilimli, olma shaklida, och sariq. Eti oq, tigʻiz, oʻrtacha suvli, shirin, xushxoʻr. Okt. boshlarida uziladi, yanv. gacha saqlanadi. Tupi 150—200 kg hosil beradi; Shirin B . — ertapishar, xoʻraki, daraxti oʻrtacha. Mevasi 150—180 g, tilimli, noksimon, eti och sariq, sersuv, shirinnordon, yeyishli. Sent. ning ikkinchi yarmida uziladi, uzoq saqlanmaydi.

Zararkunandalari: olma qurti, olma qon biti, nok kanasi, doʻlana kapalagi va b. ; kasalliklari: qora chirish, zang va b.

Rixsivoy Joʻrayev.

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x