BAYRUT — Livan Respublikasining poytaxti. Oʻrta dengizning sharqiy sohilidagi sertepa yarim orolda joylashgan port. Iqlimi subtropik; yozi issiq va quruq. Yanv. ning oʻrtacha t-rasi 14°, avg. niki 28°; oʻrtacha yillik yogʻin 900 mm. Aholisi 1,5 mln. kishi (1990, shahar atrofi b-n).
Bayrut mil. av. 18-a. da Beruta, Berit deb atalgan. Misr qoʻl ostida (mil. av. 15-a. gacha), soʻngra xettlarga (mil. av. 14-a.), ossuriyaliklarga tobe boʻlgan. 635-y. arab xalifaligi tarkibiga kiritilgan. Bayrutni 1110-y. da salib yurishi qatnashchilari egalladi. 14 — 15-a. larda mamluklar qoʻl ostida boʻldi. 1516-y. da esa turklar tasarrufiga oʻtdi. Livan amiri Faxruddin II (1584 — 1635) zamonida rasman mustaqil davlatning markazi edi. 17 — 18-a. larda Bayrutni Livan amirlari hamda turk voliylari idora qildi. 1860-y. avg. da fransuzlar bosib oldi. 1920 y 1 sent. dan fransuzlar mandati ostida «Ulugʻ Livan davlati», 1926-y. dan Livan Respublikasining (1943-y. noyab. gacha fransuz mandati ostidagi) markazi. 20-a. ning 30 — 50-y. larida B. Livandagi milliy ozodlik harakatining eng yirik markazlaridan biri boʻldi. 1943-y. dan mustaqil Livan poytaxti.
Bayrut — yirik port, t. y. va avtomobil yoʻllari tuguni. Yakin va Oʻrta Sharqhamda Yevropa mamlakatlarining tranzit savdolari Bayrut orqali oʻtadi. Mamlakatning savdomoliya markazi. Davlatning 60% sanoat korxonalari shu yerda joylashgan. Toʻqimachilik, trikotaj, koʻn, oziq-ovqat (tamaki va b.), metallsozlik sanoati tarmoqlari rivojlangan. Bayrut orqali chetga sitrus mevalari, olma, zaytun moyi, xom ipak, jun chiqariladi.
Bayrutda meʼmoriy yodgorliklardan Jome al-Umariy masjidi (1291-y. da qayta qurilgan), «Saroy masjidi» (16-a. boshi) va b. saqlangan. Bayrut asosan zamonaviy shahar; koʻp qavatli uylar, mehmonxona, bank va b. qurilgan. Bayrut markazida 3 katta maydon boʻlib, boshqa shaharlarga boradigan yoʻllar shu yerdan boshlanadi. Bayrutda un-tlar, Milliy kutubxona, Katta meʼmoriy muzey (sanʼat tarixi), Sursok muzeyi (zamonaviy sanʼat), kollejlar va b. bor.