Behbudiy kutubxonasida kitobxonga qand choy berilgan

Nomi kitobxonlarimizga yaxshi tanish mohir publitsist, dramaturg, jamoat arbobi va jadidchilik harakati yetakchilaridan biri boʻlgan Mahmudxoʻja Behbudiy noshirlik, kitobot ishi tashkilotchisi va kitob savdosi bilimdoni sifatida ham ulkan ishlarni amalga oshirgan.

Jumladan, 1913 yilda xususiy nashriyot ochib, uni “Nashriyoti Behbudiya” deb nomlaydi. Kitob doʻkonlari tarmogʻini tashkil etish boʻyicha katta ish olib boradi. Toshkent, Samarqand, Buxoro, Andijon, Qoʻqon va Namangan shaharlarida kitob doʻkonlari ochadi. Samarqanddagi kitob doʻkoni esa uning oʻz uyida joylashgan edi.

Behbudiy tomonidan Samarqandda ommaviy kutubxonaning tashkil etilishi ham Turkiston madaniy hayotida jiddiy hodisa boʻlgan. Kutubxona Samarqandning oʻsha paytda ruslar yashaydigan qismida joylashgan boʻlib, “Kutubxonai Behbudiy”, deb atalgan.

“Kutubxonai Behbudiy” kutubxona vazifasi bilan bir qatorda, kitob savdosiga doir ishlarni ham bajargan. Soddaroq qilib aytganda, bu yangi tipdagi muassasa kutubxona-doʻkon edi. Mazkur muassasaga tashrif buyurgan har bir kishi oʻziga maʼqul boʻlgan kitobni kutubxonaning alohida fondidan sotib olgan. Bu fondda jamlangan kitoblarning bir qismini Behbudiy 1899–1900 yillardagi va 1914 yilgi haj safarlaridan keltirgan. Qolgan kitoblar esa “Kutubxonai Behbudiy” manziliga Peterburg, Qozon, Bogʻchasaroy, Boku, Orenburg shaharlaridan, shuningdek, Eron, Turkiya, Afgʻoniston, Hindiston, Misr, Livandan yuborilar edi. Oʻsha davrda turli mamlakatlardan bunday kitob savdosini uyushtirish oson ish emasdi. Bu kishidan omilkorlik, tadbirkorlik, ishbilarmonlik, keng xalqaro aloqalar va katta moddiy imkoniyatlarni talab etardi.

“Oyna” jurnalining 1913–1915 yillarda chiqqan har bir sonida “Kutubxonai Behbudiy”da oʻqishga tavsiya etilgan va kutubxona qoshidagi kitob doʻkonida sotilgan adabiyotlar roʻyxatida har safar 70-80 nomdagi kitob va boshqa bosma nashrlar nomi eʼlon qilingan. Har bir nomdagi bosma mahsulot Behbudiyga oʻnlab, baʼzan esa, yuzlab nusxalarda yuborilar edi. “Kutubxonai Behbudiy” fondi va kitob doʻkonidagi adabiyotlarning qariyb uchdan ikki qismini tarixga oid kitoblar tashkil etganligi Behbudiyning tarixni bilishga qanchalik katta eʼtibor berganligini koʻrsatadi. Shuningdek, kutubxonada keng va shinam qiroatxona ham tashkil etilgan boʻlib, Behbudiyning nevarasi Nodim Behbudiyning xotirlashicha, kitob va gazeta-jurnallar oʻqish uchun qiroatxonaga tashrif buyurgan har bir kishiga, Behbudiyning koʻrsatmasiga binoan, qaynoq qandli choy berilgan. Behbudiy qand har qanday aqliy, ilmiy mehnat chogʻida miyaga hamda xotiraga quvvat boʻladi, deb hisoblagan. Bu esa Mahmudxoʻja Behbudiyning naqadar dilkash, fidoyi inson boʻlganini, bilim va maʼrifatga intiluvchi odamlarga hurmat va eʼtibor bilan qaraganini tasdiqlaydi.

 

Jamoliddin ISMOILOV

 

zarnews.uz

https://saviya.uz/hayot/nigoh/behbudiy-kutubxonasida-kitobxonga-qand-choy-berilgan/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x