Barhayot sheʼr yoʻli

Oʻqishga kirib, poytaxt havosidan nafas ola boshlaganimda mutolaa va turli adabiy gurunglar “modern”, “avangard” singari tushunchalar epkinini olib keldi. Ular bilan ozmi-koʻpmi tanishib, adabiyot deganlari butkul boshqacha ekan-ku, degan fikrga bordim. Boisi, shu paytgacha oʻqigan kitoblarimning koʻpi realizm yoʻnalishida edi.

Turli yangi “izm”lar ketidan quvadiganlarning oʻz haqiqatlari bor edi, albatta. Ular anʼanaviy adabiyotni, deylik, nasrda realizmni uncha mensimas edi. Yozganlari sheʼr yo hikoyaga oʻxshamay qolsa ham javob tayyor: adabiy ekspriment!.. Mabodo odamlar tushunmasa, undan ham aʼlo: muallif zamonadan, adabiyotu sanʼatdan ancha ilgarilab ketganiga yoʻyishardi buni. Bunday mashqlarni ancha-muncha oʻqiganimdan keyin meʼdamga tegdi va bir narsani tushundim: adabiy tajribani har kim ham doʻndira olmas ekan, isteʼdod boʻlmasa har qanday “izm”ga yukunishdan naf yoʻq ekan.

Ana shunday kunlarning birida Chori Avazning saylanma sheʼrlarini oʻqib chiqdim-u, asar yutugʻini qaysi yoʻnalishda bitilgani emas, avvalo, chinakam yoniq ruh va mahorat taʼminlashini tushundim. Shoirning oson oʻqiladigan, ifodasi aniq sheʼrlari, oʻtli satrlari haqiqiy adabiyotga daxldorligi, koʻngilga yaqinligi bilan suyukli boʻlib qoldi.

Uning sheʼrlarida hayotni, insonni mukammal koʻrish orzusi boʻy koʻrsatib turadi. Lirik qahramon odamlarning turfa tashvishlarga berilib maydalashib ketganidan, tirik ekani-yu, lekin yashamayotganidan kuyunadi:

 

Manov odam armonga choʻkib,

Ovozini chiqarmay oʻlgan.

Anavisi tirikchilikning

Quchogʻida chirigan, yitgan.

Huv, anavi novcha yigitning

Noziktaʼb qiz boshiga yetgan.

 

Holbuki, tirikchilik tashvishlari kimning yelkasida yoʻq? Tirik jon borki, albatta, qorin toʻydirishni, egni but boʻlishini oʻylaydi. Ammo ayrim kishilar uchun umr yoʻli shundangina iborat boʻlib qolgani yomon. Shoir shuning uchun turkum boshida hayotini toʻgʻrilashga shoshilmagan odam daryo boʻyida oʻtirib suvning tugashini kutayotgan tentakka oʻxshashi haqidagi hikmatni keltiradi. Oʻzligini unutgan, oʻzini taftish, oʻtgan kunini tahlil qilmaydigan, koʻziga faqat moddiyat koʻrinadigan, qorin tashvishida oromu halovat neligini bilmaydigan kishilar xalqni, millatni yuksaltira olmasligini aytadi. Shu bilan birga, faqat moddiyat bilan yashash osonligini, ammo bu osonlik qimmatga tushishini bildiradi.

Inson ideallarsiz yashay olmaydi, degan gap bor. Darhaqiqat, ideallar yoʻqolgan, buyuk ajdodlar unutilgan damda zamin qalqib, langarini yoʻqotib qoʻyishini aytadi shoir.

“Bir dunyo savol” sheʼri esa adolat, haq yoʻlidagi inson kurashiga bagʻishlangan. Bunday yoʻldagi odamga hech kim, hech narsa toʻsiq boʻla olmaydi. Heminguey aytganiday, insonni yanchib tashlash mumkin, ammo uni yengib boʻlmaydi. Agar shoir shu fikrni xuddi ana shu tarzda ifodalasa, yaʼni hayotning past-balandi koʻp, ammo kurashgan odam baribir niyatiga yetadi, deya talqin qilganida, joʻn va umri yozilgandayoq tugaydigan sheʼr paydo boʻlardi.

Ammo shoir bunday qilmaydi: eng hayotiy haqiqatni… ertak yordamida ifodalaydi. Masalan, devu parilar, yalmogʻizu borsakelmas yoʻl…

Sheʼrni oʻqirkansiz, koʻz oʻngingizda inson hayoti gavdalanadi. Taqdir insonni imtihon qilishi xuddi yalmogʻizga duch kelgan Kenja botir misolida aytiladi:

 

Ayniqsa, u Kenjaga

Yoʻl koʻrsatib turgan dam,

U yalmogʻiz emasdir

Deya oʻylaydi odam.

Goho undan rahmdil

Topilmaydi biror zot,

Botirlarni qutqazar

Berib oyna, taroq, ot.

Goho undan vahshiy yoʻq,

Bogʻlarni etar sahro.

Oyogʻining ostida

Ingranib yotar dunyo.

 

Shoir hayot hukmi makkor va yovuz, shu bilan birga, saodatli ekaniga ishora qilib, yalmogʻiz savol berib sinab koʻrishini, agar sal qoʻrqsangiz, buni darrov bilishini, sira qoʻrqmagan boʻlsangiz ham, ishonmayin turishini aytadi. Hayotda ham shunday: qiyinchiliklarga dosh bergan, egilmagan botirgina bu hayotda oʻz oʻrnini topa oladi, xavfu xatarga toʻla “Borsakelmas”dan ham omon qaytadi.

“Sʼyomka paytida” sheʼrida esa qiziq bir manzara – kino olish jarayoni aks etadi. Bir kadrda koʻrinish berishi kerak boʻlgan aktyor oʻsha kuni kelmaydi. Zumda rolga mos bir yigitni topib, u qiladigan ishni tushuntirishadi. Yigit fashist rolini oʻynashi kerak, ona murdasidan hatlab oʻtib, murgʻak bolani chohga irgʻitishi lozim.

Ijro boshlanadi-yu, yigit qotib qoladi. Qoʻlida goʻdakni tutgancha qaltirab turadi. Rejissyor esa xunob: tushunsang-chi, uka, bu kino, kino!

Insonlar bundan ham battar xor edi,

Buni koʻrish kerak butun bir dunyo.

 

Ammo yigit bu rolni uddalay olmaydi. Haqiqiy fashist boʻlish qoʻlidan kelmaydi.

 

Yigit bosh koʻtardi arang va maʼyus,

Avtobus tomonga qadam tashladi.

Hech kimga qaramay, demay biror soʻz,

Fashist mundirini yecha boshladi…

 

Sheʼrni oʻqiy turib, inson har qanday holatda ham yovuzlikdan yuz oʻgirishi kerak, degan xulosa keladi koʻngilga. Qachonlardir odam qiyofasidagi hayvonlar shunday manfur ishga qoʻl urgandir, ammo qalbida iymoni boʻlgan odam, agar u aktyorlik sir-sinoatidan bexabar boʻlsa, bu ishni kinoda ham qila olmaydi. Boshqa bir tomondan esa, oʻsha jirkanch ish hatto kinoda ham sodir boʻlmadi, boʻlmasin ham, boshqa bundayin qabohat yuz bermasin, degan istak joʻsh uradi.

“Zeboga” sheʼri olis qishloqning bolalik oʻtgan yillariga, yoʻllariga yetaklaydi. Shoir mitti jussasiyu kuchsiz yelkasida oʻn olti kilo paxtani ortib ketayotgan qizni eslaydi. Bir qaraganda oddiy hol: kimdir oʻn olti kilo nima boʻpti, deyishi ham mumkin. Ammo sheʼrda keltirilayotgan voqea paxtazor yomgʻiru qordan koʻpchigan kunlarda yuz beryapti. Bunday kunlarda kun uzogʻi biror yarim kilo paxta olib chiqishning oʻzi dushvor.

 

Sen-chi, ketayapsan kuchsiz yelkangda

Oʻn olti kiloyu etik dahsar loy.

 

Qiz xirmonga paxta bilan birga zilday hislarini ham toʻkadi-yu, shoir ham deraza yonidan chekinadi:

Paxtazor bagʻrida sen bilan kechgan

Oʻzga damlarni ham eslamoq qiyin.

 

Sheʼrni oʻqib boʻlgach, koʻngilda bir xijillik paydo boʻladi. Xuddi sheʼr yakuniga yetmaganday, hali davomi borday. Ammo shoir aniq bir voqea sharhini emas, qish-qirovli kunlarda shahar derazasidan tashqariga qarab turib, oʻsha onda xotirida jonlangan bir holatni, kayfiyatni ifoda etadi. Kayfiyatdagi xijillik oʻquvchiga ham yuqadi: u shoʻro davrida hukm surgan paxta yakkhokimligi asoratlarini, mitti jussasiga turmushning zilday tashvishlarini ortib olgan yaqinlarini, onasini, opasi yo singlisini koʻz oldiga keltiradi. Sheʼrning tugamagan qismi hayotda davom etadi: qachonlardir yordam berish qoʻlimizdan kelmagan onamizga, opamizga, singlimizga koʻmakka oshiqamiz, yelkasidagi yukni yengillatishga urinamiz…

Chori Avaz ijodida xalqona, oʻynoqi satrlar ham talaygina. Quyma va ravon satrlar samimiyati va ohangi bilan oʻquvchiga tez singadi:

 

Oqshom payti yo tunda

aylanib koʻchalarni,

tongga eltib qoʻysang-ey,

yulduzli kechalarni

 

yoki:

 

Ular shunday yashashar inoq,

Bir-birlarin qilishmas xafa.

Gohida tong, onajonim goh

Erta turar har gal, har dafʼa.

 

Chori Avaz bir essesida shunday yozgan edi: “Inson yoʻli uzun emas. Har bir inson yoʻlining soʻngida bir uyum tuproq bilan belgi qoʻyishadi. Ammo hech kim oʻsha bir uyum tuproqni oʻz qoʻllari bilan uya olmaydi. Buni boshqalar oʻzlarining behad parishonxotirliklaridan saqlanish uchun ado etadilar. Inson oʻz yoʻli soʻngida qoʻyilgan bu belgidan boshqa hamma toʻsiqlardan oʻta oladi”. Demak, inson hayotda doim olgʻa intilib yashashi, toʻsiqlarni yengib oʻtishi kerak. Toki uning ezgu ishlari oxirgi toʻsiq ortida qolsin, uni yaxshi nom bilan eslashlariga sabab boʻlsin.

Chori Avaz sheʼrlari bir yoʻldir. Garchi bu yoʻl qisqa boʻlsa-da, uning barhayot ohanglari hali koʻp zamon sheʼriyat muxlislari qalbini larzaga soladi, toʻlqinlantiradi, ezgulik manzillari sari yetaklaydi.

 

Bekzod OʻKTAM

 

“Yoshlik”, 2016 yil 3-son

https://saviya.uz/ijod/adabiyotshunoslik/barhayot-sher-yoli/

0 0 голоса
Рейтинг статьи
Подписаться
Уведомить о
guest

0 комментариев
Старые
Новые Популярные
Межтекстовые Отзывы
Посмотреть все комментарии
0
Оставьте комментарий! Напишите, что думаете по поводу статьи.x